Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksini amalga oshirish uchun zarur boʻlgan normativ hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida (133-son)
11.03.1997
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining “Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksini amalga kiritish tartibi toʻgʻrisida” 1995-yil 21-dekabrdagi 162-I-son qarorini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar tasdiqlansin:
mehnat shartnomasi (kontrakt) tuzish yuzasidan tavsiyalar hamda Xodimlar bilan tuziladigan mehnat shartnomasi (kontrakt)ning namunaviy shakli 1, 2-ilovalarga muvofiq;
qarindosh-urugʻlarning birga ishlashlarini cheklash toʻgʻrisidagi qoidalardan istisnolarga yoʻl qoʻyilishi mumkin boʻlgan davlat korxonalari xodimlarining roʻyxati 3-ilovaga muvofiq;
qisqartirilgan ish kuni belgilanadigan alohida tusga ega boʻlgan ishlardagi xodimlar roʻyxati 4-ilovaga muvofiq;
xodimlarning davlat yoki jamoat vazifalarini bajarishi, shuningdek, ularning jamiyat manfaatlariga doir harakatlar qilishi bilan bogʻliq kafolatli toʻlovlarni toʻlash tartibi 5-ilovaga muvofiq;
oʻrtacha oylik ish haqini hisoblab chiqarish tartibi 6-ilovaga muvofiq;
ijodiy taʼtillar berish tartibi va ularning muddati 7-ilovaga muvofiq.
2. Mehnat sharoiti oʻta zararli va oʻta ogʻir ishlarda band boʻlgan xodimlar uchun ish vaqtining cheklangan muddati 8-ilovaga muvofiq;
ishning alohida tusiga ega boʻlgan, oʻta zararli va oʻta ogʻir mehnat sharoitida ishlaydigan xodimlar uchun qoʻshimcha taʼtilning eng kam muddati 12 ish kuni etib belgilansin.
3. Oʻzbekiston SSR Ministrlar Sovetining “Qarindosh-urugʻlarning xizmatchi sifatida birga ishlashlarini cheklash toʻgʻrisidagi qoidadan istisnolar haqida” 1972-yil 29-dekabrdagi 565-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari B.S. Hamidov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Oʻ. SULTONOV
Toshkent sh.,
1997-yil 11-mart,
133-son
Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 11-martdagi 133-son qaroriga 1-ILOVA
Yozma holdagi mehnat shartnomasi (kontrakt) tuzish yuzasidan
TAVSIYALAR
I. Umumiy qism
Mazkur Tavsiyalar va Mehnat shartnomasi (kontrakt)ning namunaviy shakli mulkchilikning barcha shakllaridagi korxonalar, muassasalar, tashkilotlarga (keyingi oʻrinlarda — ish beruvchi deb ataladilar) va xodimlarga mehnat shartnomalari (kontraktlar) tuzishda amaliy yordam berish maqsadida ishlab chiqilgan.
Yozma holdagi mehnat shartnomasi (kontrakt) doimiy ishlovchi (nomuayyan muddatga ishga qabul qilinadigan) xodimlar bilan ham, muddatli mehnat shartnomasi asosida (besh yilgacha boʻlgan muddatga muayyan ishni bajarish vaqti uchun) ishga qabul qilinadigan xodimlar bilan ham asosiy ish joyi boʻyicha va oʻrindoshlik asosida ishlovchi xodimlar, kasanachilar va boshqalar bilan tuziladi. Muddatli mehnat shartnomasi (kontrakt) mehnat munosabatlari nomuayyan muddatga belgilanishi mumkin boʻlmagan hollarda:
boʻlajak ishning xususiyatini;
uni bajarish shartlarini;
xodimning manfaatlarini hisobga olgan holda;
qonunda bevosita nazarda tutilgan hollarda tuziladi.
Mehnat shartnomasi (kontrakt) tuzishda zarur va qoʻshimcha shartlar koʻrsatib oʻtiladi.
