Isteʼmolchilar elektr qurilmalarini texnik ekspluatatsiya qilish qoidalari va Isteʼmolchilar elektr qurilmalarini ekspluatatsiya qilishda xavfsizlik texnikasi qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida (712-son)
11.11.2020
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat huquqiy siyosatini amalga oshirishda adliya organlari va muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 19-maydagi PF-5997-son Farmoniga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Isteʼmolchilar elektr qurilmalarini texnik ekspluatatsiya qilish qoidalari 1-ilovaga muvofiq;
Isteʼmolchilar elektr qurilmalarini ekspluatatsiya qilishda xavfsizlik texnikasi qoidalari 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahar va viloyatlar hokimliklari, vazirliklar va idoralar oʻzlarining tizimlaridagi tashkilotlar tomonidan Isteʼmolchilar elektr qurilmalarini texnik ekspluatatsiya qilish qoidalari va Isteʼmolchilar elektr qurilmalarini ekspluatatsiya qilishda xavfsizlik texnikasi qoidalarining talablari bajarilishi ustidan nazoratni taʼminlasinlar.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahar va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda Isteʼmolchilar elektr qurilmalarini texnik ekspluatatsiya qilish qoidalari va Isteʼmolchilar elektr qurilmalarini ekspluatatsiya qilishda xavfsizlik texnikasi qoidalarining mazmun-mohiyatini ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini tashkil etsinlar.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi, vazirliklar va idoralar bilan birga oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining sanoat va uning bazaviy tarmoqlarini hamda kooperatsiya aloqalarini rivojlantirish masalalari departamenti va Oʻzbekiston Respublikasi energetika vaziri A.S. Sultanov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2020-yil 11-noyabr,
712-son
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 11-noyabrdagi 712-son qaroriga 1-ILOVA
Isteʼmolchilar elektr qurilmalarini texnik ekspluatatsiya qilish
QOIDALARI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Qoidalar elektr energiyasi isteʼmolchilari (keyingi oʻrinlarda — isteʼmolchilar) elektr qurilmalarini ishonchli, xavfsiz va samarali ekspluatatsiya qilishni taʼminlash, shuningdek, ularni ishga yaroqli holatda saqlab turish maqsadida ishlab chiqilgan boʻlib, isteʼmolchilarning elektr qurilmalarini ekspluatatsiya qilish, sozlash va taʼmirlash bilan shugʻullanuvchi muhandis-texnik xodimlar (keyingi oʻrinlarda — MTX) uchun moʻljallangan.
2. Ushbu Qoidalarda quyidagi tushunchalar va atamalardan foydalanilgan:
elektr uzatish havo tarmogʻi (keyingi oʻrinlarda — HT) — simlari yer ustida tayanchlar, izolyatorlar yordamida ushlab turiladigan elektr uzatish tarmogʻi;
binoga biriktirilgan podstansiya — binoning bir qismini egallagan elektr podstansiyasi;
elektr stansiyasining (podstansiyasining) ikkilamchi zanjirlari — elektr stansiyasining (podstansiyasining) boshqaruv, avtomatika, signalizatsiya, himoya va oʻlchov qurilmalarini birlashtiruvchi kabellar va simlar majmui;
dublyorlik qilish (dublyorlik) — dublyorni tayyorlashga javobgar shaxs kuzatuvi ostida ish joyida elektr qurilmani boshqarish va boshqa funksiyalarni bajarish;
yoʻriq berish — xodimlarga xavfsiz mehnatni tashkil etishga va elektr qurilmalarini ekspluatatsiya qilishda xavfsizlik texnikasi qoidalariga rioya qilishga qaratilgan asosiy talablar mazmunini yetkazish, yoʻriq olayotganlar ish joylarida yuz bergan yoki yuz berishi mumkin boʻlgan xatolarni tahlil qilish, xavfsiz ishlab chiqarish bilimlarini va tajribalarini chuqurlashtirish, Energetika korxonalari uchun yongʻin xavfsizligi qoidalari (keyingi oʻrinlarda — YOXQ) boʻyicha bilimlarni mustahkamlash hamda kengaytirish;
elektr uzatish kabel tarmogʻi (keyingi oʻrinlarda — KT) — bir yoki bir necha kabellardan tashkil topgan, bevosita yerga, kabel kanallariga, quvurlarga va kabel konstruksiyalariga yotqizilgan elektr uzatish tarmogʻi;
kapital taʼmirlash — qurilma, uskuna yoki buyumning yaroqliligi va resursini toʻliq yoki toʻliqqa yaqin tiklash uchun uning ixtiyoriy, shu jumladan asosiy qismlarini almashtirib yoki tiklab taʼmirlash;
komplekt taqsimlovchi qurilma — ichida oʻrnatilgan uskunalar, boshqaruv, nazorat, himoya, avtomatika va signalizatsiya qurilmalari bor shkaflardan yoki bloklardan tashkil topgan, yigʻilgan yoki yigʻish uchun tayyor holda yetkazib beriladigan elektr taqsimlovchi qurilma;
komplekt transformator podstansiyasi — yigʻilgan yoki yigʻish uchun tayyor holda yetkazib beriladigan, ichiga transformator va taqsimlovchi qurilmaning boshqa uskunalari oʻrnatilgan blok, shkaflardan tashkil topgan podstansiya;
elektr uzatish tarmogʻi — elektr stansiyasi yoki podstansiyasining tashqarisiga chiquvchi va elektr energiyasini uzatish uchun moʻljallangan elektr uzatish tarmogʻi;
neytral — elektr uskunalari choʻlgʻamlarining (elementlarining) “yulduz” sxemasi boʻyicha ulangan umumiy nuqtasi;
rejali taʼmirlash — tasdiqlangan rejaga muvofiq amalga oshiriladigan taʼmirlash;
elektr energiyasi isteʼmolchisi — energetika qurilmalari, uskunalari elektr energiyasi bilan taʼminlovchi tashkilotning tarmogʻiga bevosita ulangan, u bilan elektr tarmoqlarining mansublik chegarasiga hamda elektr energiyasini yetkazib berish boʻyicha tuzilgan shartnomaga ega va ushbu shartnoma asosida elektr energiyasidan foydalanish huquqi va shartlari belgilangan korxona, tashkilot, idora (keyingi oʻrinlarda — korxona);
elektr energiyasini qabul qilgich (elektr qabul qilgich) — undan foydalanish uchun elektr energiyasini energiyaning boshqa turiga oʻzgartiradigan elektr qurilma;
elektr stansiyasining (podstansiyasining) prinsipial elektr sxemasi — elektr stansiyasining (podstansiyasining) elektr qismining ishlash prinsipi haqida dastlabki maʼlumot va tasavvur beruvchi, uskunaning tarkibi va uning bogʻlanishlarini aks ettiruvchi sxema;
taʼmir — qurilmalarning, uskunalarning, jihozlarning, buyumlarning ishlash resurslarini yoki ularning tarkibiy qismlari sozligini hamda ishga yaroqliligini tiklash boʻyicha amalga oshiriladigan ishlar yoki tadbirlar majmui;
joriy taʼmir — qurilmalarning, uskunalarning, jihozlarning, buyumlarning ishga yaroqliligini taʼminlash yoki tiklash uchun bajariladigan va ularning alohida qismlarini almashtirish yoki tiklashdan tashkil topgan taʼmir;
texnik xizmat koʻrsatish — qurilmalardan, uskunalardan, jihozlardan, oʻz vazifasi boʻyicha foydalanishda, ularni saqlash va transportirovka qilishda ishga yaroqliligini hamda sozligini saqlab turish boʻyicha amalga oshiriladigan ishlar yoki tadbirlar majmui;
tok oʻtkazgich — elektr stansiyasi, podstansiyasi yoki sex doirasida elektr energiyasini uzatish va taqsimlash uchun moʻljallangan, izolyatorlar va ushlab turuvchi konstuksiyalarga ega boʻlgan shinalar yoki simlar shaklida bajarilgan qurilma;
transformator podstansiyasi — transformator yordamida bir kuchlanishdagi elektr energiyasini boshqa kuchlanishdagi elektr energiyasiga oʻzgartirish uchun moʻljallangan elektr podstansiyasi;
elektr stansiyasining (podstansiyasining) boshqaruv paneli — elektr stansiyasini (podstansiyasini) boshqarish, nazorat va himoya qurilmalaridan iborat pultlar va panellarning bir xonada joylashgan toʻplami;
elektr podstansiyasi — elektr energiyasini qabul qilish, taqsimlash va uning parametrlarini oʻzgartirish uchun moʻljallangan hamda transformatorlardan yoki boshqa elektr qurilmalaridan, shu jumladan oʻzgartirgichlar, boshqarish qurilmalari va yordamchi uskunalardan tashkil topgan elektr qurilma;
elektr tarmogʻi — elektr energiyasini uzatish va taqsimlash uchun moʻljallangan, podstansiyalar, taqsimlovchi qurilmalar va ularni birlashtiruvchi elektr uzatish tarmoqlari majmui;
neytrali yerga ulangan elektr tarmogʻi — neytrallarning barchasi yoki bir qismi bevosita yoki nol ketma — ketligining qarshiligiga nisbatan kichik qarshilikli qurilma orqali yerga ulash qurilmasi bilan ulangan uskunasi mavjud boʻlgan elektr tarmogʻi;
neytrali izolyatsiyalangan elektr tarmogʻi — neytrali yerga ulanmagan yoki katta qarshilikli oʻlchov, himoya, signalizatsiya qurilmalari orqali ulangan uskunasi mavjud boʻlgan elektr tarmogʻi;
elektr taqsimlovchi punkt — podstansiyaning tarkibiga kirmaydigan elektr taqsimlovchi qurilma;
elektr taqsimlovchi qurilma — bir kuchlanishda elektr energiyasini qabul qilish va taqsimlash uchun moʻljallangan hamda kommutatsiya apparatlari mavjud boʻlgan elektr qurilmasi;
elektr uskunasi — moʻljallanishiga koʻra umumiy belgilari bilan birlashgan (masalan, vazifasi boʻyicha — texnologik; qoʻllash sharoitlari boʻyicha — tropiklarda qoʻllaniladigan, obyektga tegishliligi boʻyicha — sexga, stanokka tegishli) elektr qurilmalar majmui;
elektr stansiyasi — elektr energiyasini ishlab chiqarish uchun moʻljallangan, elektr energiyasini hosil qiluvchi uskunalar va yordamchi uskunalardan tashkil topgan, qurilish qismi mavjud yoki usiz (koʻchma elektr stansiyasida) energetik qurilma;
elektr qurilma — elektr energiyasini ishlab chiqarish yoki oʻzgartirish, uzatish, taqsimlash yoki isteʼmol qilish uchun moʻljallangan oʻzaro bogʻlangan uskunalar va inshootlar majmui;
ekspluatatsiya qilish — buyumning ishlatiladigan, sifati saqlanib turadigan yoki tiklanadigan hayotiy sikli bosqichi;
stajerlik — ish joyida amaliy mashgʻulot oʻtish.
2-bob. Elektr qurilmalarini ekspluatatsiya qilishdagi asosiy talablar
1-§. Qoidalarni qoʻllash sohasi va tartibi
3. “Isteʼmolchilar elektr qurilmalarini texnik ekspluatatsiya qilish qoidalari” (keyingi oʻrinlarda — TEQQ) idoraviy mansubligidan va mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, barcha istemolchilar uchun majburiydir.
4. Isteʼmolchilarning yangidan montaj, rekonstruksiya va modernizatsiya qilingan elektr qurilmalari amaldagi Elektr qurilmalarining tuzilishi qoidalariga (keyingi oʻrinlarda — EQTQ) muvofiq bajarilgan boʻlishi, shuningdek, muvofiqlik sertifikatiga ega boʻlishi shart.
Sertifikatlanmagan elektr uskunalaridan foydalanish va ularni ekspluatatsiya qilish man etiladi.
5. Ushbu Qoidalar isteʼmolchilarning ishlab turgan, kuchlanishi 220 kV gacha boʻlgan elektr qurilmalariga tatbiq etiladi. Qoidalarda “kuchlanishi 220 kV gacha boʻlgan elektr qurilmalari” yoki “kuchlanishi 1000 V gacha boʻlgan elektr qurilmalari” deyilganda kuchlanishi tegishlicha 220 kV va 1000 V boʻlgan elektr qurilmalarini ham tushunish lozim.
Ishlab turgan elektr qurilmalari — bu toʻliq yoki qisman kuchlanish ostida boʻlgan yoki istalgan vaqtda kommutatsion apparatura ulanishi bilan yoki elektromagnit induksiya hisobiga kuchlanish berilishi mumkin boʻlgan qurilmalar yoki ularning uchastkalari tushuniladi.
6. Elektr xavfsizligi shartlari boʻyicha elektr qurilmalari kuchlanishi 1000 V gacha boʻlgan elektr qurilmalariga va kuchlanishi 1000 V dan yuqori boʻlgan elektr qurilmalariga boʻlinadi.
7. Ushbu Qoidalarda koʻzda tutilmagan, alohida ishlab chiqarish shartlariga yoki maxsus elektr qurilmalariga ega boʻlgan isteʼmolchilarning elektr qurilmalarini texnik ekspluatatsiya qilish, sohada ishlab chiqilgan va tasdiqlangan qoidalar boʻyicha amalga oshirilishi mumkin.
Soha qoidalari, ushbu Qoidalar va Isteʼmolchilar elektr qurilmalarini ekspluatatsiya qilishda xavfsizlik texnikasi qoidalari (keyingi oʻrinlarda — XTQ) talablariga qarshi boʻlmasligi va ularni zaiflashtirmasligi shart.
8. Isteʼmolchilarning kuchlanishi 220 kV dan yuqori boʻlgan elektr stansiyalari, blok stansiyalari elektr qurilmalariga va boshqa elektr qurilmalariga Oʻzbekiston Respublikasi elektr stansiyalari va tarmoqlarini texnik ekspluatatsiya qilish qoidalariga (keyingi oʻrinlarda — Oʻzbekiston Respublikasi elektr stansiyalari va tarmoqlarini TEQQ) muvofiq ekspluatatsiya qilinadi.
2-§. Xodimlarning vazifalari, qoidalarning bajarilishi uchun javobgarlik va nazorat
9. Qoidalarning maqsadi isteʼmolchilar elektr qurilmalari va elektr tarmoqlarini ishonchli, xavfsiz va samarali ekspluatatsiya qilishni taʼminlash hamda ularni ishga yaroqli holatda saqlab turishdan iborat.
10. Ishlab turgan elektr qurilmalariga xizmat koʻrsatish, ularda tezkor almashlab ulashlarni oʻtkazish, taʼmirlash, montaj yoki sozlash ishlarini va sinashlarni tashkil etish va bajarish maxsus tayyorlangan elektrotexnik xodimlar tomonidan amalga oshiriladi. Korxonaning mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, elektrotexnik xodimlari energetika xizmati tarkibida boʻlishlari shart.
Korxonada energetika xizmati boʻlmagan taqdirda, isteʼmolchilarning elektr qurilmalariga xizmat koʻrsatishni shartnoma boʻyicha ixtisoslashtirilgan tashkilot yoki boshqa korxonaning (shu jumladan, tadbirkorlar subyektlarining) elektrotexnik xodimlari amalga oshirishi mumkin.
11. Elektrotexnik xodim oʻz korxonasining texnologik xususiyatlarini aniq tasavvur qilishi, mehnat va ishlab chiqarish intizomiga qatʼiy rioya qilishi va barcha choralar bilan ularni mustahkamlashi kerak hamda mazkur Qoidalar, XTQ, yoʻriqnomalar va boshqa normativ hujjatlar talablarini bilishi va ularga rioya etishi shart.
12. Mazkur Qoidalar, XTQ va YOXQ ni buzishda aybdor shaxslar oʻz harakatlari yoki harakatsizligining xususiyatiga va ulardan kelib chiqadigan oqibatlarga qarab, Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonunlariga muvofiq javobgarlikka tortiladi.
13. Ushbu Qoidalarning bajarilishini taʼminlash uchun har bir korxonada korxona rahbari yoki egasining buyrugʻi bilan energetika xizmatining MTX orasidan korxona elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlari umumiy holatiga javob beruvchi shaxs (keyingi oʻrinlarda — elektr xoʻjaligiga javobgar shaxs) tayinlanishi shart.
Elektr xoʻjaligiga javobgar shaxs tayinlanishi haqidagi buyruq, qoidalar va yoʻriqnomalar boʻyicha u bilimlar sinovidan oʻtganidan va unga elektr xavfsizligi boʻyicha tegishlicha: 1000 V dan yuqori kuchlanishli elektr qurilmalarida — V guruh, 1000 V gacha kuchlanishli elektr qurilmalarida — IV guruh berilganidan soʻng chiqariladi.
Korxonada bosh energetik lavozimi boʻlsa, unga ushbu korxona elektr xoʻjaligiga javobgar shaxsning majburiyatlari yuklanadi. Elektr xoʻjaligiga javobgar shaxsning majburiyatlarini oʻrindoshlik asosida bajarishga ruxsat beriladi.
Korxonalarda ular tomonidan oʻz faoliyatida kuchlanishi 400 V va 400 V gacha boʻlgan, aholiga sotish uchun chakana savdo tarmogʻiga chiqariladigan hamda tegishli sifat sertifikatiga ega boʻlgan yoritish qurilmalari, elektr asboblari va elektr mashinalaridan foydalanilganda, elektr xoʻjaligiga javobgar shaxsni tayinlash yoki ishga yollash imkoniyati boʻlmaganda, elektr xoʻjaligiga javobgarlik korxona rahbariga yoki egasiga yuklatilishi mumkin.
Bu holda korxona rahbari yoki egasi bilimlar sinovidan oʻtmaydi va unga elektr xavfsizligi boʻyicha tegishli guruh berilmaydi. Bunda rahbar yoki egasi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi (keyingi oʻrinlarda — Oʻzenergoinspeksiya) hududiy boʻlinmalarida elektr xavfsizligi va elektr uskunalarga xavfsiz xizmat koʻrsatish boʻyicha yoʻriqdan oʻtishi kerak. Ushbu holat “Oʻzenergoinspeksiya”ning 400 V gacha kuchlanishli elektr uskunalari mavjud boʻlgan individual isteʼmolchilarni roʻyxatga olish jurnalida va egasining ariza-majburiyatida rasmiylashtirilishi shart.
400 V gacha kuchlanishli yongʻin va portlash xavfi yuqori boʻlgan xonalarda va qurilmalarda (avtoyoqilgʻi va gazyoqilgʻi quyish stansiyalari va boshqalar) elektr uskunalarni ekspluatatsiya qiluvchi korxonalarda, elektr xoʻjaligiga javobgar shaxslar elektr xavfsizligi boʻyicha tegishli guruhga ega boʻlishi hamda bilimlar sinovini roʻyxatga olish jurnalida rasmiylashtirilishi shart.
Elektr xoʻjaligiga javobgar shaxs uzoq muddat (dam olishda, kasal boʻlsa, xizmat safarida) boʻlmasa, uning majburiyatlarini bajarish korxona boʻyicha buyruq bilan uning oʻrinbosariga (agar bu shtat jadvalida koʻzda tutilgan boʻlsa) yoki mazkur Qoidalarning 34-bandi “a” kichik bandiga muvofiq malaka komissiyasida bilim sinovidan oʻtgan energetika xizmatining MTX orasidan boshqa shaxsga yuklanadi.
Ushbu Qoidalarning talablariga mos elektrotexnik xodimlar boʻlmagan taqdirda, isteʼmolchilarning elektr qurilmalarini ekspluatatsiya qilish man etiladi.
Korxonada ushbu Qoidalarning talablariga mos elektr xoʻjaligiga javobgar shaxs va elektrotexnik xodimlarning mavjudligi uchun korxonaning rahbari (egasi) javobgar boʻladi. Korxona rahbari, shuningdek, mazkur Qoidalar, oʻrnatilgan tartibda tasdiqlangan Elektr energiyasidan foydalanish qoidalari (keyingi oʻrinlarda — EEFQ), isteʼmolchilar elektr qurilmalarini ekspluatatsiya qilishda XTQ va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarning talablari bajarilishi uchun zarur boʻlgan barcha tadbirlarning moddiy taʼminlanishi uchun javobgar boʻladi.
14. Korxona elektr xoʻjaligiga javobgar shaxs quyidagilarni taʼminlashi shart:
elektr qurilmalarining ishonchli, tejamli va xavfsiz ishlashini;
elektr energiyasini tejash boʻyicha chora-tadbirlar ishlab chiqilishi va bajarilishini hamda elektr qurilmalarning xavfsiz ishlashini;
elektr va elektrotexnologik uskunalar va tarmoqlarni, himoya vositalari va yongʻinga qarshi anjomlarning ishga yaroqli holatda saqlanishini, ularning ushbu Qoidalar, isteʼmolchilar elektr qurilmalarini ekspluatatsiya qilishda XTQ, EEFQ va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar talablariga mos ravishda ekspluatatsiya qilinishini;
energetika uskunalarida profilaktik va taʼmirlash ishlari oʻz vaqtida va sifatli oʻtkazilishi tashkil etilishini;
elektrotexnik xodimlar oʻqitilishini, XTQ va TEQQ, lavozim va ishlab chiqarish yoʻriqnomalari boʻyicha bilimlar sinovidan oʻtishlarini;
foydalanilayotgan energiyaning hisobga olinishi yuritilishini;
atrof-muhitga salbiy taʼsir koʻrsatuvchi texnologiyalar va ish usullari ishlatilishining oldi olinishini;
reaktiv quvvat kompensatsiyasi, mahsulot birligini ishlab chiqarish uchun energiya sarfi meʼyorini kamaytirish boʻyicha chora-tadbirlar ishlab chiqilishini va amalga oshirilishini;
elektr uskunalari ishlashida buzilishlar, baxtsiz hodisalar hisobga olinishini va tahlil qilinishini hamda ularning yuzaga kelishi sabablarini bartaraf etish choralari qabul qilinishini;
isteʼmol shartnomasiga muvofiq rejimga rioya etilishini, energetika tizimi yuklamasi maksimal soatlarida dispetcherlik xizmati talablari boʻyicha isteʼmol quvvatining kamaytirilishini;
elektrotexnik xodimlar uchun lavozim va ishlab chiqarish yoʻriqnomalari ishlab chiqilishini.
15. Elektr xoʻjaligiga javobgar shaxsning taklifiga koʻra, korxona rahbari tarkibiy boʻlinmalarining elektr xoʻjaliklariga javobgar shaxslarni tayinlashi mumkin.
Agar bunday shaxslar tayinlanmagan boʻlsa, tarkibiy boʻlinmalar elektr xoʻjaligi uchun javobgarlikni, ularning hududiy joylashuvidan qatʼi nazar, bosh korxona elektr xoʻjaligi uchun javobgar shaxs olib boradi.
Tarkibiy boʻlinmalar elektr xoʻjaligi uchun javobgarlar va korxona elektr xoʻjaligiga javobgar shaxs oʻrtasidagi oʻzaro aloqa va majburiyatlarning taqsimlanishi ularning lavozim yoʻriqnomalarida aks ettirilishi shart.
16. Agar korxona rahbari elektr taʼminoti shartnomasini bevosita energiya bilan taʼminlovchi tashkilot bilan tuzmagan boʻlsa, ijaraga berilgan elektr uskunalarini ekspluatatsiya qilish uchun javobgarlikning taqsimlanishi ijaraga beruvchi va ijaraga oluvchi oʻrtasidagi ijara shartnomasida aks ettirilishi shart.
17. Korxona elektr xoʻjaligiga javobgar shaxs:
ishlab chiqaruvchi zavodlarga — butlanmagan, sifatsiz yoki buyurtma xususiyatiga, davlat standartlariga va texnik shartlarga mos boʻlmagan uskunalar keltirilganda;
montaj qiluvchi tashkilotlarga — elektr montaj ishlari texnologiyasi buzilganda, sifatsiz montaj qilinganda, loyiha hujjatlaridan chetga chiqilganda va montaj jarayonida uskunalar shikastlanganda;
elektr taʼminoti tashkilotiga — elektr energiyasining sifatsiz parametrlarida va korxona elektr taʼminoti buzilishlarida oʻz vaqtida daʼvo (reklamatsiya) berishi shart.
18. Ushbu Qoidalarning buzilishlarini payqagan, shuningdek, elektr qurilmalari yoki himoya vositalarining ishga yaroqsizligini sezgan har bir xodim, zudlik bilan bevosita oʻzining rahbariga, u boʻlmaganda esa — yuqori turuvchi rahbarga bu haqda xabar berishi shart.
Elektr qurilmadagi nosozlik atrofdagi kishilarga yoki qurilmaning oʻziga aniq xavf tugʻdirgan hollarda, uni payqagan xodimning oʻzi bartaraf qila olsa, buni zudlik bilan amalga oshirishi, shundan keyin bevosita boshliqni xabardor qilishi kerak. Nosozlikni bartaraf qilish xavfsizlik qoidalariga qatʼiy rioya qilgan holda amalga oshiriladi.
19. Elektr qurilmasining ishidagi har bir buzilish ishlab chiqaruvchi zavodning yoʻriqnomalariga koʻra tekshirilishi va hisobga olinishi shart.
Tekshirish materiallari asosida elektr qurilmalarining ishida shunga oʻxshash buzilishlarning oldini olish boʻyicha avariyaga qarshi chora-tadbirlar ishlab chiqilishi kerak.
Elektr qurilmalari ishidagi buzilishlar uchun quyidagilar shaxsan javobgardir:
bevosita elektr qurilmaga xizmat koʻrsatuvchi tezkor xodimlar − ularning aybi bilan yuz bergan buzilishlar uchun, shuningdek, ular tomonidan xizmat koʻrsatish uchastkasida elektr qurilmaning ishidagi buzilishlar notoʻgʻri bartaraf etilganligi uchun;
uskunani taʼmirlayotgan taʼmirlovchi va tezkor taʼmirlovchi xodimlar — taʼmirlash sifati pastligi tufayli kelib chiqqan ishdagi buzilishlar uchun;
korxonaning, tarkibiy boʻlinmalarning bosh muhandislari va energetiklari, elektr sexi boshliqlari va energetika xizmatining boshqa MTX — ularning aybi bilan elektr qurilmalarni ishlashida yuz bergan buzilishlar uchun, texnologik xizmatlar rahbarlari va mutaxassislari, elektrotexnologik uskunalarni ekspluatatsiya qilishdagi buzilishlar uchun, shuningdek, oʻz vaqtida va qoniqarli texnik xizmat koʻrsatish hamda avariyaga qarshi chora-tadbirlarning bajarilishi taʼminlamagani uchun.
20. Har bir baxtsiz hodisa, shuningdek, XTQ buzilishining boshqa holatlari oʻrnatilgan tartibda sinchiklab tekshirilishi, ularning paydo boʻlish sabablari, javobgar shaxslar aniqlanishi va bunday holatlarning oldini olish uchun choralar koʻrilishi shart.
21. Elektr tokidan shikastlanishdan yuzaga kelgan baxtsiz hodisalar uchun bevosita qoidalarni buzgan xizmat koʻrsatuvchi shaxslar va baxtsiz hodisalar yuzaga kelishi holatini istisno etuvchi tashkiliy-texnik tadbirlar bajarilishini taʼminlamagan maʼmuriy-texnik xodimlar masʼuldir.
22. Mazkur Qoidalar talablariga rioya etilishi uchun davlat energetika nazorati “Oʻzenergoinspeksiya” va uning hududiy boʻlinmalari tomonidan oʻrnatilgan tartibda amalga oshiriladi.
Korxonalarda mazkur Qoidalar talablariga rioya etilishini tekshirish va nazoratni, “Oʻzenergoinspeksiya” va uning hududiy boʻlinmalaridan tashqari, korxonaning xavfsizlik texnikasi boʻlimlari va yuqori turuvchi tashkilotlar amalga oshiradilar.
3-§ . Xodimlarga qoʻyiladigan talablar
23. Elektr qurilmalarini ekspluatatsiya qilish maxsus tayyorlangan elektrotexnik xodimlar tomonidan amalga oshirilishii kerak.
Korxonaning elektrotexnik xodimlari quyidagilarga boʻlinadi:
elektr uskunalarida tezkor almashlab ulashlarni, taʼmirlash, montaj va sozlash ishlarini tashkil qiluvchi va bu ishlarda bevosita ishtirok etuvchi, tezkor, taʼmirlash yoki tezkor-taʼmirlovchi xodimlar huquqlariga ega boʻlgan maʼmuriy-texnik xodimlarga;
tezkor boshqarishni va tezkor almashlab ulashlarni amalga oshirish ruxsat etilgan xodimlar toifasiga va ushbu ishlovchilarni bevosita boshqarish uchun tayinlangan shaxslarga taalluqli tezkor xodimlarga (agar boʻlinishi talab etilmasa, keyinchalik tezkor va tezkor-taʼmirlovchi xodimlar tezkor xodimlar deb ataladi);
elektr uskunalarini taʼmirlash, rekonstruksiya va montaj qilish boʻyicha barcha ishlarni bajaruvchi taʼmirlovchi xodimlarga. Ushbu toifaga, shuningdek, majburiyatiga sinashlarni, oʻlchashlarni amalga oshirish, elektr apparatlarni sozlash va rostlash hamda boshqa ishlar kiradigan ixtisoslashtirilgan xizmat (masalan, sinash laboratoriyalari, avtomatika va nazorat-oʻlchash asboblari xizmati va boshqalar) xodimlari ham kiradi;
tasdiqlangan hajmda oʻziga biriktirilgan elektr qurilmalarida tezkor ishlarni bajarish uchun maxsus oʻqitilgan va tayyorlangan, taʼmirlovchi xodimlar toifasidan boʻlgan tezkor-taʼmirlovchi xodimlarga.
Korxonaning energetika xizmati tarkibiga kirmagan, ishlab chiqarish sexlari va uchastkalarining elektr texnologik qurilmalari ekspluatatsiya qilinishini amalga oshiradigan va elektr xavfsizligi boʻyicha II va undan yuqori guruhga ega boʻlgan elektr texnologik xodimlar oʻzlarining huquqlari va majburiyatlari boʻyicha elektrotexnik xodimlarga tenglashtiriladi hamda texnik jixatdan korxonaning energetika xizmatiga boʻysunadilar.
24. Elektr xavfsizligi boʻyicha II — V guruhga ega boʻlgan elektrotexnik xodimlarga quyidagi talablar qoʻyiladi:
18 yoshga toʻlmagan shaxslarga elektr qurilmalarida mustaqil ishlashga ruxsat etilmaydi;
elektrotexnik xodimlardan boʻlgan shaxslar ishlab chiqarishga halaqit beradigan (doimiy shakldagi) kasallikka va mayiblikka ega boʻlmasligi shart;
elektrotexnik xodimlar tegishli nazariy va amaliy tayyorgarlikdan keyin bilimlar tekshiruvidan oʻtishlari hamda elektr qurilmalarida ishlash uchun ruxsat beruvchi guvohnomaga ega boʻlishlari shart.
