30-modda. Genomga oid axborotni yoʻq qilish
Genom boʻyicha davlat roʻyxatiga olish toʻgʻrisida (O‘RQ-649-son) · Sana: 24.11.2020 · Amalda
Genomga oid axborotni tiklash mumkin boʻlmay qolishiga olib keladigan harakatlar genomga oid axborotni yoʻq qilishdir.
Genom boʻyicha davlat roʻyxatiga olishni amalga oshirishda olingan genomga oid axborot u vakolatli davlat organiga berilganidan keyin sud-ekspertiza muassasasi tomonidan yoʻq qilinadi.
Genomga oid axborot genom boʻyicha ixtiyoriy ravishda davlat roʻyxatiga olishdan oʻtgan shaxslarning yoxud voyaga yetmaganlar va sud tomonidan muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan shaxslar qonuniy vakillarining yozma arizasi asosida ham sud-ekspertiza muassasasi yoki vakolatli davlat organi tomonidan yoʻq qilinadi.
Genomga oid axborotning yagona maʼlumotlar bazasida saqlanayotgan genom boʻyicha majburiy ravishda davlat roʻyxatiga olingan oqlangan shaxsning genomga oid axboroti sudning oqlov hukmi qonuniy kuchga kirganidan keyin yoʻq qilinadi.
Genomga oid axborotning yagona maʼlumotlar bazasida saqlanayotgan genomga oid axborot ushbu Qonunning 25-moddasida nazarda tutilgan saqlash muddatlari oʻtgach, vakolatli davlat organi tomonidan oʻttiz kun ichida yoʻq qilinadi.
