2020-yil uchun Tuproqqalʼa tumani mahalliy budjetini tasdiqlash toʻgʻrisida (7/4-son)
13.07.2020
Xalq deputatlari Tuproqqalʼa tumani kengashi
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasining “2020-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisida”gi Qonuni (keyingi oʻrinlarda Qonun deb ataladi) hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 11-apreldagi “Xorazm viloyati tarkibida Tuproqqalʼa tumanini tashkil etish bilan bogʻliq tashkiliy masalalarni hal etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4671-son Qaroriga muvofiq, 2020-yil uchun tuman mahalliy budjetini qabul qilish boʻyicha Xalq deputatlari Tuproqqalʼa tuman Kengashi qaror qiladi:
1. Tuman adliya boʻlimi tomonidan 2020-yil 08-iyuldagi № 1 “2020-yil uchun tuman mahalliy budjetini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi Qaror loyihasining huquqiy ekspertiza xulosasi maʼlumot va ijro uchun qabul qilinsin.
2. Tuproqqalʼa tuman mahalliy budjetiga 2020-yilgi viloyat budjetidan ajratiladigan tartibga soluvchi budjetlararo transfert miqdori 4-ilovaga asosan tasdiqlanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
3. Qonunning 19-moddasiga asosan quyidagi soliq turlari tuman budjetiga toʻliqligicha oʻtkazib beriladi:
jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk soligʻi;
jismoniy shaxslardan olinadigan yer soligʻi;
jismoniy shaxslarning mulklarni ijaraga berishidan oladigan yillik daromadlari boʻyicha deklaratsiyaga asosan toʻlanadigan hamda yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan toʻlanadigan daromad soligʻi;
qurilish materiallari boʻyicha yer qaʼridan foydalanganlik uchun soliq, bundan sement xomashyosi va sement ishlab chiqarishda foydalaniladigan ohaktosh mustasno;
suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq, bundan elektr stansiyalari tomonidan toʻlanadigan soliq mustasno;
4. Xorazm viloyati Xalq deputatlari Kengashining 2019-yil 16-dekabrdagi “2020-yil uchun Xorazm viloyatining mahalliy budjeti toʻgʻrisida”gi 52-209-sonli qarorining 4-ilovasiga asosan quyidagi soliq turlari va boshqa majburiy toʻlovlar viloyat budjeti va tuman budjeti oʻrtasida taqsimlanadi:
yuridik shaxslardan olinadigan mol-mulk soligʻi;
yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻi;
yakuniy isteʼmolchilarga benzin, dizel yoqilgʻisi va gaz realizatsiya qilishdagi aksiz soligʻi;
qonun hujjatlarida belgilangan miqdorlarda davlat aktivlarini ijaraga berishdan tushadigan daromadlar;
aylanmadan soliq;
jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi.
5. Qonunning 21-moddasiga asosan, tuman mahalliy budjetining xarajatlar tizimida quyidagi oʻzgartirishlar kiritildi hamda moliyalashtirish tartibi quyidagicha belgilandi:
a) umumtaʼlim maktablari hamda maktabgacha taʼlim muassasalarining birinchi va ikkinchi guruh xarajatlari Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi va Maktabgacha taʼlim vazirligi orqali (ushbu muassasalarning toʻrtinchi guruh xarajatlari tuman budjeti hisobidan amalga oshiriladi);
b) Tuman budjetidan:
fuqarolarni oʻzini oʻzi boshqarish organlari orqali tayinlanadigan ijtimoiy nafaqalar;
davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazini saqlash xarajatlari moliyalashtiriladi.
6. 2020-yil uchun tuman budjeti daromadlar prognoz koʻrsatkichlari 1-ilovaga muvofiq maʼqullansin.
7. Tuman budjetidan 2020-yilgi hududiy budjet mablagʻlarini taqsimlovchilarga ajratiladigan budjet mablagʻlarining cheklangan miqdorlari 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
8. Tuman budjetiga umumdavlat soliqlaridan ajratmalar meʼyorlari 3-ilovaga muvofiq maʼlumot uchun qabul qilinsin.
9. 2020-yil uchun tuman budjeti zaxira jamgʻarmasi hajmi budjet umumiy xarajatlarining 1,5 foizidan kam boʻlmagan miqdorda belgilansin.
Tuman hokimligi zaxira jamgʻarmasi mablagʻlarini tuman budjetida koʻzda tutilmagan, kechiktirib boʻlmaydigan xarajatlarni, shuningdek, ijtimoiy-iqtisodiy beqarorlik yuzaga kelgan vaziyatlarda amalga oshirilishi zarur boʻlgan tadbirlarni moliyalashtirish uchun ajratilishi taʼminlansin.
10. 2020-yil uchun aylanma kassa mablagʻlarining yoʻl qoʻyiladigan eng kam miqdorlari yillik ish haqi va ijtimoiy soliq miqdorlaridan viloyat budjetidan ajratilgan transfertning 50 foizi ayrilgandan qolgan mablagʻning 2 foizi miqdorida belgilanishi inobatga olib, tuman budjeti 2020-yil uchun aylanma kassa mablagʻlarining yoʻl qoʻyiladigan eng kam miqdori 213,0 mln soʻmga belgilansin.
