Toshkent shahri tarkibida Yangihayot tumanini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (PQ-4888-son)
11.11.2020
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Toshkent shahrida barpo etilgan yangi mavzelarda aholi xavfsizligi va farovonligini taʼminlash, boshqaruvni samarali tashkil etish, investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish, obodonlashtirish ishlarini yoʻlga qoʻyish, shuningdek, shahar tarkibida Yangihayot tumanini tashkil etish bilan bogʻliq tashkiliy masalalarni hal etish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2020-yil 8-sentabrdagi 443-IV-son va Senatining 2020-yil 11-sentabrdagi SQ-135-IV-son “Toshkent viloyati Zangiota, Quyichirchiq, Yangiyoʻl va Oʻrtachirchiq tumanlarining, Toshkent shahri Sergeli va Bektemir tumanlarining, shuningdek, Toshkent viloyati va Toshkent shahrining chegaralarini oʻzgartirish hamda Toshkent shahri tarkibida Yangihayot tumanini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarorlari qabul qilinganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Toshkent shahri tarkibida Yangihayot tumani hokimligi tashkil etilsin.
3. Quyidagilar:
Toshkent shahri Yangihayot tumani hokimligi, davlat organlari va tashkilotlarining tumandagi boʻlinmalari hamda ularga qoʻshimcha kiritilayotgan boshqaruv xodimlarining cheklangan soni 1-ilovaga muvofiq;
Toshkent shahri Yangihayot tumani Obodonlashtirish boshqarmasi uchun xarid qilinadigan maxsus texnika vositalari roʻyxati 2-ilovaga muvofiq;
Toshkent shahri Yangihayot tumani hokimligi hamda davlat organlari va tashkilotlarining tumandagi boʻlinmalariga maʼmuriy binolar qurish va ularni jihozlash rejasi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Belgilansinki:
Toshkent shahri Yangihayot tumanida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 17-avgustdagi “Toshkent shahrida boshqaruvning alohida tartibini joriy etish boʻyicha huquqiy eksperiment toʻgʻrisida”gi PF-5515-son Farmonida belgilangan tartib, shu jumladan tuman hokimligi boshqaruv apparatining tuzilmasi hamda boshqaruv xodimlarining cheklangan soni amal qiladi;
Toshkent shahri Yangihayot tumanida joylashgan davlat organlari va tashkilotlarining boshqaruv xodimlari vazirlik va idoralarning umumiy shtat birliklari doirasida kiritiladi.
5. Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda Toshkent shahri Yangihayot tumanini tashkil etish bilan bogʻliq zarur kompleks tashkiliy-texnik tadbirlar rejasini ishlab chiqsin va uning amalga oshirilishi yuzasidan tizimli nazorat oʻrnatsin.
6. Toshkent shahar hokimligi:
a) ikki oy muddatda:
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi hamda tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda Yangihayot tumanini 2021 — 2023-yillarda kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari dasturini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi hamda Moliya vazirligi bilan birgalikda Toshkent shahri Yangihayot tumanining mahalliy budjeti va uni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning prognoz parametrlarini belgilasin;
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va Moliya vazirligi bilan birgalikda Toshkent shahri Yangihayot tumani hokimligini zarur bino va inshootlar bilan taʼminlash hamda moddiy-texnika vositalari bilan jihozlash choralarini koʻrsin;
b) Toshkent shahri Yangihayot tumani hokimligi hamda davlat organlari va tashkilotlarining tumandagi boʻlinmalariga yer maydonlari tanlanishi va ajratilishi hamda maʼmuriy binolar qurilishini taʼminlasin;
v) Toshkent shahri Yangihayot tumanini tashkil etish davrida iqtisodiyot tarmoqlarining barqaror va bir maromda ishlashini, shuningdek, yuzaga keladigan ijtimoiy masalalarning oʻz vaqtida hal etilishini taʼminlasin;
g) Toshkent shahri Yangihayot tumanini tashkil etish ishlarini moliyalashtirish uchun 2020 — 2023-yillarda Toshkent shahri mahalliy budjeti qoʻshimcha daromadlarining 5 foizi va Toshkent shahri tumanlari qoʻshimcha daromadlarining 5 foizi miqdoridagi ajratmalar oʻtkazilishini taʼminlasin.
7. Moliya vazirligi:
mazkur qarorda belgilangan vazifalarni bajarish hamda Toshkent shahri Yangihayot tumani Obodonlashtirish boshqarmasiga maxsus texnika vositalarini xarid qilish uchun respublika budjeti daromadlari rejasining orttirib bajarilgan qismi hisobidan 3 yil muddatga bir yillik imtiyozli davr bilan Toshkent shahar mahalliy budjetiga 12,5 mlrd soʻm foizsiz ssuda ajratsin;
qonun hujjatlariga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilgunga qadar mazkur qarorga 1-ilovaga muvofiq Toshkent shahri Yangihayot tumani hokimligi hamda tashkil etilayotgan davlat organlari va tashkilotlarining tumandagi boʻlinmalarini saqlash xarajatlarini moliyalashtirish choralarini koʻrsin;
2021-yildan boshlab Toshkent shahri Yangihayot tumanining xarajatlarini Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutsin.
8. Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi ikki oy muddatda Toshkent shahri Yangihayot tumaniga oʻtkazilgan maʼmuriy hududda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlarining yuridik (pochta) manzilini ulardan ariza yoki maʼlumot talab etmagan holda, toʻgʻridan-toʻgʻri elektron tizim orqali bepul oʻzgartirsin.
9. Oliy sud, Bosh prokuratura, Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi va huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organlar ikki oy muddatda sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning Toshkent shahri Yangihayot tumanidagi tuzilmalarini tashkil etish choralarini koʻrsin.
Belgilab qoʻyilsinki, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning Toshkent shahri Yangihayot tumanidagi tuzilmalari tashkil etilguniga qadar ularning funksiyalari sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning Toshkent shahri Sergeli tumanidagi tuzilmalari orqali amalga oshiriladi.
10. Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi ikki oy muddatda Toshkent viloyati va Toshkent shahrining maʼmuriy-hududiy chegaralari oʻzgarganligi munosabati bilan yer hisobotlariga belgilangan tartibda oʻzgartirish kiritsin.
11. Toshkent shahar hokimligining Yangihayot tumani hokimligi binosini qurish uchun Toshkent shahri, Yangihayot tumani, Sputnik-1 dahasi, Qipchoq koʻchasidagi boʻsh turgan yer maydonini ajratish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
12. Toshkent shahar hokimligi Moliya vazirligi hamda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
13. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va Toshkent shahar hokimi J.A. Artikxodjayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2020-yil 11-noyabr,
PQ-4888-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 11-noyabrdagi PQ-4888-son qaroriga 1-ILOVA
Toshkent shahri Yangihayot tumani hokimligi, davlat organlari va tashkilotlarining tumandagi boʻlinmalari hamda ularga qoʻshimcha kiritilayotgan boshqaruv xodimlarining cheklangan soni
T/r Tashkilot nomi Shtat birliklari soni I. Belgilangan shtat birliklari doirasida tashkil etiladigan boshqaruv xodimlari soni* 1. Maktabgacha taʼlim boʻlimi 6 2. Xalq taʼlimi boʻlimi 6 3. Tibbiyot birlashmasi 14 4. Davlat soliq inspeksiyasi 14 5. Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boʻlimi 3 6. Adliya boʻlimi 2 7. Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish boʻlimi 4 8. Moliya boʻlimi 6 9. Investitsiyalar va tashqi savdo boʻlimi 3 10. Aholi bandligiga koʻmaklashish markazi 4 11. Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish boʻlimi 3 12. Qurilish boʻlimi 2 13. Madaniyat boʻlimi 3 15. Statistika boʻlimi 3 16. Budjetdan tashqari pensiya jamgʻarmasi 3 17. Gʻaznachilik boʻlinmasi 3 18. Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boʻlimi 2 19. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonasi 3 21. Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimi 5 22. Ijtimoiy moslashtirish markazi 1 23. Tuman yoshlar ishlari boʻlimi 2 II. Qoʻshimcha shtat birliklarini kiritish hisobidan tashkil etiladigan boshqaruv xodimlari soni 1. Yangihayot tumani hokimligi 27 2. Obodonlashtirish boshqarmasi 15
* Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan tasdiqlangan boshqaruv xodimlari cheklangan soni hamda shtat birliklari doirasida belgilanadi.
Izoh. Sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning tuman tuzilmalari ularning umumiy cheklangan shtat birliklari doirasida tashkil etiladi.
Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi, Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi va Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi belgilangan tartibda Toshkent shahri Yangihayot tumanidagi boʻlinmalarini tashkil etadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 11-noyabrdagi PQ-4888-son qaroriga 2-ILOVA
Toshkent shahri Yangihayot tumani Obodonlashtirish boshqarmasi uchun xarid qilinadigan maxsus texnika vositalari
ROʻYXATI
T/r Transport/maxsus texnika vositalarining nomi Soni Muddati 1. Yengil xizmat avtomashinasi 1 2020-yil noyabr — 2021-yil iyun 2. Benzovoz 1 3. Ekskavator 1 4. Avtokran 1 5. Teleskopik koʻtargich 1 6. Asfalt yuvish maxsus texnikasi 1 7. Samosval 2 8. Musorovoz 2 9. Ilosos (assenizator) 1 10. Damas 1 11. Avtobus 1 12. Yoʻlaklarni tozalash mashinasi 1 13. Avariya xizmat mashinasi 1 14. Maysa va oʻtlarni oʻrish texnikasi (gazonokosilka, trimmer) 10 15. Yuk ortgich 2 16. Payvandlash vositalari jamlanmasi 2 Jami 29
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 11-noyabrdagi PQ-4888-son qaroriga 3-ILOVA
