170-modda. Telefonlar va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali olib boriladigan soʻzlashuvlarni eshitib turish, ular orqali uzatiladigan axborotni olish tartibi
Fuqarolarning shaxsiy huquq va erkinliklarini muhofaza qilishga qaratilgan qonun hujjatlari takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (O‘RQ-651-son) · Sana: 30.11.2020 · Amalda
Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchining telefonlari va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali olib boriladigan soʻzlashuvlarini eshitib turish, ular orqali uzatiladigan axborotni olish surishtiruvchining, tergovchining prokuror tomonidan sanksiya berilgan qaroriga yoxud sudning ajrimiga binoan amalga oshiriladi.
Jabrlanuvchiga, guvohga, xuddi shuningdek ularning qarindoshlari va yaqinlariga nisbatan kuch ishlatish, tovlamachilik yoki boshqa qonunga xilof harakatlar sodir etish xavfi mavjud boʻlgan taqdirda, ushbu shaxslarning arizalari boʻyicha yoxud ularning yozma roziligi hamda prokurorning sanksiyasi bilan yoki sudning ajrimiga koʻra ularning telefonlari yoxud boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali olib boriladigan soʻzlashuvlarni eshitib turish, ular orqali uzatiladigan axborotni olish amalga oshirilishi mumkin.
Kechiktirib boʻlmaydigan hollarda surishtiruvchi, tergovchi prokurorni keyinchalik darhol yozma ravishda xabardor qilgan holda, uning sanksiyasisiz telefonlar va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali olib boriladigan soʻzlashuvlarni eshitib turish, ular orqali uzatiladigan axborotni olish toʻgʻrisidagi qarorni maxsus vakolatli davlat organiga yuborishga haqli. Telefonlar va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali olib boriladigan soʻzlashuvlarni eshitib turish, ular orqali uzatiladigan axborotni olish haqidagi prokuror tomonidan sanksiya berilmagan qaror bir sutka davomida qonuniy kuchga ega boʻladi.
Telefonlar va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali olib boriladigan soʻzlashuvlarni eshitib turish, ular orqali uzatiladigan axborotni olish toʻgʻrisidagi qarori yoki ajrimi unda eshitib turiladigan axborotning xususiyati hamda hajmi, shuningdek soʻzlashuvlarni eshitib turish, maʼlumotlar uzatilishini olib borishni va natijalarini qayd etish shakli belgilanib, ushbu qaror yoki ajrim maxsus vakolatli davlat organiga ijro etish uchun yuboriladi. Telefonlar va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali olib boriladigan soʻzlashuvlarni eshitib turish, ular orqali uzatiladigan axborotni olish olti oydan ortiq davom etishi mumkin emas.
