“Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” Davlat dasturining 2019-yil ikkinchi choragida bajarilishi yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hisoboti toʻgʻrisida (2627-III-son)
01.08.2019
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
qarori
“Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” Davlat dasturining 2019-yil ikkinchi choragidagi ijrosi yuzasidan Vazirlar Mahkamasining hisobotini koʻrib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi taʼkidlaydiki, Hukumat tomonidan Davlat dasturi asosida mamlakatimizda makroiqtisodiy barqarorlikni taʼminlash, iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishga erishish borasida bir qator ishlar amalga oshirilgan. Xususan, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, jozibador investitsion muhitni yaratish, hududlarni kompleks rivojlantirishda sezilarli natijalarga erishilgan.
2019-yilning I yarim yilligida yalpi ichki mahsulot oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 5,8 foizga oʻsgan.
Mamlakatda yaratilgan qulay investitsiya muhiti natijasida investitsiyalar hajmi 1,6 baravarga, qurilish ishlari hajmi esa 20,0 foizga oshdi. Davlat budjetining 2019-yil yanvar — iyun oylarida daromadlari oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 1,5-martaga koʻpaydi.
Mahalliy hokimiyat organlarining mahalliy budjet daromadlarini shakllantirishdagi erkinligi sezilarli darajada oshirildi.
“Obod qishloq” dasturi doirasida jami 1 166 mlrd. soʻmlik ish hajmlari bajarildi.
Tadbirkorlikka oid ijtimoiy dasturlar doirasida 5,1 trln. soʻm, imtiyozli kreditlar ajratildi. Bu “Har bir oila — tadbirkor” dasturi doirasida minglab oilalarning oʻz biznesini yoʻlga qoʻyishi, yangi ish oʻrinlarini yaratishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Shu bilan birga, joriy yilning birinchi yarim yilligida bajarilishi belgilangan Davlat dasturidagi jami 139 ta banddan 23 tasi (16,5 %)ning ijrosi toʻliq taʼminlanmagan.
Jumladan, Davlat dasturida koʻzda tutilgan davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirishning ustuvor yoʻnalishlarini taʼminlashga qaratilgan bir qator vazifalar bajarilmagan. Xususan, qonun hujjatlarini tayyorlash va qabul qilishning huquqiy asoslarini takomillashtirishga qaratilgan “Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida”gi Qonun loyihasi (yangi tahriri) hanuzgacha parlament muhokamasiga kiritilmagan (6-band).
Shuningdek, davlatning iqtisodiy faoliyatdagi ishtirokining aniq chegaralarini belgilovchi normativ-huquqiy hujjat ishlab chiqilishi (25-band) oxiriga yetkazilmagan.
Davlat dasturida belgilangan iqtisodiyotni rivojlantirish va investitsiyalarni jalb etishning ustuvor yoʻnalishlarini koʻzda tutuvchi bir qator vazifalar ham oʻz vaqtida bajarilmagan. Maʼlumki, mamlakatimizda paxta, gʻalla, meva-sabzavot va boshqa yoʻnalishlarda klaster tizimini qoʻllash yaxshi yoʻlga qoʻyilgan va oʻzining ijobiy natijalarini koʻrsatmoqda. Lekin, klaster faoliyatining tashkiliy-huquqiy va iqtisodiy asoslari, ularni qoʻllab-quvvatlash mexanizmlarini nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat shu yil 1-iyunga qadar qabul qilinishi koʻzda tutilgan boʻlsada, bu ish yakuniga yetkazilmagan (91-band).
Shuningdek, “investitsiya xab”larini tashkil etish, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalarining huquqiy asoslarini tayyorlash (115- va 120-bandlar) ishlari ham vaqtida bajarilmagan.
Shu yil 1-aprel kuniga qadar davlat tibbiyot muassasalarini moliyalashtirish tizimi takomillashtirilishini (155-band) koʻzda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat qabul qilinmagan. Shaharlardagi oilaviy poliklinikalarni tor doiradagi mutaxassislar bilan taʼminlash masalasi tegishli idoralar tomonidan hal etilmagan, bu esa shahar aholisini tibbiy-sanitariya yordami olishida muayyan noqulayliklar yaratayotgani, shuningdek, aksariyat tuman va shaharlardagi shoshilinch tibbiy yordam boʻlimlarining shifo oʻrinlari soni nomutanosib belgilanganligi taʼkidlab oʻtildi.
