“Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi QL-458-sonli Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasi haqida (2285-III-son)
05.01.2019
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2019-yil 4-yanvarda kiritilgan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi QL-458-sonli Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasini dastlabki tarzda koʻrib chiqish uchun Budjet va iqtisodiy islohotlar qoʻmitasi masʼul etib belgilansin.
2. Qonun loyihalarini va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini koʻrib chiqishni tashkil etish boʻyicha muvofiqlashtiruvchi guruh ushbu qonun loyihasini Budjet va iqtisodiy islohotlar qoʻmitasiga, siyosiy partiyalar fraksiyalariga hamda Oʻzbekiston ekologik harakati deputatlar guruhiga topshirsin.
3. Yuridik boʻlim bir hafta muddatda mazkur qonun loyihasining huquqiy ekspertizasini tashkil etsin hamda Budjet va iqtisodiy islohotlar qoʻmitasiga xulosa taqdim etsin.
4. Budjet va iqtisodiy islohotlar qoʻmitasi siyosiy partiyalar fraksiyalari, Oʻzbekiston ekologik harakati deputatlar guruhining fikrlari va takliflarini hamda Yuridik boʻlimning xulosasini hisobga olgan holda Qonunchilik palatasi Kengashiga mazkur qonun loyihasini Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi koʻrib chiqishi uchun qabul qilish mumkinligi toʻgʻrisida xulosa taqdim etsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2019-yil 5-yanvar,
2285-III-son
