Oʻsimliklar karantini ilmiy-tadqiqot markazi va uning mintaqaviy filiallari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (771-son)
07.12.2020
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻsimliklar karantini boʻyicha davlat xizmati faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 13-oktabrdagi PQ-4861-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻsimliklar karantini boʻyicha davlat xizmati faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 13-oktabrdagi PQ-4861-son qaroriga muvofiq quyidagilar:
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyasi (keyingi oʻrinlarda — Inspeksiya) tizimidagi Oʻsimliklar karantini ilmiy markazi negizida Oʻsimliklar karantini ilmiy-tadqiqot markazi (keyingi oʻrinlarda — Markaz) hamda Toshkent davlat agrar universitetining Termiz, Nukus, Samarqand filiallarida hamda Andijon qishloq xoʻjaligi va agrotexnologiyalar institutida Markazning mintaqaviy filiallari tashkil etilganligi;
Markazni “Oʻzagrokimyohimoya” AJ huzuridagi “Oʻsimliklarni himoya qilish ilmiy-tadqiqot instituti” MChJga qarashli Toshkent viloyati, Qibray tumani, Bobur koʻchasi, 4-uy manzilida (keyingi oʻrinlarda — Obyekt) joylashtirish nazarda tutilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilar:
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyasi tizimidagi Oʻsimliklar karantini ilmiy-tadqiqot markazining tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyasi tizimidagi Oʻsimliklar karantini ilmiy-tadqiqot markazi mintaqaviy filiallarining namunaviy tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyasi tizimidagi Oʻsimliklar karantini ilmiy-tadqiqot markazining ustavi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Markaz va uning mintaqaviy filiallarida toʻlov shartnomalari asosida Inspeksiya xodimlariga, tadbirkorlik subyektlarining masʼul xodimlarini oʻqitish, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish boʻyicha oʻquv kurslari tashkil etiladi.
4. Belgilansinki:
a) Obyekt:
“Oʻzagrokimyohimoya” AJning “Oʻsimliklarni himoya qilish ilmiy-tadqiqot instituti” MChJ ustav kapitalidagi ulushini Obyektning balans qiymatiga kamaytirish va “Toshkentagrokimyohimoya” AJ ustav kapitalidagi ulushini Obyektning baholangan qiymatiga oshirish;
“Toshkentagrokimyohimoya” AJning Davlat budjeti oldidagi qarzdorligi hisobiga baholangan qiymatda davlat mulki sifatida operativ boshqaruv huquqi asosida Markazga beriladi;
b) Markaz binosi va uning mintaqaviy filiallariga ajratilgan xonalarni zarur tashqi muhandislik kommunikatsiyalari hamda infratuzilmasiga ulash, rekonstruksiya qilish hamda moddiy-texnika bazasini mustahkamlash bilan bogʻliq ishlar Oʻsimliklar karantini tizimini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, “Hududgaztaʼminot” AJ, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Andijon, Samarqand, Surxondaryo va Toshkent viloyatlari hokimliklari Markaz va uning mintaqaviy filiallarining murojaatlariga muvofiq tashqi muhandislik kommunikatsiyalari hamda infratuzilmasiga belgilangan tartibda ulash, elektr energiyasi, tabiiy gaz, suv, Internet jahon axborot tarmogʻi va boshqa turdagi kommunal xizmatlar bilan uzluksiz taʼminlash choralarini koʻrsin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari Sh.M. Gʻaniyev va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyasi boshligʻi I.K Ergashev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2020-yil 7-dekabr,
771-son
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 7-dekabrdagi 771-son qaroriga 1-ILOVA
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyasi tizimidagi Oʻsimliklar karantini ilmiy-tadqiqot markazining
