Oʻzbekiston Respublikasi gidrometeorologiya xizmati faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (PQ-4896-son)
17.11.2020
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Soʻnggi yillarda gidrometeorologiya xizmatini rivojlantirish, iqtisodiyot tarmoqlari va aholini gidrometeorologik maʼlumotlar bilan taʼminlash tizimini takomillashtirish boʻyicha muayyan ishlar amalga oshirildi.
Hozirgi vaqtda milliy gidrometeorologiya xizmati 330 dan ortiq gidrometeorologik kuzatuvlar va atrof tabiiy muhit ifloslanishi monitoringini olib boruvchi punktlarni birlashtirib, ular yordamida 240 turdan ortiq prognostik, sunʼiy yoʻldoshlardan olinadigan, tahliliy, ixtisoslashtirilgan va maʼlumotnoma tusidagi gidrometeorologik mahsulotlar tayyorlanishi yoʻlga qoʻyilgan.
Shu bilan birga, suv va qishloq xoʻjaligi, energetika, shaharsozlik, sanoat, transport va turizm kabi ob-havoga bogʻliq iqtisodiyot tarmoqlarining barqaror rivojlanishi va faoliyat koʻrsatishiga koʻmaklashuvchi gidrometeorologik xizmatlar sifati va maʼlumotlarning oʻz vaqtida taqdim etilishiga salbiy taʼsir etuvchi qator muammolar mavjudligi ushbu sohaga alohida eʼtibor qaratishni taqozo etmoqda.
Xususan, gidrometeorologiya faoliyatini tartibga solishning huquqiy asoslari tizimlashtirilmaganligi, gidrometeorologiya xizmatini rivojlantirishning uzoq muddatli konsepsiyasi mavjud emasligi, ushbu sohadagi ilmiy-tadqiqot faoliyati zamonaviy talablarga javob bermasligi, gidrometeorologik kuzatuv tarmogʻining rivojlanmaganligi, shuningdek, boshqaruv va prognozlar tayyorlash jarayonlarining ortiqcha markazlashtirilganligi, xodimlar yetarli darajada moddiy ragʻbatlantirilmayotganligi yuklangan vazifalarning samarali bajarilishini taʼminlamayapti.
Iqtisodiyot tarmoqlari va aholini gidrometeorologik va iqlimiy maʼlumotlar bilan taʼminlash va monitoring yuritish tizimlarini takomillashtirish, shuningdek, gidrometeorologik axborotni olish, toʻplash va tarqatishda zamonaviy axborot hamda sunʼiy yoʻldosh texnologiyalaridan keng foydalanish maqsadida:
1. Quyidagilar:
a) 2020 — 2025-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi gidrometeorologiya xizmatini rivojlantirish konsepsiyasi (keyingi oʻrinlarda — Konsepsiya) 1-ilovaga muvofiq;
b) 2020 — 2022-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi gidrometeorologiya xizmatini rivojlantirish konsepsiyasini amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” (keyingi oʻrinlarda — “Yoʻl xaritasi”) 2-ilovaga muvofiq;
v) Oʻzbekiston Respublikasi Gidrometeorologiya xizmati markazi kuzatuv tarmogʻini kengaytirish va avtomatlashtirish boʻyicha dastur (keyingi oʻrinlarda — Dastur) 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Dastur 2020 — 2025-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiya dasturi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Gidrometeorologiya xizmati markazi (keyingi oʻrinlarda — Oʻzgidromet) uchun nazarda tutilgan Davlat budjeti mablagʻlari, shuningdek, xalqaro moliya institutlari va xorijiy tashkilotlarning grantlari, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
2. Oʻzgidromet Oʻzbekiston Respublikasida gidrometeorologiya, iqlim oʻzgarishi va atrof tabiiy muhit ifloslanishi monitoringi sohasida vakolatli davlat organi etib belgilansin.
Oʻzgidromet Markaziy Osiyo davlatlari uchun Jahon meteorologiya tashkilotining Mintaqaviy ixtisoslashtirilgan meteorologiya markazi, shuningdek, Jahon meteorologiya tashkiloti Jahon ob-havo xizmatining gidrometeorologik maʼlumotlarni toʻplash, ishlov berish va tarqatish boʻyicha Mintaqaviy telekommunikatsiya markazi funksiyalarini bajarishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
3. Oʻzgidromet huzuridagi “Meteoinfosistem” axborot-texnik boshqarmasi negizida “Gidrometeorologiyada axborot texnologiyalarini rivojlantirish markazi” davlat muassasasi (keyingi oʻrinlarda — Meteoinfokom) tashkil etilsin.
Belgilansinki:
Meteoinfokom xodimlariga Oʻzgidromet xodimlari uchun belgilangan mehnatga haq toʻlash va mukofotlash tartibi qoʻllaniladi;
Meteoinfokomni joriy saqlash, uning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va xodimlari mehnatini qoʻshimcha moddiy ragʻbatlantirish boʻyicha xarajatlarni moliyalashtirish Davlat budjeti, shuningdek, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
4. Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi va Oʻzgidrometning Toshkent gidrometeorologiya kolleji negizida Toshkent gidrometeorologiya texnikumini (keyingi oʻrinlarda — Texnikum) tashkil etish va uni Oʻzgidromet tizimiga oʻtkazish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
Texnikum gidrometeorologiya sohasida oʻrta boʻgʻin mutaxassislarini tayyorlash va malakasini oshirish boʻyicha bazaviy oʻquv muassasasi, meteorologiya, gidrologiya, gidrometeorologiyada aloqa va kommunikatsiyalar sohasida kasb-hunar taʼlimi boʻyicha oʻquv dasturlarini ishlab chiqish uchun masʼul etib belgilansin.
Belgilansinki:
Texnikumda kadrlar tayyorlash davlat buyurtmasi va toʻlov-shartnoma asosida amalga oshiriladi;
Texnikumning bino va inshootlarini saqlash, xodimlar mehnatiga haq toʻlash Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
Texnikum Jahon meteorologiya tashkilotining Mintaqaviy oʻquv markazi funksiyalarini bajarishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
5. Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Mudofaa vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi va Oʻzgidrometda gidrometeorologiya, xavfli gidrometeorologik hodisalardan ogohlantirish va ularning oldini olish, aviatsiyaga meteorologik xizmat koʻrsatish va atrof tabiiy muhit ifloslanishi monitoringi sohasida faoliyat yurituvchi xodimlarning Toshkent gidrometeorologiya texnikumida dastur asosida malakasini oshirish tartibi joriy etilsin.
Mazkur band ijrosini samarali tashkil etish maqsadida Favqulodda vaziyatlar vazirligi (T.A. Xudaybergenov), Mudofaa vazirligi (B.N. Qurbonov), Qishloq xoʻjaligi vazirligi (J.A. Xodjayev) bir oy muddatda xodimlarning malakasini oshirish boʻyicha chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqsin.
6. Vazirlar Mahkamasi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi va Oʻzgidrometning “Gidrometpribor” ilmiy-ishlab chiqarish korxonasini tugatish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
7. Oʻzgidromet tuzilmasida:
Toshkent shahar gidrometeorologiya boshqarmasi tashkil etilsin.
9. 2021-yil 1-yanvardan boshlab:
a) Oʻzgidromet va Meteoinfokom xodimlarining lavozim maoshlarini hisoblashda Yagona tarif setkasi boʻyicha mehnatga haq toʻlashning tasdiqlangan razryadlari uchun belgilangan tarif koeffitsiyenti ikki baravar oshirilgan holda qoʻllanilsin;
b) Oʻzgidromet va Meteoinfokom xodimlariga sohada uzoq muddat xizmat qilgani uchun quyidagi miqdorda oylik ustama haq toʻlansin (belgilangan ustamalarni hisobga olgan holda lavozim maoshiga nisbatan koeffitsiyentlarda):
2 yildan 5 yilgacha — 0,2; 5 yildan 10 yilgacha — 0,3; 10 yildan 15 yilgacha — 0,4; 15 yildan 20 yilgacha — 0,5; 20 yildan 25 yilgacha — 0,6; 25 yildan ortiq — 0,7.