II. Mehnat shartnomasi (kontrakt) tomonlari
Quyidagilar mehnat shartnomasi (kontrakt) tomonlari hisoblanadilar:
ish beruvchi — korxona, shu jumladan, ularning rahbarlari nomidan korxonaning alohida tarkibiy boʻlinmalari, mulkdor ayni vaqtda ularning rahbari hisoblanadigan xususiy korxonalar, qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda oʻn sakkiz yoshga toʻlgan alohida shaxslar;
Xodim — oʻn olti yoshga toʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi, shuningdek, xorijiy fuqarolar va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar (boshqa hollarda ota-onasidan birining yoki uning oʻrnini bosuvchi shaxsning yozma roziligi bilan qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda oʻn toʻrt va oʻn besh yoshdan).
III. Mehnat shartnomasi (kontrakt)ning zarur shartlari
Quyidagilar mehnat shartnomasi (kontrakt)ning zarur shartlari hisoblanadi:
ish joyi — xodim ishga qabul qilinayotgan korxona, muassasa, tashkilot (uning tarkibiy boʻlinmasi)ning nomi;
mehnat funksiyasi — mazmuni lavozim yoʻriqnomalari, malaka majburiyatlari va boshqa normativ hujjatlar bilan belgilanadigan muayyan mutaxassislik, malaka yohud lavozim boʻyicha (rahbarlar, mutaxassislar va xizmatchilarning hamda boshqalarning Yagona tarif-malaka maʼlumotnomasi, Malaka maʼlumotnomalariga muvofiq);
ish boshlanadigan kun — qonunchilikka muvofiq tuzilgan mehnat shartnomasi imzolangan paytdan boshlab kuchga kiradi, agar ishning boshlanishi sanasi qayd etilmagan boʻlsa, xodim shartnoma imzolangan kundan keyingi ish kunidan (smenadan) kechikmay ishga tushishi kerak;
mehnatga haq toʻlash miqdori va boshqa shartlar. Mehnatga haq toʻlash miqdori tomonlarning kelishuviga koʻra belgilanadi va qonunchilik bilan belgilangan mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdoridan kam boʻlishi va eng koʻp miqdor bilan chegaralanishi mumkin emas;
qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda ayrim mehnat shartnomalari (kontraktlar)ni tuzishda zarur shartlar roʻyxati kengaytirilishi mumkin. Masalan, muddatli mehnat shartnomasi (kontrakt) tuzishda ishning boshlanishi sanasigina emas, balki uning tamom boʻlishi sanasi ham qayd etiladi. Xodimni muayyan ishni bajarish davriga ishga qabul qilishda xodim amalga oshirishi uchun qabul qilinayotgan aniq ish koʻrsatiladi. Oʻrindoshlik bilan mehnat shartnomasi (kontrakt) tuzishda qonunchilik bilan nazarda tutilgan eng koʻp muddat doirasida kundalik ishning aniq muddati belgilanadi.
IV. Mehnat shartnomasi (kontrakt)ning qoʻshimcha shartlari
Tomonlarning kelishuviga koʻra mehnat shartnomasi (kontrakt)da qoʻshimcha shartlar nazarda tutilishi mumkin. Ular tomonlarning majburiyatlarini aniqlashi, ularni toʻldirishi, xodimga qoʻshimcha imtiyoz va afzalliklar berilishini nazarda tutishi mumkin.
Qoʻshimcha shartlarga quyidagilar kiritilishi mumkin:
xodimga mehnat sharoitlari belgilangan holda YATMM va MMda nazarda tutilgan qoʻshimcha mehnat majburiyatlari yuklash;
bir necha kasbda ishlash tartibi va shartlari koʻrsatilgan holda mehnat shartnomasi (kontrakt)ning mustaqil sharti sifatida bir necha kasb (lavozim)da ishlash;
agar xodim sinov muddati bilan ishga qabul qilinayotgan boʻlsa, sinovning aniq muddati (qachondan qachongacha);
xodimning yuqori malakasi, agar bu amaldagi qonunchilikda, jamoa shartnomasida (barcha darajadagi bitimlarda) yoki korxona, tashkilot, muassasada amal qiluvchi boshqa normativ hujjatlarda nazarda tutilgan hollarda murakkabroq ishlarni bajarish bilan bogʻliq boʻlgan mehnatga haq toʻlash (tarif stavkalari, lavozim maoshlari, qoʻshimcha haqlar, ustamalar, mukofotlar va boshqa xildagi taqdirlashlar)ning yuqoriroq miqdorlarini yakka tartibda belgilash;
xodim uchun belgilangan ish vaqti rejimi (toʻliqsiz ish kuni, toʻliqsiz ish haftasi, qisqartirilgan ish vaqti, soatbay ish, ish kunining boshlanishi va tamom boʻlishi va boshqalar);
qoʻshimcha (haqi toʻlanadigan va haqi toʻlanmaydigan) dam olish kunlari, taʼtillar berish;
ijtimoiy-maishiy tusdagi sharoitlar (bolalar bogʻchasida oʻrin, sanatoriya-kurortda davolanishga yoʻllanma taʼminlanishi, transport xizmati, markazlashtirilgan tartibda oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlash, uy-joy berish va boshqalar);
muddatli mehnat shartnomasi qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda muddatidan oldin bekor qilinganda neustoyka toʻlash.
