Axborot sohasini va ommaviy kommunikatsiyalarni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (2737-III-son)
14.09.2019
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining
Qoʻshma qarori
Mamlakatimizda soʻz va axborot erkinligini, davlat organlari faoliyati ochiq-oshkoraligini, aholi uchun ularning ochiqligini, fuqarolar manfaatlariga daxl qiladigan eng muhim qarorlar qabul qilishda ular ishtirokini va fikrlari hisobga olinishini taʼminlash maqsadida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Axborot sohasini va ommaviy kommunikatsiyalarni boshqarish tizimi tubdan qayta shakllantirildi, mamlakatni modernizatsiyalashda ommaviy axborot vositalari rolini oshirish, jurnalistlar mustaqilligini, fuqarolarning soʻz erkinligiga doir konstitutsiyaviy huquqlarini taʼminlash, shuningdek jamiyat va davlatning barcha sohalariga axborot-kommunikatsiya hamda raqamli texnologiyalarni keng joriy etish boʻyicha kompleks choralar koʻrildi.
Shu bilan birga, mamlakat media-bozorini jadal rivojlantirishga, davlat organlari va boshqa tashkilotlarning oʻz faoliyati ochiqligini, virtual muhitda ishtirokini taʼminlashga, milliy axborot industriyasi va infratuzilmasi, axborot resurslari va texnologiyalarini rivojlantirishga, shuningdek global axborot makonini shakllantirishning zamonaviy tendensiyalarini hisobga olgan holda qonun hujjatlari va huquqni qoʻllash amaliyotini liberallashtirish hamda demokratlashtirishga yetarlicha eʼtibor berilmayapti.
Oʻrganish shuni koʻrsatdiki, respublika axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, soʻz va ommaviy axborot vositalari erkinligini taʼminlash sohasida jahonning rivojlangan mamlakatlari darajasiga erishishi zarur.
Axborot sohasiga oid dolzarb masalalar yuzasidan jamoatchilik fikrini shakllantirishda jamoat tashkilotlari ahamiyatini oshirish, davlat organlari va ommaviy kommunikatsiyalar subyektlari oʻrtasida muloqot yaratish, shuningdek axborot sohasini yanada erkinlashtirish va demokratlashtirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi qaror qiladilar:
1. Ommaviy axborot vositalari, jamoat tashkilotlari, fan va madaniyat vakillarining, mustaqil ekspertlar hamda mutaxassislarning, shuningdek fuqarolar jamiyati boshqa institutlari vakillarining Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzurida Axborot sohasini va ommaviy kommunikatsiyalarni rivojlantirish masalalari boʻyicha jamoatchilik kengashi (bundan buyon matnda Jamoatchilik kengashi deb yuritiladi) tuzish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Quyidagilar Jamoatchilik kengashining asosiy vazifalari etib belgilansin:
ochiq axborot makonini yaratishga qaratilgan saʼy-harakatlarni birlashtiradigan zamonaviy, demokratik va shaffof maydon sifatida davlat va ommaviy axborot vositalari, fuqarolik jamiyati institutlari vakillarining samarali muloqotini taʼminlash;
ommaviy kommunikatsiyalarni rivojlantirish va axborot sohasini yanada liberallashtirish va demokratlashtirishga, davlat organlari va jamoat tashkilotlari faoliyati ochiqligini taʼminlashga, aholining axborot madaniyatini oshirishga qaratilgan tadbirlar oʻtkazish;
ochiq axborot makonini yaratish, shu jumladan xalqaro reytinglarda Oʻzbekiston Respublikasi egallagan oʻrnini izchil yaxshilash va mamlakatimizning ommaviy axborot vositalari erkinligi indekslari yuqori darajada boʻlgan ilgʻor mamlakatlar qatoriga kirishini taʼminlash dasturlari boʻyicha takliflar tayyorlash;
ochiq axborot makonini yaratishning huquqni qoʻllash amaliyotini va tashkiliy-huquqiy va iqtisodiy asoslari joriy holatini monitoring qilish, shuningdek ularni takomillashtirish boʻyicha asoslantirilgan takliflar tayyorlash va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga kiritish;
axborot resurslarini mazmunan boyitib borish, ularning badiiy darajasini oshirish, aqliy va tarbiyaviy xususiyatga ega materiallar kiritilishini ragʻbatlantirish, shu jumladan milliy qadriyatlarni hisobga olgan holda ragʻbatlantirish maqsadida axborot resurslari kontentini tahlil qilish;
koʻngillilar faoliyatini taklif qilish va uni axborot sohasiga jalb qilish, shuningdek axborot sohasi subyektlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bilan bogʻliq loyihalar va dasturlarni amalga oshirishga koʻmaklashish, ularga huquqiy jihatdan va maslahatlar bilan, shuningdek tashkiliy, texnik va boshqa yordam koʻrsatish.
3. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Axborot sohasini va ommaviy kommunikatsiyalarni rivojlantirish masalalari boʻyicha jamoatchilik kengashi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Axborot sohasini va ommaviy kommunikatsiyalarni rivojlantirish masalalari boʻyicha jamoatchilik kengashining tarkibi 2-ilovaga tasdiqlansin.
4. Jamoatchilik kengashiga yuklangan vazifalarni bajarish, shuningdek uning faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida nodavlat notijorat tashkiloti shaklida Axborot sohasini va ommaviy kommunikatsiyalarni rivojlantirish masalalari boʻyicha markaz tashkil etilishi maʼqullansin hamda u Jamoatchilik kengashining ishchi organi sifatida belgilansin.
5. Ushbu Qoʻshma qaror u qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi T. NARBAYEVA
Toshkent sh.,
2019-yil 14-sentabr,
2737-III/KQ-593-III-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2019-yil 14-sentabrdagi 2737-III/KQ-593-III-sonli Qoʻshma qaroriga 1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Axborot sohasi va ommaviy kommunikatsiyalarni rivojlantirish masalalari boʻyicha jamoatchilik kengashi toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Axborot sohasi va ommaviy kommunikatsiyalarni rivojlantirish masalalari boʻyicha jamoatchilik kengashi (bundan buyon matnda — Jamoatchilik kengashi) axborot sohasini, ommaviy kommunikatsiyalar vositalari faoliyatini yanada erkinlashtirish va demokratlashtirish, mamlakatimizda axborot jamiyatini shakllantirishning eng muhim vazifalari amalga oshirilishi ustidan monitoringni va taʼsirchan jamoatchilik nazoratini taʼminlashda fuqarolik institutlarining rolini kuchaytirish maqsadida tuzilmoqda.
2. Jamoatchilik kengashi amaldagi qonun hujjatlariga va ushbu Nizomga muvofiq oʻz faoliyatini Parlament komissiyasi huquqlari asosida amalga oshiradi.
II. Jamoatchilik kengashining asosiy vazifalari va vakolatlari
3. Quyidagilar Jamoatchilik kengashining asosiy vazifalari etib belgilansin:
ochiq axborot makonini yaratishga qaratilgan saʼy-harakatlarni birlashtiradigan zamonaviy, demokratik va shaffof maydon sifatida davlat va ommaviy axborot vositalari, fuqarolik jamiyati institutlari vakillarining samarali muloqotini taʼminlash;
ommaviy kommunikatsiyalarni rivojlantirish va axborot sohasini yanada liberallashtirish va demokratlashtirishga, davlat organlari va jamoat tashkilotlari faoliyati ochiqligini taʼminlashga, aholining axborot madaniyatini oshirishga qaratilgan tadbirlar oʻtkazish;
ochiq axborot makonini yaratish, shu jumladan xalqaro reytinglarda Oʻzbekiston Respublikasi egallagan oʻrnini izchil yaxshilash va mamlakatimizning ommaviy axborot vositalari erkinligi indekslari yuqori darajada boʻlgan ilgʻor mamlakatlar qatoriga kirishini taʼminlash dasturlari boʻyicha takliflar tayyorlash;
ochiq axborot makonini yaratishning huquqni qoʻllash amaliyotini va tashkiliy-huquqiy va iqtisodiy asoslari joriy holatini monitoring qilish, shuningdek ularni takomillashtirish boʻyicha asoslantirilgan takliflar tayyorlash va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga kiritish;
axborot resurslarini mazmunan boyitib borish, ularning badiiy darajasini oshirish, aqliy va tarbiyaviy xususiyatga ega materiallar kiritilishini ragʻbatlantirish, shu jumladan milliy qadriyatlarni hisobga olgan holda ragʻbatlantirish maqsadida axborot resurslari kontentini tahlil qilish;
koʻngillilar faoliyatini taklif qilish va uni axborot sohasiga jalb qilish, shuningdek axborot sohasi subyektlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bilan bogʻliq loyihalar va dasturlarni amalga oshirishga koʻmaklashish, ularga huquqiy jihatdan va maslahatlar bilan, shuningdek tashkiliy, texnik va boshqa yordam koʻrsatish.
