Oʻzbekiston Respublikasida yodgorliklar va haykallarni loyihalashtirish hamda oʻrnatishni tartibga solish toʻgʻrisida (305-son)
23.06.1993
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Respublika hududida yodgorliklar va haykallar qurish bilan bogʻliq masalalarni hal etish va tartibga solish maqsadida, mehnat jamoalari, tashkilotlar va ayrim fuqarolarning koʻp sonli murojaatlarini eʼtiborga olib, Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Belgilab qoʻyilsinki, Oʻzbekiston Respublikasi hududida buyuk shaxslar sharafiga (vafotidan soʻng) oʻrnatiladigan yodgorliklar va haykallar tanlov asosida loyihalashtiriladi hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahar hokimliklari, vazirliklar, idoralar, jamoat tashkilotlari kiritgan takliflari asosida Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarori bilangina oʻrnatiladi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat ishlar vazirligi manfaatdor vazirliklar, idoralar va ijodiy uyushmalar bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasi hududida yodgorliklar va haykallarni loyihalashtirish hamda oʻrnatish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni ikki hafta muddatda ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
3. Belgilab qoʻyilsinki, barhayot kishilarning nomini abadiylashtirish va ularga yodgorliklar oʻrnatishga yoʻl qoʻyilmaydi.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Vazirlar Mahkamasining Ijtimoiy masalalar, fan va madaniyat boʻlimi hamda Hududiy-tashkiliy boʻlimi zimmasiga yuklatilsin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1993-yil 23-iyun,
305-son