Xodimlarning alohida toifalari uchun shartnomaning qoʻshimcha shartlari: pul yoki tovar boyliklarga xizmat koʻrsatuvchi shaxslar uchun toʻliq moddiy javobgarlik sharti; korxona rahbarlari uchun mehnat shartnomasini toʻxtatishning qonunchilikda nazarda tutilmagan qoʻshimcha asoslari va h. k.
V. Mehnat shartnomasi (kontrakt)ni rasmiylashtirish
Mehnat shartnomasi (kontrakt)ni bir xil kuchga ega boʻlgan kamida ikki nusxada tuziladi hamda saqlash uchun har ikki tomonga beriladi.
Shartnoma (kontrakt)da tomonlarning manzillari koʻrsatiladi.
Mehnat shartnomasi (kontrakt) sana koʻrsatilgan holda imzolar bilan tasdiqlanadi. Korxona, muassasa, tashkilot ishga qabul qilish huquqi berilgan mansabdor shaxsning imzosini gerbli muhr bilan tasdiqlaydi (gerbli muhr boʻlmagan taqdirda imzoning haqiqiyligi va vakolatliligini tasdiqlovchi boshqa muhr bilan tasdiqlanadi).
Xodimning talabiga koʻra mehnat shartnomasi (kontrakt) u biladigan tilda tuziladi va davlat tilida tuzilgan shartnoma (kontrakt) bilan bir xil kuchga ega boʻladi.
Xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi (kontrakt) ishga qabul qilish toʻgʻrisida buyruq chiqarish uchun asos hisoblanadi. Buyruq tuzilgan mehnat shartnomasi (kontrakt) mazmuniga zid boʻlmasligi kerak.
VI. Mehnat shartnomasi (kontrakt) shartlarining haqiqiy emasligi
Qonunchilik, jamoa shartnomasi, mehnatga haq toʻlash toʻgʻrisidagi nizom va boshqa mahalliy normativ hujjatlarga nisbatan xodimning ahvolini yomonlashtiradigan mehnat shartnomasi (kontrakt) shartlari haqiqiy emas deb hisoblanadi.
Jumladan, mehnat shartnomasi (kontrakt) tuzishda quyidagi shartlar belgilanishi mumkin emas:
mehnat shartnomasini bekor qilishning qoʻshimcha asoslari, qonun yoʻl qoʻyadigan hollar bundan mustasno;
qonunchilik bilan nazarda tutilmagan intizomiy jazolar belgilash;
sinov muddatini Mehnat kodeksi bilan belgilangan eng yuqori muddatdan ortiqcha belgilash;
oʻrindoshlik asosida ishlashga qoʻshimcha cheklashlar joriy qilish;
qonunda nazarda tutilganidan ortiqcha ish vaqti muddati belgilash;
xodimlar uchun qonunchilikda nazarda tutilmagan hollarda moddiy javobgarlik joriy etish.
Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 11-martdagi 133-son qaroriga 2-ILOVA
Mehnat shartnomasi (kontrakt)ning namunaviy shakli
-son MEHNAT SHARTNOMASI (KONTRAKT)
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 11-martdagi 133-son qaroriga 3-ILOVA
Davlat (aksionerlik) korxonalarining Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 79-moddasida nazarda tutilgan qarindosh-urugʻlarning, agar ularning xizmatlari ulardan birining boshqasiga bevosita boʻysunishi yoki nazorati ostida boʻlishi bilan bogʻliq boʻlsa, birga xizmat qilishlarini cheklash qoidalaridan istisno etilishi mumkin boʻlgan xodimlari
ROʻYXATI
1. Xorijdagi diplomatik xizmat xodimlari.
2. Davlat qishloq xoʻjaligi korxonalari va tashkilotlari, shuningdek, qishloq joylardagi qishloq xoʻjaligi boʻyicha ilmiy-tadqiqot muassasalarida ishlovchi qishloq xoʻjaligi mutaxassislari.
