2-modda. Aholini ish bilan taʼminlash
“Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (616-I-son) · Sana: 01.05.1998 · Amalda
Ish bilan taʼminlanish — fuqarolarning qonun hujjatlariga zid kelmaydigan, oʻz shaxsiy va ijtimoiy ehtiyojlarini qondirish bilan bogʻliq boʻlgan, ularga ish haqi (mehnat daromadi) keltiradigan faoliyatidir.
Unumli va ijodiy mehnat qilishga boʻlgan oʻz qobiliyatlarini tasarruf etish va qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan har qanday faoliyat, shu jumladan haq toʻlanadigan ishni bajarishga aloqasi boʻlmagan faoliyat bilan shugʻullanish mutlaq huquqi fuqarolarga tegishlidir.
Majburiy mehnat, yaʼni biron-bir jazoni qoʻllash bilan tahdid qilish orqali ish bajarishga majburlash taqiqlanadi, qonunda belgilangan hollar bundan mustasno. Kishilarning ixtiyoriy ravishda ish bilan band boʻlmasligi ularni javobgarlikka tortish uchun asos boʻla olmaydi.
Quyidagilar ish bilan taʼminlangan deb hisoblanadi:
yollanib ishlayotgan, shu jumladan ishni haq evaziga toʻliqsiz ish vaqtida yoki uyda bajarayotgan, shuningdek haq toʻlanadigan boshqa ishga, shu jumladan vaqtinchalik ishga ega boʻlgan;
betobligi, taʼtilda, kasbga tayyorlashda, qayta tayyorlashda, malaka oshirishda ekanligi, ishlab chiqarish toʻxtatib qoʻyilganligi munosabati bilan, shuningdek vaqtincha ish joyida boʻlmaganda xodimning ish joyi qonun hujjatlariga muvofiq saqlanib turadigan boshqa hollarda vaqtincha ish joyida boʻlmagan;
haq toʻlanadigan lavozimga saylangan yoki tayinlangan;
oʻzini ish bilan mustaqil taʼminlayotgan, shu jumladan tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanayotgan, hunarmandlar, oilaviy korxonalar ishtirokchilari, dehqon xoʻjaliklari, ishlab chiqarish kooperativlari aʼzolari, fermerlar va qonun hujjatlariga muvofiq boshqalar;
Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati qoʻshinlarida va ularning organlarida xizmatni oʻtayotgan, shuningdek muqobil xizmatni oʻtayotgan;
oʻz faoliyatini qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshirayotgan nodavlat notijorat tashkilotlarda, shu jumladan diniy tashkilotlarda ishlayotgan fuqarolar.
