18-modda. Senat qoʻmitalarining vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati toʻgʻrisida (432-II-son) · Sana: 12.12.2002 · Amalda
Senat qoʻmitalari:
1) Qonunchilik palatasi tomonidan Senatga maʼqullash uchun topshirilgan qonunlar yuzasidan xulosalar beradi;
2) oʻzining vakolatlariga kiradigan masalalar yuzasidan oʻz tashabbusi bilan va Senatning, Senat Kengashining topshirigʻiga binoan Senat hujjatlari loyihalarini, qonunchilik takliflarini ishlab chiqadi;
3) qonunni majlis kun tartibiga kiritish yoki uning ustida ishlashni davom ettirish yoxud asoslantirilgan holda uni rad etish toʻgʻrisida Kengashga takliflar kiritadi;
4) Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti loyihasi yuzasidan xulosalar va takliflar beradi;
41) Senat majlisida davlat organlari rahbarlarining oʻz faoliyatiga doir masalalar yuzasidan axborotini eshitish masalalarini qoʻyadi;
5) davlat organlari va boshqa tashkilotlardan, mansabdor shaxslardan hujjatlarni, ekspert xulosalari va boshqa xulosalarni, statistika maʼlumotlari va boshqa maʼlumotlarni talab qilib oladi;
6) Qonunchilik palatasi tomonidan kiritilgan qonunlarni koʻrib chiqish boʻyicha ishchi guruhlari tuzadi, ularning tarkibiga davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlarining, ilmiy muassasalarning vakillarini, mutaxassislar va olimlarni, xoʻjalik yurituvchi subyektlarning rahbarlarini jalb etadi;
7) kiritilgan Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, shuningdek Senat tomonidan qabul qilinayotgan qarorlar matniga oʻzgartirish yoki qoʻshimchalar kiritish yuzasidan takliflar tayyorlaydi;
8) davlat organlari rahbarlarining ular tomonidan qonunlarga rioya etilishi, Senat va uning Kengashi, Senat qoʻmitalari qarorlarining bajarilishi toʻgʻrisidagi axborotini eshitadi;
9) davlat organlari tomonidan qonunlarning, Senat qarorlarining ijro etilishi holatini, huquqni qoʻllash amaliyotini vaqti-vaqti bilan joylarga chiqib oʻrganadi;
10) yangi qabul qilingan qonunlar ijrosini taʼminlash uchun qonun osti hujjatlarining oʻz vaqtida qabul qilinishi yuzasidan monitoringni amalga oshiradi.
Senat qoʻmitalari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