3. Temir yoʻl transportining liniya korxonalari xodimlari, shuningdek, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” davlat-aksionerlik kompaniyasining yoʻl, qurilish-montaj va temir yoʻllarning ixtisoslashtirilgan trestlarining qurilish-montaj va koʻpriksozlik poyezdlari, mexanizatsiyalashgan kolonnalari va boshqa harakatlanuvchi tuzilmalarning xodimlari, bu korxona va tashkilotlarning bosh buxgalterlari va kassirlaridan tashqari.
4. Aloqadan foydalanish korxonalari va tashkilotlari xodimlari.
5. Sogʻliqni saqlash davolash-profilaktika va sanitariya-profilaktika muassasalarining shifokorlari.
6. Barcha oʻquv va tarbiya muassasalaridagi pedagog xodimlar, oʻqituvchilar, bibliograflar va kutubxonachilar.
7. Teatrlar, badiiy jamoalar va studiyalarning artistlari, rassomlari va musiqachilari.
8. Arxivlar xodimlari, bu muassasalarning bosh buxgalterlari, buxgalterlari va kassirlaridan tashqari, ilmiy muassasalar xodimlari, shuningdek, seysmik stansiyalar xodimlari.
9. Gidrometeorologiya bosh boshqarmasi tarmoq tashkilotlarining xodimlari.
10. Dala geologiya ekspeditsiyalari, partiyalari, otryadlari va uchastkalari xodimlari.
11. Qishloq joylarda ishlaydigan oʻrmon va suv xoʻjaligi mutaxassislari, xalq taʼlimi xodimlari, tibbiyot xodimlari, madaniy-maʼrifiy muassasalar xodimlari.
12. Umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllaridan foydalanishni amalga oshiruvchi yoʻl tashkilotlarining xodimlari, bu tashkilotlarning bosh buxgalterlari va kassirlaridan tashqari.
13. Qurilish-montaj va koʻpriksozlik qurish poyezdlari, mexanizatsiyalashgan kolonnalar va boshqa koʻchma maxsus qurilish tuzilmalarining xodimlari, bu tashkilotlarning bosh buxgalterlari va kassirlaridan tashqari.
14. Daryo floti kemalarining suzuvchi tarkibi xodimlari va daryo transportidan foydalanish korxonalari va tashkilotlari xodimlari, bu tashkilotlarning bosh buxgalterlari va kassirlaridan tashqari.
15. Magistral truboprovodlar qurilishi hamda neft va gaz konlarini tartibga keltirishni amalga oshiruvchi qurilish, qurilish-montaj va boshqa ixtisoslashtirilgan boshqarma va uchastkalarning xodimlari, bu tashkilotlarning bosh buxgalterlari va kassirlaridan tashqari.
16. Havza va koʻllardagi baliqchilik xoʻjaliklari, baliqchilik zavodlari, baliqlarga uvuldiriq sochish va ularni oʻstirish xoʻjaliklari va baliqlarni oziqlantiradigan joylarning xodimlari, bu korxonalarning bosh buxgalterlari va kassirlaridan tashqari.
Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 11-martdagi 133-son qaroriga 4-ILOVA
Alohida tusga ega boʻlgan ishlardagi qisqartirilgan ish kuni belgilanadigan xodimlar
ROʻYXATI
* Besh kunlik ish haftasida hisoblanayotgan davr (hafta, oy, yil) uchun ish vaqti meʼyori saqlanadi.