Bunda, sohada uzoq muddat xizmat qilganlik uchun ish haqiga ustama haq olish huquqini beradigan mehnat stajini hisoblashda Oʻzgidromet va uning tizim tashkilotlaridagi ish staji inobatga olinadi.
Belgilansinki, ushbu bandda belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirish bilan bogʻliq, shuningdek, Gidrometeorologiya ilmiy-tadqiqot institutini saqlash, xodimlar mehnatiga haq toʻlash boʻyicha xarajatlar Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
Moliya vazirligi (T.A. Ishmetov) ushbu bandda belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirish bilan bogʻliq xarajatlarni Davlat budjeti mablagʻlaridan moliyalashtirishni taʼminlasin.
10. Innovatsion rivojlanish vazirligi (I.Yu. Abduraxmonov) Gidrometeorologiya ilmiy-tadqiqot institutining iqtisodiyot tarmoqlariga global iqlim oʻzgarishining salbiy taʼsirini kamaytirish va uning oqibatlarini yumshatishga yoʻnaltirilgan gidrometeorologiya faoliyati boʻyicha ilmiy loyihalarni shakllantirish orqali ilmiy-tadqiqot ishlanmalarini moliyalashtirishni taʼminlasin.
Gidrometeorologiya ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan 2021 — 2023-yillarda oʻtkaziladigan ilmiy tadqiqotlarning asosiy yoʻnalishlari 7-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
11. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi va Oʻzgidrometning 2021/2022 oʻquv yilidan boshlab Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universitetida Gidrometeorologiya fakultetini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
12. Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish boʻyicha “El-yurt umidi” jamgʻarmasi 2021-yildan boshlab belgilangan tartibda Oʻzgidrometning yuqori salohiyatli xodimlarini yetakchi xorijiy taʼlim, ilmiy va ixtisoslashtirilgan muassasalarda oʻqitish, malakasini oshirish hamda stajirovka oʻtashini tashkil etsin.
13. Oʻzgidromet (Sh.H. Habibullayev):
a) gidrometeorologiya sohasida xalqaro hamkorlikni yanada takomillashtirish, shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Iqlim oʻzgarishi toʻgʻrisidagi hadli Konvensiyasi va Parij bitimi doirasidagi majburiyatlarning bajarilishi yuzasidan har yarim yilda Vazirlar Mahkamasiga axborot kiritib borsin;
b) Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi (Sh.M. Qodirov), Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sh.M. Sadikov), Innovatsion rivojlanish vazirligi (I.Yu. Abduraxmonov) bilan birgalikda ikki oy muddatda gidrometeorologiya faoliyatida sunʼiy yoʻldosh va yerni masofadan zondlash texnologiyalaridan keng foydalanish, shuningdek, gidrometeorologik maʼlumotlar bilan almashish uchun maʼlumotlar uzatishning yagona telekommunikatsiya tarmogʻini yaratish dasturini ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
v) Oʻzbekiston Respublikasida aviatsiyani meteorologik maʼlumotlar bilan taʼminlash sohasida xalqaro meʼyoriy hujjatlar qoidalari va talablarini milliy miqyosda amalga oshirish boʻyicha Jahon meteorologiya tashkiloti va Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti bilan hamkorlikni taʼminlasin;
g) 2021/2022 oʻquv yilidan boshlab Rossiya davlat gidrometeorologiya universiteti va boshqa xorijiy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda qoʻshma taʼlim dasturlari boʻyicha gidrometeorologiya yoʻnalishida kadrlar tayyorlashni tashkil etsin;
d) xavfli gidrometeorologik hodisalarni prognoz qilish, kuzatish, ular sodir boʻlishi xavfi yuqori boʻlgan mintaqalar va hududlarni aniqlash, tegishli profilaktik tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha zarur koʻrsatmalar berishni taʼminlasin, shuningdek, favqulodda vaziyatlarda ularning oldini olish va harakat qilish davlat tizimidagi xizmatlarga tezkor gidrometeorologik maʼlumotlar taqdim etib borsin;
e) quyidagilarni:
uch oy muddatda atrof tabiiy muhit monitoringi tahlil laboratoriyalarining moddiy-texnik jihozlanishini tubdan yaxshilash, shuningdek, tahlillarni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan kimyoviy reaktivlar, sinov gazlari, prekursorlar va boshqa sarflash materiallari bilan ularni taʼminlash boʻyicha takliflarni;
2022-yildan boshlab har yili 1-dekabrga qadar joriy yil uchun belgilangan vazifalarning bajarilishini chuqur tahlil qilgan holda Konsepsiyani amalga oshirish yuzasidan kelgusi yilga moʻljallangan chora-tadbirlar dasturini;
2021-yil 1-fevralga qadar gidrometeorologiya faoliyatini amalga oshiruvchi yuridik shaxslar faoliyatiga ruxsat berish va maʼlumot almashinish tartibini;
2021-yil 1-martga qadar xalqaro moliya institutlari va fondlarning gidrometeoreologiya va atrof tabiiy muhit monitoringini takomillashtirishga yoʻnaltirilgan texnik koʻmak loyihalari dasturini;
“Gidrometeorologiya faoliyati toʻgʻrisida”gi va “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan gidrometeorolog” unvonini taʼsis etish toʻgʻrisida”gi qonunlar loyihalarini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
j) Energetika vazirligi (A.S. Sultanov) bilan birgalikda quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish loyihalarini davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida amalga oshirishda investorlarga shartnoma asosida meteorologik va gidrologik maʼlumotlarni taqdim etishni tashkil etsin;
z) Energetika vazirligining buyurtmasiga binoan, shartnomalar asosida, yangi quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish rejalashtirilgan hududlarda tegishli oʻrganish va tadqiqotlarni amalga oshirsin.
14. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari 8 — 8o-ilovalarga muvofiq Oʻzgidromet buyurtmalari boʻyicha Dasturda nazarda tutilgan yangi ochilayotgan gidrometeorologiya stansiyalari va postlari uchun yer uchastkalari (sugʻoriladigan qishloq xoʻjaligi yerlaridan tashqari) ajratilishini hamda mahalliy budjet va budjetdan tashqari mablagʻlar hisobiga bino-inshootlar qurilishini taʼminlasin.
15. Oʻzgidromet (Sh.H. Habibullayev) Qishloq xoʻjaligi vazirligi (J.A. Xodjayev) va Suv xoʻjaligi vazirligi (Sh.R. Hamrayev) bilan birgalikda 9-ilovaga muvofiq sohalarga jalb etiladigan xalqaro moliya tashkilotlari grantlari hisobiga mavjud va yangi ochilayotgan meteorologiya, gidrologiya va agrometeorologiya stansiyalari va postlarini avtomatik qurilmalar bilan jihozlashni hamda xodimlarning malakasini oshirishni taʼminlasin.
16. Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi (N.J. Bakirov) Oʻzgidromet (Sh.H. Habibullayev) va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan birgalikda gidrometeorologik maʼlumotlar asosida choʻllanishning oldini olish, qurgʻoqchilikka qarshi kurashish, oʻrmonlarni qayta tiklash va ihota oʻrmonlarini koʻpaytirish ishlarini samarali tashkil etsin.
17. Suv xoʻjaligi vazirligi (Sh.R. Hamrayev) Oʻzgidromet (Sh.H. Habibullayev) bilan birgalikda suv zaxiralari va resurslarini nazorat qilish, suv resurslari boʻyicha prognozlar ishonchliligini oshirish boʻyicha tezkor gidrometeorologik maʼlumotlar taqdim etib borishni taʼminlasin.
18. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sh.M. Sadikov) Oʻzgidrometda maʼlumotlarni uzatish yagona korporativ tizimini tashkil etish orqali gidrometeorologik axborot va sunʼiy yoʻldosh maʼlumotlari yagona telekommunikatsiya tarmogʻini yaratishni taʼminlasin.
19. Qishloq xoʻjaligi vazirligi (J.A. Xodjayev), Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi (A.I. Maqsudov), Energetika vazirligi (A.S. Sultanov) va Transport vazirligining (I.R. Maxkamov) Oʻzgidromet moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, gidrometeorologik infratuzilmani yangilash hamda sohaga malakali mutaxassislarni jalb etish maqsadida ushbu qarorning 10-ilovasiga muvofiq mablagʻlarni bir oy muddatda koʻrsatiladigan xizmatlar uchun oldindan toʻlov sifatida Oʻzgidrometga oʻtkazib berish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
20. Belgilansinki, Oʻzgidromet tomonidan koʻrsatilayotgan xizmatlar va maʼlumotlar shartnoma asosida taqdim etiladi.
Oʻzgidromet Bosh direktoriga (Sh.H. Habibullayev):
Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda Oʻzgidromet tomonidan koʻrsatilayotgan xizmatlar sifatini yanada yaxshilash, ob-havo prognozlarining aniqligini oshirish hamda soha infratuzilmasini yangilashga yetarlicha shart-sharoitlar yaratish maqsadida koʻrsatilayotgan barcha xizmat tariflarini tasdiqlash;
gidrometeorologiya sohasidagi xorijiy ilgʻor tajribasini tatbiq etish maqsadida xorijiy oliy taʼlim muassasalari bitiruvchilarini va mahalliy mutaxassislarni belgilangan shtat birliklari doirasida shartnoma asosida ishga jalb etish huquqi berilsin.
Malakali mutaxassislar va Oʻzgidromet oʻrtasida tuzilgan mehnat shartnomasida belgilangan miqdordagi ish haqini toʻlash bilan bogʻliq qoʻshimcha xarajatlar Oʻzgidrometning budjetdan tashqari mablagʻlari hamda xalqaro moliya institutlarining grant va texnik koʻmak mablagʻlari hisobidan qoplanishi belgilansin.
21. Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda:
Oʻzbekiston Respublikasi Gidrometeorologiya xizmati markazi toʻgʻrisidagi nizomni;
Gidrometeorologiya ilmiy-tadqiqot instituti tuzilmasini;
Toshkent gidrometeorologiya texnikumida Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Mudofaa vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi va Oʻzgidromet xodimlarining malakasini oshirishni tashkil etish tartibini tasdiqlasin;
Oʻzgidromet tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlar uchun tariflar ishlab chiqilishini taʼminlasin.
22. Quyidagilar:
a) Bosh vazirning maslahatchisi O.M. Umarov:
mazkur qarorning sifatli, toʻliq va oʻz vaqtida ijro etilishi, masʼul vazirlik hamda idoralarning faoliyatini samarali tashkil etish va muvofiqlashtirish, ular rahbarlarining koʻrilgan choralar haqidagi hisobotlarini eshitish, aniqlangan muammo va kamchiliklarni tezkor bartaraf etishga;
“Yoʻl xaritasi” va Dasturda nazarda tutilgan tadbirlarning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishini muvofiqlashtirishga;
mazkur qarorda nazarda tutilgan koʻrsatkichlarga toʻliq va oʻz vaqtida erishishni taʼminlash yuzasidan masʼul vazirlik va idoralarning birinchi navbatdagi vazifalarini belgilab berish hamda faoliyatini muvofiqlashtirib borishga;
amalga oshirilgan ishlar boʻyicha masʼullarning har oylik hisobotlarini eshitib borishga;
yuklatilgan vazifalar toʻliq va oʻz vaqtida bajarilishini taʼminlamagan mansabdor shaxslarga nisbatan lavozimidan ozod etishgacha boʻlgan taʼsir choralarini qoʻllash toʻgʻrisida takliflar kiritib borishga;
b) moliya vaziri T.A. Ishmetov:
zarur mablagʻlar oʻz vaqtida ajratilishi, manzilli sarflanishi va toʻliq oʻzlashtirilishiga;
budjetdan qoʻshimcha ajratilgan mablagʻlarning maqsadli sarflanishini nazorat qilishga;
v) Oʻzgidromet bosh direktori Sh.H. Habibullayev:
“Yoʻl xaritasi” va Dasturda nazarda tutilgan tadbirlarni oʻz vaqtida va sifatli bajarishga;
gidrometeorologiya xizmatlarini koʻrsatish faoliyatiga intellektual tizimlar, axborot resurslari va boshqa dasturiy mahsulotlarni joriy etishga;
gidrometeorologiya xizmatining texnologik infratuzilmasini rivojlantirishga;
g) tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari zimmasiga “Yoʻl xaritasi” va Dasturda nazarda tutilgan tadbirlarni oʻz vaqtida va sifatli bajarishga;
d) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari Oʻzgidrometning hududiy boshqarmalarini rivojlantirish dasturlarini bajarishga shaxsan masʼul va javobgar ekanligi belgilab qoʻyilsin.
23. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 2-iyundagi “Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirish boʻyicha tashkiliy tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-3029-son qarori 4-bandining oltinchi xatboshisi hamda qarorga 10-ilova oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
24. Oʻzgidromet manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
25. Mazkur qaror ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan har chorak yakuni boʻyicha axborot berib borilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2020-yil 17-noyabr,
PQ-4896-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 17-noyabrdagi PQ-4896-son qaroriga1-ILOVA
2020 — 2025-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi gidrometeorologiya xizmatini rivojlantirish
KONSEPSIYASI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. 2020 — 2025-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi gidrometeorologiya xizmatini rivojlantirish Konsepsiyasi (keyingi oʻrinlarda — Konsepsiya) 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha harakatlar strategiyasini amalga oshirish va gidrometeorologik faoliyatni takomillashtirishning konseptual yondashuvini belgilash maqsadlarida ishlab chiqildi.
2. Konsepsiya gidrometeorologiya faoliyatini takomillashtirishning maqsadi, vazifalari va asosiy yoʻnalishlarini, fan va texnika yutuqlari, innovatsion gʻoyalar, ishlanmalar va texnologiyalar asosidagi ustuvor tadbirlarni belgilaydi.
2-bob. Gidrometeorologiya xizmatini rivojlantirishning maqsad va vazifalari
3. Konsepsiyaning asosiy maqsadi milliy gidrometeorologiya xizmati vazifalarini jahon standartlari darajasida bajarilishini taʼminlovchi yuqori samarali innovatsion xizmatga aylantirishdan iborat.
4. Gidrometeorologiya xizmatini rivojlantirish vazifalari quyidagilardan iborat:
gidrometeorologiya faoliyatini amalga oshirish, shu jumladan kuzatish tizimlarining faoliyat koʻrsatishi, maʼlumotlarni taqdim etish shakli, mazmuni va muddatlarini shakllantirish talablarini belgilash sohasida davlat boshqaruvini takomillashtirish;
kuzatuv tarmogʻi zichligini oshirish hamda oʻlchov vositalari va zamonaviy usullarini tatbiq etish orqali kuzatuv tarmogʻini rivojlantirish va modernizatsiyalash;
gidrometeorologiya va atrof tabiiy muhit ifloslanishi monitoringi sohasida yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish orqali kadrlar salohiyatini mustahkamlash;
gidrometeorologiya xizmati sohasidagi ilmiy tadqiqotlar natijalarini ishlab chiqarish faoliyatiga tatbiq etish;
maʼlumotlarni toʻplash, ishlov berish va taqdim etishning zamonaviy vositalari va texnologiyalaridan foydalangan holda kuzatuv tarmogʻidan olinadigan axborot resurslari integratsiyasini taʼminlash;
gidrometeorologiya va iqlim oʻzgarishi sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish;
iqlimga bogʻliq tabiiy ofatlar, iqlim oʻzgarishiga moslashish va uning salbiy oqibatlarini yumshatish choralari toʻgʻrisida aholi xabardorligini oshirish.