TUZILMASI
Ilmiy kengash Direktor Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari boʻyicha maslahatchi Ilmiy kotib 1 Ilmiy ishlar boʻyicha direktor oʻrinbosari Maʼmuriy va xoʻjalik ishlari boʻyicha direktor oʻrinbosari Doktorantura boʻyicha bosh mutaxassis 1 Karantin zararkunandalarini oʻrganish hamda ularga qarshi biologik usullar ishlab chiqish laboratoriyasi 3 Innovatsion rivojlanish va xalqaro aloqalar boʻlimi 2 Bosh yuriskonsult 1 Oziq-ovqat xavfsizligi va agrotoksikologiya laboratoriyasi 3 Fitosanitar xavfni tahlil qilish, baholash va tadqiqotlar boʻlimi 3 Kadrlar boʻyicha bosh mutaxassis 1 Oʻsimliklarning karantin kasalliklarini oʻrganish laboratoriyasi 3 Fumigatsiya va feromonlarni qoʻllash laboratoriyasi 3 Buxgalteriya hisobi boʻlimi 3 Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari boʻlimi 2 Karantin begona oʻtlarni oʻrganish laboratoriyasi 3 Dala nazorat tajribasi tahlili va prognozlashtirish laboratoriyasi 3 Murojaatlar bilan ishlash boʻyicha bosh mutaxassis 1 Qayta tayyorlash va malaka oshirish boʻlimi* 2
Xodimlarining cheklangan umumiy soni (texnik va xizmat koʻrsatuvchi xodimlar bundan mustasno) — 39 nafar, shundan boshqaruv xodimlari 20 nafar.
* Markazning budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan saqlanadi.
Texnik va xizmat koʻrsatuvchi xodimlar qonun hujjatlari bilan belgilangan normativlar asosida belgilanadi.
Ilmiy-texnik loyihalarni bajarish uchun shartnoma asosida ilmiy va texnik xodimlar jalb qilinishi mumkin.
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 7-dekabrdagi 771-son qaroriga 2-ILOVA
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyasi tizimidagi Oʻsimliklar karantini ilmiy-tadqiqot markazi mintaqaviy filiallarining
NAMUNAVIY TUZILMASI
Direktor Direktor oʻrinbosari Entomologiya va gerbologiya laboratoriyasi 2 Fitopatologiya va toksikologiya laboratoriyasi 2 Karantindagi zararli organizmlar va dala tahlillari laboratoriyasi 2
Xodimlarining umumiy soni (texnik va xizmat koʻrsatuvchi xodimlar bundan mustasno) — 8 nafar, shundan boshqaruv xodimlari 2 nafar.
Texnik va xizmat koʻrsatuvchi xodimlar qonun hujjatlari bilan belgilangan normativlar asosida belgilanadi.
Ilmiy-texnik loyihalarni bajarish uchun shartnoma asosida ilmiy va texnik xodimlar jalb qilinishi mumkin.
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 7-dekabrdagi 771-son qaroriga 3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyasi tizimidagi Oʻsimliklar karantini ilmiy-tadqiqot markazining
USTAVI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu ustav Oʻsimliklar karantini ilmiy-tadqiqot markazining (keyingi oʻrinlarda — Markaz) maqomi, asosiy vazifalari, funksiyalarini, huquqlari va majburiyatlarini, shuningdek, faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Markaz oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyasining (keyingi oʻrinlarda — Inspeksiya) buyruqlari, topshiriqlari va amaldagi normativ hujjatlar va boshqa qonun hujjatlariga, shuningdek, mazkur ustavga amal qiladi.
3. Markaz oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi va agrosanoat majmuasi tizimidagi ilmiy-tadqiqot muassasalari hamda davlat boshqaruvi organlari, xoʻjalik birlashmalari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, xorijiy va xalqaro hamda boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda amalga oshiradi.
4. Markaz ilmiy-tadqiqot ishlarining rejalarini, ish dasturlari va bajarish usullarini, ilmiy izlanuvchilar va doktorantlarning ilmiy tadqiqot ishlari natijalari hamda ilmiy hisobotlarni muhokama qilish maqsadida ilmiy kengash tashkil etadi.