25. Universitet, institut, kollej, litseyning 18 yoshga toʻlmagan ish oʻrganuvchilarini amalda ishlab turgan elektr qurilmalarida boʻlishlariga 1000 V gacha kuchlanishli qurilmalarda elektr xavfsizligi boʻyicha III guruhdan kam boʻlmagan va 1000 V dan yuqori kuchlanishli qurilmalarda — IV guruhdan kam boʻlmagan elektrotexnik xodimning doimiy nazorati ostida ruxsat etiladi.
18 yoshga toʻlmagan ish oʻrganuvchilarni mustaqil ishlashga qoʻyish va ularga elektr xavfsizligi boʻyicha III va undan yuqori guruhni berish man etiladi.
26. Ishlab turgan elektr qurilmalariga xizmat koʻrsatuvchi elektrotexnik xodimlarning sogʻlomlik holati ishga qabul qilinayotganda tibbiy tekshiruv bilan aniqlanadi va keyinchalik sogʻliqni saqlash organlari tomonidan belgilagan muddatlarda davriy tekshirilib turiladi.
27. Elektrotexnik xodimlar mustaqil ishga tayinlangunga qadar yoki elektr qurilmalarini ekspluatatsiya qilish bilan bogʻliq boʻlgan boshqa ishga (lavozimga) oʻtganda, shuningdek, ushbu lavozimda 1 yildan ortiq mehnat faoliyatini olib bormaganda, ish joyida ishlab chiqarishni oʻrganishi shart.
Ishlab chiqarishni oʻrganish uchun xizmatchiga uskunalar, apparatura, tezkor sxemalar bilan tanishish bilan bir vaqtda, ushbu lavozim uchun zarur hajmda:
mazkur Qoidalarni, isteʼmolchilar elektr qurilmalarini ekspluatatsiya qilishda XTQ, EQTQ, EEFQ;
lavozim va ishlab chiqarish yoʻriqnomalarini;
mehnatni muhofaza qilish boʻyicha yoʻriqnomalarni;
ushbu korxonada amal qiluvchi boshqa qoidalar, meʼyoriy va ekspluatatsiya hujjatlarini oʻrganishga yetarli boʻlgan muddat berilishi kerak.
28. Ishlab chiqarishni oʻrganish dasturini qoidalar va yoʻriqnomalarning zarur boʻlimlarini koʻrsatgan holda ishlab chiqarish boʻlinmasining javobgar shaxsi tuzadi va korxona elektr xoʻjaligiga javobgar shaxs yoki bosh muhandis tasdiqlaydi.
Oʻrganayotgan xodim oʻrganishi mobaynida korxona (MTX uchun) yoki boʻlinma (ishchilar uchun) farmoyishi bilan elektrotexnik xodimlar orasidan tajribali xizmatchiga biriktiriladi.
29. Oʻrganayotgan xodim tezkor almashlab ulashlarni, koʻrib chiqish yoki elektr uskunasidagi boshqa ishlarni faqatgina oʻrgatayotgan xodimning ruxsati asosida uning nazorati ostida amalga oshirishi mumkin.
Oʻrganayotgan xodimning harakatlari toʻgʻriligiga va ushbu Qoidalarga, shuningdek, xavfsizlik texnikasi Qoidalariga rioya qilinishiga oʻrganayotgan xodimning oʻzi va oʻrgatayotgan xodim javobgar boʻladi.
30. Ishlab chiqarishni oʻrganish tugaganidan soʻng oʻrganayotgan xodim 28-bandda koʻzda tutilgan hajmda malaka komissiyasida bilimlar tekshiruvidan oʻtishi shart. Unga XTQga koʻra tegishli elektr xavfsizlik guruhi (II — V) berilishi kerak.
Boshqa korxonaga ishga oʻtganda, oʻrindoshlik boʻyicha ishlashda yoki bir korxona doirasida boshqa ishga (lavozimga) oʻtganda yoki ishda 1 yildan ortiq tanaffus boʻlganda, bilimlar tekshiruvidan muvaffaqiyatli oʻtgan elektrotexnik xodimlardan boʻlgan shaxsga komissiya qarori bilan elektr xavfsizligi boʻyicha boshqa ishga (lavozimga) oʻtgunga qadar oʻrindoshlik yoki ishdagi tanaffusgacha boʻlgan elektr xavfsizlik guruhi tasdiqlanishi mumkin.
31. Tezkor va tezkor-taʼmirlovchi xodimlardan boʻlgan har bir xizmatchi, shuningdek, yuqori kuchlanishli sinovlarni oʻtkazuvchi sinov laboratoriyalari xodimlari bilimlar tekshiruvidan oʻtganidan keyin kamida ikki hafta mobaynida tajribali xizmatchi rahbarligida ish joyida dublyorlikdan oʻtishi kerak. Shundan soʻng u mustaqil tezkor ishlarni bajarishga, yuqori kuchlanish ostida sinashlarni oʻtkazishga qoʻyilishi mumkin.
Stajirovkaga va mustaqil ishlashga ijozat, MTX uchun korxona boʻyicha ishchilar uchun esa sex boʻyicha farmoyish bilan rasmiylashtiriladi.
Taʼmirlovchi xodimlar uchun dublyorlik qilish talab qilinmaydi.
32. Davriy bilimlar sinovi quyidagi muddatlarda oʻtkazilishi shart:
ishlab turgan elektr qurilmalariga bevosita xizmat koʻrsatuvchi yoki ularni sozlash, elektr montaj qilish, taʼmirlash ishlarini amalga oshiruvchi yoki profilaktik sinovlarni oʻtkazuvchi elektrotexnik xodimlar uchun, shuningdek, ushbu ishlarni tashkil qiluvchi va farmoyishlarni rasmiylashtiruvchi xodimlar uchun 1 yilda 1-marta;
avvalgi guruhga kirmaydigan elektrotexnik xodimlardan boʻlgan MTXlar, shuningdek, elektr qurilmalarini nazorat qilishga ruxsat berilgan xavfsizlik texnikasi boʻyicha muhandislar uchun 3 yilda 1-marta.
Tekshiruv natijasiga asosan xodimlarning davriy bilimlar sinovi muddati malaka komissiyasi tomonidan qisqartirilishi mumkin.
Agar guvohnomaning amal qilish muddati taʼtilga yoki kasallik vaqtiga toʻgʻri kelsa, bu holda guvohnomaning amal qilish muddatini ishga tushgan kundan boshlab 1 oyga uzaytirishga ruxsat beriladi. Guvohnomani amal qilish muddatini uzaytirish haqidagi qaror maxsus rasmiylashtirilmaydi.
Qonirqarsiz baho olgan xodim guvohnomasining amal qilish muddati, agar bilimlar sinovini qayd etish jurnalida xodimni elektr uskunalarida ishlashdan vaqtincha chetlatilganligi haqida komissiyaning maxsus qarori chiqarilmagan boʻlsa, komissiya tomonidan belgilangan ikkinchi yoki uchinchi sinovga qadar boʻlgan muddatgacha avtomatik tarzda uzaytiriladi.
33. Mazkur Qoidalarni, XTQni yoki ishlab chiqarish yoʻriqnomalarini buzgan shaxslar navbatdan tashqari bilimlar tekshiruvidan oʻtishga jalb etilishlari kerak.
Shuningdek, navbatdan tashqari bilimlar tekshiruvi quyidagi hollarda ham oʻtkaziladi:
bilimlari qoniqarsiz boʻlganda, malaka komissiyasi belgilagan muddatlarda, lekin oxirgi tekshuruv kunidan 2 haftadan oldin va 1 oydan kech boʻlmagan muddatda;
yangi texnologiyalar, elektr qurilmalari va uskunalari joriy etilganda;
ishdagi tanaffus bir yildan ortiq boʻlganda.
boshqa ishga oʻtkazilganda;
mazkur Qoidalarning va XTQning yangi tahriri amalga kiritilganda;
“Oʻzenergoinspeksiya” inspektorining yozma koʻrsatmasi boʻyicha.
Bilimlar sinovida uchinchi marta qoniqarsiz baho olgan xodim boshqa, elektr qurilmalariga xizmat koʻrsatish bilan bogʻliq boʻlmagan ishga oʻtkazilishi shart.
34. Ushbu Qoidalar va XTQ boʻyicha bilimlar sinovi tarkibi kamida 3 kishidan iborat boʻlgan malaka komissiyasi tomonidan oʻtkazilishi shart:
a) korxonaning elektr xoʻjaligiga javobgar shaxs, uning oʻrinbosari va lavozim yoʻriqnomasiga koʻra elektr xoʻjaligini nazorat qiluvchi mehnat muhofazasi va xavfsizlik texnikasi boʻyicha muhandisi uchun bosh muhandis yoki korxona rahbari (komissiya raisi), “Oʻzenergoinspeksiya” inspektori va joylardagi Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi yoki korxonaning kasaba uyushmasi qoʻmitasi vakili tarkibidagi komissiya tomonidan;
b) korxonaning ishlab chiqarish sexlari va boʻlinmalarining elektr xoʻjaligiga javobgar shaxslar, elektr hoʻjaligining tarkibiy boʻlinmalari boshliqlari va boshliq oʻrinbosarlari uchun korxonaning elektr xoʻjaligiga javobgar shaxs yoki uning oʻrinbosari (rais), mazkur Qoidalarning ushbu bandi “a” kichik bandiga muvofiq komissiyada bilim tekshiruvidan oʻtgan mehnat muhofazasi va xavfsizlik texnikasi boʻyicha muhandis (xavfsizlik texnikasi va mehnat muhofazasi boʻlimi vakili), energetika xizmati vakili tarkibidan iborat komissiya tomonidan;
v) qolgan muhandis-texnik xodimlar uchun mazkur Qoidalarning ushbu bandi “b” kichik bandiga muvofiq kimissiyada bilim tekshiruvidan oʻtgan, elektr xavfsizligi boʻyicha V guruhga (yoki 1000 V gacha kuchlanishli elektr qurilmalari uchun IV guruhga) ega komissiya tekshiruvidan oʻtgan shaxs — rais va energetika xizmati, mehnat muhofazasi va xavfsizlik texnikasi boʻlimi yoki kasaba uyushmasi vakilidan iborat komissiya tomonidan;
g) qolgan elektrotexnik xodimlar uchun tarkibi korxonaning elektr xoʻjaligiga javobgar shaxs tomonidan belgilangan va tasdiqlangan bir necha komissiyalar tuzilishi mumkin;
d) korxona elektr xoʻjaligiga javobgar shaxsning bilimlari sinovini “Oʻzenergoinspeksiya” inspektori ishtirokida taʼsischi korxona malaka komissiyasida oʻtkazishga ruxsat etiladi;
e) Oʻzbekiston Respublikasi Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda — Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi) nazoratidagi elektr qurilmalariga xizmat koʻrsatayotgan yoki ularni ekspluatatsiyasini boshqarayotgan rahbarlar va muhandis-texnik xodimlarning bilimlari sinovi Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi vakili ishtirokida oʻtkazilishi shart. Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi vakillari komissiyada ishtirok etishi uchun komissiya faoliyati haqida kamida 5 kun oldin xabardor qilinishi kerak. Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi vakili kelmagan holda, komissiya uning ishtirokisiz faoliyat koʻrsatadi.
Birlamchi bilim sinovidan tashqari barcha turdagi sinovlarda kompyuter texnikasidan foydalanishga ruxsat beriladi; bunda bilimlar sinovi jurnalidagi yozuvlar bekor qilinmaydi.
Yuqorida keltirilganlarda:
navbatdagi tekshiruv vaqti bilimlar oxirgi tekshirilgan sanaga mos ravishda belgilanadi;
“Oʻzenergoinspeksiya” va mehnat muhofazasi va xavfsizlik texnikasi xizmati vakillari “b”, “v” va “g” kichik bandlarda koʻrsatilgan xodimlar bilimi tekshiruvi komissiyalarida oʻz xohishlariga koʻra ishtirok etishlari mumkin;
“b” va “v” kichik bandlardagi komisciya tarkibini korxonaning bosh muhandisi tasdiqlaydi.
35. Qoidalar boʻyicha bilimlar sinovi sinalayotgan xodim ishlayotgan korxona komissiyasida oʻtkazilishi shart. 34-bandning “d” kichik bandida koʻzda tutilgan holatlar bundan mustasno. Biror-bir boshqa komissiyada bilimlar sinovini oʻtkazilishi man etiladi.
36. Har bir xodimning bilimlari sinovi alohida oʻtkaziladi va rasmiylashtiriladi. Bilimlar sinovi natijalari oʻrnatilgan shakldagi jurnalga kiritiladi hamda komissiyaning barcha aʼzolari tomonidan imzolanadi.
Bilimlar sinovidan muvaffaqiyatli oʻtgan xodimga elektr xavfsizligi boʻyicha tegishli guruh (II — V) berilgan holda bilimlar tekshiruvi haqida belgilangan shakldagi guvohnoma beriladi.
Guvohnoma u yoki bu elektr qurilmalariga maʼmuriy texnik xodim sifatida tezkor, taʼmirlovchi yoki tezkor-taʼmirlovchi huquqlari bilan xizmat koʻrsatish, tezkor, taʼmirlovchi yoki tezkor-taʼmirlovchi, shuningdek, elektr xavfsizligi boʻyicha II va undan yuqori guruhga ega elektr-texnolog xodim sifatida xizmat koʻrsatish huquqini beradi.
Agar tekshirilayotgan xodim bir vaqtning oʻzida maxsus ishlarni bajarish huquqini beruvchi bilimlar tekshiruvidan oʻtgan boʻlsa, bu haqda bilimlar sinovi jurnalida va guvohnoma grafasida belgilab qoʻyiladi.
Elektr qurilmalariga javobgar shaxsning bilimlarni sinovdan oʻtkazgan komissiyada elektr xavfsizligi boʻyicha IV guruh hajmida bilimlar sinovidan oʻtgan elektr qurilmalarini nazorat qiluvchi mehnat muhofazasi va xavfsizlik texnikasi boʻyicha muhandisga mazkur korxona elektr qurilmalari ustidan nazorat olib borish huquqini beruvchi guvohnoma beriladi.
Mazkur Qoidalar, XTQ va mehnat muhofazasi hamda xavfsizlik texnikasi yoʻriqnomalari boʻyicha bilimlar tekshiruvidan oʻtmagan xavfsizlik texnikasi boʻyicha muhandisga, elektrotexnik xodimlarga hech qanday koʻrsatmalar berishga ruxsat etilmaydi.
37. Ishga yangi qabul qilingan, qoidalar va yoʻriqnomalar boʻyicha bilimlar sinovidan oʻtmagan yoki muddati oʻtgan bilimlar sinovi guvohnomasiga ega elektrotexnik xodimlar (32-bandda koʻrsatilgan guvohnomaning amal qilish muddatini uzaytirish hollaridan tashqari) elektr xavfsizligi boʻyicha I guruhga ega shaxslarga tenglashtiriladi.
Elektr xavfsizligi boʻyicha I guruh, shuningdek, elektr tokidan shikastlanish xavfi yuzaga kelishi mumkin boʻlgan ishlarni bajarish bilan bogʻliq boʻlgan, elektrotexnik boʻlmagan xodimlarga ham beriladi.
38. Elektrotexnik boʻlmagan xodimlarga elektr xavfsizligi boʻyicha I guruh har yili korxona, sex, uchastka elektr xoʻjaligiga javobgar shaxs yoki uning yozma koʻrsatmasiga binoan III dan past boʻlmagan elektr xavfsizligi guruhiga ega shaxs tomonidan xizmat koʻrsatilayotgan qurilmada xavfsiz ishlash usullari tekshirilgandan keyin beriladi. Elektr havfsizligi boʻyicha I guruh berilishi maxsus jurnalda tekshiruvchi va tekshirilayotgan imzosi bilan rasmiylashtiriladi.
Bunda bilimlar sinovi haqida guvohnoma berilishi talab qilinmaydi.
Ishlash jarayonida I guruh xodimlari har yili bilimlar sinovidan tashqari davriy ravishda yoʻriqdan oʻtadilar.
39. Elektr xavfsizligi boʻyicha I guruhga ega shaxslar, II — V guruhga ega shaxslar oʻtkazayotgan elektrotexnik qurilmalarni taʼmirlash, sozlash va sinash boʻyicha ishlarda, faqat XTQda koʻrsatilgan hollarda ishtirok etishlari mumkin.
40. Elektr xavfsizligi boʻyicha I va undan yuqori guruhga ega elektrotexnologik xodimlar bilimlarining oʻz vaqtida sinalishiga korxonaning uchastka, sex va boshqa tarkibiy qismlari rahbarlari javobgardir.
41. Korxonada elektrotexnik xodimlar bilan ularning malakasini, mazkur Qoidalar, XTQ, EQTQ va mehnatni muhofaza qilish yoʻriqnomalari boʻyicha bilimlarini oshirishga, ilgʻor tajribani va elektr qurilmaga xizmat koʻrsatishning xavfsiz usullarini oʻrganishga, avariya va shikastlanishning oldini olishga qaratilgan muntazam ish olib borilishi shart.
Tashkil etilayotgan texnik oʻqish hajmini, avariyaga qarshi mashgʻulotlarni oʻtkazish zarurligini korxonaning elektr xoʻjaligiga javobgar shaxs aniqlaydi.
4-§. Elektr xoʻjaligini tezkor boshqarish
42. Korxona — elektr energiya isteʼmolchisi elektr xoʻjaligini boshqarish tizimi, butun korxonaning boshqaruv tizimiga birlashgan energoxoʻjaligini boshqarishning tarkibiy qismi hisoblanadi va quyidagilarni taʼminlashi shart:
korxonaning elektr energiyasiga boʻlgan ehtiyojini qondirish uchun uning elektr taʼminoti tizimini tezkor rivojlantirishni;
mehnat samaradorligini oshirish va energotejamkorlik boʻyicha tadbirlarni amalga oshirish yoʻli bilan elektr xoʻjaligining samarali ishlashini;
uskunalarning ishonchli, xavfsiz va avariyasiz ishlashini oshirishni;
texnik qayta qurollanish va elektr xoʻjaligini rekonstruksiya qilish, uskunalarni modernizatsiyalash yoʻli bilan asosiy ishlab chiqarish fondlarini yangilashni;
yangi texnikani, ekspluatatsiya qilish va taʼmirlash texnologiyalarini, ishlab chiqarish va mehnatni tashkil qilishning samarali hamda xavfsiz usullarini joriy qilish va oʻzlashtirishni;
xodimlarning malakasini oshirishni, mehnatning ilgʻor usullarini, iqtisodiy bilimlarni targʻib etishni, ratsionalizatorlik va ixtirochilikni rivojlantirishni;
taʼminlovchi energetika tizimi bilan kelishilgan holda elektr xoʻjaligini, shu jumladan oʻzining elektr energiyasi manbalarini tezkor-dispetcherlik boshqaruvini;
oʻzining elektr qurilmalarining texnik holati va avtonom ishlovchi (blok stansiya hisoblanmaydigan) oʻzining elektr energiyasi manbalarining ekspluatatsiyasini nazorat qilishni;
taʼminlovchi energetika tizimi unga bergan ish rejimlariga korxona tomonidan rioya etilishini nazorat qilishni.
43. Elektr taʼminoti tizimi tarkibida oʻzining elektr energiyasi manbalari, elektr tarmoqlari va elektr energiyasi qabul qilgichlari mavjud boʻlgan korxonalarda ularning ishini, vazifalari quyidagilardan iborat boʻlgan uzluksiz dispetcherlik boshqaruvi tashkil etilishi kerak:
oʻzining elektr stansiyalari va tarmoqlarining elektr taʼminoti uzluksizligini belgilovchi ish rejimlarini ishlab chiqish, taʼminlovchi energetika tizimi bilan kelishish hamda ularni amalga kiritish;
elektr energiyasi sifatiga boʻlgan talablarni bajarish;
isteʼmol rejimlariga rioya qilgan holda elektr taʼminoti tizimining tejamkor ishlashini va energiya resurslaridan oqilona foydalanishni taʼminlash;
elektr energiyasini ishlab chiqarishda, uni energiyaning bir turidan boshqa turiga oʻzgartirishda, uzatishda, taqsimlashda avariyalar hamda boshqa texnologik buzilishlarning oldini olish va bartaraf etish.
Bunday korxonalarda dispetcherlik boshqaruvi, energetika tizimining milliy dispetcherlik xizmati, elektr tarmogʻi korxonalarining dispetcherlik xizmati yoki tuman elektr tarmogʻining tezkor-dispetcherlik xizmati bilan kelishuv boʻyicha amaldagi elektr stansiyalari va tarmoqlarining TEQQ talablariga mos ravishda tashkil qilinishi shart.
Shunday dispetcherlik boshqaruvi xususiy elektr energiyasi manbaiga ega boʻlmagan, lekin oʻzining elektr taʼminoti tizimida mustaqil elektr tarmogʻi korxonalari mavjud boʻlgan korxonalarda ham tashkil etilishi kerak.
44. Dispetcherlik boshqaruvi iyerarxik tuzilish boʻyicha tashkil qilinishi kerak. Bunda tezkor nazorat va boshqaruv funksiyalarining bosqichlar oʻrtasida taqsimlanishi, shuningdek, boshqaruvning quyi bosqichdagilarini yuqoridagilarga boʻysunuvi koʻzda tutilishi kerak.
Korxonalar — elektr energiyasi isteʼmolchilarining elektr taʼminoti sxemasiga qarab ular uchun dispetcherlik boshqaruvning yuqori bosqichi boʻlib, taʼminlovchi energetika tizimining dispetcher xizmatlari (energetika tizimining milliy dispetcher xizmati, elektr tarmoqlari korxonalarining dispetcherlik xizmati yoki tuman elektr tarmogʻining tezkor-dispetcherlik guruhi) korxonaning dispetcher xizmati hisoblanadi.
Dispetcherlik boshqaruvi vazifalarini hal etish uchun isteʼmolchi taʼminlovchi energetika tizimning dispetcherlik punktlari bilan zarur aloqa va telemexanika vositalariga ega boʻlishi shart.
45. Har bir dispetcher bosqichi uchun uskunalar va inshootlar boshqaruvining ikki toifasi — tezkor boshqaruv va tezkor yurituv belgilangan boʻlishi shart.
46. Navbatchi dispetcherning tezkor boshqaruvida ular yordamida bajariladigan operatsiyalar boʻysinuvidagi tezkor xodimning harakatini muvofiqlashtirishni, bir nechta obyektlarda rejimlarni kelishib oʻzgartirishni talab qiladigan uskuna, elektr uzatish tarmoqlari, tok oʻtkazgichlar, releli himoya qurilmalari, avariyaga qarshi va rejim avtomatikasi tizimining apparaturasi, dispetcherlik va texnologik boshqaruv vositalari boʻlishi kerak.
Koʻrsatilgan uskunalar va qurilmalarda operatsiyalar navbatchi dispetcher rahbarligida oʻtkazilishi shart.
47. Navbatchi dispetcher tezkor yurituvida turli energetika obyektlarining xodimlari harakatlarini muvofiqlashtirish talab etilmaydigan, lekin ularning holati va rejimi elektr tarmogʻining rejimiga va ishonchliligiga, shuningdek, avariyaga qarshi avtomatika qurilmalarini sozlashga taʼsir koʻrsatadigan uskunalar, elektr uzatish tarmoqlari, tok oʻtkazgichlar, releli himoya qurilmalari, avariyaga qarshi va rejim avtomatikasi tizimlarining apparaturasi, dispetcherlik va texnologik boshqaruv vositalari boʻlishi kerak.
Koʻrsatilgan uskunalar va qurilmalarda operatsiyalar navbatchi dispetcher ruxsati bilan amalga oshirilishi shart.
48. Korxona elektr taʼminoti tizimining barcha elektr uzatish tarmoqlari, tok oʻtkazgichlari, uskunalari va qurilmalari dispetcherlik boshqaruvi bosqichlari boʻyicha taqsimlanishi shart.
Korxona navbatchi dispetcherining tezkor boshqaruvidagi yoki tezkor yurituvidagi elektr uzatish tarmoqlari, tok oʻtkazgichlar, uskunalar va qurilmalar roʻyxati taʼminlovchi energetika tizimining tezkor-dispetcherlik boshqaruv boʻyicha qarorlarini hisobga olgan holda tuzilishi, u bilan kelishilgan boʻlishi va korxonaning texnik rahbari (bosh muhandisi) tomonidan tasdiqlangan boʻlishi kerak.
49. Dispetcherlik boshqaruvining turli bosqichlaridagi xodimlarning oʻzaro munosabatlari oʻrnatilgan tartibda kelishilgan va tasdiqlangan tegishli nizomlarda hamda yoʻriqnomalarda tartibga solingan boʻlishi shart.
50. Elektr xoʻjaligini tezkor boshqaruv tizimiga ega har bir korxona vazifalari quyidagilardan iborat boʻlgan boʻlishi shart:
talab qilingan, shu jumladan energetika tizimi tomonidan berilgan ish rejimlarini yuritish;
elektr qurilmalarida almashlab ulashlarni amalga oshirish;
avariyali buzilishlarni bartaraf etish va elektr energiyasi isteʼmolining talab etilayotgan rejimini tiklash;
elektr qurilmalarida taʼmirlash ishlarini bajarishga tayyorlash.
51. Tezkor boshqaruvning tashkiliy tuzilishi va shakli korxona rahbariyati tomonidan energetika xizmati haqidagi nizomga muvofiq xizmat koʻrsatishning hajmidan, uskunalarning murakkabligidan va ishning necha smenaligidan kelib chiqqan holda belgilanadi.
52. Elektr xoʻjaligini tezkor boshqarish boshqaruv panelidan (punktidan), dispetcherlik boshqaruv punktidan yoki ushbu maqsad uchun moslangan boshqa elektrotexnik xonadan amalga oshiriladi.
Tezkor boshqaruv punktlari zarur aloqa vositalari bilan jihozlanadi.
53. Tezkor boshqaruv panellarida (punktlarida) va shu maqsadda moslangan boshqa xonalarda quyidagilar boʻlishi shart:
korxonaning elektr taʼminoti sxemalari;
tezkor hujjatlar (tezkor jurnal, naryadlar, almashlab ulash blankalari va boshqalar);
tezkor ishni yuritish uchun roʻyxatlar va yoʻriqnomalar;
yongʻin oʻchirishning birlamchi vositalari va yongʻin haqida avtomatik ravishda xabar berish qurilmalari;
elektr xonalari, kuch panellari, shkaflar va boshqalarning kalitlari uchun qulflanadigan quti, shuningdek, qoidalarda koʻzda tutilgan boshqa vositalar va hujjatlar.
54. Tezkor xizmat koʻrsatish quyidagilardan iborat:
barcha elektr uskunalarning holatlari va ish rejimlarini doimiy nazorat qilish;
uskunalarni davriy koʻrikdan oʻtkazish;
uskunalardagi elektr qurilmalarida rejada koʻzda tutilmagan, hajmi katta boʻlmagan ishlarni (joriy ekspluatatsiya qilish tartibida bajariladigan ishlar roʻyxatiga binoan) bajarish;
tezkor almashlab ulashlarni amalga oshirish;
taʼmirlash brigadalari uchun sxemalar va ish joylarini tayyorlash, ularning ishlashiga ijozat berish, ish paytida ularni nazorat qilish hamda barcha ishlar tugagandan soʻng sxemani tiklash.
55. Boshqaruv panellarida, shu jumladan telemexanizatsiyalashgan panellarda amaldagi mnemonik sxemalar yoʻq boʻlsa, barcha apparatlarning haqiqiy holati va yerga ulagichlarning qoʻyilgan joyi, koʻchma yerga ulagichlarning tartib raqami koʻrsatilgan holda, elektr birikmalarning tezkor sxemasi yoki sxema-maketi boʻlishi shart.
Elektr qurilmalarida oʻtkazilayotgan ulanish sxemalarining barcha oʻzgarishlari, shuningdek, yerga ulagichlar qoʻyiladigan joylar operatsiyalar oʻtkazilgandan keyin sxemada aks ettirilishi shart.
56. Biron-bir ishni bajarish uchun elektrotexnik boʻlmagan xodimning ogʻzaki buyurtmasi boʻyicha oʻchirilgan elektr uskunalari, faqat oʻchirishga buyurtma bergan shaxsning yoki uning oʻrnidagi xizmatchining talabi boʻyicha ulanadi.
Elektrotexnik boʻlmagan xodim buyurtmasi boʻyicha vaqtincha oʻchirilgan elektr uskunani ishga tushirishdan avval tezkor xodim uskunani koʻzdan kechirishi, uni kuchlanish ostiga qoʻyishga tayyor ekanligiga ishonch hosil qilishi va unda ishlayotgan xodimlarni uskuna ishga tushirilayotganligi haqida ogohlantirishi majburiydir.
Elektr uskunani oʻchirishga buyurtmani rasmiylashtirish tartibi elektr xoʻjaligiga javobgar shaxs tomonidan tasdiqlangan boʻlishi shart.
57. Har bir elektr qurilma uchun uskunaning normal ish rejimlaridagi barcha kuchlanishlar uchun korxonaning, uchastkaning, sexning elektr xoʻjaligiga javobgar shaxs tomonidan tasdiqlangan bir chiziqli elektr ulanish sxemalari tuzilgan boʻlishi shart.
58. Har bir dispetcherlik punktida, korxona elektr taʼminoti tizimining boshqaruv panelida va doimiy navbatchi xodim mavjud boʻlgan obyektda, yuqori turgan tezkor-dispetcherlik boshqaruvi organining namunaviy yoʻriqnomalariga muvofiq tuzilgan, avariyaviy holatlarning oldini olish hamda bartaraf etish boʻyicha mahalliy yoʻriqnomalar boʻlishi shart.
59. Avariyaviy buzilishlarni bartaraf qilishda tezkor-dispetcherlik boshqaruvining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
buzilishlar rivojlanishining oldini olish, xodimlarning elektr tokidan shikastlanishiga va avariya taʼsir qilmagan uskunalarning buzilishiga yoʻl qoʻymaslik;
isteʼmolchilar elektr taʼminotini va elektr energiyasining normal parametrlarini zudlik bilan tiklash;
korxona va uning alohida boʻlinmalarini elektr taʼminoti tizimining avariyadan keyingi eng ishonchli sxemasini yaratish;
oʻzi oʻchgan va oʻchirilgan uskunalar holatini aniqlash va imkon boricha ularni ishga tushirish.
