3-modda. Asosiy tushunchalar
Genom boʻyicha davlat roʻyxatiga olish toʻgʻrisida (O‘RQ-649-son) · Sana: 24.11.2020 · Amalda
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
biologik material — odamning yoki vafot etgan odam (murda) tanasining (qoldiqlarining) genomga oid axborotga ega boʻlgan hujayralari, toʻqimalari va ajralmalari;
biologik qarindoshlar — qon-qarindoshlikda boʻlgan shaxslar: ota, ona, oʻgʻil, qiz, bobo, buvi, nabiralar, tugʻishgan va oʻgay aka-uka va opa-singillar, amakivachchalar, togʻavachchalar, ammavachchalar, xolavachchalar, amakilar, togʻalar, ammalar, xolalar, jiyanlar;
genom boʻyicha davlat roʻyxatiga olish — biologik materialni olish, undan foydalanish, uni saqlash va yoʻq qilish, shuningdek odamning shaxsini, tanib olinmagan murdani identifikatsiya qilish va (yoki) biologik qarindoshlikni aniqlash maqsadida genomga oid axborotga ishlov berish va uni muhofaza qilish bilan bogʻliq boʻlgan, davlat organlari va muassasalari tomonidan amalga oshiriladigan faoliyat;
genomga oid axborot — odamning yoki tanib olinmagan murdaning dezoksiribonuklein kislotasining (bundan buyon matnda DNK deb yuritiladi) muayyan qismlari toʻgʻrisidagi kodlangan axborotni oʻz ichiga olgan shaxsga doir maʼlumotlar;
genomga oid axborotga ishlov berish — genomga oid axborotni yigʻish, hisobga olish, tizimlashtirish, saqlash, oʻzgartirish, toʻldirish, undan foydalanish, toʻsib qoʻyish, egasizlantirish, uni berishga va yoʻq qilishga qaratilgan harakatlar;
genomga oid axborotni olish — sud-ekspertiza muassasalari tomonidan amalga oshiriladigan biologik materialdan olingan DNKning muayyan qismlari toʻgʻrisidagi kodlangan axborotni olishga qaratilgan faoliyat;
genomga oid axborotdan foydalanish — odamning shaxsini, tanib olinmagan murdani identifikatsiya qilishga va (yoki) biologik qarindoshlikni aniqlashga qaratilgan, genomga oid axborot bilan bogʻliq boʻlgan harakatlar;
Genomga oid axborotning yagona maʼlumotlar bazasi — genom boʻyicha davlat roʻyxatini amalga oshirishda olingan genomga oid axborot va odamning shaxsi haqidagi maʼlumotlar mavjud boʻlgan avtomatlashtirilgan axborot tizimi;
odam DNKsining sud-biologik ekspertizasi — genomga oid axborotni olish, odamning shaxsini, tanib olinmagan murdani identifikatsiya qilish va (yoki) biologik qarindoshlikni aniqlash maqsadida sud-ekspertiza muassasasi tomonidan oʻtkaziladigan molekulyar-genetik usullarni qoʻllagan holda biologik materialni tadqiq etish turi.