5. Markaz davlat muassasasi shaklidagi yuridik shaxs hisoblanadi, mustaqil balansga, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Gʻaznachiligida shaxsiy gʻaznachilik hisobvaraqalariga, bank hisobvaraqalariga, shu jumladan xorijiy valyutadagi bank hisobvaraqalariga, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va oʻz nomi davlat tilida yozilgan muhrga, blankalarga hamda shtampga ega boʻladi.
6. Markazning rasmiy nomi:
a) davlat tilida:
toʻliq nomi — Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyasi tizimidagi Oʻsimliklar karantini ilmiy-tadqiqot markazi, qisqartirilgan nomi — Oʻsimliklar karantini ilmiy-tadqiqot markazi;
b) ingliz tilida:
toʻliq nomi — Research-scientific Center for Quarantine Plants in the system of State Plant Quarantine Inspections under the Cabinet of Ministers of the Republic of Uzbekistan, qisqartirilgan nomi — Research-scientific Center for Quarantine Plants;
v) rus tilida:
toʻliq nomi — Nauchno-issledovatelskiy tsentr karantina rasteniy v sisteme Gosudarstvennoy inspeksii po karantinu rasteniy pri Kabinete Ministrov Respubliki Uzbekistan, qisqartirilgan nomi — Nauchno-issledovatelskiy tsentr karantina rasteniy.
7. Markaz Toshkent viloyati, Qibray tumani, Bobur koʻchasi, 4-uy manzilida (pochta manzili) joylashgan.
2-bob. Markazning asosiy vazifalari va funksiyalari
8. Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari hisoblanadi:
respublika hududida katta iqtisodiy zarar keltirishi mumkin boʻlgan zararli organizmlarning fitosanitar xavfi tahlilini oʻtkazish va ular kirib kelishining oldini olishga qaratilgan ilmiy asoslangan fitosanitar choralar ishlab chiqish;
karantindagi va boshqa xavfli zararli organizmlar oʻchoqlarini yoʻq qilish va ulardan xoli boʻlgan hududlarni belgilash, ularning tarqalishining oldini olish hamda ularga qarshi kurashish dasturlarini ishlab chiqish;
karantin obyektlari va oʻsimliklarning boshqa xavfli zararli organizmlarini aniqlash va ularning diagnostikasining ekspress-usullarini hamda ularga qarshi kurashishning uslublarini ishlab chiqish;
zararli organizmlarning qishloq xoʻjaligi mahsulotlariga taʼsirini ilmiy jihatdan oʻrganish, ularni zararsizlantirishning innovatsion usullarini ishlab chiqish va yangi turdagi entomofaglarni iqlimlashtirish;
Inspeksiya xodimlariga, tadbirkorlik subyektlarining agronom hamda entomologlariga bilim berish, ularning malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash.