** Ish haftasi muddati, soatlarda.
Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 11-martdagi 133-son qaroriga 5-ILOVA
Xodimlarning davlat yoki jamoat vazifalarini bajarishlari, shuningdek, ularning jamiyat manfaatlariga doir harakatlarni amalga oshirishlari bilan bogʻliq kafolatli toʻlovlarni berish
TARTIBI
Mazkur Tartib mehnatga doir huquqiy munosabatlarni tartibga soladi, davlat yoki jamoat vazifalarini bajaruvchi, shuningdek, jamiyat manfaatlariga doir harakatlarni amalga oshiruvchi xodimlarga kafolatli toʻlovlarni pul bilan taʼminlash manbalarini va ularni berishni belgilaydi.
1. Xodimlar tomonidan davlat yoki jamiyat manfaatlariga doir bajariladigan vazifalar:
saylov huquqini amalga oshirish;
deputatlik va senatorlik vazifalarini bajarish;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) huzuridagi Konstitutsiyaviy huquqlarga va inson erkinligiga rioya qilish komissiyasi faoliyatida qatnashish;
tibbiy-mehnat ekspertiza komissiyasi ishida ishtirok etish;
harbiy burchni bajarish;
surishtiruv organlariga, tergovchi, prokuror huzuriga, sudga guvoh, jabrlanuvchi, ekspert, mutaxassis, tarjimon, xolislar tariqasida (chaqiriq boʻyicha) borish;
xalq maslahatchilari, jamoat ayblovchilari va jamoat himoyachilari, jamoat birlashmalari va mehnat jamoalari vakillari sifatida sud majlislarida, shuningdek, qonun bilan nazarda tutilgan boshqa hollarda ishtirok etish;
2. Xodimlar tomonidan jamiyat manfaatlari yoʻlida qilinadigan harakatlar:
avariyalar, tabiiy ofatlarning oqibatlarini tugatish;
inson hayotini saqlab qolish;
quyish uchun qon topshirish va boshqa hollar.
3. Davlat yoki jamoat vazifalarini bajarish vaqtida (qonun bilan belgilangan yoki tegishli organning chaqiriq qogʻozida, xabarnomasida koʻrsatilgan vaqtda) ish beruvchi xodimning ish joyi (lavozimi)ni saqlagan holda uni ishdan ozod qilishi shart.
4. Xodimning davlat yoki jamoat vazifalarini bajarishi, shuningdek, uning jamiyat manfaatlariga doir qilayotgan harakatlari vaqtida ushbu vazifalarni bajarish uchun qonun bilan belgilangan vaqtdagi yoki tegishli organ tomonidan berilgan maʼlumotnomada koʻrsatib oʻtilgan muddatdagi limitga muvofiq oʻrtacha ish haqi saqlab qolinadi.
5. Xodimlarning davlat yoki jamoat vazifalarini bajarish, shuningdek, jamiyat manfaatlariga doir harakatlar qilishlari vaqtidagi ularning oʻrtacha ish haqini saqlab qolish bilan bogʻliq xarajatlar:
budjet hisobidan — budjetdan taʼminlanadigan muassasalar va tashkilotlar tomonidan;
6. Davlat boshqaruvi organlari, korporatsiyalar, konsernlar, uyushmalar va boshqa xoʻjalik birlashmalari boshqaruv apparati, shuningdek, jamoat tashkilotlari va birlashmalari, moliyaviy taʼminlash manbalaridan qatʼi nazar, xodimlarning davlat yoki jamoat vazifalarini bajarishlari bilan bogʻliq kafolatli toʻlovlarni tashkilotlarning ish haqi fondi hisobidan amalga oshiradilar.
Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 11-martdagi 133-son qaroriga 6-ILOVA
Oʻrtacha oylik ish haqini hisoblab chiqarish
TARTIBI
1. Taʼtillar vaqtiga haq toʻlash, ishdan boʻshatish nafaqasini, ishsizlik nafaqasini toʻlash, shuningdek oliy taʼlim tizimida oʻqish, qayta tayyorlash va malaka oshirish davri uchun oʻrtacha oylik ish haqi birinchi yil ishlovchilarga hisoblab chiqarib kunidagi tarifikatsiya boʻyicha belgilangan ish haqi yoki lavozim maoshidan kelib chiqqan holda ularni oʻn ikkidan birga (olti oy toʻliq ishlaganlarga oltidan birga; yetti oy toʻliq ishlaganlarga yettidan birga va hokazolar), oʻrta maxsus va hunar-texnika oʻquv yurtlari oʻqituvchilari uchun hisoblash davrida tarifikatsiya boʻyicha belgilangan ish haqi yoki lavozim maoshidan oshgan summani oʻndan birga oshirgan holda hisoblab chiqariladi. Ularga ishbay asosida ishlab topilgan qoʻshimcha ish haqi, mukofotlar, qoʻshimcha toʻlovlar, ish haqiga qoʻshimcha haqlar va ijtimoiy sugʻurta boʻyicha badallar hisoblanadigan boshqa toʻlovlar kiradi (koronavirus pandemiyasi davrida xodimlarga beriladigan barcha qoʻshimcha ragʻbatlantirish toʻlovlari, jumladan maxsus toʻlovlar, kunlik qoʻshimchalar, bir yoʻla beriladigan toʻlovlar va zararligi uchun qoʻshimcha ustamalardan tashqari).