3-bob. Gidrometeorologiya xizmatini rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlari
5. Konsepsiya quyidagi ustuvor yoʻnalishlarni nazarda tutadi:
gidrometeorologiya faoliyatini tartibga solishning huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish;
gidrometeorologiya xizmati infratuzilmasini modernizatsiyalash;
gidrometeorologiya va iqlimshunoslik sohasida xizmat koʻrsatish tizimini takomillashtirish;
gidrometeorologiya xizmatining kadrlar salohiyatini mustahkamlash;
gidrometeorologiya va iqlim oʻzgarishi sohasida ilmiy tadqiqotlarni qoʻllab-quvvatlash;
gidrometeorologiya va iqlim oʻzgarishi sohasida mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish;
gidrometeorologiya faoliyatini keng targʻib qilish va aholi xabardorligini oshirish.
6. Gidrometeorologiya faoliyatini tartibga solishning huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish doirasida quyidagilar belgilanadi:
gidrometeorologiya faoliyatini amalga oshirish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan “Gidrometeorologiya faoliyati toʻgʻrisida”gi va “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan gidrometeorolog” unvonini taʼsis etish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunlarini qabul qilish;
gidrometeorologiya faoliyatining turli xil shakllarini tartibga soluvchi normativ-huquqiy bazani qayta koʻrib chiqish va takomillashtirish;
gidrometeorologiya sohasidagi davlat standartlari va texnik reglamentlarni qayta koʻrib chiqish va takomillashtirish;
gidrometeorologiya sohasidagi xalqaro va davlatlararo standartlarni tatbiq etish va uygʻunlashtirish.
7. Gidrometeorologiya xizmati infratuzilmasini modernizatsiyalash doirasida quyidagilar nazarda tutiladi:
ilgʻor informatsion texnologiyalar, zamonaviy kuzatuv vositalari, tahliliy asbob-uskunalar, qurilmalar va barqaror aloqa tizimlarini joriy etish orqali kuzatuv tarmogʻini texnik qayta jihozlash, jumladan gidrometeorologiya xizmati markazining gidrometeorologik stansiyalari va postlari sonini amaldagi 335 tadan 397 tagacha orttirish, avtomatlashtirilgan meteorologik stansiyalar ulushini 14 foizdan 100 foizga, qor koʻchki stansiyalar va agrometeorologik postlar ulushini 100 foizga yetkazish;
yer usti kuzatuvlari maʼlumotlarini kompleks tahlil qilish, masofadan zondlash va zamonaviy matematik modellashtirish usullari asosida barcha faoliyat turlari, shu jumladan meteorologiya, agrometeorologiya, gidrologiya va atrof tabiiy muhit ifloslanishi monitoringi boʻyicha tezkor monitoring intellektual tizimini yaratish;
atmosferani masofadan va radiolokatsion zondlash zamonaviy vositalarini, jumladan qoʻshimcha 4 ta meteorologik lokatorlarni oʻrnatish, iqtisodiyotning ob-havoga bogʻliq tarmoqlari faoliyati va aholi xavfsizligini taʼminlash maqsadida ularni Oʻzbekiston Respublikasining hududini toʻliq qamrab oluvchi yer usti meteorologik radiolokatorlar yagona tarmogʻiga birlashtirish;
turli muddatli gidrometeorologik prognozlashning innovatsion uslublarini joriy etish, turli barvaqtlikdagi ob-havo prognozlarining ishonchliligini oshirish, jumladan sutkalik 92 foizdan 95 foizga, 2-3 sutkalik 90 foizdan 92 foizga, 4-5 sutkalik 88 foizdan 90 foizga oshirish;
sunʼiy yoʻldosh maʼlumotlari hamda masofaviy zondlash orqali olingan maʼlumotlar asosida xavfli gidrometeorologik hodisalar toʻgʻrisida erta ogohlantirish tizimini takomillashtirish;
gidrometeorologik maʼlumotlar taqdim etish sifatini tubdan yaxshilash, gidrometeorologiya xizmati tizimida axborot texnologiyalari va zamonaviy dasturiy mahsulotlarni keng joriy etish;
gidrometeorologik axborotlar va atrof tabiiy muhit ifloslanishi holati toʻgʻrisida maʼlumotlar yagona elektron fondini shakllantirish;
gidrometeorologiya xizmati axborot tizimlari va dasturiy mahsulotlarini raqamli iqtisodiyotga integratsiyalash, davlat organlari bilan samarali axborot hamkorligini tashkil etish;
atrof tabiiy muhit ifloslanishi monitoringi axborot tizimini takomillashtirish va atrof tabiiy muhit ifloslanishi haqidagi maʼlumotlarni oʻz vaqtida taqdim etish maqsadida atrof tabiiy muhit ifloslanishi monitoringining yangi usullarini rivojlantirish va tatbiq etish, zamonaviy avtomatik oʻlchov vositalarini oʻrnatish;
gidrometeorologiya xizmati raqamli va telekommunikatsiya infratuzilmasining texnologik va axborot xavfsizligini taʼminlash chora-tadbirlarini amalga oshirish.
8. Gidrometeorologiya va iqlimshunoslik sohasida xizmat koʻrsatish tizimini takomillashtirish doirasida quyidagilar nazarda tutiladi:
iqtisodiyot tarmoqlari va aholining ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda axborot mahsulotlarini tayyorlash hamda milliy gidrometeorologiya xizmati faoliyatiga gidrometeorologik va iqlimiy xizmat koʻrsatishning xalqaro modellarini integratsiyalash, shuningdek, turli gidrometeorologik maʼlumotlar koʻrsatkichlari/mezonlarni yaxshilash;
aviameteorologiya boʻlinmalarida Jahon meteorologiya tashkiloti va Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti standartlari asosida sifat menejmenti tizimini takomillashtirish;
iqlimning ehtimoliy oʻzgarishlari, ularga moslashish va salbiy oqibatlarini yumshatish toʻgʻrisida axborot mahsulotlarini yaratish orqali iqlimiy xizmat koʻrsatishni rivojlantirish;
xavflarni oldindan aniqlash va davlat organlari, iqtisodiyot tarmoqlari va aholini avvaldan xabardor qilishni taʼminlaydigan xavfli gidrometeorologik hodisalar toʻgʻrisida barvaqt ogohlantirish tizimlarini rivojlantirish, shuningdek, shtorm ogohlantirishlarning oqlanish darajasini 92 foizdan 95 foizga yetkazish;
turizm sohasi samaradorligini oshirish maqsadida ixtisoslashtirilgan gidrometeorologik xizmat koʻrsatish, jumladan bioiqlimiy sharoitlarni hisobga olgan holda, Oʻzbekiston turistik salohiyati kartografik modeli va uning mobil ilovasini yaratish.
9. Gidrometeorologiya xizmatining kadrlar salohiyatini mustahkamlash doirasida quyidagilar nazarda tutiladi:
ilgʻor texnologiyalar, malakaviy va kasbiy tayyorgarlikka qoʻyiladigan talablarni eʼtiborga olgan holda kadrlar siyosati tizimini, jumladan kadrlarni tanlash mexanizmi, ish jarayonini tashkil etishni takomillashtirish;
“Gidrometeorologiya” yoʻnalishi boʻyicha bazaviy oliy taʼlim olish imkoniyatini kengaytirish;
gidrometeorologiya xizmati ishlab chiqarish boʻlinmalari xodimlarining maqsadli sirtqi taʼlim olishini tashkil etish;
Toshkent gidrometeorologiya kolleji negizida oʻrta maxsus maʼlumotli kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish;
gidrometeorologiya xizmati tizimidagi oliy maʼlumotli mutaxassislar ulushini 23 foizdan 35 foizga yetkazish;
yuqori malakali mahalliy va xorijiy mutaxassislarni jalb qilgan holda gidrometeorologiya xizmati hamda boshqa tashkilotlar xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini tashkil etish, masofaviy taʼlim olish texnologiyalarini joriy etish;
gidrometeorologiya, iqlim oʻzgarishi va moslashish, atrof tabiiy muhit ifloslanishi monitoringi va raqamli texnologiyalar sohasida ilgʻor xorijiy tajribani oʻrganish boʻyicha stajirovkalar va seminarlar tashkil etish hamda oʻtkazish.
10. Gidrometeorologiya va iqlim oʻzgarishi sohasida ilmiy tadqiqotlarni qoʻllab-quvvatlash doirasida quyidagilar nazarda tutiladi:
ilmiy-tadqiqot ishlarini ularning natijalarini ishlab chiqarish faoliyatiga amaliy va maqsadli joriy etilishini hisobga olib amalga oshirish;
gidrometeorologiya sohasida fundamental va amaliy ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish;
kuzatuvlar va gidrometeorologik maʼlumotlarga ishlov berish, xavfli gidrometeorologik hodisalar xavfi va mintaqaviy iqlimning ehtimoliy oʻzgarishlarini baholash uslublarini takomillashtirish boʻyicha innovatsion ilmiy tadqiqot loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirish;
Gidrometeorologiya ilmiy-tadqiqot instituti ilmiy laboratoriyalari va noyob obyektlarini zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlash orqali bosqichma-bosqich modernizatsiyalash;
kuzatuvlar, gidrometeorologik maʼlumotlarga ishlov berish, shuningdek, xavfli gidrometeorologik hodisalarni prognozlashning ilmiy uslublarini ishlab chiqish va takomillashtirish;
mintaqaviy iqlimning ehtimoliy oʻzgarishlari, ularning oqibatlarini prognozlash, asosiy eʼtiborni qishloq xoʻjaligi va suv resurslariga qaratgan holda, iqtisodiyot tarmoqlarining zaifligini baholash uslublarini ishlab chiqish;
gidrometeorologik, agrometeorologik kuzatuvlar va atrof tabiiy muhit ifloslanishi monitoringi punktlarining maqbul joylashuvini belgilovchi yer usti kuzatuv punktlari tarmogʻini rivojlantirish boʻyicha ilmiy tadqiqotlar oʻtkazish;
xalqaro tajriba va innovatsion yutuqlardan foydalangan holda ilmiy tadqiqot uslublarini takomillashtirish;
Gidrometeorologiya ilmiy-tadqiqot institutidagi ilmiy darajaga ega ilmiy xodimlar ulushini 47 foizdan 65 foizga yetkazish.
11. Gidrometeorologiya va iqlim oʻzgarishi sohasida mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish doirasida quyidagilar nazarda tutiladi:
tegishli xalqaro majburiyatlar, xususan Jahon meteorologiya tashkiloti Konvensiyasi, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Iqlim oʻzgarishi toʻgʻrisidagi hadli Konvensiyasi, Kioto protokoli va Parij bitimi, YUNESKO Xalqaro gidrologiya dasturi, Mustaqil davlatlar hamdoʻstligi Gidrometeorologiya boʻyicha davlatlararo kengashi doirasidagi majburiyatlarni bajarish;
yetakchi xorijiy meteorologiya va gidrologiya xizmatlari bilan hamkorlikni mustahkamlash;
yagona xalqaro va mintaqaviy gidrometeorologik kuzatuvlar hamda maʼlumot almashish tizimini shakllantirish va rivojlantirishda ishtirok etish;
gidrometeorologiya, iqlim oʻzgarishi, atrof tabiiy muhit monitoringi, ilgʻor texnologiyalar bilan almashish sohasida xalqaro huquqiy hujjatlarni ishlab chiqishda ishtirok etish;
transchegaraviy hududlarda gidrometeorologik kuzatuv maʼlumotlari bilan almashish sohasida mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash;
gidrometeorologiya va iqlim oʻzgarishi sohasidagi texnik koʻmak loyihalarini ishlab chiqish hamda amalga oshirish uchun hamkorlikni kengaytirish, xalqaro moliyaviy institutlar va iqlimiy moliyalashtirish jamgʻarmalari mablagʻlarini jalb qilish;
gidrometeorologiya va atrof tabiiy muhit ifloslanishi monitoringi sohasida xorijiy turdosh muassasalar bilan tajriba almashish.
12. Gidrometeorologiya faoliyatini keng targʻib qilish va aholi xabardorligini oshirish doirasida quyidagilar nazarda tutiladi:
gidrometeorologik maʼlumotlar va koʻrsatilayotgan ixtisoslashtirilgan xizmatlar roʻyxatini, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Ochiq maʼlumotlar portalida joylashtirish uchun umumiy maʼlumotlar toʻplamini kengaytirish;
gidrometeorologik maʼlumotlarni vizuallashtirish sifatini yaxshilash, Oʻzgidromet rasmiy veb-saytini yangilash va uning mobil ilovasini yaratish;
fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari, yetakchi taʼlim va ilmiy muassasalar xodimlari, gidrometeorologiya sohasidagi yetakchi mutaxassislarni keng jalb qilgan holda uchrashuvlar, davra suhbatlari, ekspertlik va jamoatchilik muhokamalari oʻtkazish orqali fuqarolar va tadbirkorlik subyektlari bilan ochiq muloqotni taʼminlovchi jamoatchilik bilan oʻzaro hamkorlik dasturini ishlab chiqish;
“Gidrometeorologiya va atrof-muhit monitoringi” ilmiy jurnali nashr etilishini tashkillashtirish.
4-bob. Gidrometeorologiya xizmatini rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlarini amalga oshirishdan kutilayotgan natijalar
13. Konsepsiyaning asosiy yoʻnalishlarini amalga oshirish milliy gidrometeorologiya xizmatini zamonaviy jahon texnologiyalari darajasiga olib chiqishga imkon beradi.