9. Markaz oʻziga yuklangan vazifalarni bajarish uchun quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
a) respublika hududida katta iqtisodiy zarar keltirishi mumkin boʻlgan zararli organizmlarning fitosanitar xavfi tahlilini oʻtkazish va ular kirib kelishining oldini olishga qaratilgan ilmiy asoslangan fitosanitar choralar ishlab chiqish sohasida:
karantin ahamiyatiga ega boʻlgan xavfli oʻsimlik kasalliklari, zararkunandalari va begona oʻtlarning fitosanitar xavfliligining oldini olish va ularni bartaraf etish tizimini ishlab chiqadi;
karantin ahamiyatiga ega boʻlgan va boshqariladigan karantinda boʻlmagan xavfli oʻsimlik kasalliklari, zararli organizmlar roʻyxatini shakllantirish boʻyicha takliflar beradi;
respublikada mavjud boʻlmagan yoki maʼlum bir hududlarda tarqalgan ichki karantindagi va asosiy zararli organizmlarning qishloq xoʻjaligi ekinlariga xavflilik darajasining ilmiy asoslangan fitosanitar xavf tahlilini amalga oshiradi;
bajarilgan ilmiy izlanishlar natijalarini va yangi innovatsion texnologiyalarni ishlab chiqarishga tatbiq qilish yuzasidan takliflar beradi;
zararkunandalar mavjudligi, ularning xavflilik darajasi va ularga qarshi oʻtkaziladigan kurashish tadbirlari boʻyicha tezkor tavsiyalar beradi;
ichki va tashqi oʻsimliklar karantini ahamiyatiga ega boʻlgan xavfli oʻsimlik kasalliklari, zararkunandalari va begona oʻtlarning fitosanitar xavflilik darajasini boshqarishning mukammal tizimini ishlab chiqadi;
b) karantindagi va boshqa xavfli zararli organizmlar oʻchoqlarini yoʻq qilish va ulardan holi boʻlgan hududlarni belgilash, ularning tarqalishining oldini olish hamda ularga qarshi kurashish dasturlarini ishlab chiqish sohasida:
meva-sabzavot, poliz ekinlari ekilgan yerlarda, bogʻ va tokzorlarda karantindagi va boshqa xavfli zararli organizmlar oʻchoqlarini va ulardan xoli boʻlgan hududlarni aniqlaydi, xaritalarda belgilaydi, ulardan xoli boʻlgan hududlarga tarqalishining oldini olish boʻyicha ilmiy asoslangan ichki karantin chora-tadbirlari dasturlarini ishlab chiqadi;
meva-sabzavot, poliz ekinlari ekilgan yerlarga, bogʻ va tokzorlarga zarar yetkazuvchi karantindagi va asosiy zararkunandalar paydo boʻlishini aniqlaydi, ularning rivojlanish fenologiyasi feromonitoringini amalga oshiradi, monitoring asosida zararkunandalarning uzoq va qisqa muddatli rivojlanishi, tarqalishi boʻyicha prognozlar ishlab chiqadi;
uzoq muddatli prognozlar asosida kelgusi yil uchun oʻsimliklarni himoya qilish boʻyicha dastur ishlab chiqadi, bunda himoya uchun kerakli boʻlgan sarf-xarajatlarni hisoblab, biologik va kimyoviy himoya qilish vositalari zaxirasini yaratish boʻyicha tavsiyalar beradi;
issiqxonalarda rivojlanadigan karantin va boshqa xavfli zararkunanda va kasalliklarning ochiq maydonlarga tarqalishining oldini olish boʻyicha ilmiy asoslangan dasturlar ishlab chiqadi;
qishloq xoʻjaligi ekinlarining karantindagi va boshqa xavfli zararli organizmlariga qarshi kurashish boʻyicha ilmiy asoslangan uslublar, tavsiyanomalar va uslubiy qoʻllanmalar ishlab chiqadi;
qishloq xoʻjaligi ekinlarini karantindagi va eksportga salbiy taʼsir etadigan xavfli zararli organizmlardan muhofaza qilish boʻyicha ilmiy-tadqiqotlar olib boradi;
