Namangan viloyatining Namangan shahri, Toʻraqoʻrgʻon, Kosonsoy, Namangan va Yangiqoʻrgʻon tumanlari chegaralarini oʻzgartirish toʻgʻrisida (2744-III-son)
19.09.2019
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 78-moddasiga, “Oʻzbekiston Respublikasida maʼmuriy-hududiy tuzilish masalalarini hal etish tartibi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 5 va 13-moddalariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining taklifi qabul qilinib, Namangan viloyatining Namangan shahri, Toʻraqoʻrgʻon, Kosonsoy, Namangan va Yangiqoʻrgʻon tumanlari chegaralari oʻzgartirilsin.
2. Namangan viloyati Toʻraqoʻrgʻon tumani hududining 183 gektar maydoni, Kosonsoy tumani hududining 528 gektar maydoni, Namangan tumani hududining 2592 gektar maydoni, Yangiqoʻrgʻon tumani hududining 362 gektar maydoni — jami 3665 gektar maydon Namangan viloyatining Namangan shahri tarkibiga oʻtkazilsin.
3. Namangan viloyatining Namangan shahri, Toʻraqoʻrgʻon, Kosonsoy, Namangan va Yangiqoʻrgʻon tumanlari chegaralarining tavsifi hamda grafik chizmasi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan taqdim etilgan 1-2-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ushbu Qarorni bajarish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilishini taʼminlasin.
5. Mazkur Qaror Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga yuborilsin.
6. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2019-yil 19-sentabr,
2744-III-son
