Davlat ishtirokidagi korxonalar ijro etuvchi organi faoliyati samaradorligini baholash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (775-son)
09.12.2020
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Davlat ishtirokidagi korxonalar ijro etuvchi organi faoliyati samaradorligini baholash, ularning masʼuliyatini oshirish va monitoring tizimini yoʻlga qoʻyish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 79-moddasiga muvofiq jamiyatning direktoriga, boshqaruv aʼzolariga toʻlanadigan haq miqdori jamiyat faoliyatining samaradorligiga toʻgʻridan toʻgʻri bogʻliq boʻlishi va shartnomada belgilanishi nazarda tutilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik), Moliya vazirligi hamda Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligining davlat ishtirokidagi korxonalarda ijro etuvchi organ faoliyatining samaradorligini baholashning takomillashtirilgan tizimini joriy etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
3. Belgilansinki:
davlat ishtirokidagi korxonalarda ijro etuvchi organ faoliyati samaradorligi natijalari Agentlik rasmiy veb-saytida joylashtirilmagan yoki ularning faoliyati qoniqarsiz yoxud past darajada deb eʼtirof etilgan taqdirda, ijro etuvchi organ aʼzolari ragʻbatlantirilishiga yoʻl qoʻyilmaydi;
davlat ishtirokidagi korxonalar, shu jumladan, tijorat banklari ijro etuvchi organining yil yakunlari boʻyicha faoliyati samaradorligi yuqori baholangan taqdirda, ularga korxonaning tegishli boshqaruv organi qaroriga asosan olingan sof foydaning besh foizigacha boʻlgan miqdorda, belgilangan tartibda bir yoʻla toʻlanadigan bonus berilishi mumkin. Toʻlangan bonus miqdori toʻgʻrisidagi axborot toʻlov amalga oshirilgan sanadan boshlab ikki kun muddatda davlat ishtirokidagi korxonalar rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi.
4. Agentlik:
a) Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda energiya sigʻimi va energiya samaradorligiga oid boshqa indikatorlarni ishlab chiqsin, ularni hisoblash qoidalari va normativ koʻrsatkichlarini tasdiqlasin;
b) Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi, Davlat statistika qoʻmitasi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda:
bir oy muddatda davlat ishtirokidagi korxonalar va ularning tizimidagi yuridik shaxslar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni, shu jumladan, buxgalteriya balansi va moliyaviy natijalar toʻgʻrisidagi hisobotlarni Agentlikning “Davlat mulki” axborot tizimiga kiritish ishlarini yakuniga yetkazsin;
ikki oy muddatda davlat ishtirokidagi korxonalar uchun ularning faoliyati samaradorligining muhim koʻrsatkichlariga oid maʼlumotlar onlayn tarzda “Davlat mulki” axborot tizimiga kiritilishini nazarda tutuvchi dasturiy taʼminot ishlab chiqilishini taʼminlasin;
2021-yil 1-fevralga qadar davlat ishtirokidagi korxonalarning iqtisodiyotdagi ulushini, ularni yalpi ichki mahsulot, eksport hajmlari, asosiy kapitalga investitsiyalar shakllanishi, ishlab chiqarishdagi va aholi bandligidagi ulushlarini hisoblash va har chorak yakuni boʻyicha monitoring olib borish tizimini yoʻlga qoʻysin;
2021-yil 1-martga qadar davlat ishtirokidagi korxonalarning investitsiya loyihalari, ularni amalga oshirish natijasida tashkil etiladigan ish oʻrinlari va boshqa maʼlumotlar “Davlat mulki” axborot tizimiga avtomatik tarzda integratsiya qilinishini yoʻlga qoʻysin;
v) uch oy muddatda davlat ishtirokidagi korxonalarning ijro etuvchi organi faoliyati samaradorligi natijalarini joylashtirish uchun qulay boʻlgan, uning natijalarini hududlar va tarmoqlar boʻyicha, foydalanuvchilar uchun qulay shaklda koʻrish, tegishli samaradorlikning muhim koʻrsatkichlarini avtomatik tarzda hisoblab chiqish va boshqa funksiyalarni aks ettiruvchi yangi modulni “Davlat mulki” axborot tizimiga kiritsin. Ushbu tizimdagi ommaviy oshkor qilinadigan maʼlumotlar, shu jumladan, samaradorlikning muhim koʻrsatkichlari bajarilishi toʻgʻrisidagi yigʻma maʼlumotlar, Agentlikning rasmiy veb-saytida avtomatik tarzda dinamik yangilanuvchan kontent shaklida chop etilishini taʼminlasin;
