Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Yoshlar masalalari boʻyicha komissiyasini tuzish toʻgʻrisida (167-IV-son)
11.03.2020
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
qarori
Yoshlarga oid davlat siyosati sohasida olib borilayotgan islohotlarda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining rolini yanada oshirish, shuningdek yoshlarning jamiyat va davlat ishlarini boshqarishdagi ishtiroki va taʼsirini amalda taʼminlash, ularning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy faolligini qoʻllab-quvvatlash, zamonaviy dunyoqarash, bilim va koʻnikmaga ega yoshlarning bilimlarini va demokratik koʻnikmalarini rivojlantirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Yoshlar masalalari boʻyicha komissiyasi 1-ilovaga muvofiq tarkibda tuzilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Yoshlar masalalari boʻyicha komissiyasi toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2017-yil 11-oktabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Yoshlar masalalari boʻyicha komissiyasini tuzish toʻgʻrisida”gi 1184-III-sonli Qarori (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2017-yil, № 10, 617-modda) oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
4. Yoshlar masalalari boʻyicha komissiya oʻz faoliyati toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining majlisida har olti oyda axborot taqdim etsin.
5. Ushbu qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2020-yil 11-mart,
167-IV-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2020-yil 11-martdagi 167-IV-sonli Qaroriga 1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Yoshlar masalalari boʻyicha
KOMISSIYASI TARKIBI
VALIYEV Muxammad Sheraliyevich — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qoʻmitasi aʼzosi, komissiya raisi GʻIYOSOV Sardorbek Munibillayevich — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qoʻmitasi aʼzosi, komissiya raisining oʻrinbosari Komissiya aʼzolari XOLMAXAMATOVA Shaxnoza Baxtiyor qizi — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Fan, taʼlim, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi aʼzosi ESHMURZAYEV Bekmirza Xoshimovich — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Sanoat, qurilish va savdo masalalari qoʻmitasi aʼzosi RAXMONOVA Umida Erkinovna — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari qoʻmitasi aʼzosi RAXMONOV Sherzod Tolibovich — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi aʼzosi JUMANIYOZOV Kamol Komilovich — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish masalalari qoʻmitasi aʼzosi”;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2020-yil 11-martdagi 167-IV-sonli Qaroriga 2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Yoshlar masalalari boʻyicha komissiyasi toʻgʻrisidagi
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Yoshlar masalalari boʻyicha komissiyasi (bundan buyon matnda Komissiya deb yuritiladi) maqomini, asosiy vazifalarini, vakolatlarini hamda faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Komissiyaning maqsadi yoshlarga oid davlat siyosatini izchil va samarali amalga oshirish, yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga koʻmaklashishdan iborat.
3. Komissiya oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga, qonunlariga va ushbu Nizomga muvofiq amalga oshiradi.
4. Komissiya oʻz faoliyati yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi (bundan buyon matnda Qonunchilik palatasi deb yuritiladi) oldida hisobdordir.
