Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi mamlakatlari bilan koʻp tomonlama hamkorlik masalalari boʻyicha hukumatlararo qoʻshma komissiyalar toʻgʻrisidagi namunaviy nizomni tasdiqlash haqida (157-son)
25.03.1997
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Anʼanaviy doʻstona aloqalarni yanada rivojlantirish, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi mamlakatlari bilan hamkorlikni faollashtirish, Oʻzbekiston Respublikasi bilan hamdoʻstlik mamlakatlari oʻrtasidagi xalqaro shartnomalarni amalga oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi mamlakatlari bilan koʻp tomonlama hamkorlik masalalari boʻyicha hukumatlararo qoʻshma komissiyalar toʻgʻrisidagi Namunaviy nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi mamlakatlari bilan hukumatlararo komissiyalarning Oʻzbekistonga oid qismining raislari vazirliklar, idoralar, konsernlar, korporatsiyalar, uyushmalar, banklar va boshqa muassasalarning rahbarlari mazkur Namunaviy nizomni amal qilish va bajarish uchun qabul qilsinlar.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazir Oʻ.T. Sultonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1997 yil 25 mart,
157-son
Vazirlar Mahkamasining 1997 yil 25 martdagi 157-son qarori bilan TASDIQLANGAN
Mustaqillik Davlatlar Hamdoʻstligi mamlakatlari bilan koʻp tomonlama hamkorlik masalalari boʻyicha hukumatlararo qoʻshma komissiyalar toʻgʻrisida
NAMUNAVIY NIZOM
MDH mamlakatlari bilan hamkorlik boʻyicha hukumatlararo qoʻshma komissiyalar (keyingi oʻrinlarda matnda komissiya deb ataladi) MDH davlatlari bilan tuzilgan xalqaro shartnomalar asosida ularning bajarilishini tashkil etish, koʻp tomonlama hamkorlikni kengaytirish va chuqurlashtirish maqsadida tashkil etiladi.
UMUMIY QOIDALAR
Komissiya oʻz faoliyatida «Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari toʻgʻrisida»gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga, amaldagi qonun hujjatlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlariga, Vazirlar Mahkamasining qarorlari, farmoyishlariga va mazkur Nizomga amal qiladi.
Komissiyaga Oʻzbekiston tomonidan rais boshchilik qiladi. Qoʻshma komissiya tarkibiga, shuningdek rais oʻrinbosari, masʼul kotib hamda vazirliklar, idoralar, konsernlar, korporatsiyalar, uyushmalar, banklar va respublikaning boshqa muassasalari rahbarlari va masʼul xodimlaridan iborat boʻlgan komissiya aʼzolari kiradi.
Qoʻshma komissiyaning Oʻzbekistonga oid qismi tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan boshqa tomonning komissiyasi aʼzolari soniga teng miqdorda va tarkibida tasdiqlanadi.
Xodimlari komissiyaning tarkibiga kiritilgan vazirliklar, idoralar, konsernlar, korporatsiyalar, uyushmalar, banklar boshqa muassasalar rahbarlari xodimlarining komissiyada ishlashlari uchun sharoit yaratadilar.
Qoʻshma komissiya majlislari navbati bilan Oʻzbekiston Respublikasida va boshqa tomon davlatida majlisni oʻtkazuvchi davlatdan boʻlgan rais raisligida kelishilgan muddatlarda, yarim yilda kamida bir marta oʻtkaziladi.
Xar bir majlisning kun tartibi bir yilga tasdiqlanadi, tadbirlarning istiqbol rejasidan kelib chiqib belgilanadi.
Qoʻshma komissiya majlislariga materiallar tayyorlashga davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining xodimlari, shuningdek, ahdlashuvchi tomonlarning maslahatchilari va ekspertlari jalb etilishi mumkin.
Muntazam oʻtkaziladigan majlislar jadvali va dastlabki kun tartibi majlis sanasidan kamida 30 kun oldin maslahatlashuvlar oʻtkazish orqali raislar bilan kelishiladi.