60. Podstansiyalar, panellar, yigʻmalar va taqsimlovchi qurilmalarning (keyingi oʻrinlarda — TQ) elektr sxemalarida almashlab ulashlar ushbu uskunalar boshqaruvida yoki yurituvida boʻlgan yuqori turuvchi tezkor xodimning farmoyishi bilan yoki xabardorligida, korxonada qabul qilingan tartib boʻyicha ogʻzaki yoki telefon orqali berilgan farmoyish boʻyicha tezkor jurnalga yozish orqali amalga oshiriladi.
Almashlab ulashlarni bevosita elektr qurilmaga xizmat koʻrsatuvchi tezkor xodim amalga oshirishi kerak.
Almashlab ulashlar haqidagi farmoyishda ularning ketma-ketligi koʻrsatilishi shart. Farmoyish — faqat u berilgan shaxs tomonidan ijro etilganligi toʻgʻrisidagi xabar olinganidan keyin bajarilgan deb hisoblanadi.
Kechiktirib boʻlmaydigan holatlarda (baxtsiz hodisa, tabiiy ofat, shuningdek. avariyani bartaraf qilishda) mahalliy yoʻriqnomalarga koʻra almashlab ulashlarni yuqori turuvchi tezkor xodimning farmoyishisiz yoki xabardorligisiz, keyinchalik unga xabar berish va tezkor jurnalga yozish orqali bajarishga ruxsat beriladi.
Tezkor almashlab ulashlarni amalga oshirish huquqiga ega boʻlgan shaxslarning roʻyxatini elektr xoʻjaligiga javobgar shaxs tasdiqlaydi.
Tezkor muloqotlar olib borish huquqiga ega boʻlgan shaxslarning roʻyxati energiya bilan taʼminlovchi tashkilotga taqdim etiladi.
61. Almashlab ulashni amalga oshirishga farmoyish berayotgan shaxs, tezkor sxema boʻyicha koʻzda tutilayotgan operatsiyalar ketma-ketligi toʻgʻriligini oldindan tekshirib koʻrishi shart. Farmoyish beruvchi faqat bajaruvchi shaxsdan bevosita yoki telefon orqali farmoyish ijro etilgani haqida xabar olganidan keyin uni bajarilgan deb hisoblashi mumkin.
62. Kuchlanishi 1000 V dan yuqori boʻlgan elektr qurilmalarida almashlab ulash quyidagicha oʻtkaziladi:
oddiy almashlab ulashlar, almashlab ulash jarayonida ajratgichlar va yerga ulovchi pichoqlar bilan notoʻgʻri operatsiyalarga yoʻl qoʻymaydigan ishlab turgan blokirovka qurilmalari mavjud boʻlgan barcha almashlab ulashlar, blanklarisiz almashlab ulash;
blokirovka qurilmalari mavjud boʻlmagan yoki ular nosoz boʻlgan, shuningdek, murakkab almashlab ulashlar, almashlab ulash blankasi boʻyicha amalga oshiriladi.
Murakkab almashlab ulashlar roʻyxatini elektr xoʻjaligiga javobgar shaxs tasdiqlaydi.
Avariyalarni bartaraf qilishda almashlab ulashlar blanklarsiz, keyinchalik tezkor jurnalga yozish bilan amalga oshiriladi.
Almashlab ulash blankalari raqamlangan boʻlishi shart. Ishlatilgan blankalar oʻrnatilgan tartibda saqlanadi.
63. Ajratgichlari notoʻgʻri operatsiyalar amalga oshirilishiga yoʻl quymaydigan ishchi holatdagi blokirovkalari boʻlgan 1000 V dan yuqori kuchlanishli bitta birikmada bajariladigan, shuningdek, kuchlanishi 1000 V gacha boʻlgan panel va yigʻmalardagi barcha operatsiyalarning tezkor xodim tomonidan yakka oʻzi, almashlab ulash blankalarini toʻldirmasdan, lekin tezkor jurnalga yozish sharti bilan amalga oshirilishiga ruxsat beriladi.
64. Elektr uskunalaridagi almashlab ulashlarda quyidagi tartibga rioya qilish shart:
almashlab ulashga topshiriq olgan tezkor xodim uni takrorlashi, tezkor jurnalga yozib qoʻyishi va tezkor sxema yoki sxema-maket boʻyicha bajarilishi kerak boʻlgan operatsiyalar tartibini tuzishi, kerak boʻlsa almashlab ulash blankasini tuzishi shart. Tezkor xodimlarning muloqotlari imkon boricha qisqa va aniq boʻlishi shart. Qoʻllanilayotgan tezkor muloqot tili xodimlar tomonidan qabul qilinayotgan xabarlar va berilayotgan farmoyishlarni notoʻgʻri tushunishga yoʻl qoʻymasligi shart. Farmoyish beruvchi va uni qabul qiluvchi operatsiyalar tartibini aniq koʻz oldiga keltirishi shart;
agar almashlab ulashni ikkita xizmatchi bajarsa, buyruq olgan xodim ulanishlarni tezkor sxema boʻyicha almashlab ulashda ishtirok etadigan ikkinchi xizmatchiga bajarilishi kerak boʻlgan operatsiyalarning tartibi va ketma-ketligini tushuntirishi shart;
bajarilayotgan almashlab ulashlar toʻgʻriligiga shubha paydo boʻlganda, ularni toʻxtatish va ulanishlarning tezkor sxema boʻyicha talab qilinayotgan ketma-ketlikni tekshirish kerak;
almashlab ulash boʻyicha topshiriq bajarilganidan keyin tezkor jurnalga bu haqda yozib qoʻyish shart.
65. Bevosita almashlab ulashlarni bajarayotgan tezkor xodimga oʻzboshimchalik bilan blokirovkalarni ishdan chiqarib qoʻyish man etiladi.
Blokirovka nosozligi aniqlanganda, xodim bu haqda tezkor xodimlardan kattasiga xabar berishi va blokirovkani vaqtincha ishdan chiqarib, bajariladigan operatsiyalarni faqat uning ruxsati va rahbarligi ostida bajarishi mumkin.
66. Kuchlanishi 1000 V dan yuqori boʻlgan elektr qurilmalardagi barcha murakkab almashlab ulashlarni ikkita xizmatchi bajarishi shart: bittasi bevosita almashlab ulashlarni bajaradi, ikkinchisi esa operatsiyalar bajarilishining toʻgʻriligini va ketma-ketligini nazorat qiladi.
Almashlab ulash blankasini almashlab ulashni oʻtkazishga farmoyish olgan navbatchi toʻldiradi. Blankani almashlab ulashni oʻtkazgan har ikki xizmatchi imzolaydi.
Lavozimi boʻyicha katta xodim almashlab ulashni bajarishda nazorat qiluvchi boʻladi.
Barcha holatlarda almashlab ulashning toʻgʻriligi uchun javobgarlik operatsiyalarni bajargan ikkala xizmatchiga yuklanadi.
67. Kuchlanishi 1000 V dan yuqori boʻlgan komplekt taqsimlovchi qurilmalarda (komplekt transformatorli podstansiyalarda) almashlab ulashlar, shu jumladan uskunalari bor aravachalarni kiritish va chiqarish, shuningdek, 1000 V gacha kuchlanishli taqsimlovchi qurilmalarda, panellarda va yigʻmalarda almashlab ulashlarni ushbu elektr qurilmalariga xizmat koʻrsatayotgan tezkor xodimlardan boʻlgan bir xizmatchining bajarishiga ruxsat beriladi.
68. Elektr qurilmada kuchlanish avariyaviy yoʻq boʻlganda, tezkor xodim uning istalgan vaqtda ogohlantirmasdan paydo boʻlishini bilishi va bunga tayyor boʻlishi shart.
69. Xodimlarning doimiy navbatchiligi mavjud boʻlgan elektr qurilmalarini taʼmirlashda yoki sinashda boʻlgan uskunaga kuchlanish faqat u tezkor xodim tomonidan qabul qilinganidan keyin beriladi.
Xodimlarning doimiy navbatchiligi mavjud boʻlmagan elektr qurilmalarida taʼmirlashdan yoki sinashdan keyin uskunani qabul qilish tartibi elektr qurilmaning xususiyati va XTQ talablari hisobga olingan holda mahalliy yoʻriqnomalarda belgilanadi.
70. Oʻz zanjirida oʻchirgichga ega boʻlgan ulanmani oʻchirish, kuchlanish ostiga qoʻyish va ishga tushirish oʻchirgich yordamida bajarilishi shart.
Alohidalagichlar, ajratgichlar, komplekt TQlar, shu jumladan tashqi oʻrnatilgan komplekt TQ birikmalarining ajratuvchi kontaktlari bilan quyidagilarni oʻchirishga va ulashga ruxsat beriladi:
110 — 220 kV kuchlanishli kuch transformatorlarining neytrallarini;
6 — 35 kV kuchlanishli yerga ulanadigan yoy soʻndiruvchi reaktorlarni, agar tarmoqda yerga tutashuv yoʻq boʻlsa;
6 — 220 kV kuchlanishli kuch transformatorlarining magnitlovchi tokini;
elektr uzatuvchi havo va kabel tarmoqlarining yerga ulanish tokini va zaryadlanish tokini;
shinalar tizimining zaryadlanish tokini, shuningdek, ulanmalarning zaryadlanish tokini taʼminlovchi energetika tizimining normativ-texnik hujjatlari talablariga rioya etilgan holda.
6 — 10 kV kuchlanishli halqali tarmoqlarda 70 A gacha tenglashtiruvchi toklarni ajratgichlar yordamida oʻchirishga, tarmoqni halqaga tutashishga esa ajratilgan kontakt birikmalarida kuchlanishlar farqi 5 foizdan koʻp boʻlmaganda ruxsat beriladi.
10 kV va undan past kuchlanishli tashqi va ichki oʻrnatilgan, mexanik yuritmali, uch qutbli ajratgich bilan 15 A gacha boʻlgan yuklama tokini oʻchirishga va ulashga ruxsat etiladi.
Agar oʻchirgichni oʻchirish uning buzilishiga va podstansiyaning toksizlanib qolishiga olib kelishi mumkin boʻlsa, bitta oʻchirgich yoki shinalar tizimi boshqa birikmalarining bir nechta oʻchirgichlari zanjiri bilan shuntlangan 220 kV li buzilgan oʻchirgichni ajratgichlari bilan masofadan oʻchirishga ruxsat beriladi.
Ajratgichlar yordamida oʻchiriladigan va ulanadigan toklarning ruxsat etilgan qiymatlari taʼminlovchi energetika tizimining NTHlarida aniqlangan boʻlishi kerak.
Turli elektr qurilmalari uchun operatsiyalarni bajarish tartibi va shartlari mahalliy yoʻriqnomalar bilan tartibga solingan boʻlishi kerak.
Quvvati 750 kVA va undan past boʻlgan transformatorlarning magnitlovchi tokini kuchlanishi 10 kV va undan past boʻlgan tashqi yoki ichki oʻrnatilgan, mexanik yuritmali, standart uch qutbli ajratgichlar bilan oʻchirishga hamda ulashga ruxsat beriladi.
5-§. Boshqaruvning avtomatlashtirilgan tizimlari
71. Korxonalarning energiya xoʻjaligida dispetcherlik, ishlab chiqarish-texnologik va tashkiliy-iqtisodiy masalalarni hal etish uchun ular energiya xoʻjaligi boshqaruvining avtomatlashtirilgan tizimi (keyingi oʻrinlarda — BAT) bilan jihozlanadi.
72. Energiya xoʻjaligining BAT, korxona BAT tizim asosi boʻlib, taʼminlovchi energetika tizimi bilan kelishilgan hajmda, uning dispetcherlik punktlari bilan zarur aloqa va telemexanika vositalariga ega boʻlishi shart.
73. Elektr xoʻjaligi BATning energiya xoʻjaligi BATning tarkibiy qismi boʻlishi kerak hamda oʻz tarkibida elektr taʼminoti va elektr qurilmalarini taʼmirlashning dispetcherlik boshqaruvi tizimlariga, shuningdek, elektr xoʻjaligida ishlab chiqaruvchi-texnologik va tashkiliy-iqtisodiy jarayonlarni boshqarish tizimlariga ega boʻlishi mumkin.
74. Elektr xoʻjaligining BAT quyidagi masalalar majmuini hal etishi kerak:
dispetcherlik boshqaruvini;
ishlab chiqarish-texnik faoliyatni boshqarishni;
isteʼmolning hisobga olinishini va nazoratini;
tarmoqlarning mansublik chegarasida elektr energiyasining sifati nazoratini;
texnik-iqtisodiy prognozlashni va rejalashtirishni;
elektr uskunalarining taʼmirlanishini, elektr energiyasi taqsimlanishini va sotilishini, elektr xoʻjaligining rivojlanishini, moddiy-texnika taʼminotini, kadrlarni boshqarishni;
ekspluatatsiya qiluvchi xodimlarni tayyorlashni.
75. Har bir elektr xoʻjaligida BAT masalalari majmualari, ishlab chiqarish va iqtisodiy maqsadga muvofiqlikdan kelib chiqib, mavjud namunaviy amaliy dasturlar paketlari yechimlaridan va texnik vositalar imkoniyatlaridan samarali foydalanishni hisobga olgan holda bosh muhandis yoki elektr xoʻjaligiga javobgar shaxs tomonidan aniqlanadi.
76. BAT texnik vositalarining majmui tarkibiga quyidagilar kirishi kerak:
axborotni yigʻish va uzatish vositalari (axborot datchiklari, aloqa kanallari, telemexanika qurilmalari, maʼlumotni uzatish apparaturasi va boshqalar);
axborotni qayta ishlash va aks ettirish vositalari (elektron hisoblash mashinalari, analog va raqamli asboblar, displeylar, bosib chiqaruvchi qurilmalar va boshqalar);
yordamchi (elektr taʼminoti, havoni konditsiyalash, yongʻinni avtomatik ravishda oʻchirish va xabar berish) tizimlari.
77. BATni ishga tushirish belgilangan tartibda qabul komissiyasining dalolatnomasi asosida amalga oshirilishi kerak. Sanoat ekspluatatsiyasiga kiritish oldidan undan 6 oydan koʻp boʻlmagan vaqtda tajriba asosida foydalanish mumkin.
BATni yaratish va ishga tushirishni navbatma-navbat amalga oshirish mumkin.
BATni sanoat ekspluatatsiyasiga qabul qilish, ishga tushirilayotgan navbat uchun koʻzda tutilgan barcha masalalar sanoat ekspluatatsiyasiga qabul qilingandan keyin amalga oshirilishi shart.
78. BATni ekspluatatsiya qilishni tashkil etishda texnik vositalar majmuiga xizmat koʻrsatish, dasturiy taʼminot boʻyicha tarkibiy boʻlinmalarning majburiyatlari korxona rahbarining buyrugʻi bilan belgilanishi shart.
Bunda kuchlanishi 1000 V dan yuqori boʻlgan elektr uzatish tarmoqlari boʻylab telefon aloqalari va telemexanikaning yuqori chastota kanallari uskunalarini (aloqa kondensatorlari, yuqori chastotali toʻsiq reaktorlari, yerga ulovchi pichoqlar, aloqa antennasi qurilmasi, oʻtish izolyatorlari, sozlash elementlari va ulanma filtrlari zaryadsizlagichlari va boshqalar) ekspluatatsiya qilish va taʼmirlashni kuchlanishi 1000 V dan yuqori qurilmalarga xizmat koʻrsatuvchi xodimlar amalga oshirishi shart.
Kuchlanish va tok transformatorlarining ikkilamchi choʻlgʻam zanjiriga ulanadigan teleoʻlchashlar datchiklarini (oʻzgartirgichlar) tekshirishni, ularga texnik xizmat koʻrsatishni himoya vositalari va avtomatika qurilmalariga xizmat koʻrsatuvchi hamda metrologik taʼminot bilan shugʻullanuvchi tegishli boʻlinmaning xodimlari amalga oshirishi kerak.
79. BATga xizmat koʻrsatuvchi boʻlinmalar quyidagilarni taʼminlashi shart:
texnik vositalarning, axborot va dasturiy taʼminotning ishonchli ekspluatatsiya qilinishini;
ish jadvaliga binoan tegishli boʻlinmalarga elektron hisoblash mashinalarida ishlov berilgan axborotlar berishni;
amaldagi meʼyorlarga muvofiq hisoblash texnikasidan samarali foydalanishni;
yangi masalalarni joriy etgan, foydalanilayotgan dasturlarni modernizatsiyalagan, berilgan maʼlumotlarni yigʻish va tayyorlashning ilgʻor texnologiyalarini oʻzlashtirgan holda boshqaruv tizimini takomillashtirish va rivojlantirishni;
meʼyoriy — maʼlumot axborotlarini toifalashni amalga oshirishni;
BATning aloqador iyerarxik bosqichlari bilan oʻzaro maʼlumotlar harakatini tashkil etishni;
BAT faoliyati uchun zarur yoʻriqnoma va uslubiy materiallarni ishlab chiqishni;
BAT ishlarini, uning iqtisodiy samaradorligi tahlil qilinishini, hisobotlar oʻz vaqtida taqdim etilishini.
80. Har bir BAT boʻyicha unga xizmat koʻrsatuvchi xodimlar korxonaning bosh muhandisi tasdiqlagan roʻyxat asosida texnik va ekspluatatsiya hujjatlarini yuritishlari kerak.
81. Podstansiyalar va dispetcherlik punktlarida teleboshqaruvning chiqish zanjirlari ishlashini toʻxtatish uchun maxsus umumiy kalitlar yoki oʻchiruvchi qurilmalar qoʻllanilishi kerak. Teleboshqaruv zanjirini va alohida ulanmalar telesignalizatsiyasini oʻchirish ajratuvchi qisqichlarda yoki individual oʻchirish qurilmasida amalga oshirilishi kerak.
Teleboshqaruv va telesignalizatsiya zanjirlarida teleboshqaruvning umumiy kalitlari va individual oʻchirish qurilmalari bilan barcha operatsiyalarni faqat dispetcherlar koʻrsatmasi boʻyicha yoki unga xabar berib, bajarishga ruxsat beriladi.
82. BATning texnik vositalaridagi taʼmirlash va profilaktika ishlari tasdiqlangan ish jadvallariga muvofiq ravishda bajarilishi shart. Ularni taʼmirga chiqarish, texnik xizmat koʻrsatish va taʼmirlash tartibi tasdiqlangan nizom boʻyicha aniqlanishi shart.
Dispetcherlik aloqa vositalarini va telemexanika tizimini ishlashdan toʻxtatish tezkor buyurtma bilan rasmiylashtirilishi shart.
83. Korxona rahbari BAT faoliyatini tahlil qilishni, uni ekspluatatsiya qilish nazoratini, BATni rivojlantirish va takomillashtirish hamda oʻz vaqtida qayta jihozlash boʻyicha tadbirlar ishlab chiqilishini taʼminlashi kerak.
6-§. Elektr qurilmalarini taʼmirlash
84. Elektr qurilmalarini ishga yaroqli holda saqlab turish, tiklash va ushbu Qoidalar va boshqa NTH talablariga mos holga keltirilishi uchun har bir korxonada texnik xizmat koʻrsatish, kapital va joriy taʼmirlash, shuningdek, profilaktik sinovlarni oʻtkazish tashkil etilishi kerak.
Ishlab chiqarish hajmining oʻzgarishiga taʼsir koʻrsatuvchi elektr qurilmalarini taʼmirlash ish jadvali korxona rahbari tomonidan tasdiqlanishi shart.
Korxonalar, shuningdek, uzoq muddatga moʻljallangan texnik qayta jihozlash va elektr qurilmalarni rekonstruksiya qilish rejalarini ishlab chiqishlari lozim.
85. Elektr uskunani kapital taʼmirlash, uning ishga yaroqligini tiklash va taʼmirlash orasidagi davrda ishonchli hamda tejamli ishlashini taʼminlash maqsadida amalga oshiriladi.
Uskunani kapital taʼmirlashda uni qismlarga ajratish, diqqat bilan koʻzdan kechirish, tekshirish, oʻlchash, sinash, rostlash, aniqlangan nosozliklarni bartaraf qilish, yemirilgan uzel va detallarni tiklash va almashtirish amalga oshiriladi.
Kapital taʼmirlashni oʻtkazishda elektr uskunaning uzluksiz ishlash vaqtini uzaytirishga, texnik-iqtisodiy koʻrsatkichlarni yaxshilashga qaratilgan tadbirlar va yoʻl-yoʻriq koʻrsatmalar talablari bajarilishi, shuningdek, kerak boʻlganda ilgʻor ekspluatatsiya tajribasi hisobga olingan holda alohida uzellar modernizatsiya qilinishi shart.
86. Joriy taʼmirlash keyingi rejali taʼmirgacha elektr uskuna va apparatlarning ishlash qobiliyatini taʼminlash uchun oʻtkaziladi.
Uskunani joriy taʼmirlashda quyidagilar bajarilishi shart: ekspluatatsiya qilish davomida yuzaga kelgan nuqsonlarni bartaraf etgan holda uni koʻzdan kechirish, tozalash, zichlash, rostlash, alohida uzel va detallarini taʼmirlash.
87. Texnik xizmatlar koʻrsatish va rejali ogohlantiruvchi taʼmirlashlarning hajmi bosh muhandis yoki elektr hoʻjaligiga javobgar shaxs tomonidan elektr qurilmalarining ishlash qobiliyatini saqlab turish zarurati maqsadida ularni davriy ravishda tiklash va oʻzgaruvchan ishlash sharoitiga moslashtirishdan kelib chiqib belgilanishi shart.
88. Barcha taʼmirlash turlarining davriyligi va davomiyligi, shuningdek. elektr uskunalarining alohida turlari uchun har yili taʼmir davrida ishlamay turish davomiyligi ushbu Qoidalarga, sohaning amaldagi meʼyorlariga va ishlab chiqaruvchi zavod koʻrsatmalariga binoan belgilanadi.
Meʼyoriy muddatlarga nisbatan taʼmirlash davriyligining ortishiga yoki kamayishiga, taʼmir vaqtining ortishiga elektr uskunalar va apparatlarning holatidan va yuqori namunaviy ishlarni oʻtkazish hajmidan kelib chiqib hamda tegishli texnik asoslangan holda, faqat yuqori turuvchi tashkilotning ruxsati bilan yoʻl quyiladi.
Taʼmirlashlar orasidagi davr qisqartirilganda, taʼmirlashlar orasidagi davrni meʼyoriy holatga keltirish uchun tadbirlar ishlab chiqiladi va koʻrib chiqish uchun yuqori tashkilotga taqdim etiladi.
89. Bevosita texnologik agregatlar bilan bogʻliq boʻlgan elektr uskunalar va apparatlarni taʼmirlash texnologik agregatlarni taʼmirlash bilan bir vaqtda bajarilishi shart.
Energiyani koʻp isteʼmol qiluvchi uskunalarni taʼmirlash, odatda kuz — qish davrida oʻtkazilishi kerak.
90. Elektr uskunalar va apparatlarni konstruktiv oʻzgartirish faqatgina tasdiqlangan loyihalar boʻyicha amalga oshiriladi. Taʼmirlarni bajarishda elektr sxemalarni oʻzgartirish belgilangan tartibda tasdiqlangan texnik hujjatlar boʻyicha amalga oshiriladi.
91. Elektr uskunani kapital taʼmirlashga chiqarishdan oldin quyidagilar tayyorlanishi shart:
uskunani ochib va koʻzdan kechirgandan keyin aniqlashtiriladigan nosozliklar roʻyxati va ishlar hajmi smetasi, shuningdek, taʼmirlash ishlari grafigi tuzilgan boʻlishi kerak;
nuqsonlar roʻyxati va ishlar hajmi smetasiga koʻra, zarur materiallar va ehtiyot qismlari tayyorlangan boʻlishi kerak;
kapital taʼmirlash davrida bajarilishi koʻzda tutilgan rekonstruksiya ishlariga texnik hujjatlar tuzilgan va tasdiqlangan boʻlishi, ularni bajarish uchun materiallar va uskunalar tayyorlangan boʻlishi kerak;
asboblar, moslamalar, takelaj uskunalari, yuk koʻtarish-transport mexanizmlari butlangan va ishga yaroqli holga keltirilgan boʻlishi kerak;
taʼmirlash uchun ish joylari tayyorlangan, qismlar va detallarning joylashishi koʻrsatilgan holda maydoncha rejalashtirilgan boʻlishi kerak;
taʼmirlash brigadalari jamlangan va yoʻriq olgan boʻlishlari kerak.
92. Korxonada taʼmirlash — ekspluatatsiya qilish ishlarini bajarish uchun oʻrnatilgan elektr uskunalar ehtiyot qismlar va materiallar bilan taʼminlangan boʻlishi kerak.
Omborda, sexlarda va uchastkalarda mavjud ehtiyot qismlar va uskunalar hisobga olingan boʻlishi kerak. Roʻyxat va ehtiyot qismlarning mavjudligi elektr xoʻjaligiga javobgar shaxs tomonidan davriy ravishda tekshirib turilishi kerak.
Elektr uskunalarini kapital taʼmirlash boʻyicha hujjatlarni korxona elektr xoʻjaligiga javobgar shaxs tuzadi. Korxonaning texnik rahbari (bosh muhandis) tomonidan tasdiqlanadi va taʼmirlash markazlashtirilgan holda bajarilayotgan boʻlsa, hujjatlar taʼmirlovchi korxonaning javobgar rahbari bilan kelishiladi.
93. Ehtiyot qismlar, zaxira elektr uskunalari va materiallari buzilishdan saqlanishi hamda ular toʻgʻridan-toʻgʻri maqsad boʻyicha ishlatilishi taʼminlanishi kerak.
Atmosfera sharoiti taʼsirida saqlaganda buziladigan uskuna, ehtiyot qismlar va materiallar yopiq omborlarga joylashtirilishi kerak.
94. Uskunani kapital taʼmirdan qabul qilayotganda, koʻzda tutilgan barcha ishlarning bajarilganligi tekshirilishi, uskunaning tashqi holati (issiqlik izolyatsiyasi borligi, tozaligi, boʻyalganligi, panjaralar va maydonchalar holati va boshqalar), taʼmirlash-hisobot-texnik hujjatlarning mavjudligi va sifati tekshirilishi shart.
95. Uskunalar taʼmirdan keyin ishga tushirishda “Elektr uskunalarni sinash qoidalari va meʼyorlari”ga (keyingi oʻrinlarda — elektr uskunalarni SQ va M) muvofiq sinalishi shart.
Ekspluatatsiya qilinayotgan uskunalarning maxsus sinovlari elektr xoʻjaligiga javobgar shaxs tasdiqlagan sxema va dasturlar boʻyicha oʻtkaziladi.
Sinash meʼyorlari toʻgʻrisida maʼlumotlar boʻlmaganda, ishlab chiqaruvchi zavod maʼlumotlaridan foydalaniladi.
96. Elektr qurilmalarining asosiy uskunalari kapital taʼmirlashdan dastlabki qabul qilib olinganidan keyin ishlab chiqaruvchi zavod koʻrsatgan, lekin 24 soatdan kam boʻlmagan muddatda yuklama ostida ishlatib tekshiriladi.
Ushbu vaqt mobaynida ishlaganda nosozliklar boʻlmasa, uskuna ekspluatatsiyaga qabul qilinadi. Nosozliklar topilsa, ular bartaraf etilmaguncha va agregat yuklanish ostida keyingi 24 soat maboynida shunday tekshirilmagunga qadar kapital taʼmir tugallangan hisoblanmaydi.
97. Asosiy elektr uskunalarini kapital taʼmirlashda bajarilgan barcha ishlar dalolatnoma boʻyicha qabul qilinadi. Unga taʼmirlash boʻyicha texnik hujjatlar ilova qilinishi kerak. Dalolatnomalar barcha ilovalari bilan birga uskunalarning pasportida saqlanadi.
Qolgan elektr uskuna va apparatlarni kapital taʼmirlashda bajarilgan ishlar haqida elektr uskunalarining pasportida yoki maxsus taʼmirlash jurnalida batafsil yozib qoʻyiladi.
7-§. Texnik hujjatlarni yuritish
98. Har bir korxonada elektr qurilmalarni ekspluatatsiya qilishiga ijozat berish uchun asos boʻlgan texnik hujjatlar boʻlishi shart.
Ularning tarkibiga quyidagilar kiradi:
qurilishning zichligiga qarab 1:500 yoki 1:200 masshtabdagi bosh plan; unga binolar, inshootlar va yer osti kommunikatsiyalari kiritiladi;
energiya bilan taʼminlovchi tashkilot va “Oʻzenergoinspeksiya” bilan kelishilgan loyiha hujjatlari (chizmalar, tushuntiruvchi yozuvlar va boshqalar), keyinchalik kiritilgan barcha oʻzgarishlar bilan;
yashirish ishlarni qabul qilish dalolatnomalari, elektr qurilmalarni ekspluatsiya qilishga qabul qilish dalolatnomalari, elektr uskunalarini sinash, oʻlchash va sozlash dalolatnomalari va bayonnomalari;
birlamchi va ikkilamchi elektr birikmalarning ishchi ijro sxemalari;
asosiy elektr uskunalarining texnik pasportlari;
elektr uskunalar, apparaturalar va elektrotexnik buyumlarning muvofiqlik sertifikatlari;
elektr qurilmalariga xizmat koʻrsatish boʻyicha yoʻriqnomalar, shuningdek, har bir ish joyi boʻyicha lavozim yoʻriqnomalari va mehnat muhofazasi boʻyicha yoʻriqnomalar;
korxona elektr taʼminotining umumiy sxemasi.
Bundan tashqari, har bir sex yoki mustaqil ishlab chiqarish uchastkasi quyidagilarga ega boʻlishi zarur:
elektr uskunalari va himoya vositalarining texnik maʼlumotlari, shuningdek, ularga berilgan inventar raqamlari koʻrsatilgan roʻyxat jurnaliga yoki pasport kartalariga (pasport maʼlumotlariga yoki jurnallarga uskunalarni sinash, taʼmirlash va reviziya bayonnomalari va dalolatnomalari ilova qilinadi);
elektr uskunalari, elektr qurilmalari va inshootlarning chizmalariga, ehtiyot qismlar chizmalari komplektiga, havo va kabel trassalarining bajarilgan chizmalari hamda kabel jurnallariga;
yer osti kabel trassalari va yerga ulash qurilmalarining binolar va doimiy inshootlarga bogʻlangan chizmalariga, shuningdek, ulash muftalari oʻrnatilgan va boshqa kommunikatsiyalar bilan kesishish joylari koʻrsatilgan chizmalarga;
butun korxona boʻyicha va alohida sexlar yoki uchastkalar (boʻlinmalar) boʻyicha tuzilgan elektr taʼminotining umumiy sxemasiga;
sexlar, uchastkalarda (boʻlinmalar) elektr qurilmalariga xizmat koʻrsatish asosida ekspluatatsiya qilish yoʻriqnomalariga va har bir ish joyi boʻyicha lavozim yoʻriqnomalariga va mehnat muhofazasi boʻyicha yoʻriqnomalarga.
