Toshkent viloyatining Zangiota tumani va Toshkent shahrining Sergeli tumani chegaralarini oʻzgartirish toʻgʻrisida (2456-III-son)
16.04.2019
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 78-moddasiga, “Oʻzbekiston Respublikasida maʼmuriy-hududiy tuzilish masalalarini hal etish tartibi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 5 va 13-moddalariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining taklifi qabul qilinib, Toshkent viloyatining Zangiota tumani va Toshkent shahrining Sergeli tumani chegaralari oʻzgartirilsin.
2. Toshkent viloyati Zangiota tumani maʼmuriy hududining bir qismi umumiy maydoni 428 gektar maydon (“Yuqoridarxon” mahalla hududi, Sergeli tumani bilan chegaradosh “Toshkent” va “Pastdarxon” mahallalari hududining bir qismi) Toshkent shahri Sergeli tumani tarkibiga oʻtkazilsin.
3. Toshkent viloyatining Zangiota tumani va Toshkent shahrining Sergeli tumani chegaralari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan taqdim etilgan 1 va 2-ilovalarga koʻra tavsiflar va grafik chizmalarga muvofiq tasdiqlansin.
4. Belgilab qoʻyilsinki, Toshkent shahrining Sergeli tumani tarkibiga oʻtkazilayotgan Toshkent viloyatining Zangiota tumani “23-Oʻzgarish” saylov okrugidan saylangan xalq deputatlari Zangiota tuman Kengashining deputati Toshkent shahar xalq deputatlari Sergeli tuman Kengashining deputati hisoblanadi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ushbu Qarorning ijrosi boʻyicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilishini taʼminlasin.
6. Ushbu Qaror Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga yuborilsin.
7. Ushbu qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari N. UMAROV
Toshkent sh.,
2019-yil 16-aprel,
2456-III-son
