10-modda. Senat majlisi
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati toʻgʻrisida (432-II-son) · Sana: 12.12.2002 · Amalda
Senat faoliyatining tashkiliy shakli uning majlisidir.
Senat majlislari zaruratga qarab, lekin yiliga kamida uch marta oʻtkaziladi.
Senatning birinchi majlisi Senat tarkib topganidan keyin bir oydan kechiktirmay Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan chaqiriladi.
Senatning birinchi majlisini Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining Raisi ochadi va Senat Raisi saylangunga qadar unda raislik qiladi.
Senatning navbatdan tashqari majlisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Senat Raisi taklifiga binoan yoki Senat aʼzolari umumiy sonining kamida uchdan bir qismi taklifiga binoan chaqirilishi mumkin.
Faqat Senat majlislarida Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari maʼqullanadi hamda Senat hujjatlari qabul qilinadi.
Senat va uning organlari majlislarida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Qonunchilik palatasi Spikeri, Bosh vazir, Vazirlar Mahkamasining aʼzolari, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi, Oliy sudi, Sudyalar oliy kengashi raislari, Bosh prokuror, Markaziy bank boshqaruvi raisi ishtirok etishlari mumkin.
Senat majlisiga davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlarining, ilmiy muassasalarning vakillari, mutaxassislar va olimlar, matbuot organlarining, televideniye, radio va boshqa ommaviy axborot vositalarining vakillari taklif qilinishi mumkin.
Senat majlislari ochiq va oshkora oʻtkaziladi. Zarurat boʻlganda, Senat yopiq majlis oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qilishi mumkin.
Senat majlislarini tashkil qilish va oʻtkazish tartibi Senat Reglamentida belgilanadi.