Yuqorida koʻrsatilgan hujjatlar toʻplami energetika obyektining texnik arxivida saqlanadi.
99. Ekspluatatsiya qilish jarayonida elektr qurilmalarida amalga oshirilgan barcha oʻzgarishlar zudlik bilan sxema va chizmalarda, elektr xoʻjaligiga javobgar shaxsning imzosi, uning lavozimi va oʻzgarish kiritilgan sana koʻrsatilib, aks ettirilishi shart.
Sxemalarga kiritilgan oʻzgartirishlar haqidagi maʼlumotlar ushbu sxemalarni bilishi zarur boʻlgan barcha xizmatchilar eʼtiboriga (tezkor jurnalga yozish bilan) yetkazilishi shart.
Sxemalarning amaldagi ekspluatatsiyaga mosligi kamida 2 yilda 1-marta tekshirilganligi haqida belgi qoʻyilib, tekshirilishi shart.
100. Elektr taʼminotining zarur sxemalar toʻplami elektr xoʻjaligi uchun javobgar shaxsda, uning ish joyida boʻlishi shart.
Sex, uchastka (boʻlinma) elektr qurilmalarining va ular bilan elektr bogʻlangan boshqa boʻlinmalarning tezkor sxemalari toʻplami ushbu boʻlinmaning navbatchi xodimida saqlanishi shart.
Asosiy sxemalar ushbu elektr qurilma xonasining koʻrinarli joyiga osib qoʻyiladi.
101. Mazkur Qoidalarda koʻzda tutilmagan, alohida ishlab chiqarish sharoitlariga yoki elektr qurilmalariga ega isteʼmolchilarda ushbu elektr qurilmalarga xizmat koʻrsatuvchi elektrotexnik xodimlar uchun ishlab chiqarish xususiyati, uskunalar va texnologiya xususiyatlari hisobga olingan holda, bosh muhandis yoki korxonaning elektr xoʻjaligiga javobgar shaxs tomonidan tasdiqlangan ekspluatatsiya yoʻriqnomalari ishlab chiqilgan boʻlishi shart.
102. Har bir ish joyi boʻyicha lavozim yoʻriqnomalarida quyidagilar koʻrsatilgan boʻlishi shart:
ushbu lavozimdagi xizmatchilar uchun bilishi majburiy boʻlgan uskunalarga xizmat koʻrsatish yoʻriqnomalari roʻyxati, NTH, elektr uskunalarning sxemalari;
xodimlarning huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi;
yuqori turuvchi, boʻysunuvchi va ish boʻyicha aloqador boshqa xodimlar bilan oʻzaro munosabatlar.
103. Elektr uskunalarini ekspluatatsiya qilish sharoitlari oʻzgargan hollarda, yoʻriqnomalarga tegishli qoʻshimchalar kiritiladi va bu haqida ushbu yoʻriqnomalarni bilishi shart boʻlgan xodimlar xabardor qilinib, farmoyishlar jurnaliga yozib qoʻyiladi.
Ish joyi boʻyicha lavozim yoʻriqnomalari 5 yilda 1-marta, ekspluatatsiya qilish yoʻriqnomalari 3 yilda 1-marta qayta koʻrib chiqiladi.
104. Har bir ishlab chiqarish uchastkasida, sexida tasdiqlangan roʻyxat boʻyicha yoʻriqnomalar toʻplami boʻlishi shart. Sexning, uchastkaning elektr xoʻjaligiga javobgar shaxsida yoʻriqnomalarni toʻliq toʻplami va tegishli xodimning ish joyida zarur toʻplam saqlanishi shart.
105. Tezkor xodimlarning ish joylarida (podstansiyalarda, taqsimlovchi qurilmalarda yoki elektr uskunaga xizmat koʻrsatuvchi xodim uchun ajratilgan xonalarda) quyidagi hujjatlar yuritilishi shart:
tezkor sxema yoki sxema-maket;
tezkor jurnal;
elektr qurilmalarida ishlarni bajarishga naryad blankalari;
almashlab ulash blankalari;
elektr uskunalaridagi nosozliklar jurnali yoki kartotekasi;
nazorat oʻlchash asboblari va elektr energiyasini hisobga olish asboblarining koʻrsatkichlari roʻyxatlari;
biriktirilgan uchastkada tezkor xizmat koʻrsatish boʻyicha mustaqil bajariladigan ishlar roʻyxati;
ishlab chiqarish yoʻriqnomalarini hisobga olish jurnali;
avariyaga qarshi mashgʻulotlarni hisobga olish jurnali;
elektr qurilmalarini shaxsan bir oʻzi koʻzdan kechirishga huquqi bor shaxslar, tezkor farmoyishlar berish huquqiga ega shaxslar, energiya bilan taʼminlovchi tashkilotning javobgar navbatchilari roʻyxatlari;
releli himoya, avtomatika, telemexanika jurnali va releli himoya hamda avtomatika oʻrnatilgan kartalar;
farmoyishlar jurnali.
Mahalliy sharoitlardan kelib chiqqan holda, tezkor hujjatlar hajmi bosh muhandis yoki elektr xoʻjaligiga javobgar shaxs qarori bilan toʻldirilishi yoki kamaytirilishi mumkin.
106. Tezkor hujjatlar, nazorat-oʻlchov asboblarining qayd etuvchi diagrammalari, elektr energiyasini hisobga olish asboblarining koʻrsatkichlari roʻyxatlari, BAT tezkor-maʼlumot kompleksi tomonidan shakllanadigan chiqish hujjatlari qatʼiy hisobga olinadigan hujjatlarga kiradi va belgilangan tartibda saqlanishi kerak.
Tezkor hujjatlarni davriy ravishda (korxonada belgilangan muddatlarda, kamida bir oyda 1-marta) yuqori turuvchi elektrotexnik yoki maʼmuriy texnik xodimlar koʻrib chiqishi shart. Ularning elektr uskunalari ishidagi nuqsonlar va buzilishlarni bartaraf qilish choralarini koʻrishlari majburiy.
8-§. Xavfsizlik texnikasi, yongʻin va ekologiya xavfsizligi
107. Elektr qurilmalarining tuzilishi, ularni ekspluatatsiya qilishni tashkil etish hamda taʼmirlashda mehnat muhofazasi standartlari talablariga va XTQga javob berishi shart.
108. Elektr qurilmalariga xizmat koʻrsatishda qoʻllaniladigan himoya vositalari, moslamalar va asboblar mehnat xavfsizligi boʻyicha amaldagi NTHga mos ravishda koʻrik va sinashlardan oʻtishi shart.
109. Elektr xoʻjaligi xodimlari lavozimi (kasbi) uchun majburiy hajmdagi elektr uskunalari va elektr qurilmalarida ishlar bajarilganda, xavfsizlik talablarini belgilaydigan mehnat muhofazasi boʻyicha yoʻriqnomalarga amal qilishlari shart.
110. Elektr xoʻjaligini har bir xizmatchisi xizmat koʻrsatilayotgan uskunaga taalluqli mehnat xavfsizligi va ish joyida mehnatni tashkil qilish talablarini bilishi va bajarishi shart.
111. Har bir korxonada xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratish boʻyicha ishlar ushbu ishlarning xavfsiz bajarilishini va tashkil etilishining yagona tizimini, elektrotexnik, texnologik va boshqa xodimlarning funksional vazifalarini, ularning oʻzaro munosabatlarini, lavozim boʻyicha javobgarliklarini belgilaydigan mehnat xavfsizligini boshqarish tizimi haqidagi nizomga mos kelishi shart.
Korxona rahbari va elektr xoʻjaligiga javobgarlar (bosh energetiklar, boʻlim va elektr taʼminoti xizmati boshliqlari) elektr xoʻjaligi xizmatchilari uchun xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratish va xodimlarni elektr tokidan shikastlanish hollarining oldini olish boʻyicha tashkiliy-texnik ishlar uchun shaxsan javobgar boʻladi.
Korxonalar tarkibiy boʻlinmalarining elektr xoʻjaligiga javobgarlari (elektr sexi, podstansiyalar, xizmatlar, laboratoriyalar boshliqlari, ustalar va boshqalar) xavfsiz va sogʻlom mehnat sharoitlarini yaratish, koʻrgazmali qoʻllanma bilan yoʻriq berishi, xodimlarga xavfsiz ishlash usullarini oʻrgatish, shuningdek, doimiy ravishda uskunaning mehnat xavfsizligi standartlari tizimiga mos kelishini nazorat qilish, xodimlarning mehnat xavfsizligi talablariga rioya qilishlarini va bajarilayotgan ish xususiyatidan kelib chiqib, ular himoya moslamalari, maxsus kiyimlar va boshqa shaxsiy himoya vositalari qoʻllashlarini tizimli nazorat qilib borish boʻyicha tashkiliy hamda texnik tadbirlarni oʻtkazilishini taʼminlashlari shart.
112. Har bir baxtsiz hodisa, shuningdek, mehnat xavfsizligi talablarining buzilishi holatlari, ularning sodir boʻlish sabablarini va ularni yuzaga keltirgan aybdorlarni aniqlash va bundan keyin bu kabi holatlar takrorlanmasligining oldini olish choralarini koʻrish uchun sinchiklab tekshirilishi shart.
Baxtsiz hodisalar haqida xabar berish, ularni tekshirish va hisobga olish qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshirilishi shart.
Baxtsiz hodisalar tekshiruvi toʻgʻri, oʻz vaqtida oʻtkazilishi va hisobga olinishi, N-1 shaklidagi dalolatnomalar rasmiylashtirilishi va ularda koʻrsatilgan chora-tadbirlarning bajarilishi uchun rahbarlar, butun korxona va uning tegishli tarkibiy boʻlinmalari elektr xoʻjaligiga javobgar shaxslar javobgar boʻladi.
113. Elektr qurilmalarida yuz bergan baxtsiz hodisalar uchun xavfsizlik yoki mehnat muhofazasi boʻyicha yoʻriqnoma talablarini bevosita buzgan shaxslar bilan birga korxona va uning tarkibiy boʻlinmalari elektr xoʻjaligiga javobgar shaxslar, shuningdek, mehnat xavfsizligi va ishlab chiqarish sanitariyasini taʼminlamagan, mehnat xavfsizligi standartlarini bajarmagan hamda baxtsiz hodisaning oldini olish uchun zarur choralar koʻrmagan boshqa maʼmuriy-texnik xodimlar ham javobgar boʻladi.
114. Elektr qurilmalarida guruhli baxtsiz hodisalar va oqibati oʻlim bilan tugagan baxtsiz hodisalarni tekshirish materiallari korxonaning barcha tarkibiy boʻlinmalari elektr xoʻjaligi xodimlari bilan birgalikda ishlab chiqilishi shart. Bunday baxtsiz hodisalarning oldini olish uchun tadbirlar ishlab chiqilishi shart.
115. Korxona tarkibiy boʻlinmalari elektr xoʻjaliklarining barcha ishlab chiqarish xodimlari elektr toki taʼsiriga tushgan odamni qutqarish va unga birinchi yordam berishning amaliy usullariga, shuningdek, boshqa baxtsiz hodisalarda jabrlanganlarga birinchi yordam koʻrsatish usullariga oʻrgatilgan boʻlishi shart.
116. Korxonaning ishlab turgan elektr qurilmalarida boshqa tashkilotlar qurilish-montaj, sozlash va taʼmirlash ishlarini oʻtkazayotganda qurilish-montaj, sozlash, taʼmirlash va ekspluatatsiya qiluvchi xodimlarning oʻzaro harakatlarini hisobga oluvchi mehnat xavfsizligi, ishlab chiqarish sanitariyasi, portlash va yongʻin xavfsizligi boʻyicha hamkorlikda chora-tadbirlar ishlab chiqilishi shart.
Bitta uskunada yoki inshootda bir vaqtning oʻzida bir nechta tashkilot ish bajarganda, ishlarning birlashgan ish jadvali tuzilishi shart. Ushbu tadbirlar va ish jadvallari korxona elektr xoʻjaligiga javobgar tomonidan tasdiqlanishi shart.
Ish joyini tayyorlash, ishlarning birlashgan ish jadvalini bajarish va mehnat xavfsizligi boʻyicha birgalikda tuzilgan tadbirlarni bajarish boʻyicha harakatlarni muvofiqlashtirish, shuningdek, ishga qoʻyish uchun korxonaning va tegishli tarkibiy boʻlinmaning elektr xoʻjaligiga javobgar shaxslari javobgar boʻladi.
Boshqa tashkilotlar rahbarlari ushbu tashkilotlar xodimlari malakasining muvofiqligi uchun ularning xavfsizlik talablariga rioya qilishlari va oʻz uchastkalarida mehnat xavfsizligi boʻyicha tadbirlarni tashkil qilishlari va bajarishlari uchun javobgar boʻladi.
117. Korxona elektr xoʻjaligining har bir boʻlinmasida dori qutilari, dori-darmon va tibbiy vositalar bor birinchi yordam sumkalari boʻlishi shart.
Xodimlar soha meʼyorlariga mos ravishda maxsus kiyim, maxsus oyoq kiyim va boshqa individual himoya vositalari bilan taʼminlangan boʻlishlari shart.
118. Ishlab turgan uskunalar bor xonalarda (boshqaruv, releli panellar va shunga oʻxshash qurilmalardan tashqari), ochiq va yopiq taqsimlash qurilmalarida (keyingi oʻrinlarda ― OTQ, YOTQ), quduqlarda, kameralarda, elektr stansiyas, elektr tarmoqlari kanallari va tunellarida, qurilish maydonchalarida, taʼmirlash zonasida boʻlganida, shuningdek, havo elektr uzatish tarmoqlariga xizmat koʻrsatayotganda xodimlar himoya kaskalarini kiyishlari shart.
119. Elektr uskunalari, elektr qurilmalari, shuningdek, ular oʻrnatilgan binolar va inshootlarning yongʻin xavfsizligi Energetika korxonalari uchun yongʻin xavfsizligi qoidalari talablariga javob berishi shart.
120. Qonunchilikka muvofiq korxonalar va tashkilotlarning yongʻin xavfsizligini taʼminlash uchun javobgarlik ushbu obyektlar rahbarlari zimmasiga yuklanadi.
121. Alohida sexlar, laboratoriyalar va boshqa ishlab chiqarish uchastkalarida yongʻin xavfsizligi uchun ularning rahbarlari, ular yoʻq boʻlganda — ularning vazifalarini bajaruvchi xizmatchilar javobgar boʻladi.
122. Har bir korxonada yongʻinga qarshi rejim oʻrnatilgan boʻlishi va ishlab chiqarish xususiyatlarini hisobga oluvchi yongʻinga qarshi tadbirlar bajarilishi shart.
123. YOHQga muvofiq har bir sexda, laboratoriyada, ustaxonada va korxonaning boshqa boʻlinmalarida yongʻin xavfsizligining aniq choralari va yongʻinga qarshi rejim haqida yoʻriqnoma ishlab chiqilishi shart.
Yongʻin xavfsizligi chora-tadbirlari haqida yoʻriqnoma boʻlinmalar rahbarlari tomonidan, yongʻin xavfsizligi boʻyicha muhandis — inspektor yoki korxona rahbari tomonidan buyruq bilan biriktirilgan yongʻin xavfsizligi boʻyicha javobgar shaxs bilan birgalikda ishlab chiqiladi. Obyektlardagi yongʻin-qutqaruv boʻlinmalari bilan kelishiladi (agar u korxonada mavjud boʻlgan holda) va korxona rahbari yoki bosh muhandisi tomonidan tasdiqlanadi. Yoʻriqnoma koʻrinarli joyda osib qoʻyiladi.
124. Har bir ishchi-xizmatchi obyektdagi YOHQlari talablarini bilishi va qatʼiy bajarishi, yongʻin yoki yongʻin chiqishiga olib kelishi mumkin boʻlgan harakatlarga yoʻl qoʻymasligi, birlamchi yongʻin oʻchirish vositalaridan foydalanishni bilishi shart.
125. Amaldagi yongʻin xavfsizligi qoidalarini buzgan yoki bajarmagan aybdor shaxslar ularning qilgan harakatlari yoki harakatsizliklari xususiyatidan kelib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq javobgarlikka tortiladi.
126. Korxona rahbari buyrugʻi bilan quyidagilar belgilanishi kerak:
korxonaning barcha ishchi-xizmatchilari kirish, birlamchi (ish joyida), takroriy, rejadan tashqari, joriy yoʻriqnomalaridan, muxandis-texnik xodimlar hamda yongʻinga xavfli ishlarni olib boruvchilar yongʻin-texnik minimumi boʻyicha mashgʻulotlar oʻtishlari shart.
Bu mashgʻulotlar korxona rahbari tasdiqlagan dastur boʻyicha kamida 2 yilda 1 marotaba oʻtkaziladi.
127. Obyektda yuz bergan har bir yongʻin yoki yonish holatlari yuzasidan Davlat yongʻin xavfsizligi nazorati organi tomonidan tergovga qadar surishtiruv oʻtkaziladi, surishtiruv vaqtida ularga har tomonlama koʻmaklashish va amaliy yordam koʻrsatish zarur.
Korxonalarda yuz bergan yongʻinga elektr qurilmalarining (elektr uskunalarining) aloqasi boʻlgan hollarda, tekshiruv komissiyasida “Oʻzenergoinspeksiya” xodimi ishtirok etadi.
128. Elektr qurilmalarini ekspluatatsiya qilishda bevosita yoki bilvosita atrof-muhitga taʼsir qiladigan iflos moddalarni atmosferaga chiqarishni va suv obyektlariga oqova suvlarni chiqarishni kamaytirish yoki yoʻq qilish, tovush bosimini pasaytirish va tabiiy manbalardan suv isteʼmolini kamaytirish choralari qabul qilinishi shart.
129. Atmosferaga ifloslantiruvchi moddalarni chiqarish, ruxsat etilgan chegaraviy yoki vaqtincha kelishilgan tashlanmalar meʼyoridan, suv obyektlariga ifloslantiruvchi moddalarning tashlanishi — ruxsat etilgan chegaraviy meʼyorlardan, shovqin taʼsiri — har bir obyekt uchun oʻrnatilgan shovqin quvvati meʼyoridan oshmasligi shart.
130. Katta hajmdagi moyli elektr uskunalarini (transformatorlarni, moyli reaktorlarni, oʻchirgichlarni va boshqalar) ekspluatatsiya qiluvchi korxonada moyning atrof-muhitga avariyaviy yoki boshqa holda chiqib ketishining oldini olish boʻyicha tadbirlar ishlab chiqilishi shart.
131. Elektr qurilmalarini ekspluatatsiya qilishda zaxarli chiqindilar yuzaga keladigan korxonalarda ularni oʻz vaqtida utilizatsiya qilish, zararsizlantirish va koʻmish taʼminlanishi shart.
132. Belgilangan sanitariya meʼyorlariga va tabiatni muhofaza qilish talablariga rioya qilishni taʼminlaydigan qurilmalarsiz yoki ushbu talablarga rioya qilishni taʼminlamaydigan, ishga yaroqsiz qurilmali elektr qurilmalarini ekspluatatsiya qilish man qilinadi.
9-§. Elektr qurilmalarini ekspluatatsiya qilish uchun talablar. Kuchlanishi 1000 V gacha boʻlgan elektr uzatish havo tarmoqlari
133. Barcha yangi qurilayotgan va rekonstruksiya qilinayotgan elektr uzatish havo tarmoqlari (keyingi oʻrinlarda — HT) EQTQ va amaldagi QMQga mos ravishda bajarilishi shart.
134. Yangi qurilgan HTni ekspluatatsiyaga qabul qilishda topshirayotgan tashkilot ekspluatatsiyaga qabul qilayotgan tashkilotga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
qurilish jarayonida kiritilgan, loyiha tashkiloti bilan kelishilgan oʻzgarishlar va hisob-kitoblar bilan HT loyihasini;
simlarning kesimlari va ularning markalari, himoya qiluvchi yerga ulagichlar, yashindan himoya vositalari, tayanch turlari va boshqalar koʻrsatilgan holda tarmoqning ijro sxemasini;
manfaatdor tashkilot bilan birgalikda tuzilgan, bajarilgan oʻtish va kesishishlarni koʻrikdan oʻtkazish dalolatnomalarini;
ulash qurilmalari va tayanchlarining chuqurligi boʻyicha yashirin ishlar dalolatnomalarini;
yerga ulashlar konstruksiyasining tavsifini va yerga ulash qurilmasi qarshiligini oʻlchash bayonnomalarini;
belgilangan shaklda tuzilgan tarmoq pasportini;
HTning barcha elementlariga (tayanchlar, izolyatorlar, simlar va boshqalarga) muvofiqlik sertifikatlarini;
HTning yordamchi inshootlari, material va uskunalarining topshirilayotgan avariyaviy zaxirasi roʻyxatini;
tayanchlar oraligʻida va kesishishlarda simning solqilik chizigʻi va HT gabaritlarini nazorat tekshiruvi bayonnomasini;
qishloq joylarda yer rusurslari boʻyicha tuman xizmatlari bergan qarorni;
hududni kadastrli boʻlishda va yer uchastkalarini kadastrli tasvirlashda shaharlar va posyolkalardagi koʻchmas mulk kadastri xizmatlari bergan ruxsatni;
yer uchastkasining kadastr planida HT loyihasi qayd etilgan chizma nusxasini.
135. Ekspluatatsiyaga qabul qilishdan oldin yangi qurilgan yoki kapital taʼmirdan chiqqan HTda quyidagilar tekshirilishi shart:
HTning texnik holati va uning loyihaga mosligi;
yuklamaning fazalar boʻyicha teng taqsimlanishi;
yerga ulash va yashindan himoya qurilmalari;
simning solqilik chizigʻini va tayanchlar orasida hamda kesishgan joylarda simning eng pastki nuqtasidan yergacha boʻlgan vertikal masofa.
136. Yangi qurilgan yoki rekonstruksiya qilingan HTni ekspluatatsiya qilishga qabul qilishda, shuningdek, tarmoq simlarini almashtirish bilan kapital taʼmirlashdan keyin amaldagi qoidalar hajmida sinovlar oʻtkazilishi, fazirovka qilinishi va tarmoq turtki bilan kuchlanish ostiga qoʻyilishi kerak.
137. HT tayanchlarida EQTQda koʻzda tutilgan belgilar oʻrnatilgan (chizilgan) boʻlishi shart.
138. HTni muhofaza qilish uchun shoxoblanish va binolarga kirishdan tashqari chekka simlarining ogʻishgan holatida yer sathidagi proyeksiyasidan har bir tarafga 2 metr masofadagi parallel chiziqlar bilan chegaralangan yer uchastkasi koʻrinishida qoʻriqlash zonasi belgilanadi.
HTning muhofaza zonasi chegarasida quyidagilar man qilinadi:
sport maydonchalarini, avtomobillar va boshqa transport turlari, mashinalar, mexanizmlar turadigan joylarni tashkil etish, yem-xashak, oʻgʻitlar, yoqilgʻi va boshqa materiallarni saqlash;
daraxtlar (koʻchat) ekish.
HTning muhofaza zonasi chegarasida HTni ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot egasining yozma ruxsatisiz quyidagilar man qilinadi:
qurilish, montaj, portlatish va sugʻorish ishlarini amalga oshirish, daraxtlarni kesish, yuk ortish va yuk tushirish hamda yer qazish ishlarini bajarish;
mashinaning umumiy balandligi yuk bilan yoki yuksiz, yer sathidan 4,5 metrdan ortiq boʻlgan mashinalar va mexanizmlar uchun oʻtish yoʻllarini tashkil etish.
139. HTni ekspluatatsiya qiluvchi tashkilotlar HT oʻtayotgan zonada joylashgan aholi va tashkilotlar oʻrtasida HTni muhofaza qilish boʻyicha tushuntirish ishlarini olib borishga, shuningdek, muhofaza zonasida boshqa tashkilotlar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 26-dekabrdagi 1050-son qarori bilan tasdiqlangan Elektr hoʻjaligi obyektlarini muhofaza qilish qoidalari talablarini buzgan holda ishlar olib borilganda, ishlarni toʻxtatish choralarini koʻrishlari va ushbu Qoidalar talablarini buzuvchilarini belgilangan tartibda javobgarlikka tortishlari shart.
140. Umumiy tayanchlarda HT simlari bilan birga turli tashkilotlarga tegishli boshqa moʻljalli tarmoqlar osilgan taqdirda, HTga shikast yetkazishi mumkin boʻlgan taʼmirlash ishlarini boshlashdan avval har bir tashkilot boshqa tashkilotga taʼmirlashlarni boshlash haqida manfaatdor tashkilotga oldindan xabar berishi shart.
141. HTga shikast yetkazishi mumkin boʻlgan biron-bir ishlarni bajarayotgan korxona ishlar boshlanishidan kamida 3 kun oldin, ularni amalga oshirishni tarmoqni ekspluatatsiya qilayotgan tashkilot bilan kelishishi va HT egasidan ruxsat olgandan keyin boshlashi shart.
142. HTni qayta qurish zaruratini keltirib chiqaradigan yoki uni mexanik shikastlanishdan himoya qilishni talab qiladigan ishlarni bajaradigan tashkilotlar HT egasi va uni ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot bilan kelishgan holda, qayta qurish va himoya ishlarini oʻzlarining materiallari va mablagʻlari hisobidan amalga oshirishlari shart.
143. HT tayanchlarini va boshqa elementlarini, shuningdek, tayanchlarni tuproqda mahkamlash usullarini konstruktiv oʻzgartirishlar faqat texnik hujjatlar (asoslar) va korxona elektr xoʻjaligiga javobgar shaxs ruxsati bilan bajarilishi mumkin. Barcha hollarda konstruktiv oʻzgartirishlarning texnik asoslanishi EQTQ, NTH, QMQ, sanitariya normalari va qoidalari talablariga mos kelishi shart.
144. Kuchlanishi 1000 V gacha boʻlgan elektr uzatish havo tarmoqlarini ekspluatatsiya qilish mazkur Qoidalarga 1-ilova talablariga muvofiq ravishda amalga oshiriladi.
3-bob. Kuchlanishi 1000 V dan yuqori boʻlgan elektr uzatish havo tarmoqlari
145. Kuchlanishi 1000 V dan yuqori boʻlgan HT faqat barcha asosiy va yordamchi inshootlar va qurilmalarning qurilishi, montaji tugagandan soʻng hamda foydalanishga EEFQ talablariga muvofiq kiritilgandan keyin ekspluatatsiyaga qabul qilinishi mumkin.
Kuchlanishi 1000 V dan 220 kV gacha boʻlgan HTni ekspluatatsiya kilishga qabul qilishda topshiruvchi tashkilot ekspluatatsiya qiluvchi tashkilotga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
a) HTning loyihasini qurilish jarayonida loyiha tashkiloti bilan kelishilib kiritilgan hisoblashlar va oʻzgartirishlar bilan;
b) loyihadan chetga chiqishlar roʻyxatini;
v) loyiha boʻyicha tugallanmagan ishlar roʻyxatini;
g) loyihaning energiya bilan taʼminlovchi tashkilot va “Oʻzenergoinspeksiya” bilan kelishilganini;
d) yopilgan ishlarni qabul qilish dalolatnomalarini;
e) oʻtish va kesishish joylarini qabul qilish dalolatnomalarini;
j) HT trassasining masshtabi 1:10000 dan kam boʻlmagan, barcha tayanchlar sxemalari keltirilgan, ularning turlari va tartib raqami, shuningdek, barcha kesishish va oʻtishlar koʻrsatilgan ijro rejasini.
Kuchlanishi 35 kV va undan yuqori boʻlgan HT uchun — HTning ijro profili;
z) HT trassasi manfaatdor tashkilotlar bilan kelishilganini (yer uchastkasi egasi, suv-oqova tarmoqlari, issiqlik tarmoqlari, elektr aloqa tarmoqlari uzeli va boshqalar bilan);
i) oʻta kuchlanishlardan himoya qurilmalari tuzilishi sxemasini va yashindan himoya qurilmalarini koʻrikdan oʻtkazish dalolatnomasini;
k) sinashlar va oʻlchashlar bayonnomalarini;
l) tayanchlar ostiga poydevor qurish boʻyicha ishlar, tayanchlar yerga ulagichlarining montaji, simlarni ulash, anker uchastkalarida simlar va trosslarning montaji, presslash usuli bilan tortish va taʼmirlash qisqichlarining montaji jurnallarini;
m) HTning barcha elementlariga muvofiqlik sertifikatlarini (tayanchlarga, izolyatorlarga, simlarga, trosslarga, armaturaga va boshqalarga);
n) oʻrnatilgan shakldagi HT pasportini;
o) ekspluatatsiyaga topshirilayotgan uskunalar, materiallar va asboblarning avariyaviy zaxirasi roʻyxatini;
p) qishloq joylarda yer resurslari boʻyicha tuman xizmatlari tomonidan, shaharlarda va qishloqlarda koʻchmas mulkni kadastrli boʻlishda va yer uchastkalarini kadastrli chizmaga olishda koʻchmas mulk kadastri xizmatlari tomonidan berilgan qarorni;
r) yer uchastkasining kadastr planida HT loyihasi qayd etilganligi nusxasi.
146. HTga kuchlanish berib, tarmoqqa ulash EEFQ talablariga muvofiq amalga oshiriladi.
Kuchlanishi 35 kV va undan yuqori boʻlgan HTni ulash mazkur HT ulanayotgan elektr qurilma egasi bilan kelishilgan ulash dasturi boʻyicha amalga oshiriladi.
147. HTni ekspluatatsiya qilishda quyidagilar amalga oshiriladi: koʻrikdan oʻtkazishlar, tekshiruvlar, profilaktik oʻlchovlar, ularning ishonchli ishlashini taʼminlashga, saqlab turishga va EQTQning tegishli boʻlimlari talablariga toʻliq hajmda rioya qilinishiga qaratilgan joriy va kapital taʼmirlar.
148. HTni davriy koʻrikdan oʻtkazish HTni ekspluatatsiya qilishni mahalliy sharoitlari hisobga olgan holda, elektr xoʻjaligiga javobgar shaxs tomonidan tasdiqlangan ish jadvali boʻyicha oʻtkaziladi.
Koʻriklarning davriyligi quyidagicha boʻlishi shart:
elektr montyorlar tomonidan 6 oyda kamida 1-marta;
muhandis-texnik xizmatchilar tomonidan 1 yilda kamida 1-marta.