Davlat dasturining 178-bandiga muvofiq, shahar koʻchalari va boshqa aholi punktlarining ichki yoʻllarini kapital va joriy taʼmirlashga qaratilgan amaliy chora-tadbirlar ishlab chiqish zarurligi deputatlar tomonidan qayd etildi.
Bugungi kunda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash maqsadida kundalik isteʼmol mahsulotlarining tarkibida transyogʻlar, jumladan, palma yogʻining mavjudligi, uning inson organizmiga salbiy taʼsirining oldini olish zarurligidan kelib chiqib, normativ-huquqiy hujjatlar va normativlarni, aksiz imtiyozlari berilishini qayta koʻrib chiqish talab etilmoqda.
Deputatlar va Hukumat vakillaridan iborat tarkibda tuzilgan Ishchi guruhi tomonidan Davlat dasturidagi axborot-texnologiyalarini joriy etish bilan bogʻliq bandlarning bajarilishi boʻyicha oʻtkazilgan monitoring shuni koʻrsatmoqdaki, bor yoʻgʻi 4 ta loyiha boʻyicha toʻliq normativ-huquqiy hujjatlar rasmiylashtirilgan, xolos.
Davlat dasturidagi mamlakat eksport salohiyatini yanada oshirishga, bu sohada yagona oʻzaro integratsiyalashgan axborot tizimini shakllantirishga qaratilgan vazifalar (123- va 129-bandlar) doirasida amalga oshirilayotgan ishlar lozim darajada tashkil etilmagan.
Davlat dasturidagi axborot-texnologiyalarini joriy etish bilan bogʻliq va ijro muddati “yil davomida” etib koʻrsatilgan bandlarning amalga oshirilishi yuzasidan oʻtkazilgan monitoring shuni koʻrsatmoqdaki, ushbu loyihalarning aniq korporativ rejalari, yaʼni choraklar yoki oylar kesimida bajarilishi lozim boʻlgan chora-tadbirlar mavjud emas. Bundan tashqari, bu boradagi loyihalarni moliyalashtirish masalalari hal etilmaganligi ayrim vazifalarning bajarilmasligiga sabab boʻlmoqda. Shuning uchun Hukumat tomonidan moliyalashtirish manbalarini aniqlashtirish, bor yoʻgʻi yarim yil qolganligini hisobga oladigan boʻlsak, bugungi kunda oʻta dolzarb masalaga aylanib qolmoqda.
Joylarda namunaviy loyihalar asosida yakka tartibdagi uy-joylar qurish, ularning narxini shakllantirish hamda qurilish-montaj ishlarining bajarilishi sifati, shaharsozlik normalari va qoidalariga rioya etilishi ustidan nazoratni yanada kuchaytirish boʻyicha, shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli boʻlgan turar-joy va boshqa binolarni buzish yuzasidan amaldagi qonun hujjatlari talablarini taʼminlashda kechiktirib boʻlmaydigan chora-tadbirlar koʻrishni taqozo etmoqda.