g) 2021-yil 1-martga qadar davlat ishtirokidagi korxonalar tomonidan ilgʻor xalqaro tajriba va standartlar asosida korxona faoliyati davomiyligini (business continuity) taʼminlashga qaratilgan hujjatlar va koʻrsatkichlar ishlab chiqilishi va ularning vakolatli boshqaruv organlari tomonidan tasdiqlanishini tashkil etsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari — iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vaziri J.A. Qoʻchqorov va Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori S.X. Bekenov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2020-yil 9-dekabr,
775-son
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 9-dekabrdagi 775-son qarorigaILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 16-oktabrdagi 215-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2006-y., 20-son, 77-modda) bilan tasdiqlangan Davlat korxonalari toʻgʻrisidagi nizomning 13-bandi toʻrtinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“har yili ijro etuvchi organ faoliyati samaradorligini baholash koʻrsatkichni nazarda tutuvchi korxonaning biznes-rejasini tasdiqlash, har chorakda ijro etuvchi organning uning bajarilishi haqidagi hisobotini eshitish;”.
2. Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 2-iyuldagi 176-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2014-y., 7-son, 67-modda) bilan tasdiqlangan Aksiyadorlik jamiyatlarining korporativ veb-saytlariga qoʻyiladigan talablar toʻgʻrisidagi nizomning 3-bandida:
a) oʻn sakkizinchi xatboshidagi “axborot tusidagi tahliliy sharhlar” soʻzlaridan keyin “, shuningdek jamiyat faoliyatining samaradorligi, shu jumladan ijro etuvchi organining samaradorlikning muhim koʻrsatkichlari bajarilishi toʻgʻrisida maʼlumot” soʻzlari qoʻshilsin;
b) yigirma birinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“jamiyat tomonidan oʻz aksiyalarining sotib olinishi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar”.
3. Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 28-iyuldagi 207-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2015-y., 7-son, 63-modda) bilan tasdiqlangan Davlat ulushi boʻlgan aksiyadorlik jamiyatlari va boshqa xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyati samaradorligini baholash mezonlari toʻgʻrisidagi nizomda:
a) 2-banddan “va sugʻurta tashkilotlariga” soʻzlari chiqarib tashlansin;
b) 8-bandning ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Buxgalteriya balansi va moliyaviy natijalar toʻgʻrisidagi hisobotni shakllantirish va topshirish muddatidan qatʼiy nazar, tashkilotlar har chorakda SMK bajarilishini hisoblaydi va eʼlon qiladi”;
v) 9-banddan “va “Davlat aktivlarini boshqarish markazi” davlat unitar korxonasiga (keyingi oʻrinlarda Markaz deb ataladi) taqdim etish uchun” soʻzlari chiqarib tashlansin;
g) 11-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“11. Baholash maqsadi uchun har bir SMKga uning tashkilot uchun ahamiyatini aks ettiruvchi salmoq oʻlchovi belgilanadi. Tashkilotga nisbatan tatbiq etiladigan asosiy va qoʻshimcha SMKning salmoq oʻlchovlarining har biri 100 foizni tashkil qilishi lozim”;
d) 16-banddagi “Markazni” soʻzi “Davlat aktivlarini boshqarish agentligini (keyingi oʻrinlarda — Agentlik)” soʻzlari bilan almashtirilsin;
e) 17-banddagi “davr” soʻzi “chorak” soʻzi bilan almashtirilsin;
j) 20-bandning birinchi xatboshidagi “tuzatish kiritishi mumkin” soʻzlaridan keyin “va ushbu oʻzgartirishlar vakolatli boshqaruv organi tomonidan tasdiqlanib, Agentlikka taqdim etiladi” soʻzlari qoʻshilsin;
z) 23-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“23. Asosiy SMK boʻyicha hisoblangan miqdor tashkilotning ijro etuvchi organi faoliyati samaradorligining yigʻindi koʻrsatkichi (keyingi oʻrinlarda — SYK) sifatida ifodalanadi.