Kuchlanishi 35 kV va undan yuqori boʻlgan HTlarida yuqoridagi koʻriklar simlar va trosslarning qisqichlardagi va distansion tirgaklardagi holatlarini tanlash yoʻli bilan elektr xoʻjaligiga javobgar tomonidan tasdiqlangan ish jadvallari boʻyicha, lekin 6 yilda kamida 1-marta amalga oshiriladi.
HT yoki uning uchastkalarida navbatdan tashqari koʻriklar quyidagi hollarda oʻtkaziladi:
simlar, trosslarda muzlash paydo boʻlganda yoki simlar qattiq tebranganda, daryolarda muz koʻchishlar va toshqinlar boshlanganda, trassa zonasida yongʻin boʻlganda, kuchli boʻron, dovul, sovuq boʻlgandan hamda boshqa tabiiy ofatlardan keyin;
tarmoqning releli himoyasi taʼsirida HT avtomatik oʻchgandan keyin — zudlik bilan, muvaffaqiyatli qayta ulashdan keyin esa zarurat boʻyicha.
149. HTda oʻtkazilgan yuqoridagi va boshqa koʻriklar va profilaktik sinashlarda aniqlangan nuqsonlar haqidagi maʼlumot nuqsonlar jurnaliga (yoki nuqsonlar roʻyxatiga) ularni bartaraf qilish muddatini koʻrsatib yozib qoʻyiladi. Ushbu maʼlumotlar asosida korxona elektr xoʻjaligiga javobgar shaxs tomonidan HTda taʼmirlash ishlarini oʻtkazish rejalari tuziladi.
150. Kuchli ifloslanishga moyil uchastkalardagi izolyatorlarni tozalash ishlari korxona elektr xoʻjaligiga javobgar shaxs tasdiqlagan ish jadvali boʻyicha bajariladi.
Izolyatsiya moslamalari qushlar tomonidan kuchli ifloslantiriladigan zonalarda va ularning yoppasiga uyalash joylarida qushlarni girlyandalar ustiga oʻtirishlariga yoʻl qoʻymaydigan yoki ularni choʻchitadigan qurilmadan foydalanish kerak.
151. Texnik xizmat koʻrsatish va taʼmirlash ishlari, odatda kompleks holda, HT ni minimal muddatga oʻchirish bilan tashkil qilinishi kerak. Ular HTni va bir fazani oʻchirib (fazalar boʻyicha taʼmir) va kuchlanish olinmasdan oʻtkazilishi mumkin.
HTda bir fazani oʻchirib va kuchlanish olinmasdan bajariladigan ishlar maxsus yoʻriqnomalar boʻyicha amalga oshirilishi shart.
HTga texnik xizmat koʻrsatishda, uni taʼmirlashda maxsus mashinalar, mexanizmlar, transport vositalari, takelaj, asboblar va moslamalar qoʻllanilishi kerak.
HTda ishlarni bajarayotgan brigadalar oʻz korxonalari va dispetcherlik punktlari bilan aloqa qilish vositalari bilan taʼminlangan boʻlishi shart.
HT trassasini davriy ravishda daraxt va butalardan tozalash hamda yongʻinga nisbatan xavfsiz holatda saqlash zarur; loyihada belgilangan soʻqmoq kengligini saqlab turish va daraxtlarni kesib turish kerak.
Simlarga bevosita yaqin oʻsayotgan daraxtlar HTni ekspluatatsiya qiluvchi korxona tomonidan kesiladi.
Simlar va tayanchlarga agʻanash xavfi bor daraxtlar keyinchalik ushbu oʻsimliklar tegishli boʻlgan tashkilotlarga xabar berilib, kesilishi kerak.
Taʼmirlash ishlari oʻtkazilayotganda, asossiz va korxona elektr xoʻjaligiga javobgar shaxsning ruxsatisiz HT elementlari konstruksiyasini va tuproqda tayanchlarni mahkamlash usullarini oʻzgartirish taqiqlanadi.
Kuchlanishi 35 kV va undan yuqori boʻlgan HTda bunday oʻzgartirishlar loyiha tashkiloti bilan kelishilishi shart.
152. Kuchlanishi 1000 V dan yuqori HT tayanchlariga boshqa maqsadga moʻljallangan tarmoqlarni birgalikda osishga yoʻl qoʻyilmaydi. Tayanchlarda boshqa korxonaga tegishli, kuchlanishi 1000 V dan past, boshqa maqsadga moʻljallangan HT simlari birgalikda osilganda, HTni rejali taʼmirlash ushbu korxonalar bilan kelishilgan muddatlarda oʻtkazilishi shart. Avariyalar yuz berganda, taʼmirlash ishlari ushbu korxonalarga xabar berilgan holda oʻtkazilishi kerak.
Oʻziga tegishli simlarda ishlar olib borayotgan boshqa tashkilot ishlar boshlanishidan kamida uch kun oldin HTni ekspluatatsiya qiluvchi korxona bilan ularni oʻtkazilishini kelishib olishi shart.
153. HTni qayta qurish yoki mexanik buzilishdan himoyalash zaruratini keltirib chiqaradigan ishlarni olib boruvchi tashkilot qayta qurishni yoki himoya ishlarini oʻzining materiallari va mablagʻlari hisobidan hamda HTni egasi va uni ekspluatatsiya qilayotgan tashkilot bilan kelishgan holda amalga oshirishi shart.
154. Kuchlanishi 1000 V dan yuqori boʻlgan elektr uzatish xavo tarmoqlarini ekspluatatsiya qilish, mazkur Qoidalarga 2-ilova talablariga muvofiq amalga oshiriladi.
4-bob. Kabel tarmoqlari
155. Kuchlanishi 1000 V gacha va undan yuqori boʻlgan kabel tarmoqlarini (keyingi oʻrinlarda — KT) ekspluatatsiya qilishga topshirishda QMQ “Tugatilgan qurilish obyektlarini ekspluatatsiyaga qabul qilish”, “Elektrotexnik qurilmalar”da va sohaning qabul qilish qoidalarida koʻzda tutilgan hujjatlardan tashqari quyidagi texnik hujjatlar bor boʻlishi va buyurtmachi uchun rasmiylashtirilishi shart:
KTning tuzatilgan loyihasi, kuchlanishi 110 kV va undan yuqori boʻlgan KT uchun kabelni ishlab chiqaruvchi zavod va ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot bilan kelishilgan boʻlishi shart;
ushbu hududda kommunikatsiyalar rivojlanganligidan kelib chiqib, 1:200 yoki 1:500 masshtabda bajarilgan, birlashtiruvchi muftalar oʻrnatilgan joylar koʻrsatilgan trassaning ijro chizmasini;
kuchlanishi 35 kV va undan yuqori boʻlgan va trassasi oʻta murakkab 6 va 10 kV kuchlanishli KTlarning yoʻllar va boshqa kommunikatsiyalar bilan kesishish joylari profili chizmasi;
kabellarning barabandagi holati dalolatnomalari, zarur boʻlganda namunalarni qismlarga ajratish va koʻrikdan oʻtkazish dalolatnomalari (import kabellar uchun qismlarga ajratish majburiy);
kabel jurnali;
KT barcha elementlarining inventar roʻyxati (kuchlanishi 1000 V dan yuqori boʻlgan KT uchun);
qurilish va yashirish ishlar dalolatnomalari, barcha yer osti kommunikatsiyalar bilan kesishish va yaqinlashish joylari koʻrsatilgan holda;
kabel muftalarini montaj qilish dalolatnomalari;
xandaqlar, bloklar, quvurlar, kanallar, tunnellar va kollektorlarni montaj uchun qabul qilish dalolatnomalari;
KTni elektr kimyoviy zanglashdan himoyalash qurilmalari montaji dalolatnomalari, shuningdek, loyihaga muvofiq zanglash boʻyicha sinovlar natijalari toʻgʻrisida hujjatlar;
kabel oʻtkazilganidan keyin uning izolyatsiyasini yuqori kuchlanish bilan sinash bayonnomalari (kuchlanishi 1000 V dan yuqori KT uchun);
izolyatsiya qarshiligini oʻlchash natijalari toʻgʻrisida hujjatlar;
xandaqlar va kanallarda oʻtkazilgan kabellarni yopishdan oldin koʻrikdan oʻtkazish dalolatnomalari;
past haroratlarda kabellarni oʻtkazishdan oldin ularni barabanda qizdirish dalolatnomalari;
avtomatik yongʻin oʻchirish qurilmalari va yongʻin signalizatsiyasini tekshirish va sinash dalolatnomalari.
Kuchlanishi 110 kV va undan yuqori KTni ekspluatatsiya qilishga qabul qilishda yuqorida koʻrsatib oʻtilgan hujjatlardan tashqari, montaj tashkiloti, buyurtmachiga qoʻshimcha quyidagi hujjatlarni taqdim etishi shart:
kuchlanishi 110 — 220 kV boʻlgan, past bosimli, moy toʻldirilgan kabellar uchun kabelni va uni toʻldirib turuvchi apparatlarni yuqori ijro belgisini;
tarmoqlarning barcha elementlari moyini (suyuqligini) sinash natijalari hujjatlarini;
shimdirish sinovlari natijalarini;
yuqori bosimli moy toʻldirilgan kabellar uchun qoʻshimcha moy bilan taʼminlovchi agregatlarni sinash va tekshirish natijalarini;
bosim signalizatsiyasi tizimini tekshirish natijalarini;
kabelni oʻtkazishda tortish kuchlari haqida dalolatnomalarni;
kabellar oʻtkazilgandan keyin himoya qoplamalarini yuqori elektr kuchlanishi bilan sinash haqida dalolatnomalarni;
kabellarni, muftalarni va qoʻshimcha moy bilan taʼminlovchi apparaturalarning zavod sinovlari bayonnomalarini;
tugallovchi muftalarni avtomatik qizdirish qurilmalarini sinash natijalari haqida hujjatlarni;
moy toʻldirilgan past bosimli kabellarning va 110 kV kuchlanishli plastmassa izolyatsiyali kabellarning har bir fazasi tok oʻtkazuvchi tolalari va qobiqlari (ekranlari) boʻylab tokni oʻlchash natijalarini;
kabellar sigʻimini oʻlchash natijalarini;
quduqlarni va tugallovchi muftalarni yerga ulash qarshiligini oʻlchash natijalarini;
kadastrni;
qoʻllanilayotgan elektrotexnik materiallar va apparaturaga muvofiqlik sertifikatlarini.
156. Hududida KT yaqinida yer qazish ishlari oʻtkazilayotgan korxona rahbari KTning butunligini kuzatish uchun javobgar shaxslarni ajratadi.
157. Qaramogʻida KT bor korxona, elektrlashtirilgan relsli transport boshqarmalari va xizmatlari amaldagi Qoidalar va NTH talablariga muvofiq yerdagi daydi toklar qiymatini kamaytirish boʻyicha chora-tadbirlar bajarilishini nazorat qilishi shart.
158. KTni taʼmirlash, uni koʻrikdan oʻtkazish va sinash asosida ishlab chiqilgan hamda elektr xoʻjaligiga javobgar shaxs tomonidan tasdiqlangan ish jadvali boʻyicha bajariladi.
159. Kabellarda taʼmirlash ishlarini boshlashga faqat u oʻchirilganidan va ikki tomonidan yerga ulangandan keyin ruxsat beriladi.
Yigʻmalarda (yacheykalarda) kabelning tugallovchi muftalarini (birikmalarini) taʼmirlash yigʻmalar (yacheykalar) toʻliq oʻchirilganda va yerga ulanganda bajariladi.
160. Kabel trassalarini qazish yoki ularga yaqin joylarda yer qazish (kavlash) ishlari, faqat KTni ekspluatatsiya qiluvchi tashkilotning yozma ruxsati bilan oʻtkazilishi kerak. Bunda bajaruvchi barcha ishlar mobaynida kabellarning butunligi ustidan nazoratni taʼminlashi shart. Ochilgan kabellarni ular osilib qolishining oldini olish uchun mahkamlash va mexanik shikastlanishdan himoya qilish shart.
Ish joylarida signal chiroqlari va ogohlantiruvchi plakatlar oʻrnatilishi shart.
161. Qarmogʻida KT boʻlgan korxona davriy ravishda kabel trassalari oʻtayotgan hududdagi tashkilotlar va aholini ushbu trassalar atrofida yer qazish ishlarini oʻtkazish tartibi haqida xabardor qilishi shart.
162. KTlar elektr uskunalarni SQ va M talablariga binoan, oʻzgarmas tokning yuqori kuchlanishi bilan davriy ravishda profilaktik sinovdan oʻtishi kerak.
KTlarni navbatdan tashqari sinash zarurligi, masalan, taʼmirlash ishlaridan keyin yoki trassani ochish bilan bogʻliq qazish ishlaridan keyin, shuningdek, KT avtomatik oʻchganidan keyin tarmoq qarmogʻida boʻlgan tashkilot rahbariyati tomonidan belgilanadi.
Kuchlanishi 110 — 220 kV boʻlgan KTni sinash faqat elektr taʼminoti tashkiloti ruxsati bilan oʻtkaziladi.
163. Kabel tarmoqlarini ekspluatatsiya qilish mazkur Qoidalarga 3-ilova talablariga muvofiq amalga oshiriladi.
5-bob. Kuch transformatorlari va reaktorlar
164. Mazkur Qoidalar isteʼmolchilarning yuqori kuchlanish choʻlgʻami 220 kV va ungacha boʻlgan barcha kuch transformatorlariga, avtotransformatorlarga va moyli reaktorlarga (keyingi oʻrinlarda — transformatorlar) taalluqlidir.
165. Transformatorlar amalda EQTQ talablariga muvofiq oʻrnatilishi shart.
166. Transformatorlar va reaktorlarni oʻrnatish EQTQ va podstansiyalarni texnologik loyihalash meʼyorlariga muvofiq amalga oshirilishi shart.
Transformatorlar va reaktorlarni transportirovka qilish, tushirish, saqlash, montaj qilish va ekspluatatsiyaga kiritish ishlab chiqaruvchi zavodning rahbariy hujjatlariga (yoʻriqnomalariga) mos ravishda bajarilishi shart.
167. Kuch transformatorlari va reaktorlarni ekspluatatsiya qilish mazkur Qoidalarga 4-ilova talablariga muvofiq amalga oshiriladi.
6-bob. Elektr dvigatellar
168. Elektr dvigatellarni kapital va joriy taʼmirlash davriyligini korxona elektr xoʻjaligiga javobgar shaxs belgilaydi. Elektr dvigatellarni taʼmirlash yuritma mexanizmlarini taʼmirlash bilan bir vaqtda oʻtkazilishi shart.
169. Elektr dvigatellarni ekspluatatsiya qilish mazkur Qoidalarga 5-ilova talablariga muvofiq amalga oshiriladi.
7-bob. Oʻta kuchlanishlardan himoya
170. Yashindan himoya qurilmalarini montaj qilingandan keyin qabul qilishda korxonaga quyidagi texnik hujjatlar topshirilishi shart:
tegishli tashkilotlarda tasdiqlangan va energiya bilan taʼminlovchi tashkilot va Davlat yongʻin nazorati organi bilan kelishilgan yashindan himoyaning texnik loyihasi;
ventilli razryadlagichlar va kuchlanishni nochiziq cheklagichlarni montajdan oldin va keyin sinash dalolatnomalari;
quvurli razryadlagichlarni oʻrnatish dalolatnomalari;
razryadlagichlar va yashin qaytargichlarning yerga ulash qarshiliklarini oʻlchash bayonnomalari.
171. Oʻta kuchlanishdan himoya qilish qurilmalarini ekspluatatsiya qilish mazkur Qoidalarga 6-ilova talablariga muvofiq amalga oshiriladi.
8-bob. Kondensator qurilmalari
172. Ushbu Qoidalar isteʼmolchilar elektr qurilmalarining induktiv elementlariga parallel ulanadigan, 50 Gs chastotali, 0,22 dan 10 kV va ungacha kuchlanishli elektr qurilmalarida kuchlanishni rostlash va reaktiv quvvat kompensatsiyasi darajasini oshirish uchun ishlatiladigan kondensator qurilmalariga taalluqlidir.
Qoidalar boʻylama kompensatsiyalash kondensator qurilmalariga, maxsus va filtrli qurilmalarga taalluqli emas.
173. Kondensator qurilmalari, ularning himoyasi va joylashtirilishi EQTQ talablariga mos kelishi shart.
Avtomatik quvvat rostlagichiga ega boʻlmagan kondensator batareyalarini ishga tushirish apparaturasini, boshqa agregatlarni ishga tushirish apparaturasi bilan qoʻshib qoʻllashga, yaʼni quvvatni individual (guruhli) kompensatsiyalashni amalga oshirishga ruxsat beriladi.
174. Kondensator qurilmalarini ekspluatatsiya qilish mazkur Qoidalarga 7-ilova talablariga muvofiq amalga oshiriladi.
9-bob. Akkumulyator qurilmalari
175. Akkumulyator batareyalarini koʻrikdan oʻtkazish korxonaning elektr xoʻjaligiga javobgar shaxs tomonidan tasdiqlangan ish jadvali boʻyicha koʻriklarni quyidagi davriyligini hisobga olib oʻtkazilishi shart:
navbatchi xodimlar tomonidan 1 sutkada 1-marta;
podstansiya ustasi yoki boshligʻi tomonidan 1 oyda 2-marta;
doimiy navbatchi xodimlari yoʻq podstansiyalarda ekspluatatsiya qiluvchi xodimlar tomonidan uskunalarning koʻriklari bilan bir vaqtda, shuningdek, maxsus ajratilgan shaxs bilan korxonaning bosh energetiki tasdiqlagan ish jadvali boʻyicha;
elektr xoʻjaligiga javobgar shaxs tomonidan 1 oyda 1-marta.
176. Akkumulyator qurilmalarini ekspluatatsiya qilish mazkur Qoidalarga 8-ilovada keltirilgan talablariga mos ravishda amalga oshiriladi.
10-bob. Kuchlanishi 1000 V gacha boʻlgan TQlar
177. TQlari, ularda oʻrnatilgan asboblar va apparatlar bilan birgalikda amaldagi EQTQ talablariga mos kelishi shart.
178. Korxonaning TQ xonalari kuchlanish ostidagi uskunalari mavjud boshqa tashkilot xonalariga tutash boʻlsa, ulardan izolyatsiyalangan boʻlishi va alohida qulflanadigan chiqishga ega boʻlishi shart.
179. Ishga tushirish-rostlash apparatlari va himoya apparatlarining tok oʻtkazuvchi qismlari behosdan tegib ketishdan toʻsilgan boʻlishi shart.
Maxsus xonalarda (elektr mashinalar, panellar, stansiya boshqaruvi xonalarida va boshqalar) apparatlarni himoya qobiqlarisiz ochiq oʻrnatishga ruxsat beriladi.
180. Kuchlanishi 1000 V gacha boʻlgan taqsimlovchi qurilmalarni ekspluatatsiya qilish mazkur Qoidalarga 9-ilova talablariga muvofiq amalga oshiriladi.
11-bob. Kuchlanishi 1000 V dan yuqori boʻlgan podstansiyalar va TQlar
181. Podstansiyalar va TQlarni oʻchirmasdan koʻrikdan oʻtkazish quyidagi muddatlarda amalga oshirilishi shart:
doimiy navbatchi xodimlari bor obyektlarda 3 sutkada kamida 1-marta;
sutkaning qorongʻi vaqtlarida, razryadlarni va tojlanishni aniqlash uchun 1 oyda kamida 1-marta;
doimiy navbatchi xodimlari yoʻq obyektlarda 1 oyda kamida 1-marta, transformator va taqsimlovchi punktlarida esa 6 oyda kamida 1-marta;
qisqa tutashuv oʻchirilgandan keyin.
Yomon ob-havoda (kuchli tuman, hoʻl qor, muzlash va shunga oʻxshash) yoki OTQda kuchli ifloslanish boʻlganda, qoʻshimcha koʻrikdan oʻtkazishlar tashkil etilishi shart.
Barcha aniqlangan nosozliklar uskunalar nuqsonlari va buzuqliklari jurnaliga yozilishi shart; bundan tashqari, ular haqidagi maʼlumot elektr xoʻjaligiga javobgarga xabar qilinishi kerak.
Aniqlangan nosozliklar qisqa muddatlarda bartaraf etilishi shart.
182. Kuchlanishi 3 kV va undan yuqori boʻlgan taqsimlovchi qurilmalarning tezkor blokirovkalari mexanik blokirovkalardan tashqari, doimo plombalangan boʻlishi shart.
Bevosita almashlab ulashni bajaradigan xodimlarga oʻzboshimchalik bilan blokirovkalarni ishlashdan chiqarish man etiladi.
183. Kuchlanishi 1000 V dan yuqori boʻlgan podstansiyalar va TQlarni ekspluatatsiya qilish mazkur Qoidalarga 10-ilova talablariga muvofiq amalga oshiriladi.
12-bob. Releli himoya, elektr avtomatika, telemexanika qurilmalari va ikkilamchi zanjirlar
184. Releli himoya, avtomatika va telemexanika qurilmalariga (keyingi oʻrinlarda — RHA va T) va ularning ikkilamchi zanjirlariga texnik xizmat koʻrsatishni odatda, markaziy yoki mahalliy releli himoya, avtomatika (keyingi oʻrinlarda — RHA) xizmatlari va oʻlchashlar (laboratoriyalar) yoki korxonaning elektr laboratoriya xodimlari amalga oshirishlari kerak.
RHA va T qurilmalarining alohida turlariga xizmat koʻrsatishda boshqa xizmatlar ishtirok etgan hollarda, ular orasida xizmat koʻrsatish zonalari va majburiyatlar mahalliy yoʻriqnomalarga muvofiq chegaralanadi.
Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasining nazorati ostidagi obyektlarda ixtisoslashtirilgan tashkilotlar yoki korxona tashkilotlari sozlash ishlarini bajarayotganda, nomlangan plombalarga va Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi bergan ruxsatnomaga ega boʻlishlari shart.
185. Yangi montaj qilingan RHA va T qurilmalarini ishga tushirishdan oldin uskunalar pasportiga yoki mahsus roʻyxatlarga yozib, ularda sozlash va qabul sinovlari oʻtkazilishi kerak.
186. Qabul qilingan RHA va T qurilmalarini ekspluatatsiyaga kiritishdan oldin quyidagi texnik hujjatlar:
montaj va sozlashda tuzatishlar kiritilgan loyiha materiallari (chizmalar va sxemalar, tushuntirish yozuvlari, kabel jurnali va shunga oʻxshash) montaj qiluvchi va sozlovchi tashkilotlar tomonidan;
zavod materiallari (texnik tavsif va ekspluatatsiya qilish boʻyicha yoʻriqnoma, elektr uskuna va apparatlarning pasporti, va boshqalar) montaj qiluvchi tashkilot tomonidan;
sozlash va sinashlar bayonnomalari sozlash tashkiloti yoki korxona laboratoriyasi tomonidan taqdim etilishi shart.
187. Ekspluatatsiyadagi har bir RHA va T qurilmasiga korxonada quyidagi texnik hujjatlar saqlanishi shart:
uskunaning pasporti-bayonnomasi;
texnik xizmat koʻrsatish boʻyicha metodik koʻrsatmalar yoki yoʻriqnomalar;
oʻrnatmalar kartasi yoki jadvali (yoki xarakteristikalari) shaklidagi qurilmalarning texnik maʼlumotlari va parametrlari;
prinsipial, montaj yoki prinsipial-montaj sxemalar.
Qurilmaga texnik xizmat koʻrsatishdagi davriy tekshirishlar natijalari pasport — bayonnomaga kiritilishi shart (batafsil yozuvlarni, ayniqsa, RHA va Tning murakkab qurilmalari boʻyicha, ishchi jurnalida yuritish tavsiya etiladi).
188. Rele, apparatlar va RHA va Tning yordamchi qurilmalarini ochishga oʻrnatma qiymatini tezkor xodim oʻzgartiradiganlardan tashqari, faqat ushbu qurilmalarga texnik xizmat koʻrsatuvchi xizmatchilarga ruxsat beriladi.
189. RHAning tez harakatlanuvchi qurilmalari va zaxiralash qurilmalari mavjud boʻlganda, oʻchirgichlar ishdan chiqqanda, taʼmirdan yoki oʻchishdan keyin tarmoqlarni, shinalarni va elektr uskunalarini ulash boʻyicha barcha operatsiyalar, shuningdek, ajratgichlar va havo uzgichlari bilan operatsiyalar RHA qurilmasi ishga tushgandan keyin amalga oshirilishi shart.
Ularni ishga tushirish imkoni boʻlmaganda, zaxira himoyalarida tezlanishni ishga tushirish yoki vaqtincha himoyani (shu jumladan, selektiv boʻlmasa ham) amalga oshirish zarur.
190. RHA va T qurilmalarida ishlarni oʻqitilgan va tegishli qurilmalarga mustaqil texnik xizmat koʻrsatishga ruxsat berilgan xodimlar xavfsizlik texnikasi qoidalariga rioya qilgan holda bajarishlari shart.
191. Panellarda (shkaflarda) va releli himoya, elektr avtomatika va telemexanika boshqaruv zanjirlarida ishlar bajarilganda, uskunalar xato oʻchirilishining oldini olish choralari qabul qilinishi shart.
Ishlar faqat izolyatsiyalangan asbob bilan bajarilishi shart.
Bu ishlarni ijro sxemalarisiz, RHA va Tning murakkab qurilmalarida esa berilgan hajmlar va ketma-ketliklar mavjud boʻlgan dasturlarsiz bajarish man qilinadi.
Ishlar tugagandan soʻng tok, kuchlanish zanjirlari va tezkor zanjirlar toʻgʻri ulanganligi hamda ishga yaroqliligi tekshirilishi shart. RHA tezkor zanjirlari va boshqaruv zanjirlari, odatda amalda sinash yoʻli bilan tekshirilishi kerak.
192. Ulanmalarning (himoya qilinayotgan yoki oraliq birikmalarni) oʻchishiga ishlab ketishi, shuningdek, boshqa koʻzda tutilmagan taʼsirlar keltirib chiqarishi mumkin boʻlgan RHA va T qurilmalaridagi ishlar, buni hisobga olgan holda, ruxsat etilgan talabnoma buyicha amalga oshirilishi kerak.
193. Tok transformatorlarining ikkilamchi choʻlgʻamlari doimo rele yoki asboblar orqali tutashtirilgan yoki qisqa tutashtirilgan boʻlishi shart.
Tok va kuchlanish transformatorlarining ikkilamchi zanjirlari va yuqori chastotali kanallar ulanmalari filtrlarining ikkilamchi chulgʻamlari yerga ulangan boʻlishi shart.
194. RHA va T qurilmalarida rejali texnik xizmat koʻrsatishlar, sinashlar va avariyadan keyingi tekshirishlar tugagandan soʻng bayonnomalar tuzilishi va releli himoya, elektroavtomatika va telemexanika jurnalida, shuningdek, pasport-bayonnomada tegishli yozuvlar yozilishi shart.
RHA va T sxemalari va oʻrnatma qiymatlari oʻzgarganda, jurnalda va pasport-bayonnomada tegishli yozuvlar kiritilishi shart. Shuningdek, prinsipial va montaj sxemalariga hamda ekspluatatsiya qilish boʻyicha yoʻriqnomalarga tuzatishlar kiritilishi shart.
195. Teleboshqarilayotgan uskunalarni avtonom boshqaruvga oʻtkazish va uning teskarisi, faqat dispetcher yoki korxona elektr xoʻjaligiga javobgar ruxsati bilan amalga oshiriladi.
Podstansiyadagi teleboshqaruvning chiqish zanjirlari ishlashini toʻxtatish uchun umumiy kalitlar yoki oʻchirish qurilmalari qoʻllanilishi shart.
Teleboshqaruv zanjirlarini yoki alohida ulanmalarning telesignalizatsiyasini oʻchirish, ajratish qisqichlarida yoki individual oʻchirish qurilmalarida bajarilishi shart.
Teleboshqaruv va telesignalizatsiya zanjirlarida teleboshqaruvning umumiy kalitlari va individual oʻchirish qurilmalari bilan barcha operatsiyalarni, faqat dispetcher (tezkor xodim) koʻrsatmasi boʻyicha yoki uni xabardor qilib bajarishga ruxsat beriladi.
196. RHA va T qurilmalarining panellarida (shkaflarda) tezkor xodim kalitlar, qoplagichlar, sinash bloklari va boshqa moslamalar yordamida almashlab ulashni amalga oshirayotganda, barcha ishlatilayotgan rejimlar uchun koʻrsatilgan almashlab ulash qurilmalari holatlarining jadvallari boʻlishi shart.
Ushbu almashlab ulash boʻyicha operatsiyalar tezkor jurnalga yozilishi shart.
197. Elektr tarmogʻini taʼminlovchi elementlarning releli himoyani sozlash shartlari boʻyicha va mumkin boʻlgan ekspluatatsiya rejimlarini hisobga olingan va ruxsat etilgan chegaraviy yuklamalari korxona tomonidan energiya bilan taʼminlovchi tashkilotning dispetcherlik xizmati bilan kelishilishi va davriy ravishda qayta koʻrib chiqilishi kerak.
198. Tezkor xodim quyidagilarni amalga oshirishi shart:
RHA va T va boshqaruv panellarida (shkaflarida) almashlab ulash qurilmalari va sinash bloklari qopqoqlari holatining toʻgʻriligi nazoratini, shuningdek, RHA va T va boshqaruv zanjirlarida avtomatik oʻchirgichlar hamda saqlagichlarning yaroqliligi nazoratini;
RHA va T qurilmalari holatini mavjud panellar (shkaflar) va apparatlardagi tashqi signalizatsiya qurilmalari bazasida nazorat qilishni;
yuqori voltli oʻchirgich va boshqa apparatlarni, shuningdek, avtomatik qayta ulash qurilmalarini, zaxirani avtomatik ulash va qayd qiluvchi asboblarni (indikatorlarni) ishlatib koʻrishni;
yuqori chastotali himoya signallari bilan almashuvni va yuqori chastotali teleoʻchirish qurilmalari va avtomatika kanallarining past chastotali apparatlarini, avariyaga qarshi avtomatikaning yuqori chastotali apparatlarining nazorat qilinayotgan parametrlarini oʻlchashni;
shinalar himoyasida nobalans tokni va kuchlanish transformatorining uzilgan uchburchagida nobalans kuchlanishni oʻlchashni;
avtomatik ossillograflarning avariyaviy yozuv soatlarini yuritib qoʻyishni va boshqalarni.
