Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vaziri J. Xodjayevning “Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini rivojlantirishning 2020 – 2030-yillarga moʻljallangan strategiyasida belgilangan vazifalarni 2020-yilda amalga oshirishga oid chora-tadbirlar dasturining ijrosi boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida”gi axboroti haqida (294-IV-son)
01.06.2020
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vaziri J. Xodjayevning “Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini rivojlantirishning 2020 — 2030-yillarga moʻljallangan strategiyasida belgilangan vazifalarni 2020-yilda amalga oshirishga oid chora-tadbirlar dasturining ijrosi boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida”gi axborotini eshitib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi taʼkidlaydiki, qishloq xoʻjaligini rivojlantirishga moʻljallangan mazkur Strategiya sohani tubdan isloh qilishga yoʻnaltirilgan, yangi istiqbolda amalga oshirilishi rejalashtirilgan yaxlit konseptual hujjatligi bilan ahamiyatlidir.
Strategiyadagi ustuvor yoʻnalishlarga muvofiq qishloq xoʻjaligi sohasida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish, bozor munosabatlarini keng joriy qilish, aholining oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, sohaga investitsiyalarni keng jalb etish, qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat tarmogʻining raqobatbardoshligini oshirishga oid 9 ta ustuvor yoʻnalish belgilab olingan. Ularning amalga oshirilishi asnosida yangi xoʻjalik yurituvchi subyektlar ish boshlashiga zamin yaratildi.
Xususan, xoʻjalik yuritishning zamonaviy uslublari va ilgʻor shakllari, jumladan turli ixtisoslashuvdagi klasterlar, qishloq xoʻjaligi birlashmalarini (kooperatsiya) tashkil etish va rivojlantirish boʻyicha tegishli chora-tadbirlar koʻrilganligi natijasida 77 ta paxta-toʻqimachilik klasteri faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Meva-sabzavotchilik klasterlari soni esa 66 taga yetkazilib, ularga 19 ming gektar yer maydoni ajratildi.
Respublikaning 8 ta ixtisoslashgan tumanida 41 ta meva-sabzavotchilik yoʻnalishidagi qishloq xoʻjaligi kooperatsiyasi tashkil etildi va ular mahsulot ishlab chiqara boshladi. Birgina meva-sabzavotchilikni rivojlantirish uchun 7 ta loyiha doirasida qiymati 381,7 mln. dollarga teng xorijiy investitsiyalar oʻzlashtirildi.
Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini rivojlantirishning 2020 — 2030-yillarga moʻljallangan strategiyasida belgilangan vazifalarni 2020-yilda amalga oshirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturining (bundan buyon matnda — Chora-tadbirlar dasturi deb yuritiladi) ijrosini taʼminlash yuzasidan muayyan ishlar amalga oshirildi.
Jumladan, paxta xomashyosi va boshoqli don yetishtirishda band boʻlmagan maydonlarda tuproq-iqlim sharoitlari va bozor konyunkturasidan kelib chiqqan holda tumanlarni bosqichma-bosqich ixtisoslashtirish tizimi joriy etilmoqda.
2020-yilda paxta xomashyosi va boshoqli don hosili yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirish uchun ajratiladigan kredit foizi Markaziy bankning qayta moliyalashtirish stavkasining 50 foizi miqdorida (shundan 2,0 foizi bank marjasini tashkil etadi) belgilandi.
Tuproqni tahlil qilishning mobil laboratoriyalari faoliyatini kengaytirish orqali tuproq-iqlim sharoitlaridan kelib chiqqan holda oʻgʻitdan foydalanishning samarali amaliyotini joriy etish, tuproq unumdorligini saqlash va oshirish choralari koʻrilmoqda.
Eksport bozorlari, savdo rejimlari, savdoni moliyalashtirish hamda qishloq xoʻjaligi mahsulotlari bozori boʻyicha maʼlumotlarni qamrab olgan tashqi iqtisodiy maʼlumotlar portali (oʻzbek, rus va ingliz tillarda) ishga tushirildi.
Shu bilan birga, Chora-tadbirlar dasturiga muvofiq joriy yilning I choragida amalga oshirilishi belgilangan 14 ta banddan 4 tasi (28,5 foiz) toʻliq bajarilmagan. Shuningdek ayrim bandlar muddatidan kechikib ijro etilgan.
Xususan, Chora-tadbirlar dasturida belgilangan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarni davlat tomonidan moliyaviy qoʻllab-quvvatlash mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjat loyihasi bugungi kunga qadar oxiriga yetkazilmagan (16-band).
Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlarni hisobga olishning kadastr tizimini takomillashtirish, koʻchmas mulkka egalik huquqini hisobga olish tizimi bilan yagona axborotlashtirilgan tizimga ulanishni taʼminlash boʻyicha joriy yilning 1-apreliga qadar kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqilishi belgilangan boʻlib, amalda u ham yakuniga yetkazilmay qolgan (19-band).
Shuningdek boshoqli don ekinlari bilan band boʻlmagan yer maydonlarida tuproq-iqlim sharoitlari va bozor konyunkturasidan kelib chiqqan holda tumanlarni bosqichma-bosqich ixtisoslashtirish tizimini joriy etish boʻyicha boshlangan ishlarni yakuniga yetkazish talab etiladi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, “Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 10-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vaziri J. Xodjayevning “Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini rivojlantirishning 2020 — 2030-yillarga moʻljallangan strategiyasida belgilangan vazifalarni 2020-yilda amalga oshirishga oid chora-tadbirlar dasturining ijrosi boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida”gi axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vaziri J. Xodjayev:
Chora-tadbirlar dasturida belgilangan muddatlarda bajarilmagan bandlarning kechikish sabablarini tahlil qilgan holda, ularning ijrosini taʼminlash, xususan, normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinishini tezlashtirish choralarini koʻrsin;
boshoqli don ekinlari bilan band boʻlmagan yer maydonlarida tuproq-iqlim sharoitlari va bozor konyunkturasidan kelib chiqqan holda tumanlarni bosqichma-bosqich ixtisoslashtirish tizimini joriy etish ishlarini yakuniga yetkazsin;
Chora-tadbirlar dasturida nazarda tutilgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash, tegishli vazirlik va idoralar bilan kelishish hamda ularning belgilangan tartibda qabul qilinishi bilan bogʻliq vazifalarning ijrosini soʻzsiz taʼminlashga alohida eʼtibor qaratsin;
ushbu Qarorning ijrosi boʻyicha joriy yilning 20-iyun kuniga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga axborot taqdim etsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Agrar va suv xoʻjaligi masalalari qoʻmitasi:
Chora-tadbirlar dasturida ijrosi toʻliq taʼminlanmagan bandlarning bajarilishi ustidan parlament nazoratini oʻrnatsin;
Strategiya doirasida qishloq xoʻjaligini isloh qilish boʻyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning mohiyati va ahamiyatini keng jamoatchilikka yetkazish ishlarini tashkil etsin.
4. Ushbu Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari A. Xaitov zimmasiga yuklatilsin.
5. Ushbu qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2020-yil 1-iyun,
294-IV-son