14. Konsepsiyani amalga oshirishdan ilovada belgilangan asosiy koʻrsatkichlarga erishish kutilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 17-noyabrdagi PQ-4896-son qaroriga2-ILOVA
2020 — 2022-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi gidrometeorologiya xizmatini rivojlantirish konsepsiyasini amalga oshirish boʻyicha
“YOʻL XARITASI”
T/r Tadbirlar nomi Amalga oshirish mexanizmi Bajarish muddati Masʼul ijrochilar 1. Gidrometeorologiya faoliyatini tartibga solishning huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish 1. Gidrometeorologiya xizmati markazi toʻgʻrisida nizomni tasdiqlash. Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi 2020-yil 31-dekabr Oʻzgidromet, Adliya vazirligi, vazirlik va idoralar 2. Gidrometeorologiya sohasidagi davlat standartlari va texnik reglamentlarni jahon standartlari talablariga muvofiq tayyorlash hamda uning amalga oshirilishini taʼminlash. Chora-tadbirlar dasturi 2021-yil 1-fevral Oʻzgidromet, Adliya vazirligi, “Oʻzstandart” agentligi 3. Gidrometeorologiya va atrof tabiiy muhit ifloslanishi monitoringi sohasida axborot xizmatlarini taqdim etish masalalari tartibga solinishini taʼminlaydigan ixtisoslashtirilgan xizmatlar koʻrsatish tartibi toʻgʻrisida Reglamentni ishlab chiqish. Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi 2021-yil 1-mart Oʻzgidromet, Adliya vazirligi, vazirlik va idoralar 4. “Gidrometeorologiya faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni loyihasini ishlab chiqish. Qonun loyihasi 2021-yil 30-mart Oʻzgidromet, Adliya vazirligi, vazirlik va idoralar 5. Gidrometeorologiyada axborot texnologiyalarini rivojlantirish markazi davlat muassasasini tashkil etish va uning asosiy vazifalari etib quyidagilarni belgilash: gidrometeorologiya xizmati samaradorligini oshirish, elektron xizmatlarning oʻz vaqtida taqdim etilishini taʼminlaydigan zamonaviy intellektual tizimlar, axborot resurslari va boshqa dasturiy mahsulotlarni joriy etish; gidrometeorologiya xizmatining texnologik infratuzilmasini rivojlantirish, elektron oʻzaro hamkorlikni tashkil etish va gidrometeorologik hamda sunʼiy yoʻldosh maʼlumotlari bilan almashish uchun yagona telekommunikatsiya tarmogʻini yaratish; katta hajmdagi raqamli maʼlumotlarga ishlov berish va tahlil qilish, gidrometeorologik va sunʼiy yoʻldosh maʼlumotlarini modellashtirish uchun yuqori tezlikka ega kompyuter markazlaridan keng foydalanish; gidrometeorologiya xizmati xodimlarining, ayniqsa, katta hajmdagi maʼlumotlar, kompyuter modellashtirish, sunʼiy yoʻldosh texnologiyalari va axborot xavfsizligi sohasidagi koʻnikmalarini rivojlantirish. Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi 2021-yil 1-mart Oʻzgidromet, Adliya vazirligi, vazirlik va idoralar 6. Davlat boshqaruvi organlari, vazirlik va idoralarga gidrometeorologik va atrof tabiiy muhit ifloslanishi holati toʻgʻrisidagi xizmatlar koʻrsatishni yanada yaxshilash, ob-havo prognozlarining aniqligini oshirish uchun Oʻzgidromet infratuzilmasini yangilashga yetarlicha shart-sharoitlar yaratish maqsadida gidrometeorologik xizmatlar narxlarini qayta ishlab chiqish. Normativ hujjat 2021-yil fevral Oʻzgidromet, Moliya vazirligi 7. Gidrometeorologiya faoliyatini amalga oshiruvchi yuridik shaxslar faoliyatiga ruxsat berish va maʼlumot almashinish tartibini ishlab chiqish. Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi 2021-yil 1-aprel Vazirlar Mahkamasi, Oʻzgidromet, Oʻzstandart agentligi 2. Gidrometeorologiya xizmati infratuzilmasini modernizatsiyalash 8. Xavfli gidrometeorologik hodisalarni monitoring qilish, prognozlash va ogohlantirish tizimini takomillashtirish. Chora-tadbirlar dasturi 2021-yil 1-aprel Oʻzgidromet, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, vazirlik va idoralar 9. Oʻzgidrometda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda maʼlumotlarni olish va taqsimlash, olingan maʼlumotlar majmualarini qabul qilish, kataloglashtirish va arxivlashtirish jarayonini avtomatlashtirishni taʼminlash maqsadida maʼlumotlarni boshqarish texnologiyasini takomillashtirish. Chora-tadbirlar dasturi 2021-yil 30-yanvar Oʻzgidromet 10. Gidrometeorologik maʼlumotlar va atrof tabiiy muhit ifloslanishi holati toʻgʻrisidagi maʼlumotlar yagona elektron fondini shakllantirish. Chora-tadbirlar dasturi 2021-2022-yillar Oʻzgidromet 11. Yer usti kuzatuvlari maʼlumotlarini kompleks tahlil qilish, masofadan zondlash va zamonaviy matematik modellashtirish usullari asosida barcha faoliyat turlari, shu jumladan meteorologiya, agrometeorologiya, gidrologiya va atrof tabiiy muhit ifloslanishi monitoringi boʻyicha tezkor monitoring intellektual tizimini yaratish. Chora-tadbirlar dasturi 2021-2022-yillar Oʻzgidromet, “Oʻzbekkosmos” agentligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi 12. Oʻzgidrometda maʼlumotlarni uzatish yagona korporativ tizimini tashkil etish orqali gidrometeorologik axborot va sunʼiy yoʻldosh maʼlumotlari yagona telekommunikatsiya tarmogʻini yaratish. Tashkiliy chora-tadbirlar 2021-2022-yillar Oʻzgidromet, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi 13. Yangi tashkil etilayotgan qor koʻchki stansiyalari, meteorologik stansiyalar va kuzatuv punktlari uchun bino va inshootlar qurish, shuningdek, ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirish. Tashkiliy chora-tadbirlar 2021 — 2025-yillar Oʻzgidromet, Moliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyat va Toshkent shahar hokimliklari 14. Aviatsiyaga meteorologik xizmatlar koʻrsatish tartibini takomillashtirish maqsadida “Oʼzaeronavigatsiya” markazi davlat unitar korxonasiga tegishli respublika aeroportlari hududida oʻrnatilgan avtomatik aviatsiya meteorologiya stansiyalarini (KRAMS) Oʻzgidromet tasarrufiga oʻtkazish va ajratmalar miqdorini qayta koʻrib chiqish. Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi 2021-yil 1-mart Transport vazirligi, Oʻzgidromet, Adliya vazirligi 3. Gidrometeorologiya va iqlimshunoslik sohasida xizmat koʻrsatish tizimini takomillashtirish 15. Xizmat koʻrsatishning elektron shakllarini joriy etish, gidrometeorologik xizmat infratuzilmasi, axborot tizimlari, resurslari va dasturiy mahsulotlarining texnologik va axborot xavfsizligini taʼminlash orqali aholi va tadbirkorlik subyektlariga xizmat koʻrsatish sifatini takomillashtirish. Chora-tadbirlar dasturi 2021-2022-yillar Oʻzgidromet, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi 16. Aviameteorologik boʻlinmalarda faoliyat natijadorligini oshirishni taʼminlash maqsadida ISO 9001:2015 xalqaro standarti boʻyicha sifat menejmenti tizimini ishlab chiqish, joriy etish va yuqori darajada saqlab turish. Tashkiliy chora-tadbirlar 2021-2022-yillar Oʻzgidromet, “Oʻzstandart” agentligi 17. Parvozlar xavfsizligining zamonaviy talablari bajarilishini taʼminlash maqsadida milliy hamkor tashkilotlar va aviatsiya foydalanuvchilari bilan aviatsiyani meteorologik taʼminlash masalalari boʻyicha oʻzaro hamkorlikni rivojlantirish. Hamkorlik toʻgʻrisida bitimlar doimiy ravishda Oʻzgidromet, Transport vazirligi 18. Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish, quyosh va shamol elektr stansiyalari uchun maydonlarni aniqlash, qurish va ekspluatatsiya qilish jarayonida Energetika vazirligi va investorlarga shartnoma asosida meteorologik va gidrologik maʼlumotlarni taqdim etishni tashkil etish. Tashkiliy chora-tadbirlar 2020 — 2025-yillar Oʻzgidromet, Energetika vazirligi 4. Gidrometeorologiya xizmatining kadrlar salohiyatini mustahkamlash va xodimlarni ijtimoiy himoya qilish choralarini takomillashtirish 19. “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan gidrometeorolog” unvonini taʼsis etish. Qonun loyihasi 2021-yil 30-mart Oʻzgidromet, Adliya vazirligi, vazirlik va idoralar 20. Oʻzbekiston Respublikasi Gidrometeorologiya xizmati markazining “Gidrometeorologik xizmat aʼlochisi” koʻkrak nishonini taʼsis etish. Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi 2021-yil 1-fevral Oʻzgidromet, “Davlat belgisi” DICHB 21. Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universitetida Gidrometeorologiya fakultetini tashkil qilish, fakultetda chuqur nazariy bilimlar va amaliy koʻnikmalarga ega yuqori malakali kadrlar tayyorlashni yoʻlga qoʻyish. Tashkiliy chora-tadbirlar 2021-yil 2-sentabr Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Oʻzbekiston Milliy universiteti, Oʻzgidromet 22. 2021/2022 oʻquv yilidan boshlab Rossiya davlat gidrometeorologiya universiteti bilan gidrometeorologiya yoʻnalishi boʻyicha qoʻshma oʻquv dasturlari boʻyicha oʻqishni tashkil etish. Tashkiliy chora-tadbirlar 2021/2022 oʻquv yilidan Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Oʻzbekiston Milliy universiteti, Oʻzgidromet 23. Gidrometeorologiya sohasida kadrlar talabgorlari takliflari va yetakchi xorijiy oliy oʻquv yurtlarining tajribasi asosida bakalavriat mutaxassisliklarining yangi yoʻnalishlari boʻyicha oʻqishni tashkil etish. Tashkiliy chora-tadbirlar 2021-yil 1-sentabr Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Oʻzbekiston Milliy universiteti, Oʻzgidromet 24. Gidrometeorologiya sohasidagi kasbiy faoliyatning oʻziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda, bakalavriat yoʻnalishlari boʻyicha kadrlar tayyorlash tizimini tashkil etish. Tashkiliy chora-tadbirlar 2021-yil 1-sentabr Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Oʻzbekiston Milliy universiteti, Oʻzgidromet 25. Toshkent gidrometeorologiya texnikumida gidrometeorologiya boʻyicha oʻrta boʻgʻin mutaxassislarini tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil etish. Tashkiliy chora-tadbirlar 2021/2022 oʻquv yilidan Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Oʻzbekiston Milliy universiteti, Oʻzgidromet, Gidrometeorologiya ilmiy-tadqiqot instituti 26. Mehnat shart-sharoitlari va bajariladigan ishlar hajmini hisobga olgan holda, Oʻzgidromet ishlab chiqarish boʻlinmalari lavozimlarining yangi namunaviy shtat normativlarini ishlab chiqish va tasdiqlash. Normativ hujjat 2021-yil fevral 2021-yil mart Oʻzgidromet, Moliya vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi 27. Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish boʻyicha “El-yurt umidi” jamgʻarmasi tomonidan belgilangan tartibda gidrometeorologiya faoliyati yoʻnalishlari boʻyicha xorijda kadrlar tayyorlash, malakasini oshirish va stajirovkasini tashkil etish. Tashkiliy chora-tadbirlar 2021 — 2025 yillar Oʻzgidromet, “El-yurt umidi” jamgʻarmasi 5. Gidrometeorologiya va iqlim oʻzgarishi sohasida ilmiy-tadqiqotlarni qoʻllab-quvvatlash 28. Global iqlim oʻzgarishining mamlakat iqtisodiyoti tarmoqlariga salbiy taʼsirini kamaytirish va oqibatlarini yumshatishga qaratilgan gidrometeorologiya faoliyatiga oid ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish tizimini rivojlantirish. 2023-yilgacha boʻlgan davr uchun ilmiy-tadqiqot ishlari dasturi 2021 — 2023 yillar Oʻzgidromet, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Suv xoʻjaligi vazirligi 29. Gidrometeorologiya xizmati markazining takliflari asosida “Gidrometeorologiya va atrof-muhit monitoringi” ilmiy-tadqiqotlar ustuvor yoʻnalishini shakllantirish. Tashkiliy chora-tadbirlar 2020-yil 1-dekabr Innovatsion rivojlanish vazirligi, Oʻzgidromet, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi 30. Ilmiy-tadqiqot ishlarini samarali va sifatli bajarilishini taʼminlash uchun zamonaviy moddiy-texnik bazani shakllantirish maqsadida Gidrometeorologiya ilmiy-tadqiqot instituti hamda mavjud noyob ilmiy obyektlarni qayta jihozlash, bino va inshootlarni taʼmirlash. Tashkiliy chora-tadbirlar 2020-yil dekabr 2021 — 2023 yillar Oʻzgidromet, Moliya vazirligi, Gidrometeorologiya ilmiy-tadqiqot instituti 6. Gidrometeorologiya va iqlim oʻzgarishi sohasida mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni kengaytirish 31. Jahon meteorologiya tashkiloti va uning mintaqaviy assotsiatsiyalari komissiyalari, dasturlari va ekspert guruhlarida Oʻzgidromet mutaxassislari ishtirokini kengaytirish. Hamkorlik dasturlari Doimiy ravishda Oʻzgidromet, Tashqi ishlar vazirligi 32. Gidrometeorologiya, iqlim oʻzgarishi va atrof-muhit monitoringi sohasida ilmiy konferensiyalar, seminarlar, loyihalar va boshqa tadbirlarni tashkil etish hamda ishtirok etish orqali gidrometeorologiya sohasidagi mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish. Hamkorlik dasturlari Doimiy ravishda Oʻzgidromet, Tashqi ishlar vazirligi 33. Oʻzbekiston Respublikasida aviatsiyani meteorologik maʼlumotlar bilan taʼminlash sohasida xalqaro meʼyoriy hujjatlar qoidalari va talablarini milliy miqyosda amalga oshirish boʻyicha Jahon meteorologiya tashkiloti va Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti bilan hamkorlikni kengaytirish. Hamkorlik dasturlari Doimiy ravishda Oʻzgidromet, Tashqi ishlar vazirligi 34. Iqlim oʻzgarishi, tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish, kompleks gidrometeorologik va iqlimiy monitoring hamda atrof tabiiy muhit monitoringini mustahkamlash va qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan xalqaro moliyaviy institutlar va fondlarning texnik koʻmak loyihalarini tayyorlash hamda amalga oshirish. Hamkorlik dasturlari Doimiy ravishda Oʻzgidromet, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Suv xoʻjaligi vazirligi, Energetika vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi 7. Gidrometeorologiya faoliyatini ommalashtirish va aholi xabardorligini oshirish 35. “Gidrometeorologiya va atrof-muhit monitoringi” ilmiy jurnali nashr etilishini tashkillashtirish. Tashkiliy chora-tadbirlar 2021-yildan, har chorakda Oʻzgidromet, Gidrometeorologiya ilmiy-tadqiqot instituti 36. Gidrometeorologik maʼlumotlar va koʻrsatilayotgan ixtisoslashtirilgan xizmatlar roʻyxatini, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Ochiq maʼlumotlar portalida joylashtirish uchun umumiy maʼlumotlar toʻplamini kengaytirish. Kompleks chora-tadbirlar dasturi 2021-2022 yillar Oʻzgidromet, Davlat statistika qoʻmitasi, Savdo-sanoat palatasi 37. Gidrometeorologik maʼlumotlarni vizuallashtirish sifatini yaxshilash, Oʻzgidromet rasmiy veb-saytini yangilash, mobil ilovani yaratish. Chora-tadbirlar dasturi 2021-yil davomida Oʻzgidromet 38. Fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari, yetakchi taʼlim va ilmiy muassasalar xodimlari, gidrometeorologiya sohasidagi yetakchi mutaxassislarni keng jalb qilgan holda jamoatchilik bilan oʻzaro hamkorlikni kengaytirish. Chora-tadbirlar dasturi Doimiy ravishda Oʻzgidromet, MTRK 39. Oʻzbekistonda gidrometeorologiya xizmati tashkil etilganligining 100 yilligini keng nishonlash. Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi 2021-yil 1-aprel Oʻzgidromet, Moliya vazirligi, vazirlik va idoralar
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 17-noyabrdagi PQ-4896-son qaroriga3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi gidrometeorologiya xizmati markazining kuzatuv tarmogʻini kengaytirish va avtomatlashtirish
DASTURI
I. Oʻzbekiston Respublikasi gidrometeorologiya xizmati markazining kuzatuv tarmogʻini kengaytirish
II. Oʻzbekiston Respublikasi gidrometeorologiya xizmati markazining kuzatuv tarmogʻini avtomatlashtirish
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 17-noyabrdagi PQ-4896-son qaroriga7-ILOVA
Gidrometeorologiya ilmiy-tekshirish instituti tomonidan 2021 — 2023-yillar davomida oʻtkaziladigan ilmiy-tadqiqot ishlarining
ASOSIY YOʻNALISHLARI
1. Ob-havo prognozining COSMO-CA sonli modeli maʼlumotlari asosida xavfli gidrometeorologik hodisalar (kuchli shamol, jala yomgʻirlari, sel toshqinlari) monitoring tizimi va uning mobil ilovasini yaratish.