4. Jamoatchilik kengashi:
ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish dasturlari va normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining jamoat muhokamasini, jamoat ekspertizasini tashkil etishda ishtirok etadi, aholiga mamlakatimizda amalga oshirilayotgan demokratik oʻzgarishlar mazmun-mohiyatini tushuntirish boʻyicha tizimli ishlar olib boradi;
axborot makonini shakllantirish va ommaviy kommunikatsiyalarni rivojlantirish sohasida ijtimoiy sheriklikni rivojlantirish masalalari boʻyicha tavsiyalar kiritadi;
axborot makonini shakllantirish holati va istiqbollari haqida yillik maʼruzalar, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, soʻz va ommaviy axborot vositalari erkinligini, “elektron parlamentga” tayyorlikni taʼminlash sohasida Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro reytinglardagi oʻrnini izchil yaxshilab borish boʻyicha tavsiyalar va xulosalar tayyorlaydi;
ommaviy kommunikatsiyalar sohasi subyektlari faoliyatini qoʻllab-quvvatlash, ijtimoiy muhim faoliyatni muvaffaqiyatli olib borganligi uchun mazkur soha vakillari uchun yillik mukofotlashni tashkil etish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
moliyaviy mablagʻlarni jamlash va taqsimlash, shu jumladan grantlar, subsidiyalar va ijtimoiy buyurtmalar taqdim etish orqali ijtimoiy, iqtisodiy va gumanitar masalalarni hal etishda ommaviy kommunikatsiyalar sohasi subyektlari ishtirokini faollashtirishga koʻmaklashadi;
koʻngillilar faoliyatini taklif qilish va uni axborot sohasiga jalb qilish, shuningdek axborot sohasi subyektlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bilan bogʻliq loyihalar va dasturlarni amalga oshirishga koʻmaklashadi, ularga huquqiy jihatdan va maslahatlar bilan, shuningdek tashkiliy, texnik va boshqa yordam koʻrsatadi;
mamlakatni modernizatsiyalashda ommaviy axborot vositalari rolini oshirish, jurnalistlar mustaqilligini taʼminlash, axborot makonini shakllantirishda fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, shuningdek jamiyat va davlatning barcha sohalariga axborot-kommunikatsiya hamda raqamli texnologiyalarni keng joriy etish boʻyicha takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashi va Senati Kengashi koʻrib chiqishi uchun kiritadi;
axborot sohasida ommaviy kommunikatsiyalarni rivojlantirishda ekspertlar faoliyatini tashkil etadi;
axborot sohasidagi mamlakat qonun hujjatlarining va xalqaro shartnomalarning qoidalari, virtual muhitda inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, huquqiy asoslarni yanada rivojlantirish va huquqni qoʻllash amaliyoti holatini yaxshilash, axborot sohasida va ommaviy kommunikatsiyalar sohasida qonun hujjatlari buzilishiga yoʻl qoʻymaslik toʻgʻrisida keng tushuntirish ishlarini tashkil etishda ishtirok etadi.
5. Jamoatchilik kengashi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatiga bajarilgan ishlar toʻgʻrisida har yili axborot taqdim etadi.
III. Jamoatchilik kengashi tuzilmasi va faoliyatini boshqarish
6. Jamoatchilik kengashi rais, uning oʻrinbosari, masʼul kotib va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi hamda Senati Kengashi Qoʻshma qarori bilan tasdiqlanadigan komissiya aʼzolaridan tashkil topadi. Jamoatchilik kengashi tarkibiga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, Senati aʼzolari, ommaviy kommunikatsiyalar sohasi subyektlari, ommaviy axborot vositalari, jamoat tashkilotlari, fan va madaniyat vakillari, mustaqil ekspertlar va mutaxassislar, shuningdek fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillari kiradi.
7. Jamoatchilik kengashi raisi:
Jamoatchilik kengashi faoliyatiga rahbarlik qiladi;
Jamoatchilik kengashi majlislarini chaqiradi, ularda raislik qiladi;
Jamoatchilik kengashi ish rejasi loyihasi tayyorlanishini tashkil etadi va Jamoatchilik kengashi ishining tasdiqlangan rejasi bajarilishini nazorat qiladi;
Jamoatchilik kengashi qarorlarini imzolaydi va ularni ijro etish boʻyicha ishlarni tashkil etadi.