v) karantin obyektlari va oʻsimliklarning boshqa xavfli zararli organizmlarini aniqlash va ularning diagnostikasining ekspress-usullarini hamda ularga qarshi kurashishning uslublarini ishlab chiqish sohasida:
oʻsimliklar va oʻsimlik mahsulotlarida karantin va eksportga salbiy taʼsir etadigan boshqa asosiy zararli organizmlar mavjudligini dalalarda marshrutli dala nazoratlari, kuzatuvlar, feromonitoringlar, oʻsimlik, tuproq va mahsulotlardan olingan namunalarning tahlillari asosida aniqlaydi;
maxsus mobil transportlarga oʻrnatilgan laboratoriyalarda joylardan olingan oʻsimlik va mahsulotlardan olingan namunalar tahlil qilinib, ekpress-usulda qishloq xoʻjalik ekinlarining kasalliklariga tashxis qoʻyadi;
g) zararli organizmlarning qishloq xoʻjaligi mahsulotlariga taʼsirini ilmiy jihatdan oʻrganish, ularni zararsizlantirishning innovatsion usullarini ishlab chiqish va yangi turdagi entomofaglarni iqlimlashtirish sohasida:
qishloq xoʻjaligi mahsulotlariga taʼsir etadigan xavfli zararkunandalar epizootiyasini oʻrganadi, zararkunandalarda epizootiya chaqirgan patogen mikroorganizmlarni ajratib oladi va ular asosida faqat shu turdagi zararkunandaga qarshi kurashda samarali boʻlgan biologik preparatlarni ishlab chiqaradi, shuningdek, oʻsimliklar kasalliklarini qoʻzgʻatuvchi mikroorganizmlarga qarshi kurashish uchun anitogonist mikroorganizmlar asosida kasalliklarga qarshi biologik kurash vositalarini izlab topadi va ishlab chiqarishga joriy etadi;
respublika hududida tarqalgan ichki karantindagi zararkunandalarning entomofaglarini (asosiy parazitlari va yirtqichlarini) tabiatdan ajratib oladi, ularning biologik va ekologik xususiyatlarini oʻrganadi, laboratoriya sharoitida sunʼiy koʻpaytirish, dalaga tarqatish va samaradorligini aniqlash hamda ishlab chiqarishga joriy qilish bilan shugʻullanadi, chet ellarga samarador boʻlgan entomofaglarni respublikamizga olib kelish (introduksiya) va laboratoriyaga koʻpaytirish hamda ishlab chiqarishga tatbiq qilish boʻyicha izlanishlar olib boradi;
d) Inspeksiya xodimlariga, tadbirkorlik subyektlarining agronom hamda entomologlariga bilim berish, ularning malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash sohasida:
Inspeksiya xodimlari, tadbirkorlik subyektlarining agronom va masʼul mutaxassislarini “daladan eksportgacha” boʻlgan tizim hamda dala nazorati va monitoringi asoslarining mohiyati va amalga oshirish tartibi, qishloq xoʻjaligi va boshqa turdagi ekinlarning karantindagi zararli organizmlarga qarshi kurashish va tegishli fitosanitar choralarining mazmun mohiyati boʻyicha kasbiy bilim, koʻnikma, malakalarini oshiradi va qayta tayyorlaydi, ijodiy-innovatsion faollik darajasini oshiradi, sohadagi innovatsion texnologiyalarni amaliyotda qoʻllaydi;
yuqori malakali ilmiy xodimlar, shu jumladan falsafa (PhD) va fan doktorlarini (DSc) tayyorlash, oʻsimliklar karantini sohasida mutaxassislarni oʻqitish, ularning malakasini oshirish yoʻnalishida oliy oʻquv yurtlari, xorijiy taʼlim muassasalari, ilmiy-tadqiqot institutlari, sohaga ixtisoslashgan xorijiy tashkilotlar hamda ishlab chiqaruvchilar bilan hamkorlik qiladi;
pestitsidlarning zararkunanda, kasallik va begona oʻtlarga qarshi kurashda toksikologik darajalaring, ularni ilmiy asoslangan qoʻllash reglamentlarini ishlab chiqadi.
Markaz qonun hujjatlariga muvofiq boshqa funksiyalarni ham amalga oshirishi mumkin.
