2-modda. Demokratik islohotlarni chuqurlashtirish hamda fuqarolik jamiyatini shakllantirishga doir qonunchilikni takomillashtirishning asosiy prinsiplari
Referendum yakunlari hamda davlat hokimiyati tashkil etilishining asosiy prinsiplari toʻgʻrisida (350-II-son) · Sana: 04.04.2002 · Amalda
Bozor iqtisodiyotiga asoslangan huquqiy, ochiq demokratik davlat barpo etishni hamda fuqarolik jamiyatini shakllantirishni bosh maqsad qilib belgilagan Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiq, shuningdek referendumda bildirilgan xalq irodasiga asoslangan holda qonunchilikni takomillashtirishga doir ishlarning asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:
qonun ustuvorligini, hokimiyat qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi, sud tarmoqlari oʻrtasida muvozanatni, ulardan har birining haqiqiy mustaqilligini taʼminlash;
xalqaro huquqning umum eʼtirof etilgan prinsiplari va normalari asosida inson huquqlari va erkinliklari kafolatlarini taʼminlash;
siyosiy hayotning, davlat va jamiyat qurilishining barcha jabhalarini izchil erkinlashtirish;
nodavlat notijorat, jamoat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa demokratik institutlari yanada mustahkamlanishi hamda rivojlantirilishi uchun kafolat va sharoitlarni taʼminlash;
fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarini har tomonlama mustahkamlash va davlat hokimiyati markaziy organlarining vakolatlarini joylardagi boshqaruv organlariga bosqichma-bosqich oʻtkazish, ijro etuvchi hokimiyat organlari, shu jumladan, mudofaa va xavfsizlikni taʼminlovchi tuzilmalar faoliyati ustidan jamoat nazorati mexanizmini shakllantirish va kuchaytirish.