11. Tuman hokimligi:
tegishli budjetlarni birinchi navbatda ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlar, oziq-ovqat va dori-darmon va kommunal xizmatlar xarajatlarining rejalashtirilishini nazarda tutgan holda shakllantirsin;
qoʻshimcha manbalaridan foydalanish toʻgʻrisidagi qarorlar tuman hokimining taklifiga asosan birinchi navbatda ijtimoiy soha muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga yoʻnaltirilish maqsadida qabul qilinishi belgilansin;
har chorak yakuni bilan keyingi chorak birinchi oyining 25-sanasiga qadar rasmiy veb-saytlarga oʻz tasarrufidagi budjet tashkilotlari kesimida mablagʻlar taqsimotini, moliyaviy hisobotlarni, kapital qoʻyilmalar hisobidan amalga oshirilayotgan loyihalarning ijrosini, oʻtkazilgan tanlov (tender) savdolari va davlat xaridlari hamda boshqa tegishli maʼlumotlarni joylashtirsin;
mahalliy budjetlarning qoʻshimcha daromadlarini 10 foizidan kam boʻlmagan miqdorlarda jamoatchilik fikri asosida belgilangan tadbirlarni moliyalashtirishga yoʻnaltirishni, veb-saytlariga ularning natijalarini joylashtirsin.
12. Tuman hokimligi, choraklar yakuni boʻyicha mazkur qarorning 1-ilovasida keltirilgan daromadlarning prognoz koʻrsatkichlari hokimlikning faoliyatiga bogʻliq boʻlmagan holda 5 foizdan ortiq miqdorga bajarilmasa va moliya yili oxirigacha ushbu mablagʻlarning tushish ehtimoli boʻlmasa, Viloyat hokimligiga xarajatlarni maqbullashtirish yuzasidan takliflari bilan birga kiritilgan murojaatiga asosan tartibga soluvchi budjetlararo transfertlar miqdorini oshirish yoki xarajatlarni maqbullashtirish takliflarini kiritsin.
13. Tuman hokimligi Qonunning 24-moddasiga asosan tegishli ravishda hududiy budjet mablagʻlari taqsimlovchilarning budjet mablagʻlaridan samarali foydalanilishi hamda erishilgan natijalar boʻyicha hisobotlarini Xalq deputatlari tuman Kengashiga kiritilishini taʼminlasin.
14. Tuman hokimligi budjet daromadlari va xarajatlarining koʻrsatkichlarini bajarilishini taʼminlash, soliq bazasini kengaytirish hamda iqtisodiy salohiyatini oshirish yuzasidan zarur chora-tadbirlar koʻrish, budjet mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanishi ustidan qatʼiy nazoratni oʻrnatishi uchun Xalq deputatlari tuman Kengashiga doimiy ravishda maʼlumot kiritib borsin.
15. Budjetdan mablagʻ oluvchi muassasa va tashkilotlar tizim tashkilotlari uchun budjetdan ajratiladigan mablagʻlarni amaldagi qonunchilik talablari asosida maqsadli va samarali foydalanilishi yuzasidan zarur chora-tadbirlar koʻrish;
tizim boʻyicha har bir budjet tashkilotlari rahbar xodimlarini mazkur masalada shaxsiy masʼuliyati va javobgarliklarini belgilash;
budjet mablagʻlarini noqonuniy sarflash hamda oʻgʻirlik va kamomadlarini oldini olish borasida doimiy tushuntirish ishlarini olib borish yuzasidan tizimli ishlar tashkil etish vazifalari topshirilsin.
tegishli budjetlarni birinchi navbatda ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlar, oziq-ovqat va dori-darmon va kommunal xizmatlar xarajatlarining rejalashtirilishini nazarda tutgan holda shakllantirsin.
16. Tuman hokimligi Qonunda belgilangan ayrim soliqlar va toʻlov stavkalari, soliq solish tartiblari hamda boshqa maʼlumotlarni ommaviy axborot vositalarida yoritilishini taʼminlasin.
17. Respublika vazirlik va idoralari, shu jumladan viloyat boshqarma va tashkilotlari Ishchi guruhlari tomonidan tumanda oʻtkaziladigan oʻrganishlar davomida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha tuzilayotgan “Yoʻl xarita”lari, bayonlari bilan tegishli mahalliy budjetlarning daromadlar va xarajatlar prognoz koʻrsatkichlariga oʻzgartirishlar kiritilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
18. Ushbu qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
19. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish Xalq deputatlari tuman Kengashining “Mahalliy budjetni shakllantirish va ijro etish, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish va tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari” doimiy komissiyasi va tuman hokimligi zimmasiga yuklatilsin.
Halq deputatlari Tuproqqalʼa tuman Kengashi sessiyasi raisi: E. ISKANDAROV
Tuproqqalʼa t.,
2020-yil 13-iyul,
7/4-son