3-bob. Markazning huquqlari va majburiyatlari
10. Markaz oʻziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni amalga oshirishda quyidagi huquqlarga ega:
vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlardan Markaz vakolatiga taalluqli masalalar boʻyicha maʼlumotlarni olish;
budjet va budjetdan tashqari mablagʻlarni Markaz tomonidan oʻtkaziladigan tadbirlarni tashkil etishga yoʻnaltirish;
doktorant va tadqiqotchilarning ilmiy-tadqiqot ishlanmalarini muhokama qilish va ilmiy daraja berish boʻyicha Markaz tomonidan ishlab chiqilgan va Inspeksiya bilan kelishilgan nizom asosida faoliyat olib boradigan ilmiy kengash tuzish;
Inspeksiya boshligʻi tomonidan tasdiqlanadigan mintaqaviy filiallar ustavini kelishish;
yuridik va jismoniy shaxslar bilan barcha sohada oʻz munosabatlarini shartnomalar asosida tartibga solish;
oʻz vazifalarini bajarishda shartnoma asosida yuridik va jismoniy shaxslarni jalb qilish;
Inspeksiya bilan kelishilgan holda, Markaz va uning mintaqaviy filiallari xarajatlar smetasi va shtatlar jadvalini tasdiqlash;
Inspeksiya bilan kelishilgan holda, amaldagi normativ-huquqiy hujjatlar asosida pulli xizmat koʻrsatish narxlarini belgilash;
xodimlarga imtiyozlar, moddiy ragʻbatlantirishlar, mukofotlash, belgilangan tartibda ijtimoiy rivojlantirishga yoʻnaltiriladigan xarajatlarni belgilash, mehnat sharoitlarini yaxshilash, mehnatga haq toʻlash, moddiy yordam va ustamalar belgilash;
xorijiy ilmiy-tadqiqot markazlari, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi va agrosanoat majmuasi tizimidagi ilmiy-tadqiqot muassasalari hamda xalqaro tashkilotlar bilan aloqalar oʻrnatish va ilmiy hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, seminar-treninglar oʻtkazish.
Markaz Qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
11. Markaz quyidagilarga majbur:
Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlari va ushbu ustav asosida faoliyat yuritish;
oʻziga yuklangan vazifalar va funksiyalarning samarali bajarilishini taʼminlash;
Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga asosan shartnomaviy munosabatlar, kredit munosabatlari, hisob va hisobot, moliyaviy xoʻjalik faoliyati boʻyicha javobgarlik majburiyatiga;
Markaz xodimlari uchun xavfsiz mehnat sharoitini yaratish, mehnat qobiliyatini va sogʻligʻini yoʻqotganligi uchun xodimlarga belgilangan tartibda zararni qoplash.
12. Markazga qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham yuklanishi mumkin.
4-bob. Markaz faoliyatini tashkil etish
13. Markazning umumiy faoliyatiga Markaz bosh direktori rahbarlik qiladi. Markaz bosh direktori Inspeksiya boshligʻi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.
14. Markaz bosh direktori Markaz faoliyatini muvofiqlashtiradi, unga yuklangan vazifalarni amalga oshiradi hamda faoliyatining asosiy yoʻnalishlarini belgilaydi.
Markaz bosh direktori Markaz va uning mintaqaviy filiallarining shtatlar jadvalini Inspeksiya bilan kelishilgan holda tasdiqlaydi.
Markaz bosh direktori Markaz nomidan unga berilgan huquqlar asosida faoliyatni amalga oshiradi.
15. Markaz bosh direktorining ilmiy ishlar boʻyicha va umumiy ishlar boʻyicha ikki nafar oʻrinbosarlari boʻladi. Markaz bosh direktori boʻlmagan taqdirda, uning funksiyasini direktor oʻrinbosaridan biri bajaradi.
