Oʻzbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi bosh direktori D. Sattarovning “Import mahsulotlarini bojxona tekshiruvidan oʻtkazish tizimini yanada qulaylashtirish maqsadida viloyatlarda agentlikning maxsus laboratoriyalarini tashkil etish borasida olib borilayotgan ishlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining parlament soʻroviga javobi haqida (453-IV-son)
08.09.2020
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
Qarori
“Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 14-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. “Import mahsulotlarini bojxona tekshiruvidan oʻtkazish tizimini yanada qulaylashtirish maqsadida viloyatlarda agentlikning maxsus laboratoriyalarini tashkil etish borasida olib borilayotgan ishlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining parlament soʻroviga Oʻzbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi bosh direktori D. Sattarov tomonidan yuborilgan yozma javob maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasiga:
“Oʻzstandart” agentligi bilan birgalikda sohani rivojlantirishga qaratilgan “Yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqish;
standartlashtirish va sertifikatlashtirish tizimini yanada takomillashtirish yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritish tavsiya etilsin.
3. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2020-yil 8-sentabr,
453-IV-son