199. RHA va T qurilmalariga texnik xizmat koʻrsatishni amalga oshiruvchi korxona xizmati xodimlari asosiy eʼtiborni almashlab ulash qurilmalari (kontaktli qoplamalar, boshqaruv kaliti, rubilniklar va boshqalar) va sinash bloklari qopqoqlari holatining toʻgʻriligiga, shuningdek, ularning holati elektr uskunalarining sxemalariga hamda ishlash rejimlariga mosligiga qaratgan holda, davriy ravishda barcha boshqaruv panellari va pultlarini, releli himoya panellarini (shkaflarini), elektroavtomatikani, telemexanikani, signalizatsiyani koʻrikdan oʻtkazishlari shart.
RHA va T xizmati xodimlari tomonidan davriy koʻriklaridan oʻtkazilishidan qatʼiy nazar, tezkor xodimlar bajarishi ruxsat etilgan operatsiyalarga tegishli RHA va T elementlarining holati toʻgʻriligiga javob beradi.
200. Releli himoya, elektroavtomatika, telemexanika va ikkilamchi zanjirlarni ekspluatatsiya qilish mazkur Qoidalarga 11-ilova talablariga muvofiq amalga oshiriladi.
13-bob. Elektr oʻlchash vositalari
201. Har bir korxonada davlat standartlari va idoraviy nizomlarga muvofiq majburiyatlari elektr energiyasini oʻlchash va hisobga olish vositalarini davriy koʻrikdan oʻtkazish va ularga profilaktik xizmat koʻrsatishdan, mazkur vositalarning holatini nazorat qilishdan, tekshirishdan iborat boʻlgan metrologiya xizmati yoki shunday xizmat funksiyasini bajaruvchi boʻlinma tashkil etilishi shart.
Metrologiya xizmati (boʻlinma) “Oʻzstandart” agentligining NTH va idoraviy metrologiya xizmati organlari talablariga muvofiq qiyoslovchi va taʼmirlovchi uskunalari va namunaviy oʻlchov vositalari bilan jihozlangan boʻlishi shart.
Mazkur xizmatlarning faoliyati davlar standartlariga va metrologik xizmat haqidagi idoraviy nizomlarga muvofiq amalga oshiriladi.
202. Podstansiyalar va TQlarda elektr energiyasini oʻlchash va hisoblash vositalarining ishini, shu jumladan qayd qiluvchi asboblar va avariya rejimida yozuv avtomatik tezlatiladigan asboblar ishlashining kuzatuvini korxonaning rahbariyati (elektr xoʻjaligiga javobgar) qarori bilan aniqlangan boʻlinmalarning navbatchisi yoki tezkor taʼmirlovchi xodimi olib boradi.
203. Elektr energiyasini oʻlchash va hisoblash vositalarining tashqi elementlari butunligi hamda tozaligiga ular oʻrnatilgan uskunaga texnik xizmat koʻrsatuvchi xodim javob beradi.
Elektr energiyasini oʻlchash va hisoblash vositalari ishidagi barcha nosozliklar haqida xodim zudlik bilan korxonaning metrologik xizmati funksiyasini bajaruvchi boʻlinmasiga xabar berishi shart.
Qayd qiluvchi asboblarning normal yozuvini taʼminlash boʻyicha ishlar bilan bogʻlanmagan elektr oʻlchash vositalarini ochishga faqat korxonaning metrologiya xizmati funksiyasini bajaruvchi boʻlinma xodimiga, taʼminlovchilar yoki isteʼmolchilar bilan hisob-kitob uchun oʻrnatilgan oʻlchov vositalarini esa boʻlinma xodimiga ularning vakillari bilan birgalikda ruxsat beriladi.
204. Ikkilamchi zanjirlariga elektr energiyasini hisobga olish asboblari ulangan tok va kuchlanish oʻlchov transformatorlarini oʻrnatish va almashtirishni energiya bilan taʼminlovchi tashkilot ruxsati bilan ularni ekspluatatsiya qiluvchi korxona xodimlari bajaradi.
Energiya bilan taʼminlovchi tashkilot va isteʼmolchilar oʻrtasida hisob-kitob oʻtkaziladigan elektr energiyasini hisobga olish asboblari energiya bilan taʼminlovchi tashkilot xodimlari, isteʼmolchi vakili ishtirokida almashtiriladi.
Elektr energiyasini hisobga olish asboblarini qiyoslashni “Oʻzstandart” agentligi yoki u vakolat bergan metrologiya xizmati amalga oshiradi.
205. Elektr energiyasini hisobga olish asboblari ishidagi barcha nuqsonlar va ishlamay qolishlar haqida isteʼmolchi-korxona zudlik bilan energiya bilan taʼminlovchi tashkilotni xabardor qilishga majbur.
206. Energiya bilan taʼminlovchi tashkilot quyidagilarni plombalashi shart:
elektr energiyasining hisob-kitobini hisobga olish zanjirlarini, hisobga olish zanjirlarining oraliq klemmalarini, kuchlanish zanjirlarining avtomatik oʻlagichlarini;
tok transformatorlarini ikkilamchi choʻlgʻamlarini shuntlash qisqichlari bilan sinash qutilarini va elektr energiyasini hisobga olish asboblarini almashtirish yoki qiyoslash uchun ular oʻchirib qoʻyilganda kuchlanish zanjirlarini ulangan joylarni;
elektr energiyasini hisobga olish asboblari ulangan kuchlanish transformatorlarining yuqori kuchlanish tarafida saqlagichlar oʻrnatilgan kamerasi panjaralarini yoki eshiklarini;
elektr energiyasini hisobga olish asboblari ulangan kuchlanish transformatorlari ajratgichlarining yuritma dastaklaridagi moslamalarni.
Elektr energiyasini hisobga olish asboblari ulangan kuchlanish transformatorlarining ikkilamchi zanjirlarida saqlagichlarni, ularning butunligini signalli nazoratisiz oʻrnatish man etiladi.
207. Elektr oʻlchash vositalarini ekspluatatsiya qilish mazkur Qoidalarga 12-ilova talablariga muvofiq amalga oshiriladi.
14-bob. Yerga ulash qurilmalari
208. Isteʼmolchilar elektr qurilmalarining yerga ulash qurilmalari amaldagi EQTQ talablariga muvofiq boʻlishi shart.
209. Yerga ulash qurilmalari odamlar xavfsizligi shartlarini va elektr uskunalarni himoyalashni, shuningdek, ekspluatatsiya ish rejimlarini taʼminlashi shart.
Elektr uskunalarini yerga ulanishi kerak boʻlgan qismlari yerga ulash qurilmasi bilan yoki ular oʻrnatilgan yerga ulangan konstruksiyalar bilan ishonchli kontakt birikmaga ega boʻlishi shart.
210. Elektr qurilmalarining yerga ulash qurilmalarini ekspluatatsiya qilishga topshirishda, montaj tashkiloti ekspluatatsiya qiluvchi tashkilotga mazkur Qoidalarda (7-§. “Texnik hujjatlarni yuritish”da) koʻrsatilgan texnik hujjatlarni, shuningdek, elektr uskunalarini SQ va Mga koʻra qabul qilish-topshirish sinovlari bayonnomalarini taqdim etadi.
211. Yerga ulash qurilmalarini ekspluatatsiya qilish mazkur Qoidalarga 13-ilova talablariga muvofiq amalga oshiriladi.
212. Mazkur Qoidalar talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javob beradi.
Isteʼmolchilar elektr qurilmalarini texnik ekspluatatsiya qilish qoidalariga 1-ILOVA
Kuchlanishi 1000 V gacha boʻlgan elektr uzatish havo tarmoqlarini ekspluatatsiya qilishda texnik talablar
1. Elektr uzatish havo tarmoqlarining (keyingi oʻrinlarda — HT) trassasi davriy ravishda daraxt novdalaridan va shoxlaridan tozalanib turishi va yongʻinga nisbatan xavfsiz holatda saqlanishi kerak.
Simlarga bevosita yaqin oʻsayotgan daraxtlarlarni kesishni HTni ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot amalga oshiradi.
Daraxt shoxlarini HT simlariga 1 m dan yaqin masofaga yaqinlashishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
2. HTni ekspluatatsiya qilish uning ishonchli ishlashini taʼminlashga qaratilgan texnik xizmat koʻrsatish va taʼmirlash ishlarini (kapital va joriy) koʻzda tutadi. Texnik xizmat koʻrsatishda HLni koʻrikdan oʻtkazishlar, profilaktik tekshiruvlar va oʻlchovlar oʻtkazilishi, kichik shikastlanish va nosozliklar bartaraf qilinishi hamda boshqa ishlar amalga oshirilishi kerak.
3. HTni ekspluatatsiya qilishda ularni davriy va navbatdan tashqari koʻrikdan oʻtkazish amalga oshiriladi. Davriy koʻriklar ish jadvalini elektr xoʻjaligiga javobgar shaxs tasdiqlaydi.
Koʻriklar kamida 6 oyda 1-marta, odatda bahor va kuz oylarida oʻtkazilishi kerak.
Yuqoridagi koʻrikdan oʻtkazish zarurat boʻyicha oʻtkaziladi.
HT ni navbatdan tashqari koʻrikdan daryolarda muz koʻchish va suv toshish davrida, trassa zonasida yongʻin boʻlganda, kuchli boʻronlar, dovullar, sovuqlar va boshqa tabiiy ofatlar yuz berganda oʻtkaziladi.
4. Tarmoqlar va kirish joylarini koʻrikdan oʻtkazishda quyidagilarga ahamiyat berish zarur:
izolyatorlarning kuygan, darz ketgan va singanligiga, sim tolalarini uzilganligi va eriganligiga, bogʻlamlarning butunligiga, simlarning rostlanishiga;
tayanchlarning holatiga va ularning tarmoq boʻylab yoki koʻndalangiga ogʻishiga, bandajlarning va yerga ulash qurilmalarining butunligiga;
brikmalarning holatiga, unda yerdan turib irgʻitib tashlangan simlar mavjudligiga va simlarni daraxt shoxlariga tegishiga;
kirish shoxobchalari va saqlagichlarning holatiga;
tugallovchi kabel muftalari va tushishlarning holatiga;
trassaning holatiga.
Koʻrikdan oʻtkazishda bandajlarni tortish, tayanchlarga chiqmasdan gaykalarni, bandajlarning boltli birikmalarini burash, tayanchlarning raqamlanishini tiklash va boshqalarni oʻtkazish zarur.
Avariya tusidagi shikastlanishlar va nosozliklarni darhol bartaraf qilish shart.
5. HTga xizmat koʻrsatuvchi xodimlarning ishlashini nazorat qilish maqsadida MTH tomonidan HT trassasi elementlarining holatini, avariyaga qarshi tekshirishlar va boshqa tadbirlarni baholash uchun 1 yilda 1-marta tanlab nazorat koʻrigi oʻtkazilishi shart.
6. HTda elektr uskunalarini SQ va Mda koʻzda tutilgan hajmlar va muddatlarda profilaktik tekshiruvlar, oʻlchovlar va sinovlar oʻtkazilishi shart.
7. Tayanchlar bandajlari diametri 4 mm va undan ortiq boʻlgan ruxlangan yumshoq simlardan qilinishi lozim.
Diametri 5-6 mm boʻlgan ruxlanmagan simlarni qoʻllashga, agar ular asfalt laki bilan qoplangan boʻlsa, ruxsat etiladi. Loyihada maxsus koʻrsatmalar boʻlmaganda, bandaj oʻramlarining soni quyidagicha qabul qilinadi: sim diametri 4 mm boʻlganda — 12; sim diametri 5 mm boʻlganda — 10; sim diametri 6 mm boʻlganda — 8.
8. HTni koʻrikdan oʻtkazishda, profilaktik tekshirishlarda va oʻlchashlarda aniqlangan nuqsonlar maxsus nuqsonlar jurnalida (kartotekasida) qayd qilinadi va xususiyatiga qarab, zudlik bilan yoki rejali (rejadan tashqari) texnik xizmat koʻrsatishda yoki HLni kapital taʼmirlashda bartaraf etiladi.
9. HTni kapital taʼmirlash uning konstruksiyasiga, elementlarining texnik holatiga va ekspluatatsiya qilish sharoitlariga (tabiiy sharoitlar, atmosfera va tuproq suvlarining yemiruvchanligi, tuproqning holati va boshqalar) qarab, lekin 6 yilda kamida 1-marta oʻtkaziladi. I va II shamol va muzlash hududlarida 0,4 kV kuchlanishli HT tayanchlarining taʼmirlash davriyligini 9 yilgacha uzaytirishga ruxsat beriladi.
10. Texnik xizmat koʻrsatish va taʼmirlash ishlari, odatda barcha zarur ishlarni bir vaqtning oʻzida bajarish bilan HT oʻchirish muddatini iloji boricha qisqartirib, kompleks usulda amalga oshiriladi.
11. Avariyaviy shikastlanishni oʻz vaqtida bartaraf qilish maqsadida HTni ekspluatatsiya qiluvchi korxona belgilangan meʼyorlarga koʻra materiallar va detallarning avariyaviy zaxirasiga ega boʻlishi shart.
Isteʼmolchilar elektr qurilmalarini texnik ekspluatatsiya qilish qoidalariga 2-ILOVA
Kuchlanishi 1000 V dan yuqori boʻlgan elektr uzatish havo tarmoqlarini ekspluatatsiya qilishda texnik talablar
1. Mazkur Qoidalar korxonalarda ekspluatatsiya qilinayotgan kuchlanishi 1000 V dan 220 kV gacha boʻlgan HTlar uchun taalluqlidir.
Qoidalar — ekspluatatsiya qilinishi maxsus qoidalar bilan belgilangan kontakt tarmoqlarining HT va boshqa maxsus havo tarmoqlari va inshootlariga taalluqli emas.
2. HTni ekspluatatsiya qiluvchi korxona Elektr tarmoqlari xoʻjaligi obyektlarini muhofaza qilish qoidalariga muvofiq belgilangan qoʻriqlash zonalarida ekspluatatsiya qilishning normal sharoitlarini, baxtsiz hodisalarni, yongʻinlarni bartaraf qilish va boshqalarni taʼminlaydi.
3. HTni ekspluatatsiya qiluvchi korxona (qishloq xoʻjaligi va boshqa ishlar boshlash muddati haqida xabar olganidan keyin) yerdan foydalanuvchilardan muhofaza zonasiga kiruvchi yer uchastkalarida HLning butligini taʼminlash, ekspluatatsiya qilishning normal sharoitlarini yaratish maqsadida Elektr tarmoqlari xoʻjaligi obyektlarini muhofaza qilish qoidalariga qatʼiy rioya qilishni talab qiladi.
4. HT va tok oʻtkazgichlarni koʻrikdan oʻtkazishda quyidagilarni tekshirish zarur:
trassaning yongʻinga qarshi holatini: HTning muhofaza zonasida begona predmetlar, qurilishlar, pichan gʻaramlari, taxlangan yogʻochlar, tarmoqqa qulashi mumkin boʻlgan yoki simlarga xavfli yaqinlashgan daraxtlar, yonuvchan matariallar saqlanishi, gulxanlarni boʻlmasligini; HTni ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot va egasining yozma ruxsatisiz ularning muhofaza zonasida ishlar bajarilmasligi shart;
poydevor, qoʻshilgan (ulangan) moslamalarning holatini: poydevor atrofida tuproq oʻtirib qolgan yoki qavargan boʻlmasligi, poydevorda (qoʻshilgan moslamalarda) yoriqlar va shkastlanishlar boʻlmasligi kerak; yetarli darajada chuqurlikda boʻlishi shart;
tayanchlarning holatini: ularning ogʻishlari yoki tuproqda siljishlari, yogʻoch detallarning kuyganligi va parchalangan boʻlmasligini, bandajlar, payvandlangan choklar, metall tayanchlardagi boltli va parchin mixli birikmalar yaxlitligi buzilmasligini, metall elementlarning uzilishlari, metall korroziyasi, temir-beton tayanchlarda yoriqlar va nosozliklar, ularda qush uyalari va boshqa begona predmetlar yoʻqligini, tayanchlarda plakatlar va xavfsizlik belgilari boʻlishi kerak;
simlar va troslar holatini: alohida sim tolalarining uzilishlari va erigan joylari, simlarga va troslarga yerdan turib irgʻitib tashlangan sim boʻlaklari boʻlmasligini, ular sozlangan buzilish, simlarning solqiligini va simlardan yergacha va obyektlargacha boʻlgan masofaning ruxsat etilmagan oʻzgarishlarini, HT loyihasida koʻzda tutilgan titrashlarni soʻndiruvchi qurilmalar joylaridan siljiganligini;
tok oʻtkazgichlarning egiluvchan shinalari holatini: aylangan, ajralib ketgan va yorilgan simlar boʻlmasligi shart;
izolyatorlar holatini: shtirli izolyatorlar singan, kuygan, yorilgan, kirlangan, sirlangan yuzalari shikastlangan, shtirga yoki ilgaklarga notoʻgʻri oʻrnatilgan, himoya shoxlari shikastlangan boʻlmasligi kerak; gaykalar, qulflar va shplintlar oʻz joyida boʻlishi shart;
armatura holatini: unda yoriqlar, alohida detallar ishqalanib yemirilgan yoki deformatsiyalangan boʻlmasligi shart;
razryadlagichlar, HTdagi kommutatsiya apparatlari, tushishlardagi kabellarning tugallovchi muftalari holatini: yerga ulovchi tushishlarni tayanchlarda va yer oldida buzilishlari va uzilishlari, yashindan himoya trossining yerga ulovchi tushish yoki tayanch tanasi bilan boltli birikmalaridagi kontaktlarni buzilishlari, yerga ulovchi qurilma elementlarining zanglashdan yemirilishlari boʻlmasligi shart.
5. Titrashdan simlarning shikastlanishlari aniqlanganda, HT toʻliq, simlarni ushlab turuvchi qisqichlardan chiqarib, tekshiruvdan oʻtkaziladi.
Qisqichlardagi sim va trosslar holatini tanlab tekshirishni HTni oʻchirib yoki oʻchirmasdan (izolyatsiyalovchi qurilmalardan) oʻtkazish mumkin.
6. HTda profilaktik tekshiruvlar, oʻlchashlar va sinashlar elektr uskunalarni SQ va M da koʻzda tutilgan hajmlarda va muddatlarda oʻtkaziladi.
7. HT tayanchlari uchun yogʻochni EQTQ talablariga qatʼiy rioya qilgan holda qoʻllash zarur.
8. Ruxlanmagan metall tayanchlarni, temir-beton va yogʻoch tayanchlarning metall elementlarini, shuningdek, poʻlat trosslar va simlar tortqilarini zanglashga qarshi qoplamalari zarurat boʻyicha tiklanadi.
9. Tez ifloslanadigan HT va tok oʻtkazgichlar uchastkalarida maxsus yoki kuchaytirilgan izolyatsiya qoʻllaniladi. Zarur boʻlganda, izolyatsiyani tozalash (yuvish), ifloslangan izolyatorlarni almashtirish amalga oshiriladi.
10. HT tayanchlari detallari va boshqa elementlarini chiqitga chiqarishning ekspluatatsion ruxsatlari va meʼyorlari Elektr uskunalarining SQ va M ga mos kelishi shart.
11. Yuqori chastotali telemexanika va aloqa kanallari mavjud HLni taʼmirlashda ushbu kanallarni ishchi holatda saqlash maqsadida yerga ulash uchun koʻchma yerga ulash toʻsiqlaridan foydalanish lozim.
12. IV va oʻta muzlash hududlardan, shuningdek, qattiq shamollar bilan bir paytda tez-tez muzlaydigan, qirovli va qattiq sovuqli II va III hududlardan oʻtadigan HT uchastkalarida muzni elektr toki bilan eritish amalga oshirilishi kerak.
Eritish usulini tanlash HTni ishlash sharoitlariga qarab aniqlanadi (tarmoq sxemasi, isteʼmolchi yuklamasi, muz hosil boʻladigan zona, tarmoqlarni oʻchirish mumkinligi va boshqalar).
13. Yerga kichik tok bilan tutashishadigan elektr qurilmalarida yerga tutashish bartaraf qilinguncha, HLning yerga ulangan faza bilan ishlashiga ruxsat beriladi. Bu holda xodimlar buzilish joyini qisqa muddatlarda aniqlashi va bartaraf qilishi shart.
Generator kuchlanishida bir fazali yerga tutashuv rejimi 2 soat bilan cheklanadi.
Isteʼmolchilar elektr qurilmalarini texnik ekspluatatsiya qilish qoidalariga 3-ILOVA
Kabel tarmoqlarini ekspluatatsiya qilishda texnik talablar
1. Mazkur Qoidalar kuchlanishi 220 kV gacha boʻlgan yuqori kuchlanish kabel tarmoqlariga (keyingi oʻrinlarda — KT) taalluqlidir.
Barcha KT EQTQ talablarini qondirishi shart.
2. Yangi qurilayotgan KTni ekspluatatsiya qilishga qabul qilishda EQTQ talablariga muvofiq sinovlar oʻtkazilishi shart.
3. Ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot, montaj qiluvchi tashkilot qurayotgan barcha kuchlanishli KT yotqizilayotganda va montaj qilinayotganda texnik nazoratni olib borishlari shart.
Shlang qoplamali zirhsiz kabellar oʻtkazilishini nazorat qilganda va ekspluatatsiya qilishda, asosiy eʼtibor shlangning holatiga qaratilishi shart. Teshib oʻtgan uzilishlari, yoriqlari va tirnalgan joylari boʻlgan shlangli kabellar taʼmirlanishi yoki almashtirilishi shart.
4. Har bir KT mazkur Qoidalarning 155-bandida koʻrsatilgan hujjatlarni oʻz ichiga olgan pasportga, dispetcherlik raqamiga yoki nomiga ega boʻlishi shart.
Ochiq oʻtkazilgan kabellar, shuningdek, barcha kabel muftalari yorliqlar bilan taʼminlangan boʻlishi shart. Tarmoq boshidagi va oxiridagi kabel yorliqlarida tarmoqning markasi, kuchlanishi, kesimi, raqami yoki nomi koʻrsatilgan boʻlishi, ulash muftasi yorligʻida esa mufta raqami, montaj sanasi koʻrsatilishi shart.
Yorliqlar atrof-muhit taʼsiriga chidamli boʻlishi shart. Yorliqlar ochiq oʻtkazilgan kabellarda tarmoqning uzunligi boʻyicha har 50 metr oraliqda, shuningdek, trassa burilishlarida va olovga chidamli toʻsiqlardan hamda yopmalardan kabellarning oʻtish joylarida (har ikkala tomonida) joylashtirilishi shart.
5. Har bir KT uchun ishga tushirishda ruxsat etilgan eng katta tok yuklamalari belgilanishi shart. Yuklamalar eng yomon issiqlik sharoitidagi, uzunligi 10 metrdan kam boʻlmagan trassa uchastkasi boʻyicha belgilanishi kerak. Ushbu yuklamalarni oshirishga issiqlik sinovlari asosida kabel tolalarining harorati davlat standartlarida yoki texnik shartlarda davomiy ruxsat etilgan haroratdan ortmaganda ruxsat etiladi. Bunda kabellarni qizishi, trassaning eng yomon sovitish sharoitiga ega boʻlgan uchastkada tekshirilishi kerak.
Kuchlanishi 1000 V gacha boʻlgan kabelning oʻrniga kuchlanishi 1000 V dan yuqori boʻlgan kabeldan foydalanish man etiladi.
6. Avariyani bartaraf qilish davrida kuchlanishi 10 kV gacha boʻlgan shimdirilgan qogʻoz izolyatsiyali kabellarni tok boʻyicha 30 foizga, 5 sutka mobaynida, sutkada 6 soatdan koʻp boʻlmagan, lekin bir yilda 100 soatdan ortiq boʻlmagan davrda oʻta yuklanishiga ruxsat beriladi. Agar sutkaning qolgan davrida yuklama ruxsat etilganidan oshmagan boʻlsa, 15 yildan ortiq ekspluatatsiyada boʻlgan kabellar uchun oʻta yuklanish 10 foizgacha kamaytirilishi kerak.
Kuchlanishi 35 kV boʻlgan qogʻoz izolyatsiyali KT oʻta yuklanishiga ruxsat berilmaydi.
7. Kuchlanishi 110 — 220 kV boʻlgan moy toʻldirilgan kabellar uchun tolalarning haroratini 80 oC dan oshirmay oʻta yuklanishga ruxsat beriladi. Bunda uzluksiz yuklamaning davomiyligi 100 soatdan oshmasligi, davomiylikining yigʻindisi esa yilda 500 soatdan, oʻta yuklanishlar orasidagi tanaffus — 10 sutkadan kam boʻlmasdigi kerak. Havoda oʻtkazilgan, kuchlanishi 110 kV boʻlgan KL uchun tolalarini 80 oC harorat bilan ishlash davomiyligi cheklanmagan.
8. Moy toʻldirilgan kuchlanishi 110 — 220 kV boʻlgan har bir KT yoki uning seksiyalari uchun tarmoqning profiliga bogʻliq ravishda mahalliy yoʻriqnomalar bilan moy bosimining ruxsat etilgan chegaraviy qiymatlari belgilangan boʻlishi shart. Ulardan chetga chiqqanda, KT oʻchirilishi va faqat buzilish sabablari aniqlangandan va bartaraf etilgandan keyin ulanishi shart. Past bosimli KT uchun kabeldagi moy bosimining ruxsat etilgan bosimi 100 — 300 kPa (1 — 3 kgs/sm2) chegarasida boʻlishi kerak.
9. Moy toʻldirilgan kuchlanishi 110 kV va undan yuqori boʻlgan kabellardan moy va plastmassa izolyatsiyali kabellarning tugallovchi muftalaridan suyuqlik sinash uchun yangi tarmoq ulanishi oldidan, ulangandan keyin 1 yildan soʻng, keyin 3 yildan soʻng va keyinchalik har 6 yilda olinishi shart. Moy va suyuqlikning tekshirilayotgan qiymatlari Elektr uskunalarini SQ va M talablariga mos kelishi shart.
10. Neytrali izolyatsiyalangan yoki kompensatsiyalangan tarmoqlarda yerga bir fazali tutashuv sodir boʻlganda, xodim bu haqida zudlik bilan taʼminlovchi podstansiya navbatchisiga yoki elektr bilan taʼminlovchi tashkilotning tarmoq boʻyicha navbatchisiga xabar berishi va keyinchalik ularning koʻrsatmasi boʻyicha harakat qilishi shart.
Generator kuchlanishi tarmoqlarda, shuningdek, kuchlanishi 35 kV boʻlgan KTda koʻrsatilgan rejimda ishlashga 2 soatdan koʻp boʻlmagan vaqtga ruxsat beriladi. Alohida hollarda energiya bilan taʼminlovchi tashkilot ruxsati bilan bu muddat 6 soatgacha uzaytirilishi mumkin.
11. KTdagi yuklamalar Elektr uskunalarini SQ va M talablariga mos ravishda belgilangan muddatlarda davriy oʻlchanishi shart. Ushbu oʻlchovlar asosida KL rejimlari va ishlash sxemalari belgilanishi kerak.
12. Kuchlanishi 35 kV gacha boʻlgan KTni koʻzdan kechirish quyidagi muddatlarda oʻtkazilishi kerak:
yerda, estakadalar, tunnellar, bloklar, kanallar, galereyalar va binolar devorlari boʻylab oʻtkazilgan kabel trassalari — mahalliy yoʻriqnoma boʻyicha, lekin kamida 3 oyda 1-marta;
kuchlanishi 1000 V dan yuqori boʻlgan KTning tugallovchi muftalari 6 oyda 1-marta, 1000 V va undan past kuchlanishli KTning tugallovchi muftalari 1 yilda1-marta;
transformator xonalarida, taqsimlovchi punktlarda va podstansiyalarda joylashgan kabel muftalari boshqa uskunalar bilan bir vaqtda koʻrikdan oʻtkaziladi:
kabel quduqlari 1 yilda 2-marta;
suv osti kabellari mahalliy yoʻriqnomalarga muvofiq.
Muhandis-texnik xodimlar KT tanlab, davriy ravishda, lekin kamida 6 oyda 1-marta koʻrikdan oʻtkazilishlari shart.
Podstansiyadagi kollektorlar, shaxtalar va kanallar mahalliy yoʻriqnomalar boʻyicha koʻrikdan oʻtkaziladi (doimiy tezkor xizmat koʻrsatuvda oyda kamida 1-marta koʻrik oʻtkazilishi shart). Koʻrikda aniqlangan nosozliklar haqidagi maʼlumot nuqsonlar jurnaliga qisqa muddatda bartaraf qilish uchun kiritilishi shart.
Navbatdan tashqari koʻriklar toshqin davrlarida va seldan keyin oʻtkaziladi.
Kabel inshootlarida va boshqa xonalarda doimiy ravishda kabelning issiqlik rejimi, havo harorati va ventilyatsiya qurilmalari ishlashining nazorati tashkil qilinishi shart.
Yozgi vaqtlarda kabel tunnellari, kanallari va shaxtalari ichidagi havo harorati tashqi havo haroratidan 10 oC dan ortiq boʻlmasligi shart.
13. Kuchlanishi 110 — 220 kV boʻlgan KTlar quyidagi muddatlarda koʻrikdan oʻtkazilishlari shart:
yerda oʻtkazilgan kabel trassalari 1 oyda kamida 1-marta;
kollektorlarda va tunnellarda oʻtkazilgan kabel trassalari kamida 3 oyda 1-marta;
stoporlaydigan va yarim stoporlaydigan muftali kabel quduqlari 3 oyda 1-marta;
moy (suyuqlik) bosimi signalizatsiyasi mavjud boʻlgan qoʻshimcha moy bilan taʼminlovchi punktlar kamida 1 oyda 1-marta;
kuchlanishi 1000 V dan yuqori boʻlgan kabel muftalarining koʻrigi elektr uskunaning har bir koʻrigida oʻtkazilishi shart.
14. Mahalliy yoʻriqnomalar bilan kabel inshootlaridagi mavjud yongʻinni avtomatik ravishda oʻchirish va xabar berish qurilmalarining ishga yaroqliligini tekshirish muddatlari belgilanishi shart.
15. Tunnellar, kollektorlar va boshqa kabel inshootlari toza saqlanishi shart. Kabel inshootlarida oʻtkazilgan kabellarning ruxlanmagan metall zirxlari va kabellar oʻtkazilgan nometall qoplamali metall konstruksiyalar davriy ravishda yonmaydigan zanglashga qarshi tarkib bilan qoplanishi shart.
Kabel inshootlarida biron-bir materiallarni saqlash man etiladi.
Suv tushadigan kabel inshootlari yer osti va yomgʻir suvlarini chiqarib tashlash vositalari bilan jihozlangan boʻlishi shart.