Majlisda kun tartibida tasdiqlangan masalalar, shuningdek, boshlanishidan oldin oʻzaro rozilikka koʻra kun tartibiga kiritilishi mumkin boʻlgan masalalar koʻrib chiqiladi.
Raislardan birining iltimosiga koʻra komissiyaning navbatdan tashqari majlisi chaqirilishi mumkin.
Komissiya majlislarida qarorlar kelishuv asosida qabul qilinadi.
Zarurat boʻlganda raislar oʻzaro rozilikka koʻra komissiya majlislari oʻrtasidagi davrda qaror qabul qilish huquqiga ega boʻladilar va raislarning ushbu qarorlari komissiyaning navbatdagi majlisi bayoniga kiritiladi.
Komissiyaning qarorlari, agar boshqacha tartib nazarda tutilmasa, imzolangan paytdan boshlab kuchga kiradi.
Raislardan birining fikriga koʻra tegishli tomonning vakil qilingan organlari tomonidan maʼqullanishi kerak boʻlgan qarorlar ularning tegishli organlari tomonidan maʼqullangandan keyin kuchga kiradi.
Komissiya majlislari qarorlari natijalari bayonnomalarda aks ettiriladi, bayonnomalar raislar yoki ularning oʻrinbosarlari tomonidan imzolanadi.
Komissiya majlislari olib boriladigan til — rus tilidir.
Komissiya majlislarining bayonlari, qarorlari rus tilida rasmiylashtiriladi, zarur boʻlsa tomonlarning milliy tillaridan tarjima qilinadi.
Komissiya oʻz vazifalarini bajarish maqsadida doimiy yoki vaqtinchalik organlar yoki ishchi guruhlar tashkil etishi mumkin.
Komissiya majlislarini oʻtkazish xarajatlari, shu jumladan, mehmonxonada yashash va komissiya aʼzolarining ovqatlanishi xarajatlari qabul qiluvchi tomon hisobiga tegishli boʻladi, transport xarajatlarini esa oʻz vakillarini majlisga yuboruvchi tomon koʻtaradi. Ushbu masala boʻyicha komissiyaning maxsus qarori qabul qilinadi.
Doimiy yoki vaqtinchalik ishchi guruhlar ishini tashkil etish boʻyicha xarajatlar tomonlar kelishib olgan shartlarda qoplanadi.
ASOSIY VAZIFALARI
Quyidagilar qoʻshma komissiyaning asosiy vazifalari hisoblanadi:
Oʻzbekiston Respublikasi va respublika Hukumati nomidan imzolangan MDH mamlakatlari bilan tuzilgan xalqaro shartnomalar, bitimlar, bayonnomalar va boshqa hujjatlarni bajarish yuzasidan Respublika vazirliklari va idoralari xatti-harakatini muvofiqlashtirish;
shartnomalar, bitimlar va bayonnomalarni bajarish MDH mamlakatlari bilan qoʻshma tadbirlarni ishlab chiqish va ularning bajarilishini taʼminlash;
strategik sheriklik doirasida Oʻzbekiston Respublikasi MDH mamlakatlari oʻrtasidagi koʻp tomonlama hamkorlikni kengaytirish va chuqurlashtirish;
Oʻzbekiston Respublikasi va boshqa tomonning mavjud boy imkoniyatlaridan toʻlaroq oʻzaro foydalanish;
Tinchlik, barqarorlik va xavfsizlikni mustahkamlash, xalqaro maydonda hamkorlik qilish va oʻzaro yordam berishni yanada rivojlantirish;
erishilgan shartlashuvlar doirasida ikki tomonlama oʻzaro, foydali hamkorlikning turli sohalarini faollashtirish, birgalikda qabul qilingan qarorlarni soʻzsiz amalga oshirish, oʻzaro munosabatlarning turli yoʻnalishlari boʻyicha tomonlar hukumatiga takliflar kiritish.