Toshkent shahri Yangihayot tumani hokimligi hamda davlat organlari va tashkilotlarining tumandagi boʻlinmalariga maʼmuriy binolar qurish va ularni jihozlash
REJASI
T/r Maʼmuriy binoning nomi Binoda faoliyat yurituvchi boʻlinma yoki tashkilot nomi Binoni qurish va jihozlash uchun masʼullar Moliyalashtirish manbai 1. Tuman hokimligi* Tuman hokimligi apparati Toshkent shahar hokimligi Respublika budjetidan ajratiladigan ssuda hamda mahalliy budjetning qoʻshimcha manbalari teng ulushlarda Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish boʻlimi Qurilish boʻlimi Uy-joy va kommunal xizmat koʻrsatish boʻlimi Investitsiyalar va tashqi savdo boʻlimi 2. Tuman prokuraturasi* Tuman prokuraturasi Bosh prokuratura 2021-yilgi Investitsiya dasturiga muvofiq ajratiladigan mablagʻlar Majburiy ijro byurosi tuman boʻlimi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash departamenti tuman boʻlimi 3. Tuman ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi* Tuman ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi Ichki ishlar vazirligi 2021-yilgi Investitsiya dasturiga muvofiq ajratiladigan mablagʻlar Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boʻlimi 4. Tuman davlat soliq inspeksiyasi* Tuman davlat soliq inspeksiyasi Davlat soliq qoʻmitasi 2021-yilgi Investitsiya dasturiga muvofiq ajratiladigan mablagʻlar 5. Jinoyat ishlari boʻyicha tuman sudi* Jinoyat ishlari boʻyicha tuman sudi Oliy sud 2021-yilgi Investitsiya dasturiga muvofiq ajratiladigan mablagʻlar 6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonasi* Adliya boʻlimi Adliya vazirligi Respublika budjetidan ajratiladigan ssuda hamda mahalliy budjetning qoʻshimcha manbalari teng ulushlarda FHDY boʻlimi Davlat xizmatlari agentligi Davlat xizmatlari markazi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonasi Toshkent shahar hokimligi, Moliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini koʻrib chiqish qabulxonasi Tadbirkorlikka koʻmaklashish markazining tuman boʻlinmasi Savdo-sanoat palatasi 7. Ijtimoiy madaniy markaz** Xalq taʼlimi boʻlimi Xalq taʼlimi vazirligi Respublika budjetidan ajratiladigan ssuda hamda mahalliy budjetning qoʻshimcha manbalari teng ulushlarda Maktabgacha taʼlim boʻlimi Maktabgacha taʼlim vazirligi Yoshlar ishlari agentligi tuman boʻlimi Oʻzbekiston Yoshlar ishlari agentligi Maʼnaviyat boʻlimi Respublika maʼnaviyat va maʼrifat markazi “Nuroniy” jamgʻarmasi tuman boʻlimi “Nuroniy” jamgʻarmasi 8. Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining tuman boʻlimi** Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining tuman boʻlimi Sogʻliqni saqlash vazirligi Investitsiya dasturiga muvofiq ajratiladigan mablagʻlar 9. Kadastr agentligining tuman boʻlimi** Kadastr agentligining tuman boʻlimi Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi Kadastr agentligi hamda mahalliy budjetning qoʻshimcha manbalari teng ulushlarda 10. Obodonlashtirish boshqarmasi* Obodonlashtirish boshqarmasi Tuman hokimligi Respublika budjetidan ajratiladigan ssuda hamda mahalliy budjetning qoʻshimcha manbalari teng ulushlarda 11. Elektr tarmoqlari korxonasi** Elektr tarmoqlari korxonasi “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ mablagʻlari 12. Gaz taʼminoti hududiy filiali** Gaz taʼminoti hududiy filiali “Hududgaztaʼminot” AJ “Hududgaztaʼminot” AJ mablagʻlari 13. “Toshkent shahar suv taʼminoti” MCHJ Yangihayot tumani boʻlimi** “Toshkent shahar suv taʼminoti” MCHJ Yangihayot tumani boʻlimi “Oʻzsuvtaʼminot” AJ “Oʻzsuvtaʼminot” AJ mablagʻlari 14. Tuman moliya boʻlimi** Moliya boʻlimi Moliya vazirligi Respublika budjetidan ajratiladigan ssuda hamda mahalliy budjetning qoʻshimcha manbalari teng ulushlarda Gʻaznachilik boʻlimi Budjetdan tashqari pensiya jamgʻarmasi Statistika boʻlimi Davlat statistika qoʻmitasi Aholi bandligiga koʻmaklashish markazi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi 15. Yangihayot tumani sport sogʻlomlashtirish markazi** Jismoniy tarbiya va sport boʻlimi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Investitsiya dasturiga muvofiq ajratiladigan mablagʻlar 16. Tuman favqulodda vaziyatlar boʻlimi** Tuman favqulodda vaziyatlar boʻlimi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Investitsiya dasturiga muvofiq ajratiladigan mablagʻlar 17. “Maxsustrans” ICHB** “Maxsustrans” ICHB “Maxsustrans” ICHB “Maxsustrans” ICHB mablagʻlari
* Tuman idoralarining binolarini qurish va jihozlash ishlari 2021-yil 31-dekabrga qadar tugallanadi.
** Ushbu tashkilotlarning binolarini qurish va jihozlash ishlari 2022-yil 1-iyunga qadar tugallanadi.
