«Advokatura toʻgʻrisida»gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonunini amalga kiritish tartibi haqida (350-I-son)
27.12.1996
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasining «Advokatura toʻgʻrisida»gi Qonuni matbuotda eʼlon qilingan kundan eʼtiboran amalga kiritilsin.
2. Belgilab qoʻyilsinki, «Advokatura toʻgʻrisida»gi Qonun kuchga kirgan paytda advokatlar hayʼatlarining aʼzolari boʻlgan shaxslar malaka imtihonlarini topshirgunga qadar, lekin ushbu Qonun eʼlon qilingan kundan boshlab uzogʻi bilan olti oy oʻz faoliyatlarini davom ettiradilar.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi:
Oʻzbekiston Advokatlar uyushmasi bilan hamkorlikda yigirma kunlik muddat ichida Oliy malaka komissiyasini tenglik asosida adliya xodimlari va advokatlar jumlasidan tuzsin;
qayd etilgan komissiya tarkibiga kiritilgan advokatlarga malaka imtihonlarini topshirmay advokatlik faoliyati bilan shugʻullanish huquqini beruvchi litsenziyalar bersin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi hukumat qarorlarini «Advokatura toʻgʻrisida»gi Qonunga muvofiq holga keltirsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasining «Oʻzbekiston Respublikasining advokaturasi toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlash haqida»gi 1961-yil 30-mayda qabul qilingan Qonuni (Qonunning 1980-yil 12-noyabrdagi tahriri) oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Sovetining Vedomostlari, 1980-yil, № 32, 547-modda).
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Raisi E. XALILOV
Toshkent sh.,
1996-yil 27-dekabr,
350-I-son