II. Komissiyaning asosiy vazifalari va vakolatlari
5. Komissiyaning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
yoshlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga, ularda mustaqillik gʻoyalariga sodiqlik, milliy oʻzlikni anglash hissini kuchaytirishga, shuningdek yoshlarning demokratik huquqiy davlat qurish va adolatli fuqarolik jamiyatini rivojlantirish borasidagi islohotlarda, mamlakatning ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy, huquqiy va madaniy hayotidagi ishtirokini yanada faollashtirishga qaratilgan davlat siyosatini amalga oshirishda ishtirok etish;
ilm-fanni yanada ravnaq toptirish, yoshlarimizni chuqur bilim egallashlariga koʻmaklashish;
besh tashabbus doirasida yoshlarning boʻsh vaqtlaridan unumli foydalanishi uchun koʻrilayotgan chora tadbirlarga koʻmaklashish;
yoshlarning, ayniqsa, uyushmagan, ish bilan band boʻlmagan, tayin bir kasb bilan shugʻullanmaydigan yoshlarning kasb-hunarlarni puxta egallashi uchun munosib sharoitlar yaratishga, bandligini taʼminlashga, ishbilarmonlik koʻnikmalarini rivojlantirishga, ularni tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etishga koʻmaklashish;
yoshlarning huquqiy, tibbiy va ekologik madaniyatini yuksaltirishga, ular oʻrtasida kitobxonlikni rivojlantirishga, ularning intellektual, maʼnaviy-axloqiy, estetik, badiiy dunyoqarashini kengaytirishga koʻmaklashish;
yoshlar oʻrtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish boʻyicha samarali mexanizmlarni joriy etish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
yoshlarga oid davlat siyosati sohasida xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirishda, xorijiy mamlakatlarda tahsil olayotgan va mehnat qilayotgan yoshlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan tadbirlarni amalga oshirishda koʻmaklashish;
yoshlar oʻrtasida sogʻlom turmush tarzi va oila muqaddasligi gʻoyalarini keng targʻib qilishga, erta turmush qurish va yosh oilalar ajralishining oldini olishga qaratilgan takliflar ishlab chiqish;
joylarda deputatlar tomonidan oʻtkazilgan nazorat-tahlil tadbirlari va oʻrganishlar davomida, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti (bundan buyon matnda Yoshlar parlamenti deb yuritiladi) tomonidan kiritilgan takliflar asosida yoshlar masalalariga oid qonun hujjatlarida aniqlangan boʻshliq, kamchilik va muammolarni tahlil qilib borish, shu asosda tegishli davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, nodavlat notijorat tashkilotlariga yoshlarga oid masalalar boʻyicha aniqlangan qonun buzilishlarini hamda ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish yuzasidan tavsiyalar kiritish;
yoshlar masalalariga oid qonun hujjatlarini takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish hamda bu sohadagi Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarining bajarilishini taʼminlashga koʻmaklashish;
yoshlar masalalariga oid qonun hujjatlarining ijrosi boʻyicha samarali va taʼsirchan parlament va deputat nazoratini amalga oshirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish;
yoshlarning jamiyat va davlat hayotidagi oʻrnini yanada oshirish va mustahkamlashga, ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga doir, shuningdek yoshlar masalalariga oid qonun hujjatlarini keng jamoatchilikka yetkazishga qaratilgan tashviqot va targʻibot tadbirlarini (“davra suhbati”, uchrashuv, seminar, konferensiya va boshqalar) tashkil qilish hamda mazkur tadbirlarda ishtirok etish;
Yoshlar parlamenti aʼzoligiga nomzodlarni koʻrib chiqish va tasdiqlash, shuningdek ularning vakolatini muddatidan ilgari tugatish masalasini koʻrib chiqish;
Yoshlar parlamentining faoliyatiga, shu jumladan Yoshlar parlamenti va uning aʼzolari tomonidan oʻtkaziladigan tadbirlarning tashkil etilishiga va oʻtkazilishiga uslubiy hamda amaliy koʻmaklashish;
Yoshlar parlamenti aʼzosining vakolatlari muddatidan ilgari tugatilganda boʻshab qolgan aʼzolik oʻrniga siyosiy partiyalar tomonidan nomzod taqdim etilishiga va Komissiya tomonidan tasdiqlanishiga doir masalalarni koʻrib chiqish;
Yoshlar parlamentining aʼzosiga guvohnoma va koʻkrak nishonini topshirishda ishtirok etish.
6. Komissiyaning vakolatlari quyidagilardan iborat:
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari rahbarlarining yoshlar masalalariga oid qonun hujjatlari, Qonunchilik palatasi qoʻmitalarining qarorlari ular tomonidan qanday ijro etilayotganligi haqidagi axborotini eshitish yuzasidan Qonunchilik palatasining qoʻmitalariga va Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalariga takliflar kiritish;
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari rahbarlariga yoshlarga oid masalalar yuzasidan parlament va deputat soʻrovini yuborish haqida takliflar kiritish;
tegishli davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, nodavlat notijorat tashkilotlariga yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish yuzasidan tavsiyalar kiritish;
yoshlarga oid masalalarni koʻrib chiqish boʻyicha ishchi guruhlar tuzish, ularning tarkibiga davlat organlarining, nodavlat notijorat tashkilotlarining va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining, ilmiy muassasalarning vakillarini, mutaxassis va olimlarni hamda xoʻjalik yurituvchi subyektlar vakillarini jalb etish;
davlat organlari va boshqa tashkilotlardan, mansabdor shaxslardan tegishli hujjatlarni, ekspert xulosalarini, statistika maʼlumotlarini va boshqa axborotni talab qilib olish;
Komissiya qarorlarining ijro etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish.
