7-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining ishini tashkil etish
Referendum yakunlari hamda davlat hokimiyati tashkil etilishining asosiy prinsiplari toʻgʻrisida (350-II-son) · Sana: 04.04.2002 · Amalda
Qonunchilik palatasining ishi palata barcha deputatlarining professional, doimiy faoliyat koʻrsatishiga asoslanadi. Qonunchilik palatasining deputatlari oʻz vakolatlari davrida ilmiy, pedagogik va ijodiy faoliyatdan tashqari boshqa turdagi haq toʻlanadigan faoliyat bilan shugʻullanishlari mumkin emas.
Senat ishi vaqti-vaqti bilan chaqiriladigan Senatning yalpi majlislari hamda qoʻmitalari (komissiyalari) majlislaridagi senatorlarning faoliyatiga asoslanadi.
Ayni bir shaxs bir paytning oʻzida Qonunchilik palatasining deputati va Senat aʼzosi boʻlishi mumkin emas.
Qonunchilik palatasining deputati bir vaqtning oʻzida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining, viloyatlar, tumanlar, shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlarining deputati boʻlishi mumkin emas.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining vakolatlari hamda faoliyat koʻrsatish tartibi, shuningdek Qonunchilik palatasi deputatlarining va Senat aʼzolarining maqomi qonun hujjatlari bilan belgilanadi.