16. Doimiy navbatchi xodimlari boʻlgan podstansiyalarda tunnellar (kollektorlar), shaxtalar va kanallarning koʻriklari 1 oyda kamida bir marta oʻtkazilishi shart. Doimiy navbatchi xodimlari boʻlmagan podstansiyalarda bu inshootlarning koʻriklari mahalliy yoʻriqnomalarga muvofiq, korxonaning elektr xoʻjaligiga javobgar shaxs belgilagan muddatlarda oʻtkaziladi.
17. KTda metall qobiqning elektr, tuproq yoki kimyoviy zanglash tufayli buzilish xavfi payqalganda, uni bartaraf qilish choralari koʻrilishi shart.
KLning himoya qurilmalari ustidan mahalliy yoʻriqnomalarga muvofiq kuzatish oʻrnatish shart.
18. Yerda handaqlarni qazish vaqtida sxemada koʻrsatilmagan quvurlar, nomaʼlum kabellar va boshqa kommunikatsiyalar aniqlanganda, ishlarni toʻxtatish va bu haqida elektr xoʻjaligiga javobgar shaxsga xabar berish zarur. Kabellar bor joydagi xandaqlar, chuqurliklar va yer osti inshootlarini oʻta ehtiyotkorlik bilan 0,4 metr va undan ortiq chuqurlikda esa faqat belkurak bilan qazish kerak.
19. Qishda kabellar oʻtgan joylarda 0,4 metrdan ortiq chuqurlik tuproqni qizdirish orqali qazilishi shart. Bunda qizdirilayotgan qatlam yuzasidan kabelgacha 0,3 metrdan kam boʻlmagan qalinlikda tuproq qatlami saqlanishini kuzatish zarur. Erigan tuproqni belkurak bilan olib tashlash kerak.
Lom va shunga oʻxshagan asboblarni qoʻllash man etiladi.
20. Kabeldan 1 metrdan yaqin masofada yer kovlovchi mashinalar bilan qazishni amalga oshirish, shuningdek, normal chuqurlikdagi kabellar ustidagi tuproqni yumshatish uchun uruvchi bolgʻalardan, lomlar va choʻkichlardan 0,3 metrdan ortiq chuqurlikda foydalanish man qilinadi.
Uruvchi va titrab-ortuvchi mexanizmlarni qoʻllashga kabellardan 5 metrdan kam boʻlmagan masofada ruxsat beriladi.
Ishlar boshlanmasdan oldin KTni ekspluatatsiya qiluvchi tashkilotning elektrotexnik xodimlari nazorati ostida trassada kabellar joylashishi va chuqurligini aniqlash uchun nazorat ochishlari oʻtkazilishi kerak.
Portlash ishlarini oʻtkazish uchun qoʻshimcha texnik shartlar berilishi shart.
21. Kuchlanishi 20 — 35 kV boʻlgan kabellarning vertikal uchastkalarida izolyatsiyaning qurishi natijasida elektrdan teshilishning oldini olish uchun ularni vaqti-vaqti bilan almashtirib turish yoki stoporlovchi muftalar oʻrnatish zarur.
Oqmaydigan shimuvchi massa va plastmassa izolyatsiyasiga ega boʻlgan yoki gaz bilan toʻldirilgan 20 — 35 kV kuchlanishli KT vertikal uchastkalarining izolyatsiya holatini qoʻshimcha tekshirish va ularni davriy almashtirish talab qilinmaydi.
22. Ishlashda izolyatsiyaning elektrdan teshilishi yoki profilaktik sinashlarda shkastlangan kabel namunalari va shikastlangan kabel muftalari laboratoriya tadqiqotlariga shikastlanish sabablarini oʻrganish va ularni bartaraf qilish boʻyicha tadbirlarni ishlab chiqish uchun berilishi shart. Ishlab chiqaruvchi zavodga eʼtiroz bildirilganda, zavod nuqsonlari borligi natijasida shikastlangan namunalar ekspertlar koʻrigi uchun saqlanishi shart.
23. Xonalarda, tunellarda, kollektorlarda, estakadalar boʻyicha galereyalarda, kanallarda joylashgan shikastlangan KTlarni kuydirishda, kabel inshootlaridagi kabellarni kuzatish — xavfsizlik texnikasi qoidalariga rioya etilgan holda olib boriladi.
24. Kuchlanish ostidagi ekskavator va shlang kabellarini xizmat koʻrsatuvchi xodimlar tomonidan rezinali qoʻlqoplar va etiklarda yoki dielektrik dastakli tutqichlar bilan olib yurishga ruxsat beriladi.
Bu holda kuchlanishi 10 kV gacha boʻlgan tarmoqlar shikastlangan KTni bir fazali yerga tutatish holatida oʻchirib qoʻyadigan himoya bilan jihozlangan boʻlishlari shart.
Isteʼmolchilar elektr qurilmalarini texnik ekspluatatsiya qilish qoidalariga 4-ILOVA
Kuch transformatorlari va reaktorlarni ekspluatatsiya qilishda texnik talablar
1. Transformatorning uzoq vaqt va ishonchli ekspluatatsiya qilinishini taʼminlash uchun quyidagilar zarur:
harorat va yuklama rejimlariga, kuchlanish darajasiga rioya qilish;
moyning sifat meʼyorlariga va izolyatsiya qilish xususiyatlariga qatʼiy rioya qilish;
sovitish, kuchlanishni rostlash, moyni himoyalash qurilmalari va boshqalarni ishga yaroqli holda saqlash.
2. Bir fazali transformator va reaktorlarning baklariga fazalar rangi suriladi. Tashqarida oʻrnatilgan uch fazali transformatorning baklarida quvvati va podstansiya boʻyicha tartib raqamlari koʻrsatiladi.
3. Transformator punktlari va kameralari eshiklarining tashqi va ichki taraflarida transformatorlarning podstansiya boʻyicha raqami koʻrsatilgan boʻlishi, shuningdek, tashqi tarafida Elektr qurilmalarida qoʻllaniladigan himoya vositalarini qoʻllash va sinash qoidalari talablariga muvofiq ogohlantiruvchi belgilar boʻlishi shart. Eshiklar doimo berkitilib, qulflangan boʻlishi shart.
4. Gazli himoya qurilmasi bilan jihozlangan transformatorlar shunday oʻrnatilishi shartki, bunda ularning kopqogʻi (bakning yechiladigan qismi) gaz relesiga nisbatan yoʻnalishda 1 — 1,5 foizdan kam boʻlmagan, moy oʻtkazgich esa transformatordan kengaytirishga nisbatan 2 — 4 foizdan kam boʻlmagan koʻtarilishga ega boʻlishi shart.
Chiqarish quvuri membrana bilan jihozlanadi va kengaytirgichning yuqori qismi bilan biriktiriladi. Moy oʻtkazgichda, kengaytirgich va gaz relesi orasida joʻmrak oʻrnatiladi.
5. Transformatorlarga xizmat koʻrsatishda moy sathi va gaz relesini kuzatish, shuningdek, moydan namuna olish uchun qulay va xavfsiz sharoitlar yaratiladi.
Transformator va reaktorlarning yuqorida (3 metrdan ortiq) joylashgan elementlarini koʻrikdan oʻtkazish va ularga texnik xizmat koʻrsatish statsionar narvonlardan xavfsizlik qoidalariga rioya qilib, bajarilishi shart.
6. Kengaytirgich bilan jihozlangan barcha moy bilan toʻldirilgan transformatorlarda moy haroratini oʻlchash uchun termometrlar oʻrnatiladi.
Xizmat koʻrsatuvchi xodimlar moyning yuqori qatlami haroratini kengaytirgichli transformatorlar jihozlangan termosignalizator va termometrlar boʻyicha kuzatishlari kerak. Shuningdek, sovtol yoki moy bilan toʻldirilgan germetik transformatorlar jihozlangan manovakuummetrlar koʻrsatkichlari boʻyicha kuzatishlari kerak. Bakdagi bosim 50 kPadan (0,5 kgs/sm2) ortganda, transformator yuklamasi kamaytirilishi shart.
7. Transformatorli qurilmalar amaldagi EQTQga muvofiq yongʻinga qarshi vositalar bilan jihozlanishi shart.
8. Transformatorlarning ostida moy qabul qiluvchi qurilmalar boʻlganda, ularning drenajlari va moy quvurlari EQTQ talablariga muvofiq ishga yaroqli holda saqlanishi kerak.
9. Har bir elektr qurilma uchun yuklama grafigiga bogʻliq holda isteʼmolchilarni ishonchli taʼminlashni hisobga olib, bir vaqtning oʻzida ishlayotgan transformatorlar soni aniqlanishi kerak.
Kuchlanishi 10 kV boʻlgan taqsimlovchi elektr tarmoqlarida transformatorlarning yuklamasini va kuchlanishini oʻlchash ekspluatatsiya qilishning birinchi yilida kamida 2-marta — maksimal va minimal yuklama davrida, keyinchalik zarurat boʻyicha oʻtkaziladi.
10. Ishlamayotgan transformator (reaktor) kengaytirgichidagi moyning sathi, standartlashtirish boʻyicha normativ hujjatida belgilangan talablar boʻyicha transformator (reaktor) moyining shu vaqtdagi haroratiga mos belgida boʻlishi shart.
11. Sovitish tizimida moyning majburiy sirkulyatsiyasi transformator yuklamasidan qatʼi nazar uzluksiz boʻlishi shart.
Moyning sirkulyatsiyasi majburiy boʻlgan transformatorlar va reaktorlarni ekspluatatsiya kilishga faqat moy, sovutuvchi suv sirkulyatsiyasi va sovitgichlarga puflash ventilyatorlarning ishlashi toʻxtab qolgani haqidagi signalizatsiya tizimi ishlab turgandagina ruxsat etiladi.
Suv bilan sovitiladigan moy sovutgichlar mavjud boʻlganda, moy nasosi moyning yurishi boʻyicha moy sovitgichgacha oʻrnatiladi. Moy sovitgichlardagi moyning bosimi ulardan oʻtkazilayotgan suvning bosimidan ortiq boʻlishi shart.
Majburiy sovitilidigan transformatorlar uchun moy yoki suv sirkulyatsiyasi yoki puflash ventilyatorlari toʻxtab qolganda, avariyaviy ishlash rejimiga ruxsat beriladi. Koʻrsatilgan rejimning davomiyligi mahalliy yoʻriqnomalarga muvofiq sinash natijalari yoki zavod maʼlumotlari boʻyicha oʻrnatiladi.
12. Transformatorlarni moy-suv bilan sovitish tizimi ishga tushirilganda birinchi navbatda, moy nasosi, soʻngra suv nasosi ishga tushiriladi.
Oʻchirishda birinchi suv nasosi, keyin esa moy nasosi oʻchiriladi. Suv nasosi moyning harorati 10oS kam boʻlmaganda ishga tushiriladi.
Transformatorlarni ekspluatatsiya qilishda moy quvurlari, nasoslari va suv magistrallarini muzlashini oldini olish, shuningdek, moy sovitish tizimida nozichliklarni bartaraf qilish boʻyicha mahalliy yoʻriqnomalarga koʻra choralar koʻzda tutiladi.
13. Transformatorning nominal yuklamasida moyning yuqori qatlami harorati quyidigilardan yuqori boʻlmasligi shart (agar ishlab chiqaruvchi zavod tomonidan zavod yoʻriqnomalarida boshqa haroratlar keltirilmagan boʻlsa):
sovitish tizimi moyli puflab sovutiladigan va moyning majburiy sirkulyatsiyasi (keyingi oʻrinlarda — DS) boʻlgan transformatorlarda — 75 oC dan, sovitish tizimlari tabiiy-moyli (keyingi oʻrinlarda — M) boʻlganda va moyli puflanadigan (keyingi oʻrinlarda — D) boʻlgan transformatorlarda — 95 oC dan;
moy-suvli sovitish (keyingi oʻrinlarda — S) tizimli transformatorlarda moy sovitgichning kirishida moyning harorati 70 oC dan oshmasligi kerak.
Moyni sovitish tizimi D boʻlgan transformatorlarda oʻchirilgan holatda puflash bilan ishlashga quyidagi hollarda ruxsat etiladi:
yuklama nominaldan past boʻlganda va moyning yuqori qatlami harorati 55 oC dan ortiq boʻlmaganda;
atrof-muhit harorati manfiy boʻlganda va moyning harorati 45 oC dan ortiq boʻlmaganda (yuklamadan qatʼi nazar).
Puflab sovitish avtomatik tarzda, moyning harorati 55 oC ga yetganda yoki moyning haroratidan qatʼi nazar nominal yuklamada ulanishi shart.
14. Choʻlgʻam shoxobchalarini qoʻzgʻatgichsiz almashlab ulagichlar bilan jihozlangan transformatorlarda transformatsiya koeffitsiyenti tanlanishining toʻgʻriligi 1 yilda kamida 2-marta — yuklamaning qishki maksimumi va yozgi minimumi kirishi oldidan tekshirilishi shart.
15. Yuklama ostida kuchlanishni rostlaydigan qurilma (keyingi oʻrinlarda — YUOR) bilan taʼminlangan transformatorga xizmat koʻrsatuvchi korxonaning xodimlari tarmoq kuchlanishi bilan rostlangan shoxobchada oʻrnatilgan kuchlanish muvofiqligini saqlab turishlari shart.
Transformatorlarning uzoq vaqt (mavsum davomida) sxemadan YUOR qurilmasini chiqarib ishlashi man qilinadi.
16. Transformatorlarning YUOR almashlab ulash qurilmasini ishga tushirishga moyning yuqori qatlami harorati minus 20oS va undan yuqori boʻlganda ruxsat beriladi. Transformator bakidan tashqarida, tayanch izolyatorlarida joylashgan va sunʼiy isitish tizimi bilan jihozlangan kontaktorli almashlab ulash qurilmasini esa atrof-muhit harorati minus 45oS va yuqori boʻlganda ruxsat beriladi.
YUOR qurilmalarini ishlab chiqaruvchi zavod yoʻriqnomalarining talablariga muvofiq ekspluatatsiya qilinishi shart.
17. Avariya rejimlarida, transformatorlarni barcha sovitish tizimlarida, avvalgi yuklamaning davomiyligi va qiymatidan hamda atrof-muhit haroratidan qatʼi nazar, qisqa muddatga, nominal tokdan ortiq oʻta yuklanishlariga quyidagi chegaralarda ruxsat beriladi:
Moyli transformatorlarni nominal tokdan 40 foizgacha oʻta yuklanishiga sutkada umumiy davomiyligi 6 soatdan koʻp boʻlmaganda, transformatorlarning barcha sovitish qurilmalaridan toʻliq foydalanilganda, ketma-ket 5 sutka davomida ruxsat beriladi. Agar bunday oʻta yuklanishlar ishlab chiqaruvchi zavod yoʻriqnomalari bilan man etilmagan boʻlsa.
18. Transformatorlar ruxsat etilgandan ortiq yuklanganda, navbatchi xodim mahalliy yoʻriqnomalarga muvofiq harakat qilib, uni yuksizlantirish choralarini qabul qilishi shart.
19. D sovitish tizimli transformatorlar uchun barcha ventilyatorlar avariyaviy oʻchirilganida, atrofdagi havo haroratiga bogʻliq holda nominal yuklama bilan quyidagi vaqt oraligʻida ishlashga ruxsat etiladi:
Sovitish tizimlari DS va S boʻlgan transformatorlar uchun quyidagilarga ruxsat beriladi:
a) sunʼiy sovitish toʻxtaganda nominal yuklama bilan 10 minut davomida yoki salt yurish rejimida 30 minut davomida ishlashga, agar quvvati 250 MV.A dan yuqori transformatorlar uchun koʻrsatilgan vaqt tugaganda moyning yuqori qatlami harorati 80oS ga yetmasa, u holda nominal yuklama bilan koʻrsatilgan haroratga yetgunga qadar, lekin 1 soatdan ortiq boʻlmagan muddatda ishlashga ruxsat beriladi;
b) ventilyatorlar toʻliq yoki qisman oʻchirilganda yoki moyning sirkulyatsiyasi saqlanib, suvning sirkulyatsiyasi toʻxtab qolganda, moyning yuqori qatlami harorati 45 oC dan oshmaganda, past yuklama bilan uzoq vaqt ishlashga.
Ushbu bandning talablari, agar ishlab chiqaruvchi zavod yuriqnomalarida boshqalari aytilmagan boʻlsa, haqiqiydir.
Choʻlgʻamlarida moy yoʻnaltirilgan sirkulyatsiya qilinadigan transformatorlar (sovitish tizimi NS) ishlab chiqaruvchi zavod yoʻriqnomasiga koʻra ekspluatatsiya qilinadi.
20. YUOR qurilma bilan jihozlangan transformatorlar oʻta yuklama bilan ishlaganda, agar yuklama toki almashlab ulagichning nominal tokidan ortiq boʻlsa, shoxobchalarni almashlab ulashga ruxsat berilmaydi.
21. Kuchlanishi 110 va 220 kV boʻlgan avtotransformatorlar choʻlgʻamlarining neytrallari yerga toʻgʻridan-toʻgʻri ulash rejimida ishlashlari shart.
Neytrallarini sinash kuchlanishlari mos ravishda 100 va 200 kV boʻlgan 110 va 220 kV kuchlanishli transformatorlar yerga ulanmagan neytral bilan, agar razryadlagich bilan himoyalangan boʻlsa, ishlashi mumkin. Tegishli hisoblar bilan asoslangan boʻlsa, neytrali sinash kuchlanishi 85 kV boʻlgan va razryadlagich bilan himoyalangan 110 kV kuchlanishli transformatorlarni yerga ulanmagan neytral bilan ishlashiga ruxsat beriladi.
22. Yangi yoki kapital taʼmirlashdan chiqqan transformatorlarni montaj qilish vaqtida ularga kuchlanish berilguncha, ularni koʻrikdan oʻtkazish va Elektr uskunalarni SQ va Mga muvofiq sinash amalga oshiriladi.
Koʻrik, sinash va qabul qilish natijalari pasport va bayonnomalarda yozuvlar bilan rasmiylashtiriladi.
23. Transformatorlarni quritmasdan kuchlanish ostiga ulash mumkinligi, shuningdek, quritishning zarurligi Rahbariy hujjat 34.51.101 — 90, Rahbariy hujjat 34 — 301 — 202 — 2000 elektr qurilmalari izolyatsiyasini tanlash boʻyicha yoʻriqnomasida belgilangan talablarga muvofiq oʻtkaziladigan sinovlar asosida aniqlanadi.
24. Transformatorlarni tarmoqqa ulash, odatda toʻliq kuchlanishga turtki bilan amalga oshiriladi.
25. Quyidagi hollarda transformatorlarda kuchlanishni nominaldan ortishiga ruxsat etiladi:
uzoq muddat — 5 foizga, agar yuklama nominaldan koʻp boʻlmaganda va 10 foizga, agar yuklama 0,25 nominaldan koʻp boʻlmaganda;
qisqa muddat (sutkada 6 soatgacha) — 10 foizga, yuklama nominaldan koʻp boʻlmaganda;
avariya sharoitlarida — transformatorlarni ekspluatatsiya qilish boʻyicha namunali yoʻriqnomaga muvofiq.
Generatorlar va neytrali shoxoblanmagan avtotransformatorlar bilan blokda ishlayotgan transformatorlar uchun va ketma-ket rostlovchi (volt qoʻshuvchi) transformatorlar uchun kuchlanishni uzoq vaqt nominaldan 10 foizga ortishiga yuklama nominaldan ortiq boʻlmaganda ruxsat beriladi.
Kuchlanishni rostlash uchun neytralida shoxoblanishi mavjud boʻlgan yoki ketma-ket rostlovchi transformatorlar bilan ishlashi uchun moʻljallangan avtotransformatorlar uchun kuchlanishning ruxsat etilgan ortishi ishlab chiqaruvchi zavod maʼlumotlari boʻyicha aniqlanadi.
26. Transformator (reaktor) ichki buzilishlaridan himoya (gazli, differensial) taʼsirida avtomatik tarzda oʻchirilganda, shuningdek, muvaffaqiyatsiz avtomatik qayta ulangandan (keyingi oʻrinlarda — AQU) keyin transformatorni (reaktorni) faqat koʻrikdan oʻtkazilgandan, sinalgandan, gaz, moy tahlili qilingandan va aniqlangan nuqsonlar (shikastlanishlar) bartaraf etilgandan keyin ishga tushiriladi.
Transformator (reaktor) ichki shikastlanishlar taʼsiri bilan bogʻliq boʻlmagan himoyadan oʻchgan holda u tekshirishsiz, tashqi koʻrikdan oʻtkazilib ishga tushirilishi mumkin.
Gaz relesi ishlagani toʻgʻrisida signal paydo boʻlganda transformator koʻrikdan oʻtkazilishi, gazning rangi va yonish darajasiga qarab, uni shikastlanish xususiyati aniqlanishi shart. Gaz relesida sariq yoki koʻk-qora yonuvchan gaz borligi aniqlanganda, transformator zudlik bilan oʻchirilishi shart. Agar reledagi gaz rangsiz va yonmaydigan boʻlsa, transformator ishda qoldirilishi mumkin.
27. YUOR qurilmasi bilan jihozlangan, yuklanmagan transformatorni salt yurish tokini ajratgich (alohidalagich) bilan oʻchirish zarurati boʻlganda, isteʼmolchi tomonidagi yuklama olingandan soʻng almashlab ulagich normal kuchlanishga mos keladigan holatga qoʻyilishi kerak.
28. Puflab va moyi bilan tabiiy sovitiladigan transformatorlarni toʻliq yuklama orqali sovuq moyi bilan harorat minus 40 oC dan kam boʻlmaganda ishga tushirishga ruxsat beriladi.
Harorat minus 40 oC dan past boʻlganda, transformator salt yurish toki bilan yoki nominalning 50 foizidan ortiq boʻlmagan yuklama toki bilan minus 40 oC gacha qizdirilishi, soʻngra yuklama koʻpaytirilishi kerak.
29. Isroflarni kamaytirish maksadida har bir elektr qurilma uchun yuklama grafigidan kelib chiqib, parallel ishlayotgan transformatorlarning optimal sonini aniqlash va unga rioya qilish kerak.
30. Montaj qilingan zaxira transformatorlar doimo ishga tushirilishga tayyor holda saqlanishlari shart.
31. Transformatorlarning parallel ishlashiga quyidagi shartlarda ruxsat etiladi:
choʻlgʻamlarining ulanish guruhlari bir xil boʻlganda;
transformatorlar quvvatining nisbati 1:3 dan ortiq boʻlmaganda;
transformatsiya koeffitsiyentlarining farqi 0,5 foizdan ortiq boʻlmaganda;
qisqa tutashuv kuchlanishlari parallel ishga tushirilayotgan transformatorlar qisqa tutashuv kuchlanishlarining oʻrta arifmetik qiymatidan 10 foizdan ortiq farq qilmaganda;
ishga tushirishdan oldin transformatorlar fazirovka qilingan boʻlganda.
32. Qisqa tutashuv kuchlanishi turlicha boʻlgan parallel ishlayotgan transformatorlar orasida yuklamani tenglashtirish uchun transformatorlardan birontasi ham oʻta yuklanmaganligi sharti bilan, tarmoqlanishlarni almashlab ulash yoʻli bilan transformatsiya koeffitsiyentini katta boʻlmagan chegaralarda oʻzgartirishga ruxsat beriladi.
33. Past kuchlanish tarafida, chulgʻamlari nol chiqishli yulduz — yulduz sxemasi boʻyicha ulangan quruq transformatorlarning neytralidagi tok nominal faza tokining 25 foizidan ortmasligi shart.
34. Transformatorlarni (reaktorlarni) oʻchirmasdan turib koʻrikdan oʻtkazish quyidagi muddatlarda bajarilishi shart:
xodimlarni doimiy navbatchiligi boʻlgan podstansiyalardagi bosh pasaytiruvchi transformatorlarni 1 sutkada bir marta;
xodimlarni doimiy navbatchiligi boʻlgan podstansiyalardagi qolgan transformatorlarni va xodimlarni doimiy navbatchiligi boʻlmagan podstansiyalar transformatorlarini 1 oyda 1-marta;
transformator punktlarida — oyda 1-martadan kam emas.
Mahalliy sharoitlar va transformator (reaktor) holatiga qarab ushu muddatlar korxonaning elektr xoʻjaligiga javobgar tomonidan oʻzgartirilishi mumkin.
Transformatorlarni (reaktorlarni) navbatdan tashqari koʻrikdan oʻtkazish (koʻzdan kechirish) quyidagi hollarda oʻtkaziladi:
yomon ob-havo taʼsiridan keyin (momoqaldiroq, haroratning keskin oʻzgarishi, kuchli shamol va boshqalar);
gaz himoyasi signalga ishlaganda, shuningdek, transformator (reaktor) gaz yoki (va) differensial himoya taʼsirida oʻchirilganda.
Transformatorlarni koʻrikdan oʻtkazishda quyidagilar tekshirilishi shart:
termometrlar va manovakuummetrlar koʻrsatkichlari;
transformator korpusining holati, moy oqishining yoʻqligi, kengaytirgichdagi moy sathining harorat belgisiga mosligi va moyli kirishlarda moyning mavjudligi;
moy sovituvchi va moy yigʻuvchi qurilmalarning, shuningdek, izolyatorlarning holati;
shinalar va kabellar holati, kontakt birikmalarda qizishning yoʻqligi;
signalizatsiya qurilmalari va oʻtish saqlagichlarining butligi;
yerga ulash tarmogʻining holati;
moy uzluksiz regeneratsiyalanadigan moy tozalash qurilmalari, termosifonli filtrlar va nam yutuvchi patronlarning holati;
transformator xonasining holati.
35. YUORsiz transformatorlarni oʻchirib, joriy taʼmirlash quyidagi muddatlarda oʻtkaziladi:
markaziy taqsimlovchi podstansiyalarning transformatorlarini kamida 2 yilda 1-marta;
kuchli ifloslanadigan joylarda oʻrnatilgan transformatorlarni mahalliy yoʻriqnomalar boʻyicha;
barcha qolgan transformatorlarni zarurat boʻyicha, lekin kamida 4 yilda 1-marta.
YUORli transformatorlar va avtotransformatorlarni joriy taʼmirlash har yili amalga oshiriladi.
Yuklama ostida kuchlanishni rostlovchi qurilmalarni navbatdan tashqari taʼmirlash zavod yoʻriqnomalariga muvofiq, almashlab ulash boʻyicha operatsiyalarning maʼlum sonidan keyin oʻtkaziladi.
Transformatorlarni (reaktorlarni) navbatdan tashqari taʼmirlash, agar ularning biron-bir elementidagi nuqson ishlamay qolishga olib kelishi mumkin boʻlsa, amalga oshirilishi kerak. Transformatorni (reaktorni) taʼmirlashga chiqarish haqidagi qarorni korxona rahbari yoki elektr xoʻjaligiga javobgar qabul qiladi.
D, DS va S sovitish tizimlarining joriy taʼmirlari har yili amalga oshiriladi. Transformatorlarni joriy taʼmirlash bilan bir vaqtda kirish joylarini joriy taʼmirlari ham oʻtkaziladi.
36. Transformatorlarni ishlashdan avariyaviy toʻxtatish quyidagi hollarda zarur:
transformator ichida kuchli notekis shovqin va chirsillash boʻlganda;
normal yuklamada va sovitish qurilmasining ishlashida, transformatorning normal boʻlmagan va doimo oʻsayotgan qizishida;
kengaytirgichdan moy tashqariga otilib chiqqanda yoki chiqarish quvuri diafragmasi yorilganda;
moyning oqishi bilan uning sathi moy oʻlchagich shishasining sathidan pastda boʻlganda.
Transformatorlar laboratoriya tahlillari boʻyicha zudlik bilan moy almashtirish zarur boʻlganda ham ishdan toʻxtatiladi.
37. Quvvati 160 kV·A va undan yuqori boʻlgan transformatorlar moyni termosifonli va adsorbsion filtrlar orqali uzluksiz regeneratsiyalash tizimi bilan ekspluatatsiya qilinishi shart.
Transformator kengaytirgichidagi moy, atrofidagi havo bilan bevosita tegishdan himoyalangan boʻlishi shart.
Moy namlanishining oldini oladigan maxsus qurilmalar bilan jihozlangan transformatorlarda, ushbu qurilmalar transformatorning ishlash rejimidan qatʼi nazar doimo ulangan boʻlishlari shart. Mazkur qurilmalarni ekspluatatsiya kilish ishlab chiqaruvchi zavod yoʻriqnomasiga muvofiq amalga oshiriladi.
Moy bilan toʻldirilgan kirishlardagi moy oksidlanish va namlanishdan himoyalangan boʻlishi shart.
38. Balansida moy bilan toʻldirilgan uskunalari bor korxonalar, eng katta sigʻimli apparatning kamida 110 foiz hajmida izolyatsiya moyining kamaymaydigan zaxirasini saqlashi shart.
39. Transformator moylarining Elektr uskunalarini SQ va Mga muvofiq profilaktik sinovlari oʻtkazilishi shart.
Isteʼmolchilar elektr qurilmalarini texnik ekspluatatsiya qilish qoidalariga 5-ILOVA
Elektr dvigatellarni ekspluatatsiya qilishda texnik talablar
1. Ushbu Qoidalar oʻzgaruvchan va oʻzgarmas tok elektr dvigatellariga taalluqlidir.
2. Elektr dvigatellar, ishga tushirish-rostlash apparaturalari, nazorat-oʻlchov asboblari, himoya qurilmalari, shuningdek, barcha elektr va yordamchi uskunalar EQTQ va ishlab chiquvchi zavod talablariga muvofiq tanlanadi va oʻrnatiladi.
3. Elektr dvigatellarda va ular aylantiradigan mexanizmlarda aylanish yoʻnalishini koʻrsatuvchi strelka chizib koʻrsatilgan boʻlishi shart.
4. Elektr dvigatellarda, ularning kommutatsiya apparatlarida, ishga tushirish-rostlash qurilmalarida, saqlagichlarda va boshqalarda ular tegishli boʻlgan agregatlar va (yoki) mexanizmning nomi yozilgan boʻlishi shart.
5. Saqlagichlarning eruvchan kirgizmalari kalibrlangan boʻlishi va eruvchan kirgizmaning nominal toki koʻrsatilgan ishlab chiqaruvchi zavod yoki korxona yorligʻiga ega boʻlishi shart. Kalibrlanmagan eruvchan kirgizmalarni qoʻllash man etiladi.
6. Loyihaviy qarorlar bilan elektr taʼminotining qisqa muddatli tanaffusida oʻzi ishlab ketish qurilmasi bilan taʼminlanishi kerak boʻlgan texnologik jarayon mashina va mexanizmlar elektr dvigatellarining roʻyxati aniqlangan boʻlishi shart.