Komissiya qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
7. Komissiya oʻz faoliyatini amalga oshirishda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, shu jumladan mahalliy davlat hokimiyati organlari, shuningdek Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi va boshqa tashkilotlar bilan ijtimoiy hamkorlik oʻrnatadi.
III. Komissiya ishini tashkil etish
8. Komissiya Qonunchilik palatasining qaroriga asosan, yetti nafar deputatdan (Komissiya raisi, uning oʻrinbosari va Komissiya aʼzolari) iborat tarkibda, Qonunchilik palatasining vakolat muddatiga tuziladi.
9. Komissiya raisi, uning oʻrinbosari va Komissiya aʼzolari oʻz vazifalarini jamoatchilik asosida amalga oshiradi.
10. Komissiya raisi:
Komissiya faoliyatiga rahbarlik qiladi, uning ish rejasi loyihasi tayyorlanishini tashkil etadi va Komissiyaning tasdiqlangan ish rejasi bajarilishi yuzasidan nazoratni amalga oshiradi;
Komissiyaning yigʻilishlarini chaqiradi va ularda raislik qiladi;
Komissiya vakolatiga tegishli boʻlgan masalalarni uning yigʻilishida koʻrib chiqish uchun kiritadi;
Komissiya qarorlarini tasdiqlaydi va ularning ijro etilishiga doir ishlarni tashkil etadi.
11. Komissiya raisining oʻrinbosari Komissiya raisi yoʻqligida uning vazifasini bajarib turadi, Komissiya tomonidan belgilanadigan boshqa vazifalarni ham amalga oshiradi.
12. Komissiya oʻz faoliyatini yillik (zaruratga qarab yarim yillik) ish rejasiga asosan amalga oshiradi.
13. Komissiya yigʻilishlari Komissiya raisi tomonidan, zaruratga qarab, lekin har chorakda kamida bir marta chaqiriladi. Komissiya yigʻilishlari Qonunchilik palatasi Spikeri tashabbusiga koʻra ham chaqirilishi mumkin.
14. Komissiya ishining tashkiliy shakli yigʻilish hisoblanadi. Komissiya yigʻilishi unda Komissiya aʼzolarining kamida uchdan ikki qismi ishtirok etganda vakolatli hisoblanadi.
15. Komissiya qarorlari yigʻilishda ishtirok etgan aʼzolarning koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng boʻlganda, raislik qiluvchining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
16. Komissiya qarorlari tavsiyaviy harakterga egadir. Komissiya qarorlari ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinishi mumkin.
17. Komissiya qarorlari bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi.
18. Komissiya yigʻilishlariga koʻrib chiqilayotgan masalaga aloqador boʻlgan davlat organlarining, nodavlat notijorat tashkilotlarining va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining, ilmiy muassasalarning, xoʻjalik yurituvchi subyektlarning vakillari, mutaxassislar, olimlar va ommaviy axborot vositalari vakillari shuningdek Yoshlar parlamentining aʼzolari taklif etilishi mumkin.
Komissiya yigʻilishlarida Qonunchilik palatasi Spikeri, uning oʻrinbosarlari, Qonunchilik palatasining qoʻmitalari raislari va aʼzolari, Devoni masʼul xodimlari ham ishtirok etishi mumkin.
19. Komissiya oʻz faoliyati toʻgʻrisida Qonunchilik palatasining majlisida har olti oyda axborot taqdim etadi.
IV. Komissiya toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish tartibi
20. Ushbu Nizomga oʻzgartish va qoʻshimchalar Qonunchilik palatasining qarori bilan kiritiladi.