Hukumat tomonidan Davlat dasturidagi tadbirlar ijrosini taʼminlashda NNT va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan yaqin hamkorlik munosabatlarini oʻrnatish maqsadga muvofiqdir.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 32-2-moddasi va “Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 8-1-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” Davlat dasturining 2019-yil ikkinchi choragida bajarilishi yuzasidan hisoboti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga:
Davlat dasturida nazarda tutilgan tadbirlarning oʻz muddatida va puxta bajarilishini taʼminlash yuzasidan Hukumat aʼzolari, davlat hamda xoʻjalik boshqaruvi organlari rahbarlarining masʼuliyatini yanada oshirish, shuningdek bu borada amalga oshirilayotgan ishlarning moliyaviy jihatdan taʼminlanishiga eʼtibor qaratish;
Davlat dasturidagi ijrosi taʼminlanmagan 23 ta bandning bajarilishini, xususan, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini oʻz vaqtida va sifatli ishlab chiqilishi hamda qabul qilinishini taʼminlash;
xoʻjaliklararo avtomobil yoʻllari, ichki xoʻjalik yoʻllari, shaharlar, shahar posyolkalari, qishloqlar va ovullar koʻchalarini taʼmirlashga qaratilgan qisqa muddatli dastur ishlab chiqish;
jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli boʻlgan turar joy va boshqa binolarni buzilishida amaldagi qonun hujjatlari talablarini taʼminlash;
import qilinayotgan palma yogʻining oziq-ovqat sanoatida ishlatilishini nazorat qilish, uning inson organizmiga salbiy taʼsirini chuqur tahlil qilgan holda mavjud normativ-huquqiy hujjatlar, texnik reglamentlar hamda bu borada berilgan imtiyozlarni qayta koʻrib chiqish;
tuman va shaharlardagi shoshilinch tibbiy yordam boʻlimlarining shifo oʻrinlari sonini bugungi kun ehtiyojidan kelib chiqib qayta oʻrganib chiqish, shahar oilaviy poliklinikalarini tor doiradagi mutaxassislar bilan taʼminlash masalasini koʻrib chiqish;
joylarda namunaviy loyihalar boʻyicha arzon uy-joylar qurish dasturlarini amalga oshirish doirasida bajarilayotgan qurilish-montaj ishlarining sifati, shaharsozlik normalari hamda qoidalariga rioya etilishi va narxlarni shakllantirish masalalari ustidan qatʼiy nazoratni oʻrnatish;
NNT va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarini, normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish va boshqa ijtimoiy ahamiyatga molik masalalarni hal etish borasida samarali ijtimoiy sheriklikni oʻrnatish;
joriy yilning toʻqqiz oyida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish boʻyicha va Davlat dasturi doirasida amalga oshirilishi nazarda tutilgan chora-tadbirlarning ijrosi yuzasidan tizimli va taʼsirchan monitoring olib borish tavsiya etilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi deputatlar birlashmalariga:
Davlat dasturi doirasida amalga oshirilayotgan islohotlar mazmun-mohiyati va ahamiyatini deputatlarning oʻz saylovchilari bilan uchrashuvlari davomida keng targʻib qilish choralarini koʻrish;
oʻz partiyaviy maqsad va vazifalaridan kelib chiqib, Davlat dasturida belgilangan ustuvor yoʻnalishlarning samarali ijro etilishi ustidan taʼsirchan parlament va jamoatchilik nazoratini oʻrnatish tavsiya etilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining qoʻmitalari Davlat dasturida ijrosi toʻliq taʼminlanmagan quyidagi bandlarning bajarilishi ustidan samarali monitoring oʻrnatsinlar va amalga oshirilgan ishlar natijalari yuzasidan joriy yilning 1-oktabr kuniga qadar Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Kengashiga maʼlumot taqdim etsinlar:
Fuqarolarning sogʻligʻini saqlash masalalari qoʻmitasi — 152-, 153- va 155-bandlar boʻyicha;
Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish masalalari qoʻmitasi — 179-, 246- va 250-bandlar yuzasidan;
Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qoʻmitasi — 253-, 254- va 259-bandlar boʻyicha;
Fan, taʼlim, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi — 211-, 212- va 216-bandlar yuzasidan;
Sanoat, qurilish va savdo masalalari qoʻmitasi — 115- va 120-bandlar boʻyicha;
Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi — 40-band yuzasidan;
Agrar va suv xoʻjaligi masalalari qoʻmitasi — 91-band boʻyicha.
5. Davlat dasturidagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish boʻyicha loyihalarni amalga oshirish bilan bogʻliq bandlar ijrosining monitoringini olib borish boʻyicha Ishchi guruhi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Devonining Davlat budjeti boshqarmasi bilan birgalikda toʻqqiz oy yakunlari boʻyicha dasturda belgilangan tegishli loyihalarning moliyaviy samaradorligini, Oʻzbekiston Respublikasining “Elektron hukumat toʻgʻrisida”gi va “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Qonunlar talablariga rioya etilishi holatini atroflicha oʻrganish hamda ularning ijrosi yuzasidan axborotlarni joriy yilning 1-oktabr kuniga qadar Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Vazirlar Mahkamasiga kiritish choralarini koʻrsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ushbu Qarorning ijrosi boʻyicha joriy yilning 20-avgust kuniga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga axborot taqdim etsin.
7. Ushbu Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosarlari zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2019-yil 1-avgust,
2627-III-son