16. Markaz bosh direktori oʻz vakolatlari doirasida:
Markaz faoliyatiga umumiy rahbarlik qiladi;
Markaz nomidan shartnomalar va bitimlar tuzadi, ushbu vazifalarni bajarish uchun ishonchnomalar beradi;
Markazga yuklangan vazifalar va funksiyalarning samarali bajarilishi, taqdim etiladigan tahliliy materiallar hamda hujjatlarning toʻliqligi uchun shaxsan javob beradi;
mintaqaviy filiallar, tarkibiy boʻlinmalar faoliyatini muvofiqlashtiradi, xodimlar oʻrtasida funksional vazifalarni taqsimlaydi va yuklangan topshiriqlar bajarilishi uchun har bir xodimning javobgarlik darajasini belgilaydi;
Markaz nomidan ishonchnomasiz ish yuritadi;
belgilangan tartibda Markaz xodimlari bilan mehnat shartnomalarini tuzadi va bekor qiladi;
Markaz xodimlarining lavozim maoshlariga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ustamalar belgilaydi;
Markaz faoliyatiga taalluqli masalalar yuzasidan buyruq, yoʻriqnoma va boshqa hujjatlarni tasdiqlaydi;
xodimlarning lavozim majburiyatlari va ichki tartib-qoidalarini tasdiqlaydi;
xodimlar mehnatiga qoʻshimcha haq toʻlash miqdorini belgilaydi, xodimlarni ragʻbatlantiradi hamda intizomiy jazolar tayinlaydi;
Markaz nomidan sudga daʼvolar kiritish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
5-bob. Mulkiy va moliyaviy munosabatlar
17. Markaz mulki davlat mulki hisoblanadi va uning balansida aks ettiriladi.
18. Markaz oʻziga biriktirilgan mulkdan Inspeksiya talablari va oʻz maqsadlarini amalga oshirishda amaldagi qonun hujjatlari asosida foydalanadi.
19. Markaz oʻzining koʻchmas va koʻchar mulkiga, pul mablagʻlariga, shu jumladan chet el valyutasidagi pul mablagʻlari, qimmatli qogʻozlari hamda boshqa mol-mulkiga ega boʻlishi mumkin.
20. Qonun hujjatlari bilan muomala qilinishi taqiqlanmagan har qanday mulklar Markaz tomonidan egalik qilinishi mumkin.
6-bob. Markazni moliyalashtirish va xodimlarni moddiy ragʻbatlantirish
21. Markaz faoliyatini moliyalashtirish manbalari quyidagilardan iborat:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari;
Oʻsimliklar karantini tizimini rivojlantirish jamgʻarmasidan (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) ajratilgan mablagʻlar;
ilmiy faoliyatga oid dasturlarni amalga oshirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan oʻtkaziladigan tanlovlar natijalari boʻyicha ajratiladigan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari;
oʻsimliklar karantini sohasida rahbarlar va mutaxassislarni qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirishni tashkil etishdan tushgan mablagʻlar;
eksportbop meva-sabzavot mahsulotlari yetishtirish va tayyorlash bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlik subyektlari, klasterlarning mutaxassislariga xalqaro standartlar va import qiluvchi davlatlarning fitosanitar talablari haqida bilimlarini oshirib borish boʻyicha muntazam ravishda maxsus oʻquv kurslari tashkil etishdan tushgan mablagʻlar;
xalqaro moliya institutlari va boshqa xorijiy tashkilotlarning grantlari;
respublika ilmiy-tadqiqot loyihalari grantlari;
xoʻjalik faoliyatidan hamda shartnoma asosida tadqiqotlar oʻtkazishdan tushgan tushumlar;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
22. Markazning xoʻjalik hisobidan olgan daromadlari moddiy-texnik bazani mustahkamlash, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, ilmiy xodimlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish, xodimlarni moddiy ragʻbatlantirishga hamda oylik ish haqini oshirishga yoʻnaltiriladi.
7-bob. Hisob va hisobot
23. Markaz moliyaviy-xoʻjalik faoliyati natijalari boʻyicha moliyaviy hisobotlar, statistik, buxgalteriya hisobotlarini oʻz vaqtida va belgilangan tartibda tayyorlaydi, shuningdek, Inspeksiyaga hamda qonun hujjatlariga asosan boshqa organlarga hisobot berib boradi.
24. Markaz masʼul xodimlari oʻziga biriktirilgan moddiy boyliklarni saqlash yuzasidan qonun hujjatlariga asosan javobgarlikka javobgar hisoblanadi.
8-bob. Yakunlovchi qoida
25. Markaz qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qayta tashkil etiladi va tugatiladi.