FUNKSIYaLARI
Yuklangan vazifalarga muvofiq qoʻshma komissiya quyidagi funksiyalarni bajaradi:
mavjud shartnoma-huquqiy bazaga asoslanib MDH davlatlar bilan iqtisodiyot, siyosat, mudofaa sohalarida, ijtimoiy va insonparvarlik sohalarida keng hamkorlik qilishni rivojlantirish;
MDH mamlakatlari bilan hamkorlik qilish boʻyicha qoʻshma komissiyalarning majlislarini tayyorlash va ularni oʻtkazish;
MDH mamlakatlari bilan doʻstlik va hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan yangi xalqaro shartnomalar tuzish yuzasidan takliflar tayyorlash;
MDH mamlakatlari bilan Oʻzbekiston Respublikasi va respublika Hukumati nomidan imzolangan xalqaro shartnomalarni qanday bajarilayotganligi toʻgʻrisidagi axborotlarni umumlashtirish va tahlil qilish;
MDH mamlakatlari bilan ikki tomonlama hamkorlikning ahvoli toʻgʻrisida axborot tayyorlash va uni respublika rahbariyatiga hamda Hukumatiga taqdim etish;
MDH mamlakatlari bilan tuzilgan xalqaro shartnomalar, ikki tomonlama tadbirlarning bajarilishi masalalarida vazirliklar, idoralar va respublikaning boshqa muassasalariga amaliy yordam koʻrsatish va ularning xatti-harakatlarini muvofiqlashtirish;
yangi shartnomalar, bitimlar, bayonnomalar tuzish va amaldagilarni bekor qilish boʻyicha vazirliklar va idoralarning takliflarini oʻrganish, loyihalarni ikkinchi tomon bilan kelishib olish, ularni tasdiqlash va belgilangan tartibda imzolashga tayyorlash;
Qoʻshma komissiyalar majlislari uchun hujjatlarni, shuningdek, mazkur Qoʻshma komissiya faoliyatiga tegishli boʻlgan boshqa tashkiliy masalalarni tayyorlash.
HUKUMATLARARO KOMISSIYa QUYIDAGI HUQUQLARGA EGADIR:
respublika vazirliklari, idoralari, korporatsiyalari, konsernlar, uyushmalaridan va boshqa muassasalaridan MDH mamlakatlari bilan ikki tomonlama hamkorlik qilishga oid axborot statistik tahliliy va boshqa materiallarni olish;
zarur boʻlganda respublika vazirliklari, idoralari va, mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar, muassasalarining mutaxassislarini komissiya oldida turgan vazifalarni hal qilish uchun jalb qilish;
MDH davlatlari oʻrtasida ikki tomonlama hamkorlikni va xalqlar doʻstligini mustahkamlashga munosib hissa qoʻshgan respublika vazirliklari, idoralari, korporatsiyalari, konsernlari, uyushmalari va boshqa muassasalari rahbarlarini ragʻbatlantirish (jazolash) toʻgʻrisida takliflar kiritish;
zarur boʻlganda ikki tomonlama hamkorlik masalalarini hal etish uchun ishchi guruhlar tuzish.
Ishchi guruhlarning shaxsiy tarkibi Qoʻshma komissiyaning Oʻzbekistonga oid qismi raisi tomonidan tasdiqlanadi.
Komissiyaning bayonnoma bilan rasmiylashtirilgan qarori respublikaning barcha vazirliklari, idoralari, mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar, korporatsiyalari, konsernlari, uyushmalari va boshqa muassasalari tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanadi.
Zarur boʻlganda MDH mamlakatlari bilan hamkorlik boʻyicha (komissiyaning Oʻzbekistonga oid qismi raisi ikki tomonlama hamkorlik masalalarini hal etish va komissiya yoki ishchi guruh ishida qatnashish uchun respublika vazirliklari, idoralari, korporatsiyalari, konsernlari, uyushmalari va boshqa muassasalari mutaxassislarini MDH mamlakatlariga xizmat safariga joʻnatish toʻgʻrisida belgilangan tartibda qaror qabul qilishi mumkin.
