31-modda. Oʻqotar qurolni qoʻllash
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi toʻgʻrisida (O‘RQ-647-son) · Sana: 18.11.2020 · Amalda
Milliy gvardiyaning harbiy xizmatchilari (xodimlari) quyidagi hollarda oʻqotar qurolni qoʻllash huquqiga ega:
hayot yoki sogʻliq uchun xavfli boʻlgan, zoʻrlik ishlatish bilan qilingan hujumdan fuqarolarni yoxud oʻzini himoya qilishda;
garovdagilarni ozod qilishda;
oʻta ogʻir jinoyatni sodir etish chogʻida koʻrib qolingan va yashirinishga urinayotgan shaxsni ushlashda, agar boshqa vositalar bilan bu shaxsni ushlash imkoni boʻlmasa;
oʻqotar qurolni, oʻq-dorilarni, portlovchi moddalarni, transport vositasini, maxsus va jangovar texnikani egallab olishga boʻlgan urinishlarga chek qoʻyishda;
fuqarolarning uy-joylariga, qoʻriqlanadigan obyektlarga va shaxslarga guruh boʻlib qilingan hujumni yoki qurolli hujumni qaytarishda;
qurolli qarshilik koʻrsatayotgan shaxsni, shuningdek oʻzidagi qurolni, oʻq-dorilarni, portlovchi moddalarni, portlatish qurilmalarini, zaharli yoki radioaktiv moddalarni topshirish toʻgʻrisidagi qonuniy talabni bajarishni rad etayotgan shaxsni ushlashda;
qurolni qoʻllash niyati haqida ogohlantirish zarurati tugʻilganda, shuningdek yuqoriga qarata yoki boshqa xavfsiz yoʻnalishda oʻq otish orqali xavf-xatar signalini berishda yoki yordam chaqirishda.
Milliy gvardiyaning harbiy xizmatchisi (xodimi) oʻqotar qurolni qoʻllashdan oldin ogohlantirishi shart, bundan uning hayotiga yoki fuqarolarning hayotiga bevosita xavf tahdid solayotgan hollar mustasno.
Ayollarga, nogironlik belgilari koʻrinib turgan shaxslarga, yoshi aniq koʻrinib turgan yoki maʼlum boʻlgan voyaga yetmaganlarga nisbatan oʻqotar qurolni qoʻllash taqiqlanadi, bundan ularning qurolli hujum qilganligi, qurolli qarshilik koʻrsatganligi yoki fuqarolarning yoxud Milliy gvardiya harbiy xizmatchilarining (xodimlarining) hayoti va sogʻligʻiga haqiqatda tahdid etib, guruh boʻlib hujum qilganligi hollari mustasno.
Agar oʻqotar qurol qoʻllanilishi natijasida tasodifiy shaxslar jabrlanishi mumkin boʻlsa, Milliy gvardiyaning harbiy xizmatchilari (xodimlari) koʻp fuqarolar toʻplanganda uni qoʻllash huquqiga ega emas, bundan terrorchilik harakatining oldini olish, garovdagilarni ozod qilish, qurolli hujumni qaytarish hollari mustasno.
Milliy gvardiya qurollantiriladigan oʻqotar qurol va uning oʻq-dorilari turlarining roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi.