8. Rais oʻrinbosari Jamoatchilik kengashi raisi yoʻqligida uning vazifalarini bajaradi, Jamoatchilik kengashi tomonidan belgilanadigan boshqa funksiyalarni bajaradi.
9. Jamoatchilik kengashining masʼul kotibi Jamoatchilik kengashi majlislarini tashkil etish, ularni oʻtkazish bilan bogʻliq vazifalarni bajaradi, Jamoatchilik kengashi majlislari bayonnomalarini yuritadi, Jamoatchilik kengashi tomonidan belgilab beriladigan boshqa funksiyalarni bajaradi.
10. Jamoatchilik kengashining tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashi va Senati Kengashi Qoʻshma qarori bilan oʻzgartiriladi.
Jamoatchilik kengashi raisini, raisi oʻrinbosarlarini, masʼul kotibini, ayrim aʼzolarini Jamoatchilik kengashi aʼzolari umumiy sonining uchdan ikki qismi talabi bilan muddatidan oldin ozod etish masalasini Jamoatchilik kengashi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashiga va Senati Kengashiga kiritishi mumkin.
11. Jamoatchilik kengashi raisi, raisi oʻrinbosarlari, masʼul kotibi va aʼzolari jamoatchilik asosida oʻz vazifalarini bajaradi.
12. Jamoatchilik kengashi qoʻyilgan maqsadlar va vazifalarni bajarish uchun ishchi guruhlar va ekspertlar guruhlarini tuzishi mumkin. Mazkur guruhlar Jamoatchilik kengashi tomonidan tasdiqlanadigan nizom asosida faoliyat olib boradi. Yoʻnalishlar boʻyicha ishchi guruhlar va ekspertlar guruhlarini tuzishda ishga jalb qilinadigan ekspertlarning kasbiy va hayotiy tajribasi hisobga olinadi.
IV. Jamoatchilik kengashi faoliyatini tashkil etish
13. Jamoatchilik kengashi majlislari zaruratga qarab, biroq chorakda kamida bir marta oʻtkaziladi.
Jamoatchilik kengashi majlislari Jamoatchilik kengashi raisi yoki raisi oʻrinbosari tomonidan chaqiriladi. U Jamoatchilik kengashi aʼzolarini qoidaga koʻra kamida ikki kun oldin xabardor qiladi.
Jamoatchilik kengashi majlisining kun tartibiga masalalar Jamoatchilik kengashi raisi, raisi oʻrinbosari, masʼul kotibi va aʼzolari tomonidan kiritilishi mumkin.
Jamoatchilik kengashi majlislari, agar ularda Jamoatchilik kengashi aʼzolarining kamida yarmi ishtirok etsa, vakolatlidir.
Jamoatchilik kengashi majlislarini Jamoatchilik kengashi raisi yoki uning oʻrinbosari olib boradi.
Jamoatchilik kengashi majlislari ochiq oʻtkaziladi. Zarurat boʻlsa, Jamoatchilik kengashi yopiq majlis oʻtkazish toʻgʻrisida qarorlar qabul qilishi mumkin.
14. Jamoatchilik kengashining navbatdan tashqari majlisi Jamoatchilik kengashi raisi, uning oʻrinbosari tashabbusi bilan, shuningdek kamida oʻn nafar aʼzosining yozma talabi bilan chaqiriladi.
15. Jamoatchilik kengashi aʼzolari uning majlislarida ishtirok etishi shart. Jamoatchilik kengashi majlisida ishtirok etish imkoniyati yoʻqligi haqida uning aʼzolari raisni yoki uning oʻrinbosarini oldindan yozma xabardor qiladi.
16. Jamoatchilik kengashining barcha aʼzolari teng huquqlarga ega, Jamoatchilik kengashining har bir aʼzosi bir ovozga ega.
17. Jamoatchilik kengashining qarori uning majlisida ishtirok etayotgan aʼzolarining koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Jamoatchilik kengashining majlisida bayonnoma yuritilib, u raislik qiluvchi tomonidan tasdiqlanadi.
18. Jamoatchilik kengashining majlislariga davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari, ilmiy muassasalar vakillari, mutaxassis va olimlar, matbuot organlari, televideniye, radio va boshqa ommaviy kommunikatsiyalar vositalari vakillari taklif etilishi mumkin.
V. Jamoatchilik kengashining ishchi organi
19. Jamoatchilik kengashiga yuklangan vazifalar Jamoatchilik kengashining ishchi organi boʻlgan Axborot sohasini va ommaviy kommunikatsiyalarni rivojlantirish masalalari boʻyicha markaz faoliyati orqali amalda bajariladi.