2. Bioiqlimiy sharoitlarni hisobga olgan holda turizm hududlarida turpaketlarni diversifikatsiyalash hamda Oʻzbekiston turistik salohiyati kartografik modeli va uning mobil ilovasini yaratish.
3. Turli sathlarda suv bugʻining harakatlanishini oʻrganish asosida atmosfera daryolarining Oʻzbekiston hududida shakllanadigan yogʻingarchilikka taʼsirini miqdoriy baholash uchun dasturiy mahsulot yaratish.
4. Oʻzbekiston Respublikasida avtomatlashtirilgan meteorologik radiolokatorlar tarmogʻining yagona axborot tizimini yaratish.
5. Oʻzbekistonning sugʻoriladigan hududlarida kuzgi bugʻdoy mahsuldorligini diagnozlash va prognozlashning tezkor modelini ishlab chiqish.
6. Masofaviy zondlash maʼlumotlaridan foydalangan holda oʻsimlik qoplami oʻzgarishini monitoring qilish boʻyicha avtomatlashtirilgan milliy dasturiy mahsulot yaratish.
7. Global iqlim oʻzgarishi sharoitida togʻ muzliklari massasi balansi oʻzgarishining monitoring tizimini va muzliklarning kelajakdagi holatini tavsiflovchi ssenariylarni ishlab chiqish.
8. Iqlim oʻzgarishi sharoitida Chotqol va Piskom daryolari suv resurslari oʻzgarishini gidroenergetik nuqtai nazardan prognozlash modelini ishlab chiqish.
9. Daryolar oqimi uzoq muddatli prognozlari sifatini oshirish uchun matematik modellar, masofaviy zondlash va yer usti kuzatish tarmogʻi maʼlumotlaridan foydalangan holda Oʻzbekiston togʻli hududlarida qor zaxiralari shakllanishi dinamikasining yangi dasturiy taʼminotini yaratish.
10. Oʻzbekiston Respublikasi hududlari uchun sel oqimi xavfini oldindan ogohlantirishning interaktiv onlayn tizimini yaratish.
11. Oʻzbekiston va unga tutash hududlarda shakllanadigan togʻ daryolarida suv kamayishini prognozlashning geoinformatsion texnologiyasini yaratish.
12. Oʻzbekistonda stabil izotoplardan foydalanib, suv resurslari va ularning ifloslanishi manbalari yangi monitoringi tizimi asosida dastur yaratish.
13. Aydar-Arnasoy koʻllar tizimi gidrologik va gidrokimyoviy rejimi barqarorligini taʼminlash maqsadida suv-tuz balansi modelini yaratish.
14. Iqlim va shahar infratuzilmasining oʻzgarishini hisobga olgan holda, Toshkent shahrida atmosfera havosi sifati monitoring tizimi uchun dasturiy taʼminot ishlab chiqish.
15. Iqlim oʻzgarishi sharoitida Surxondaryo va Qashqadaryo havzasi daryolari oqimini uzoq muddatli prognozlash modelini ishlab chiqish.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 17-noyabrdagi PQ-4896-son qaroriga8-ILOVA
2020 — 2025-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi gidrometeorologiya xizmati rivojlanishining
ASOSIY KOʻRSATKICHLARI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 17-noyabrdagi PQ-4896-son qaroriga8a-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Gidrometeorologiya xizmati faoliyatini takomillashtirish doirasida 2020 — 2022-yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Gidrometeorologiya boshqarmasini rivojlantirish
DASTURI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 17-noyabrdagi PQ-4896-son qaroriga8b-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Gidrometeorologiya xizmati faoliyatini takomillashtirish doirasida 2020 — 2022-yillarda Andijon viloyati gidrometeorologiya boshqarmasini rivojlantirish
DASTURI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 17-noyabrdagi PQ-4896-son qaroriga8v-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Gidrometeorologiya xizmati faoliyatini takomillashtirish doirasida 2020 — 2022-yillarda Buxoro viloyati gidrometeorologiya boshqarmasini rivojlantirish
DASTURI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 17-noyabrdagi PQ-4896-son qaroriga8g-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Gidrometeorologiya xizmati faoliyatini takomillashtirish doirasida 2020 — 2022-yillarda Jizzax viloyati gidrometeorologiya boshqarmasini rivojlantirish
DASTURI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 17-noyabrdagi PQ-4896-son qaroriga8d-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Gidrometeorologiya xizmati faoliyatini takomillashtirish doirasida 2020 — 2022-yillarda Qashqadaryo viloyati gidrometeorologiya boshqarmasini rivojlantirish
DASTURI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 17-noyabrdagi PQ-4896-son qaroriga8e-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Gidrometeorologiya xizmati faoliyatini takomillashtirish doirasida 2020 — 2022-yillarda Navoiy viloyati gidrometeorologiya boshqarmasini rivojlantirish
DASTURI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 17-noyabrdagi PQ-4896-son qaroriga8j-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Gidrometeorologiya xizmati faoliyatini takomillashtirish doirasida 2020 — 2022-yillarda Namangan viloyati gidrometeorologiya boshqarmasini rivojlantirish
DASTURI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 17-noyabrdagi PQ-4896-son qaroriga8z-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Gidrometeorologiya xizmati faoliyatini takomillashtirish doirasida 2020 — 2022-yillarda Samarqand viloyati gidrometeorologiya boshqarmasini rivojlantirish
DASTURI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 17-noyabrdagi PQ-4896-son qaroriga8i-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Gidrometeorologiya xizmati faoliyatini takomillashtirish doirasida 2020 — 2022-yillarda Surxondaryo viloyati gidrometeorologiya boshqarmasini rivojlantirish
DASTURI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 17-noyabrdagi PQ-4896-son qaroriga8k-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Gidrometeorologiya xizmati faoliyatini takomillashtirish doirasida 2020 — 2022-yillarda Sirdaryo viloyati gidrometeorologiya boshqarmasini rivojlantirish
DASTURI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 17-noyabrdagi PQ-4896-son qaroriga8l-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Gidrometeorologiya xizmati faoliyatini takomillashtirish doirasida 2020 — 2022-yillarda Toshkent viloyati gidrometeorologiya boshqarmasini rivojlantirish
DASTURI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 17-noyabrdagi PQ-4896-son qaroriga8m-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Gidrometeorologiya xizmati faoliyatini takomillashtirish doirasida 2020 — 2022-yillarda Fargʻona viloyati gidrometeorologiya boshqarmasini rivojlantirish
DASTURI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 17-noyabrdagi PQ-4896-son qaroriga8n-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Gidrometeorologiya xizmati faoliyatini takomillashtirish doirasida 2020 — 2022-yillarda Xorazm viloyati gidrometeorologiya boshqarmasini rivojlantirish
DASTURI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 17-noyabrdagi PQ-4896-son qaroriga8o-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Gidrometeorologiya xizmati faoliyatini takomillashtirish doirasida 2020 — 2022-yillarda Toshkent shahar gidrometeorologiya boshqarmasini rivojlantirish
DASTURI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 17-noyabrdagi PQ-4896-son qaroriga9-ILOVA
2020 — 2022-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi gidrometeorologiya xizmatini rivojlantirish konsepsiyasi doirasida qishloq xoʻjaligi sohasida gidrometeorologiyadan foydalanish boʻyicha ustuvor loyihalarni amalga oshirish
“YOʻL XARITASI”
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 17-noyabrdagi PQ-4896-son qaroriga10-ILOVA
Oʻzgidromet moddiy-texnika bazasini modernizatsiyalash va gidrometeorologik infratuzilmani yangilashni moliyalashtirish uchun mablagʻ ajratuvchi vazirlik, idoralar va xoʻjalik birlashmalari
ROʻYXATI
