“Kafolat” davlat-aksiyadorlik sugʻurta kompaniyasini tashkil etish toʻgʻrisida (144-son)
14.03.1997
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Aholining, korxonalar, tashkilotlar va muassasalarning sugʻurta xizmatlariga ehtiyojlarini yanada toʻla qondirishni taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, “Oʻzagrosugʻurta” davlat-aksiyadorlik sugʻurta kompaniyasining, “Oʻzbekinvest” eksport-import milliy sugʻurta kompaniyasining, “Asaka” aksiyadorlik-tijorat bankining va Xalq bankining ochiq turdagi aksiyadorlik jamiyati sifatidagi “Kafolat” davlat-aksiyadorlik sugʻurta kompaniyasini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
Muassislar tomonidan boshlangʻich ustav fondi 500 mln soʻm miqdorida eʼlon qilinganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin, shu jumladan:
Moliya vazirligi 50 mln soʻm;
“Oʻzagrosugʻurta” davlat-aksiyadorlik sugʻurta kompaniyasi 300 mln soʻm;
“Oʻzbekinvest” eksport-import milliy sugʻurta kompaniyasi 50 mln soʻm;
“Asaka” aksiyadorlik-tijorat banki 10 mln coʻm;
Xalq banki 10 mln soʻm;
aksiyalarni erkin sotish, shu jumladan, xorijiy investorlarga 80 mln soʻm.
2. Kafolat” davlat-aksiyadorlik sugʻurta kompaniyasi sugʻurtaning majburiy davlat turlarini oʻtkazishga vakil qilinsin.
Sugʻurtaning majburiy va ixtiyoriy turlari “Kafolat” davlat-aksiyadorlik sugʻurta kompaniyasi tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
4. Belgilansinki, “Kafolat” davlat-aksiyadorlik sugʻurta kompaniyasining ijro etuvchi organi Bosh direktor boshchilik qiladigan Direksiya hisoblanadi, Bosh direktor Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirining taqdimnomasiga binoan Vazirlar Mahkamasi tomonidan tayinlanadi.
5. Kafolat” davlat-aksiyadorlik sugʻurta kompaniyasi, uning ijro etuvchi apparati tuzilmasi va kompaniya xodimlari soni kompaniyaning Kuzatuvchi kengashi tomonidan belgilanadi.
6. “Kafolat” davlat-aksiyadorlik sugʻurta kompaniyasi bir oy muddatda taʼsis majlisini oʻtkazsin va oʻz faoliyati Ustavini belgilangan tartibda qabul qilsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi “Kafolat” davlat-aksiyadorlik sugʻurta kompaniyasini ochiq turdagi aksiyadorlik jamiyati sifatida belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazsin.
8. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki, “Oʻzagrosugʻurta” davlat-aksiyadorlik sugʻurta kompaniyasining shahar boʻlinmalari egallab turgan xizmat binolari uning ustav fondiga ulushi sifatida “Kafolat” sugʻurta kompaniyasiga beriladi.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Aloqa vazirligi bir oy muddatda “Kafolat” davlat-aksiyadorlik sugʻurta kompaniyasi Direksiyasini aloqa vositalari, shu jumladan, hukumat aloqa vositalari bilan taʼminlasin.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari B.S. Hamidov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1997-yil 14-mart,
144-son