20. Axborot sohasini va ommaviy kommunikatsiyalarni rivojlantirish masalalari boʻyicha markaz nodavlat notijorat tashkilotining tashkiliy-huquqiy shaklida tashkil etiladi va Jamoatchilik kengashiga yuklangan vazifalarning amalda bajarilishiga koʻmaklashadi.
21. Jamoatchilik kengashining qarorlari Axborot sohasini va ommaviy kommunikatsiyalarni rivojlantirish masalalari boʻyicha markaz rahbari va xodimlari tomonidan ijro etilishi shart.
VI. Nizomga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish tartibi
22. Ushbu Nizomga oʻzgartish va qoʻshimchalar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashi Qoʻshma qarori bilan kiritiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2019-yil 14-sentabrdagi 2737-III/KQ-593-III-sonli Qoʻshma qaroriga 2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Axborot sohasini va ommaviy kommunikatsiyalarni rivojlantirish masalalari boʻyicha jamoatchilik kengashining tarkibi
1. Abdullayev Ilhom Zayirovich — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qoʻmitasi raisi, Jamoatchilik kengashi raisi 2. Nizamxodjayev Zayniddin Mahamatovich — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitasi raisi, Jamoatchilik kengashi raisi oʻrinbosari 3. Rafikov Qudratilla Mirsagatovich — Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi raisi, Jamoatchilik kengashi raisi oʻrinbosari 4. Mirzaaliyev Iqboljon Mirzakarimovich — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi raisi 5. Saidov Akmal Xolmatovich — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari qoʻmitasi raisi 6. Maqsudov Muhammadjon — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasi raisining oʻrinbosari 7. Xalbutayev Erkin Ergashevich — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qoʻmitasi raisining oʻrinbosari 8. Ziyo Azamat Hamid oʻgʻli — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Fan, taʼlim, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi aʼzosi 9. Kusherbayev Rasul Xidraliyevich — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qoʻmitasi aʼzosi 10. Sidikova Enaxon Abduraximovna — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitasi aʼzosi 11. Allamjonov Komil Ismoilovich — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori vazifasini bajaruvchi 12. Xodjimatov Minxajidin Mirzajanovich — Respublika maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari 13. Hakimov Saʼdulla — Oʻzbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi 14. Saʼdullayev Alisher Zafar oʻgʻli — Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi raisi 15. Lavozim boʻyicha — Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi oʻrinbosari 16. Abduxolikov Firdavs Fridunovich — Oʻzbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi raisi 17. Maʼrufova Gulnora Maxmudovna — Xotin-qizlar qoʻmitasi raisi oʻrinbosari 18. Kalanov Rustam Abduxakimovich — Toshkent shahridagi “Nuroniy” jamgʻarmasi raisi 19. Xikmatov Xayrulla Xikmatovich — Toshkent shahri Olmazor tumani “Achiobod” mahalla fuqarolar yigʻini raisi, mahalliy Kengash deputati 20. Rizayev Shuxratilla Tursunovich — “Oʻzbekkino” milliy agentligi bosh direktori oʻrinbosari 21. Burxanov Akmal Eshondedayevich — “Yuksalish” umummilliy harakati raisi 22. Mexmonov Abdisamad Abdusalikovich — “Mening yurtim” telekanali direktori oʻrinbosari 23. Aʼzamov Quddus Aʼzamovich — “Oʼzbekiston” teleradiokanali bosh muharriri 24. Xoliknazarov Nuriddin Mirzaxamdamovich — Toshkent shahri bosh imom-xatibi 25. Tuxvatulina Elmira Akramovna — “Dunyo boʼylab” telekanali direktori oʻrinbosari 26. Shermuxamedov Umid Xatamovich — “Kun.uz” Internet-OAV bosh muharriri 27. Atadjanov Azamat Yusupbayevich — “Gazeta.uz” Internet-OAV bosh muharriri 28. Xudayberdiyev Xushnud Gayratovich — bloger, “Xushnudbek.uz” kanali maʼmuri 29. Nikolenko Liliya — bloger, “Potrebitel.uz” guruhi maʼmuri 30. Abdusattorov Baxtiyor Abdusamatovich — “Mahalla” gazetasi bosh muharriri 31. Melikulov Jumanazar Xaitovich — Oʻzbekiston milliy axborot agentligi (OʻzA) bosh direktori oʻrinbos�ri
