Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri A.Shadmanovga “Tibbiy xizmatlar koʻrsatish sifatini yaxshilash va ularning koʻlamini kengaytirish maqsadida davolash-profilaktika muassasalarini jihozlash yuzasidan koʻrilayotgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining parlament soʻrovini yuborish haqida (2864-III-son)
31.10.2019
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
Qarori
“Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonunining 12-moddasiga va “Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 14-moddasiga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Fuqarolarning sogʻligʻini saqlash masalalari qoʻmitasining Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri A. Shadmanovga “Tibbiy xizmatlar koʻrsatish sifatini yaxshilash va ularning koʻlamini kengaytirish maqsadida davolash-profilaktika muassasalarini jihozlash yuzasidan koʻrilayotgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining parlament soʻrovini yuborish haqidagi taklifi qabul qilinsin.
2. Mazkur Qaror va parlament soʻrovi Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri A. Shadmanovga yuborilsin.
3. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2019-yil 31-oktabr,
2864-III-son
Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri A.Q. Shadmanovga
Tibbiy xizmatlar koʻrsatish sifatini yaxshilash va ularning koʻlamini kengaytirish maqsadida davolash-profilaktika muassasalarini jihozlash yuzasidan koʻrilayotgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida
PARLAMENT SOʻROVI
Hurmatli Alisher Qayumovich,
Mamlakatimizda tibbiy xizmatlar koʻrsatish sifati va samaradorligini oshirish hamda tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash borasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.
Davlat budjetidan sogʻliqni saqlash tizimini moliyalashtirishga ajratilayotgan mablagʻlar ham yildan-yilga koʻpaymoqda. Joriy yilda sohaga 12,1 trln. soʻm yoʻnaltirildi, bu oʻtgan yildagiga qaraganda 1,3 barobar koʻpdir. Davlat tibbiyot tashkilotlarini dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan taʼminlash yaxshilanayapti. Joriy yilda 231 ta tibbiyot obyektida, jumladan 13 ta respublika, 44 ta viloyat tasarrufidagi muassasa, 59 ta tuman va shahar tibbiyot birlashmasi, 99 ta qishloq, shahar oilaviy poliklinikasi va qishloq vrachlik punkti, 16 ta boshqa tibbiyot muassasasida 972,3 mlrd. soʻmlik qurilish-taʼmirlash va jihozlash ishlari olib borildi.
Tibbiyot muassasalarini jihozlashga qaratilgan xalqaro moliya institutlari ishtirokidagi 8 ta xorijiy investitsiyaviy loyiha doirasida joriy yilning shu vaqtiga qadar 75,5 mln. AQSh dollari miqdoridagi mablagʻ oʻzlashtirildi.
Xalqaro moliya institutlarining kreditlari, davlat budjeti mablagʻlari hisobidan yil boshidan buyon respublikadagi tibbiyot muassasalariga 120 turdagi, qiymati 50,0 mln. AQSh dollariga teng tibbiy asbob-uskunalar yetkazib berildi.
Shuningdek, viloyatlardagi koʻp tarmoqli tibbiyot markazlari 14 ta statsionar va mobil raqamli rentgen, 8 ta MRT (1,5 tesla), 6 ta hududiy onkologiya muassasasi esa 6,5 mln. AQSh dollariga teng 15 ta 2 turdagi gamma terapiya uskunasi bilan jihozlandi.
Shu bilan birga, deputatlar tomonidan hududlarda aholiga koʻrsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifati va samaradorligini oʻrganish mobaynida davolash-profilaktika muassasalarini jihozlash borasidagi ishlar yetarli darajada tashkil etilmaganligi maʼlum boʻldi.
Jumladan, qishloq oilaviy poliklinikalarining tashkil etilganiga ikki yildan ortiq vaqt oʻtgan boʻlsa-da, ular bugungi kunga qadar tibbiy asbob-uskunalar bilan toʻliq taʼminlanmagan. Bundan tashqari ushbu jihozlarning aksariyat qismi asosan markaziy muassasalarga yetkazib berilmoqda. Bu esa, oʻz navbatida, quyi boʻgʻin hisoblangan qishloq vrachlik punktlari, qishloq oilaviy poliklinikalarida tibbiy yordam sifati va samaradorligi pastligicha qolishiga olib kelmoqda.
Tibbiyot muassasalariga yetkazib berilgan tibbiy uskunalarni oʻrnatish, jihozlash va ulardan samarali foydalanish bilan bogʻliq muammolar ham koʻpayib bormoqda.
Joylarda oʻtkazilgan oʻrganishlar shuni koʻrsatmoqdaki, tibbiy jihozlarni yetkazib berishda demografik omillar hisobga olinmaganligi tibbiy jihozlarni oʻrnatish va ulardan samarali foydalanishda muammolarni yuzaga keltirmoqda.
“Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” Davlat dasturida davolash-profilaktika muassasalarini jihozlash masalalarini mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan birgalikda amalga oshirishi nazarda tutilgan boʻlsa-da, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining joylardagi oʻrganishlari ularning ishtiroki umuman sezilmayotganligini koʻrsatmoqda.
Xususan, Toshkent, Jizzax va Sirdaryo viloyatlarining aksariyat tumanlarida taqsimot boʻyicha ajratilgan tibbiy jihozlarni oʻrnatish bilan bogʻliq qator muammolar mavjudligi kuzatildi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib hamda “Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 14-moddasiga muvofiq Sizdan 10 kun muddatda quyidagi masalalar yuzasidan asoslantirilgan tushuntirishlar berishingizni soʻraymiz:
aholiga koʻrsatilayotgan tibbiy xizmatlar koʻlamini kengaytirish maqsadida ajratilayotgan tibbiy jihozlarning birlamchi taqsimoti;
yil davomida olingan tibbiy jihozlardan, ayniqsa, xalqaro moliya institutlari kredit liniyalari orqali olingan jihozlardan samarali foydalanish holati;
“Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” Davlat dasturining 148-bandida nazarda tutilgan 231 ta tibbiyot obyektida amalga oshirilayotgan qurilish-taʼmirlash va jihozlash ishlarining bugungi holati.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi
