Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2020-yilga moʻljallangan Ish rejasini tasdiqlash toʻgʻrisida (155-IV-son)
10.03.2020
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi KENGAShINING
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoyevning 2020-yil 20-yanvarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining birinchi yigʻilishida hamda 21-yanvarda Oliy Majlis palatalarining qoʻshma majlisidagi nutqlarida, 24-yanvarda Oliy Majlisga Murojaatnomasida belgilangan ustuvor vazifalarni oʻz vaqtida va samarali amalga oshirish hamda 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida nazarda tutilgan vazifalarni roʻyobga chiqarish, shuningdek demokratik islohotlarni chuqurlashtirishda va mamlakatni modernizatsiya qilishda parlamentning rolini yanada kuchaytirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2020-yilga moʻljallangan Ish rejasi (bundan buyon matnda Ish reja deb yuritiladi) ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* Ilova berilmaydi.
2. Ish rejada nazarda tutilgan vazifalar va tadbirlarni oʻz vaqtida hamda sifatli bajarish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari va oʻrinbosarlari, qoʻmitalari raislari, Devonining rahbari masʼul ekanligi belgilab qoʻyilsin.
3. Ish rejada belgilangan masʼul shaxslar mazkur Ish rejaning ijrosi boʻyicha doimiy ichki monitoring amalga oshirilishini, tadbirlarning bajarilishi holati toʻgʻrisida axborot tayyorlab borilishini hamda har oyning 25 sanasiga qadar (yoki soʻrovga koʻra) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Devonining Nazorat-tahlil boʻlimiga taqdim etilishini taʼminlasin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Devonining Nazorat-tahlil boʻlimi Ish rejaning ijrosi ustidan doimiy monitoring oʻrnatib, uning borishi toʻgʻrisida har oyda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashiga umumlashtirilgan maʼlumot kiritib borsin.
5. Ish rejada nazarda tutilgan vazifalar va tadbirlarning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari va oʻrinbosarlari zimmasiga yuklatilsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining 2020-yil 18-fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2020-yilga moʻljallangan faoliyatining asosiy yoʻnalishlari toʻgʻrisida”gi 94-V-sonli qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
7. Ushbu qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2020-yil 10-mart,
155-IV-son