Qoʻshimcha SMK qoʻllanilganida, SYK asosiy SMK bilan qoʻshimcha SMKning oʻrtacha arifmetik miqdorida aniqlanadi”;
i) 24-bandga quyidagi mazmundagi xatboshi qoʻshilsin:
“Vakolatli boshqaruv organi tomonidan biznes-rejada aks ettirish orqali, ragʻbatlantirish xususiyatiga ega boshqa toʻlov turlari va miqdorlari belgilanishi mumkin. Bunda, vakolatli boshqaruv organi qarori bilan ijro etuvchi organi aʼzolariga mehnat natijalariga bogʻliq boʻlmagan bir yoʻla toʻlanadigan mukofot puli belgilanishi mumkin”;
k) 28 va 29-bandlar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“28. Ijro etuvchi organning faoliyati qoniqarsiz yoki past boʻlgan tashkilotlarda, shuningdek uning faoliyati natijalarini Agentlikning rasmiy veb-saytida eʼlon qilmagan korxonalarda ijro etuvchi organ aʼzolarini ragʻbatlantirishlarga yoʻl qoʻyilmaydi, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
29. Ijro etuvchi organning faoliyat samaradorligi ketma-ket ikki chorak mobaynida qoniqarsiz yoki past darajada (har qanday uygʻunlikda) va/yoki umuman baholanmagan boʻlsa, yoxud uning natijalari Agentlik rasmiy veb-saytida joylashtirilmagan boʻlsa, bu ijro etuvchi organ rahbari bilan mehnat shartnomasini bekor qilish tashabbusi bilan chiqishga olib keladi”;
l) 31 — 35-bandlardagi “Markazning”, “Markazga”, “Markaz” soʻzlari tegishlicha “Agentlikning”, “Agentlikka”, “Agentlik” soʻzlari bilan almashtirilsin;
m) 36-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“SMK, SYK va ularning yil yakunlari boʻyicha bajarilishi auditorlik tashkiloti tomonidan, yil yakunlari boʻyicha audit oʻtkazish toʻgʻrisidagi shartnomaning alohida qoʻshimcha predmeti doirasida yoki alohida auditorlik tashkiloti tomonidan turdosh xizmatlari koʻrsatish yoʻli bilan tekshiriladi”;
n) 2a-ilovaning rus tilidagi matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“
PEREChENosnovnix klyuchevix pokazateley effektivnosti
* Mojet bit izmeneno po soglasovaniyu s kompetentnim organom upravleniya;
** Pri vklyuchenii v investitsionnuyu programmu”;
o) 2b-ilovaning rus tilidagi matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“
PEREChENdopolnitelnix klyuchevix pokazateley effektivnosti
* Zapolnyayetsya posle perexoda k publikatsii otchetnosti po mejdunarodnim standartam finansovoy otchetnosti.
** Pri vklyuchenii v investitsionnuyu programmu”.
p) 3a-ilovaning rus tilidagi matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“
PRAVILArascheta osnovnix klyuchevix pokazateley effektivnosti
”;
r) 3b-ilovaning rus tilidagi matni quyidagi tahrirda bayon eitlsin:
“
PRAVILArascheta dopolnitelnix klyuchevix pokazateley effektivnosti
”.