2. Yil oxirida ortiqcha bajarilgan soatlar uchun oʻrta maxsus va hunar-texnika oʻquv yurtlari oʻqituvchilariga qoʻshimcha haq ushbu soatlar bajarilayotgan vaqtda amalda boʻlgan stavkalar boʻyicha toʻlanadi.
3. Xodimlarning salomatligiga mehnatda mayib boʻlishi, kasb kasalligiga chalinishi yoki mehnat vazifalarini bajarish bilan bogʻliq holda sogʻligʻining boshqacha tarzda shikastlanishi ish beruvchi tomonidan qoplanishi uchun summalar hisob-kitobi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tasdiqlangan qoidalarga muvofiq amalga oshiriladi.
4. Mehnatga yaroqsizlik, homiladorlik va tugʻish varaqalari boʻyicha toʻlovlar (nafaqalar hisoblash) hisob-kitobi Davlat ijtimoiy sugʻurtasi boʻyicha nafaqalar tayinlash va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi Nizomga muvofiq amalga oshiriladi.
5. Boshqa barcha hollarda (1—4-bandlarda koʻrsatib oʻtilganlardan tashqari) oʻrtacha oylik ish haqi keyingi ikki kalendar oyidagi oʻrtacha oylik ish haqidan kelib chiqib belgilanadi.
6. Xodim mehnat taʼtilida boʻlganda, davlat yoki jamoat vazifalarini bajarish, ikki oygacha boʻlgan muddatda ish qidirish (mehnat boʻyicha mahalliy organ tomonidan berilgan maʼlumotnomaga muvofiq uch oy), shuningdek, kasallik davrida tarif stavkalari, lavozim maoshlari miqdorlari oshgan hollarda mehnatga haq toʻlashning yangi shartlaridagi korxonalar, tashkilotlar, muassasalarning ishlagan kunlariga toʻgʻri kelgan ish kunlarining amaldagi soni uchun toʻlovlar qayta hisoblanadi.
Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 11-martdagi 133-son qaroriga 7-ILOVA
Ijodiy taʼtillar berish
TARTIBI
Ijodiy taʼtillarning muddati
1. Ishlab chiqarish yoki pedagogik faoliyatni ilmiy ish bilan birga muvaffaqiyatli olib boruvchi shaxslar uchun ilm toliblariga nomzodlik va doktorlik ilmiy darajalarini olish dissertatsiyalarini, shuningdek, darsliklar va oʻquv-uslubiy qoʻllanmalar qoʻlyozmalarini tugallashlari uchun mualliflarga shart-sharoitlar yaratish maqsadida asosiy ish joylaridagi oʻrtacha oylik ish haqlari va lavozimlari saqlangan holda:
nomzodlik dissertatsiyasini va darsliklar hamda oʻquv-uslubiy qoʻllanmalarni tugallashlari uchun mualliflarga 3 oygacha;
doktorlik dissertatsiyasini tugallash uchun 6 oygacha boʻlgan muddatga ijodiy taʼtillar beriladi.
Ijodiy taʼtillarga haq toʻlash belgilangan mehnatga haq toʻlash fondi, shuningdek, ilmiy kadrlar tayyorlash uchun nazarda tutiladigan mablagʻlar doirasida amalga oshiriladi.
2. Jamoa shartnomalarida yoki ish beruvchi bilan kasaba uyushmasi Qoʻmitasi yoki xodimlarning boshqa vakillar organi oʻrtasidagi bitimga koʻra mazkur Tartibning 1-bandida nazarda tutilgandagiga qaraganda ish beruvchining mablagʻlari hisobiga ijodiy taʼtillarning muddati uzoqroq muddatga belgilanishi mumkin.
Dissertatsiyalarni tugallash uchun ijodiy taʼtillar berish tartibi
3. Ijodiy taʼtillar:
davlat oliy oʻquv yurtlari va ilmiy-tadqiqot muassasalari xodimlariga — ushbu muassasalar Ilmiy kengashining taqdimnomasiga koʻra direktor (rektor) tomonidan;
boshqa davlat korxonalari, tashkilotlari va muassasalari xodimlariga — ilm tolibi biriktirib qoʻyilgan oliy taʼlim muassasasi (tashkiloti), ilmiy tashkilot Ilmiy kengashining taqdimnomasiga koʻra vazirlik (idora) tomonidan beriladi.
4. Ilmiy darajalar oluvchi ilm toliblariga beriladigan ijodiy taʼtillarni rasmiylashtirish uchun kafedra, shuʼba, laboratoriya va shunga oʻxshashlar Kengashga sabablari koʻrsatilgan iltimosnoma yuboradi.
5. Ijodiy taʼtil berish toʻgʻrisidagi tavsiyanoma ilmiy ishning muhimligini, olib borilgan tadqiqotlarning hajmini va dissertatsiyani taʼtil vaqtida tugallash mumkinligini hisobga olgan holda Ilmiy kengashlar tomonidan beriladi.
6. Ilmiy kengash tavsiyanomasida dissertatsiyani nihoyasiga yetkazish uchun zarur boʻlgan taʼtilni berish vaqti va muddatlari koʻrsatiladi.
7. Ijodiy taʼtil olgan shaxslar, taʼtil tamom boʻlgandan soʻng, qilingan ishlar toʻgʻrisida hisobot taqdim etadilar.
Darsliklar yoki oʻquv-uslubiy qoʻllanmalar mualliflariga ijodiy taʼtillar berish tartibi
8. Davlat oliy oʻquv yurtlari, ilmiy-tadqiqot muassasalari xodimlariga oliy taʼlim muassasasi (tashkiloti), ilmiy tashkilot Ilmiy kengashining tavsiyanomasiga koʻra darsliklar yoki oʻquv-uslubiy qoʻllanmalar yozishlari uchun asosiy ish joylaridan ijodiy taʼtil beriladi.
9. Ish mualliflar jamoasi bilan yoziladigan boʻlganda ijodiy taʼtil mualliflar jamoasining barcha aʼzolari tomonidan tasdiqlangan yozma holdagi arizaga koʻra mualliflar jamoasi aʼzolaridan biriga beriladi.
10. Ilmiy taʼtil tamom boʻlgandan soʻng muallif oliy taʼlim muassasasi (tashkiloti), ilmiy tashkilotning Ilmiy kengashiga qoʻlyozma holidagi ishni, asosiy ish joyidagi muassasa, korxona, tashkilotning rahbarlariga esa ishning tugallanganligini tasdiqlovchi hujjat topshiradi.
Yakunlovchi qoidalar
11. Nodavlat oliy oʻquv yurtlarida, ilmiy-tadqiqot muassasalarida, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarda ijodiy taʼtillar berish hamda ularning muddati jamoa shartnomasida (agar u ish beruvchi bilan kasaba uyushmalari qoʻmitasi yoki xodimlarning boshqa vakillar organi oʻrtasidagi bitimga koʻra tuzilmagan boʻlsa) yohud mazkur Tartibning 3—10-bandlarida belgilangan tartibga muvofiq xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasida belgilanadi.
12. Ilmiy darajalar oluvchi ilm toliblariga, shuningdek, darsliklar yoki oʻquv-uslubiy qoʻllanmalar mualliflariga navbatdagi taʼtillar, ular ijodiy taʼtillardan foydalanganliklaridan qatʼi nazar, qonun bilan belgilangan tartibda beriladi.
Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 11-martdagi 133-son qaroriga 8-ILOVA
Mehnat sharoiti oʻta zararli va oʻta ogʻir ishlarda band boʻlgan xodimlar uchun ish vaqtining
CHEKLANGAN MUDDATI