Agar loyihada elektr dvigatellarning oʻzi ishlab ketishi koʻzda tutilmagan boʻlsa, u holda isteʼmolchilar tarmogʻi barcha elementlarining himoyasi, shuningdek, tugunlarning texnologik blokirovkasi shunday bajariladiki, bunda masʼul mexanizmlar elektr dvigatellarini oʻzi ishlab ketish holatining oldi olinadi.
7. Agar iqtisod qilish va kabelni tejash shartlari boʻyicha boshqacha joylashtirish talab qilinmagan boʻlsa, kommutatsiya apparatlari iloji boricha xizmat koʻrsatish qulay boʻlgan joylarda, elektr dvigatellar yaqinida joylashtirilishi lozim.
Texnologik mexanizmlarning elektr dvigatellari masofadan yoki avtomatik boshqariladigan boʻlsa, oxirgi mexanizm yaqinida, elektr dvigatelni masofadan yoki avtomatik ulashning oldini oladigan, dvigatelni avariyaviy oʻchirish apparati oʻrnatilishi kerak.
8. Energetika tizimining maksimal yuklama soatlarida sinxron elektr dvigatellar quvvat koeffitsiyentining optimal qiymatida reaktiv quvvatni generatsiya qilish rejimida ishlashi kerak.
Yirik (quvvati 1000 kVt dan ortiq) sinxron elektr dvigatellarning jadallashtirish qurilmalari va qoʻzgʻatishni avtomatik rostlagichlari (keyingi oʻrinlarda ― QAR) doimo ishga ulangan boʻlishlari shart. QARni oʻchirishga faqat taʼmirlash yoki tekshirish uchun ruxsat beriladi. QAR energetika tizimining ishlash grafigiga muvofiq, energiya bilan taʼminlovchi tashkilot tomonidan belgilanib oʻrnatiladi.
9. Zaxiradagi elektr dvigatellar zudlik bilan ishga tushishga doimo tayyor turishi, korxonaning, sexning, uchastkaning elektr xoʻjaligiga javobgar shaxsi tasdiqlagan ish jadvali boʻyicha davriy ravishda koʻrik va sinovdan oʻtib turishi shart.
10. Texnologik jarayon stator toki boʻyicha rostlanadigan mexanizmlar, shuningdek, texnologik jihatdan oʻta yuklanishga moyil mexanizmlar elektr dvigatellari ishga tushirish panelida yoki panelida oʻrnatiladigan ampermetrlar bilan jihozlanishi shart. Ampermetrlar, shuningdek, sinxron dvigatellarning qoʻzgʻatish zanjirida ham ulangan boʻlishi kerak. Ampermetr shkalasida stator (rotor) tokining uzoq muddat ruxsat etilgan yoki nominal qiymatiga mos qizil chiziq boʻlishi kerak.
11. Elektr dvigatellarning guruhli yigʻmalarida va panellarida kuchlanish borligining nazorati voltmetrlar yoki signal lampalari bilan koʻzda tutilgan boʻlishi shart.
12. TQ shinalaridagi kuchlanish nominalning 100 — 105 foizi chegarasida ushlab turilishi kerak. Elektr dvigatellarning uzoq vaqt ishlatilishini taʼminlash uchun ularni kuchlanish nominaldan 110 foizdan ortiq va 95 foizdan kam boʻlganda ishlatish tavsiya etilmaydi.
13. Har bir podshipnikda oʻlchangan elektr dvigatellarning titrashi, rotorning oʻq boʻylab surilishi, havo tirqishi oraligʻi oʻlchami Elektr uskunalarini SQ va Mda keltirilgan kattaliklardan oshmasligi kerak.
14. Elektr dvigatellarning yuklamasi, podshipniklarning harorati, yopiq ventilatsiya tizimiga ega elektr dvigatellarda kiradigan va chiqadigan havo harorati ustidan doimiy nazoratni, podshipniklarga qarash, ishga tushirish, rostlash va toʻxtatish operatsiyalarini mexanizmga xizmat koʻrsatuvchi elektr texnologik xodim amalga oshiradi.
15. Quyidagi hollarda elektr dvigatel zudlik bilan (avariyaviy) tarmoqdan oʻchiriladi:
odamlar bilan baxtsiz hodisalar yuz berganda;
elektr dvigateldan, shuningdek, uning ishga tushirish-rostlash apparaturasidan va qoʻzgʻatish qurilmasidan tutun yoki olov paydo boʻlganda;
yuritmaning mexanizmi buzilganda, normal boʻlmagan taqqillash paydo boʻlganda;
agregat podshipniklarining titrashi keskin oshganda;
podshipniklar ishlab chiqaruvchi zavod yoʻriqnomasida belgilangan ruxsat etilgan haroratdan ortiq qiziganda.
Mahalliy yoʻriqnomalarda elektr dvigatellar avariyaviy oʻchirilishi shart boʻlgan boshqa hollar ham koʻrsatilishi, shuningdek, avariya holatini bartaraf qilish va elektr dvigatellarni ishga tushirish tartibi belgilanishi mumkin.
16. Elektr dvigatellarda profilaktik sinovlar va oʻlchashlar Elektr uskunalarini SQ va Mga muvofiq oʻtkazilishi shart.
Isteʼmolchilar elektr qurilmalarini texnik ekspluatatsiya qilish qoidalariga 6-ILOVA
Oʻta kuchlanishlardan himoya qiluvchi qurilmalarni ekspluatatsiya qilishda texnik talablar
1. Ushbu Qoidalar isteʼmolchilarga tegishli boʻlgan 220 kV gacha kuchlanishli oʻzgaruvchan tok elektr qurilmalarini oʻta kuchlanishlardan himoya qiluvchi barcha qurilmalarga taalluqlidir.
Himoya qurilmalari amaldagi EQTQ va oʻta kuchlanishdan himoya qilish boʻyicha rahbariy hujjatlar talablarini qondirishi shart.
2. Isteʼmolchilarning bino va inshootlari javobgarlik darajasidan kelib chiqib, yashindan himoya qiluvchi tegishli qurilmalar bilan taʼminlanadi.
Yashinning toʻgʻridan-toʻgʻri urishidan himoya oʻzakli yoki trossli yashin qaytargichlar bilan amalga oshirilgan boʻlishi mumkin.
Yashindan himoya qiluvchi qurilmalarga, shuningdek, yerga ulangan metall tom va metalldan boʻlmagan tomga tashlangan metall toʻr ham kiradi.
3. Alohida oʻrnatilgan yashin qaytirgichlar yoki ularni ushlab turuvchi konstruksiyalar sifatida tutun quvurlar va inshootlardan foydalanuvchi korxonalar, ushbu yashin qaytirgichlar himoya qiladigan zonalar chizmasiga ega boʻlishi shart.
Rekonstruksiya qilinganda va qurilish ishlari bajarilganda himoya zonalarini aniqlashtirish zarur.
4. OTQ konstruksiyalariga, alohida turgan oʻzakli yashin qaytargichlarga, projektor machtalariga, tutun quvurlariga va gradirnyalarga 1000 V gacha kuchlanishli HL simlarini (yorituvchi, telefon va shunga oʻxshash) osish va ushbu tarmoqlarni mazkur inshootlarga olib kelish man etiladi.
Koʻrsatilgan tarmoqlar — kabel tarmoqlari boʻlishi shart.
5. Korxonalarda quyidagi tartibga solingan maʼlumotlar saqlanishi shart:
himoya oraliqlarida ventilli va quvurli razryadlagichlarning oʻrnatilishi haqida (razryadlagich turlari, himoya qilinayotgan uskunalargacha masofa), shuningdek, quvurli (naysimon) razryadlagichdan tarmoq ajratgichlar va ventilli razryadlagichlargacha boʻlgan masofalar haqida;
yashindan himoya qilish vositalari oʻrnatilgan tayanchlar yerga ulagichlarining, shu jumladan troslarning qarshiligi haqida;
elektr uzatish tarmoqlarining podstansiyalarga yaqinlashishida tuproqning qarshiligi haqida;
elektr uzatish tarmoqlarining boshqa elektr uzatish, aloqa va avtoblokirovka tarmoqlari bilan kesishishi, HLdan shoxoblanishlar, tarmoqdagi kabel uchastkalari va boshqa izolyatsiyasi zaif boʻlgan joylar haqida.
6. Barcha kuchlanishdagi ventilli razryadlagichlar doimo ulangan boʻlishi shart.
OTTda qishki mavsumda (yoki uning alohidagi oylarida) dovulli shamollar boʻladigan, muzlaydigan, harorat keskin oʻzgaradigan va intensiv ifloslanadigan tumanlarda faqat yashindan himoya qilish uchun moʻljallangan ventilli zaryadsizlagichlarni oʻchirib qoʻyishga ruxsat beriladi. Avtotransformatorlardagi ventilli razryadlagichlarni oʻchirib qoʻyish mumkinligi ishlab chiqaruvchi zavod bilan kelishiladi.
Barcha kuchlanishli HLda quvurli razryadlagichlar va himoya oraliqlarining uchqun oraliqlarini qishki davrda uzaytirmasdan qoldirishga ijozat beriladi.
7. Ventilli va quvurli razryadlagichlarning Elektr uskunalarni SQ va Mga muvofiq sinovlari oʻtkaziladi.
8. Podstansiyalarda oʻta kuchlanishdan himoya qilish vositalari quyidagilarda koʻrikdan oʻtkazilishi shart:
doimiy navbatchi xodimlari boʻlgan qurilmalarda, navbatdagi koʻrik vaqtida, shuningdek, chiqib ketuvchi HLning releli himoyasi ishlab ketishini keltirib chiqargan har bir momaqaldiroqdan keyin;
doimiy navbatchi xodimlari boʻlmagan qurilmalarda ― barcha uskunalarni koʻrikdan oʻtkazishda.
9. HLda oʻrnatilgan quvurli razryadlagichlar va himoya oraliqlari koʻriklari yerdan turib koʻrik oʻtkazuvchi tomonidan quyidagi hollarda oʻtkaziladi:
HLni har bir navbatdagi koʻrikdan oʻtkazishda;
momaqaldiroqdan keyin HL oʻchganda yoki AQU qurilmasi ishlaganda, agar izolyatsiya buzilishiga (yerga tutashishga) shubha boʻlsa.
10. Podstansiyaga kirishda oʻrnatilgan quvurli razryadlagichlarni navbatchi xodim asosiy uskunalar bilan birgalikda davriy, shuningdek, podstansiya joylashgan hududda yoki undan chiqib ketgan elektr uzatish tarmogʻi uchastkalarida sodir boʻlgan momaqaldiroqdan keyin koʻrikdan oʻtkazadi.
11. Momaqaldiroq mavsumidan oldin kuchlanishi 1000 V gacha boʻlgan HLning temir-beton tayanchlariga oʻrnatilgan izolyatorlar ilgaklari va shtirlarini, shuningdek, ushbu tayanchlar armaturalarini yerga ulanishlari sozligi tanlov asosida (elektr hoʻjaligiga javobgar xohishiga koʻra) tekshirilishi kerak. Nol sim boʻlgan taqdirda, ushbu elementlarni nol simga ulanganligi ham tekshiriladi.
12. Yoy soʻndiruvchi reaktorlar bilan yerga tutashishning sigʻim tokini kompensatsiyalash, sigʻim toki quyidagi qiymatlardan ortganda qoʻllaniladi:
Tarmoq kuchlanishi 6 — 35 kV boʻlgan HLdagi temir-beton va metall tayanchlarda, yerga tutashishning sigʻim toki 10 A dan yuqori boʻlganda yoy soʻndiruvchi apparatlar qoʻllaniladi.
Tarmoqlarda yerga tutashuvning sigʻim tokini kompensatsiya qilish uchun tokni avtomatik yoki qoʻl bilan rostlovchi yerga ulanadigan yoy soʻndiruvchi reaktorlar qoʻllanilishi kerak.
Sigʻim toklarini, yoy soʻndiruvchi reaktor toklarini, yerga tutashuv toklarini va neytral siljish kuchlanishlarini oʻlchashlar, yoy soʻndiruvchi reaktorlarni ekspluatatsiyaga tushirishda va tarmoq rejimlari anchagina oʻzgarganda, lekin kamida 6 yilda 1-marta oʻtkazilishi kerak.
13. Sigʻim tokini kompensatsiyalab ishlayotgan tormoqlarda kuchlanish nosimmetriyaligi faza kuchlanishining 0,75 foizidan ortmasligi shart.
Tarmoqda yerga tutashish boʻlmaganda, neytralning siljish kuchlanishi faza kuchlanishidan 15 foizdan yuqori boʻlmasligiga uzoq muddat, 30 foizdan yuqori boʻlmasligiga 1 soat davomida ruxsat beriladi.
Kuchlanish nosimmetriyaligini pasaytirish va neytralni koʻrsatilgan qiymatlargacha siljitish yerga nisbatan fazalar sigʻimini rostlash bilan amalga oshiriladi (faza simlarini oʻzaro joylashishini oʻzgartirish, shuningdek, tarmoqlar fazalari orasida yuqori chastotali aloqa kondensatorlarini taqsimlash bilan).
Tarmoqqa yuqori chastotali aloqa kondensatorlari va aylanuvchi mashinalarning yashindan himoya qilish kondensatorlari ulanganda, yerga nisbatan fazalar sigʻimlarining nosimmetriyasiga yoʻl qoʻyilishi mumkinligi tekshirilishi shart.
Neytralda koʻrsatilgan qiymatlardan ortiq kuchlanish siljishiga olib kelishi mumkin boʻlgan elektr uzatuvchi havo va kabel tarmoqlarini fazalar boʻyicha ulash va oʻchirish man qilinadi.
14. Ayni vaqtda tarmoqda yerga ulanish boʻlsa, yoy soʻndiruvchi apparatlarni oʻchirib qoʻyishga ijozat berilmaydi.
15. Sigʻim tokini kompensatsiyasi bilan ishlayotgan tarmoqdan taʼminlanayotgan korxona, energetika tizimining tezkor xodimlarini isteʼmolchi tarmogʻi sxemasidagi oʻzgarishlar haqida yoy soʻndiruvchi reaktorlarni qayta qurish (sozlash) uchun oʻz vaqtida ogohlantirishi shart.
16. Transformatorlar va avtotransformatorlarning ishlatilmayotgan past (oʻrta) kuchlanish choʻlgʻamlari yulduzga yoki uchburchakka ulanishi va oʻta kuchlanishdan himoya qilingan boʻlishi shart.
17. Har yili momaqaldiroq mavsumidan oldin, yashindan himoya qilish sxemalarini ularning qurilmalarida va elektr zanjiri sxemalaridagi boʻlib oʻtgan yoki boʻladigan oʻzgarishlarni hisobga olib, ular yashindan himoya qilish vositalarini joylashtirishning namunaviy sxemalariga mos kelishi uchun tekshirish zarur.
18. Kuchlanishi 110 — 220 kV boʻlgan podstansiyalarda neytralni oʻzidan-oʻzi siljishini yoki xavfli ferrorezonans jarayonlarning oldini olish uchun tezkor harakatlar NKF-110 va NKF-220 kuchlanish transformatorlari boʻlgan yuklanmagan shinalar tizimiga ulanayotgan transformator neytralini yerga ulash bilan boshlanishi kerak.
19. Kuchlanishi 110 — 220 kV boʻlgan tarmoqlarda transformatorlarning 110 — 220 kV kuchlanishli choʻlgʻamlari neytralini yerdan ajratish, shuningdek, releli himoya va avtomatikaning harakatini tanlash shunday amalga oshirilishi kerakki, bunda turli tezkor va avtomatik oʻchirishlarda neytrallari yerga ulangan transformatorlarsiz tarmoq uchastkalari ajralib qolmasligi kerak.
Isteʼmolchilar elektr qurilmalarini texnik ekspluatatsiya qilish qoidalariga 7-ILOVA
Kondensator qurilmalarini ekspluatatsiya qilishda texnik talablar
1. Kompensatsiyalovchi qurilmalarning quvvati, turi, oʻrnatish joyi va ishlash rejimi loyiha tashkiloti yoki maxsus xizmat tomonidan isteʼmolchilar elektr qurilmalarini tarmoqqa ulash uchun energiya bilan taʼminlovchi tashkilotning texnik shartlariga muvofiq tanlanadi.
Kuchlanishi 1000 V gacha va undan yuqori boʻlgan tarmoqlarda kondensatorlarni joylashtirish, qabul qilgichlar qisqichlarida kuchlanish darajasini saqlab turish talablari hisobga olingan holda, reaktiv yuklamadan aktiv quvvat yoʻqolishining maksimal kamayishi sharti qondirilishi kerak.
2. Buyurtmachi yangi kondensator qurilmasini olganda, texnik holatini tashqi nazoratdan oʻtkazishi va qabul qilish dalolatnomasini tuzishi kerak. Bunda mahsulot qadoqlanishi holatining butligi, yukning markirovkasi, mexanik shikastlanishlar yoʻqligi, qurilmaning, korpusining, izolyatorlarning, kontakt oʻzaklarining, korpusni yerga ulash uchun boltning (korpus bilan biriktirish uchun chiqarishga ega boʻlmagan kondensatorlar uchun) sozliligi, texnik maʼlumotlar keltirilgan ishlab chiqaruvchi zavod yorligʻi borligi, shuningdek, shimuvchi suyuqlik oqmayotganligi tekshiriladi.
Ushbu kondensator qurilmasining pasporti va ishlab chiqaruvchi zavodning ekspluatatsiya qilish boʻyicha koʻrsatmalari borligiga ishonch hosil qilishi kerak.
3. Kondensator batareyalari xonalarida (ularning joylashishidan qatʼi nazar) quyidagilar boʻlishi shart:
alohida kondensatorlarni, ularning bir qismini yoki butun kondensator qurilmasini himoyalovchi saqlagichlarning eruvchan kirgizmalaridagi nominal toki koʻrsatilgan kondesatorli qurilmaning bir chiziqli prinsipial sxemasi, agar himoya relesi qoʻllanilgan boʻlsa, shuningdek, maksimal tok relesining oʻrnatma toki;
atrofdagi havo haroratini oʻlchash uchun termometr yoki boshqa asbob;
kondensatorlarni nazorat uchun razryadlash maxsus shtangasi;
yongʻin oʻchirishning birlamchi vositalari — oʻt oʻchirgich, qumli quti va belkurak.
Termometr yoki uning datchigi batareyalarning orasidagi eng issiq joyga shunday joylashtiriladiki, bunda kondensatorni oʻchirmasdan va toʻsiqlarni olmasdan uni koʻrsatkichlarini kuzatish imkoniyati taʼminlanishi kerak.
4. Kondensator batareyasining pasportida, ishlab chiqaruvchi zavod va kondensator batareyasi yorligʻida koʻrsatilgan maʼlumotlarga mos boʻlgan, kondensatorlarning tartib raqami, zavod raqami, oʻrnatish sanasi, nominal kuchlanishi, har bir kondensatorning nominal quvvati hamda sigʻimi koʻrsatilgan kondensatorlar roʻyxati boʻlishi shart.
5. Quvvati 200 kVAr dan ortiq boʻlgan kondensatorli batareyalar uchun kondensatorlar quvvatini avtomatik rostlovchi qurilma oʻrnatilishi majburiydir.
6. Elektr energiyasini individual qabul qilgichi bilan umumiy kommutatsiya apparatiga ega kondensatorli qurilmani boshqarish qoʻl bilan bir vaqtning oʻzida elektr energiyasi qabul qilgichini ulash yoki oʻchirish bilan amalga oshirilishi mumkin.
7. Ikki smenada ishlaydigan korxona kondensator qurilmalarini kechki soatlarda va dam olish kunlarida, uch smenada ishlaydigan korxona dam olish kunlarida ishda qoldirishi, agar bu energiya bilan taʼminlovchi tashkilotning maxsus talablari bilan belgilangan boʻlmasa, man etiladi.
Ushbu talab uzluksiz ish rejimiga ega korxonalarga taalluqli emas.
8. Kuchlanishi 1000 V dan yuqori boʻlgan kondensator qurilmalarida razryadlagich qurilmalari doimo kondensatorlarga ulangan boʻlishi shart, shuning uchun rezistorlar va kondensatorlar orasidagi zanjirda kommutatsion apparatlar boʻlmasligi kerak.
Kuchlanishi 1000 V gacha boʻlgan kondensator qurilmalarida elektr energiyasini tejash maksadida razryadlagich qurilmalari doimo ulanmasdan, ularni kondensatorlarni oʻchirish vaqtida avtomatik ravishda ulash bilan ishlatilishi tavsiya etiladi.
Kondensator batareyalarini seksiyalash uchun ularning alohida seksiyalarini kuchlanish ostida oʻchiradigan kommutatsion apparatura qoʻllanilganda, har bir seksiyada alohida komplekt razryadlash qurilmasi oʻrnatiladi.
Ichida zaryadsizlantiruvchi rezistor mavjud kondensatorlar uchun qoʻshimcha tashqi razryadlagich qurilmalari talab etilmaydi.
9. Kuchlanishi 1000 V va undan yuqori boʻlgan kondensator qurilmalarini ajratgichlar yordamida ulash va oʻchirish man etiladi.
Kondensator batareyalarini ulash va oʻchirish boʻyicha barcha operatsiyalar mazkur Qoidalar va Istemolchilarning elektr qurilmalarini ekspluatatsiya qilishda XTQ talablariga muvofiq amalga oshiriladi.
Yigʻma shinalardagi kuchlanish, ushbu turdagi kondensatorlar uchun ruxsat etilgan eng katta qiymatdan ortgan vaqtda kondensator batareyalarini ulash man etiladi.
10. Kondensator qurilmasini oʻchirishdan oldin tashqi koʻrik yoʻli bilan razryadlovchi qurilmaning ishga yaroqliligiga ishonch hosil qilish kerak.
11. Oʻchirilgan kondensator qurilmasining tok oʻtkazuvchi qismlariga tegish imkoniyati boʻlgan biron-bir ishlarni bajarish, xavfsizlik texnikasining umumiy talablari bajarilguncha va kondensator batareyasida umumiy razryadlovchi qurilma boʻlishidan qatʼi nazar kondensatorlar nazorat uchun razryadlantirilmaguncha man etiladi.
12. Kondensatorlarni nazorat uchun razryadlash izolyatsiyalovchi shtangaga ishonchli mahkamlangan razryadlovchi metall oʻzak bilan oʻtkaziladi. Ushbu shtanganing oʻlchamlari tezkor almashlab ulashlar uchun kondensator qurilmasidagi kuchlanishga mos kuchlanishda ishlatiladigan izolyatsiyalovchi shtanga oʻlchamlaridek boʻlishi shart.
13. Alohida kondensatorni, uning qismini yoki butun kondensator qurilmasini himoya qiluvchi saqlagichlar eruvchan kirgizmalarining nominal toki ular himoya qilayotgan kondensatorlar nominal toklari yigʻindisining 160 foizidan oshmasligi shart.
14. Maksimal tok relesi yoki avtomat ajratgichining tok boʻyicha oʻrnatmasi kondensator qurilmasi nominal tokining 130 foizidan oshmasligi shart.
15. Yuqori garmonikalar mavjudligida kondensator qurilmalarining montaj qilinishi maqsadga muvofiqligi har bir holda alohida aniqlanadi.
16. Kuygan yoki ishga yaroqsiz saqlagichlarni almashtirish, oʻchirilgan kondensator batareyalarida, maxsus shtanga bilan barcha kondensator batareyalari nazorat uchun razryadlangandan keyin amalga oshiriladi.
17. Individual himoya qilishda nazorat uchun razryadlash oʻchirilgan batareya tarkibiga kiruvchi har bir kondensatorning barcha chiqishlarini navbatma-navbat qisqa tutashtirish yoʻli bilan amalga oshiriladi. Guruhli himoyada kondensatorlarning har bir guruhi razryadlanadi, bitta faqat umumiy himoyada esa batareya shinalaridagi tegishli shinalar qisqa tutashtiriladi.
18. Kondensator qurilmalari himoya tomonidan takror avomatik oʻchirilganda, kondensatorlarni ulashga faqat oʻchirishlarni yuzaga keltirgan sabablar aniqlangandan va bartaraf etilgandan keyingina ruxsat beriladi.
Kondensator batareyalarini qayta ulashga kuchlanishi 660 V dan yuqori kondensatorlar uchun ular avvalgi oʻchirilgandan soʻng kamida 5 daqiqadan keyin, kuchlanishi 660 V va undan past kondensatorlar uchun esa kamida 1 daqiqadan keyin, agar batareyada qoldiq kuchlanish 50 V dan koʻp boʻlmaganda ruxsat beriladi.
19. Kuchlanishi 1000 V gacha va undan yuqori boʻlgan kondensator qurilmalarini koʻrikdan (oʻchirmasdan) mahalliy yoʻriqnomalarda belgilangan muddatlarda — quvvati 500 kVAr dan kam boʻlgan qurilmalar uchun oyda kamida 1-marta va quvvati 500 kVAr dan yuqori boʻlgan qurilmalar uchun oʻn kunda 1-marta oʻtkaziladi.
20. Kondensator qurilmasini koʻrikdan oʻtkazishda quyidagilar tekshirilishi shart:
toʻsiqlar va qulflarning sozligi, begona predmetlarning yoʻqligi;
kuchlanish, tok va atrof-havo harorati qiymatlari, alohida fazalar yuklamalarining bir xildaligi;
apparatlar, uskunalar, kontaktli ulanmalarning texnik holati, izolyatsiyaning butunligi va ifloslanish darajasi;
shimdirilgan suyuqlikning tomchilab oqishi va kondensator korpusi devorlari ruxsat etilmagan darajada boʻrtib shishganligi yoʻqligi;
oʻt oʻchirish vositalarining mavjudligi va holati.
Koʻrikdan oʻtkazish natijalari haqida tezkor hujjatlarga tegishli yozuv kiritilishi shart.
21. Kondensator qurilmalarini navbatdan tashqari koʻrikdan kondensatorlarda razryadlanish (chirsillash) paydo boʻlganda, qisqichlardagi kuchlanish yoki atrof-havo harorati ruxsat etilgan eng yuqori qiymatlarga yaqin darajagacha koʻtarilganda va shunga oʻxshash hollarda oʻtkaziladi.
22. Kondensator batareyalarining barcha koʻrikdan oʻtkazishlari va aniqlangan nosozliklar haqida tezkor hujjatlarda tegishli yozuvlar qilinadi.
23.Ulangan kondensator qurilmasini koʻrikdan oʻtkazishda toʻsuvchi qurilmalarni olish yoki ochish man qilinadi.
24. Izolyatorlar, kondensatorlar, apparaturalar va karkaslar sirtlarini chang va boshqa ifloslardan tozalash, batareya oʻchirilgan holatda zarurat boʻyicha, elektr xoʻjaligiga javobgar shaxs tomonidan belgilagan muddatlarda oʻtkaziladi.
25. Quyidagi holatlarda kondensatorlarni ekspluatatsiya qilish man etiladi:
kondensatorlar ulangan shinalardagi kuchlanish kondensatorlar nominal kuchlanishining 110 foizidan ortiq boʻlganda;
atrof-havoning harorati kondensatorning ushbu turi uchun ruxsat etilgan eng yuqori va eng past haroratdan ortiq boʻlganda;
kondensatorlar devorlari boʻrtib shishganda;
kondensator qurilmasining fazalar boʻyicha yuklanganligi tokning oʻrtacha qiymatidan 10 foizdan ortiq notekis boʻlganda;
batareya toki nominal qiymatning 30 foizidan ortganda;
shimdiruvchi suyuqlik tomchilab oqqanda;
chinni izolyator shikastlanganda.
26. Kuchlanishi 1000 V gacha va undan yuqori boʻlgan kondensator qurilmalarining joriy taʼmiri yilda kamida 1-marta, albatta, qurilmani oʻchirib oʻtkaziladi.
27. Kondensator qurilmalarini joriy taʼmirlashda quyidagilar bajariladi:
kontaktli ulashlarda gaykalarning tortilish darajasini tekshirish;
megoommetr (ommetr) bilan eruvchan birikmalarning butunligini va kondensatorlarning zaryadsizlanish zanjirini tekshirish;
yerga ulash konturiga tarmoqlanishning ulanishi sifatini tashqi koʻrikdan oʻtkazish bilan tekshirish;
izolyatorlar yuzasini, kondensatorlar, apparaturalar va karkas korpuslarini changdan va boshqa ifloslanishlardan tozalash;
har bir kondensatorning sigʻimini tekshirish va qiyoslash (1000 V dan yuqori kuchlanishli kondensatorlar uchun) mutaxassislar tomonidan amalga oshiriladi;
izolyatsiyalangan chiqarmalar va korpus orasida tegib qolgan joylar yoʻqligi holatini tekshirib, kondensatorlar sigʻimini oʻlchash;
shimdiruvchi suyuqlik sizib chiqqan joylarni, shu jumladan kondensatorlar qopqoqlaridagi oʻtish izolyatorlari oʻrnatilgan joylarni yumshoq kavshar bilan kavsharlash;
kondensator batareyalarining nosoz seksiyalarini yoki alohida kondensatorlarini almashtirish;
avtomatik boshqarish va rostlash qurilmalarini, releli himoyani va oʻchirgichlar yuritmalari harakatlarini sinab koʻrish.
28. Kondensator qurilmalarini kapital va joriy taʼmirlash davriyligi Elektr uskunalarini SQ va M talablariga muvofiq boʻlishi shart.
29. Asinxron elektr dvigatelni, kuch transformatorini va shunga oʻxshash elektr qabul qilgichning asosiy uskunasini koʻrikdan oʻtkazganda yoki taʼmirlaganda (kapital yoki joriy), agar ushbu uskunalar qisqichlariga kondensator yoki kondensatorlar guruhi bevosita ulangan va mazkur uskunalar bilan bir xonada oʻrnatilgan boʻlsa, bir vaqtning oʻzida ushbu kondensatorlarni ham koʻrikdan oʻtkazish yoki taʼmirlash (mos ravishda kapital yoki joriy) kerak.
30. Kondensator qurilmasi alohida elementlarining sigʻimi Elektr uskunalarini SQ va Mda keltirilgan qiymatlardan oshmasligi shart.
Kondensatorlar sigʻimini oʻlchash natijalari bayonnomalar bilan rasmiylashtirilishi kerak.
Sigʻim quyidagi qiymatlargacha yoki undan koʻpga ortganda, kondensatorni oʻchirish va almashtirish zarur:
Kondensator Kondensator sigʻimini ortishi, %, uning nominal kuchlanishida, V 6300 10500 Sintetik suyuqliklar bilan shimdirilganda: 0 gabaritli 25 14 I gabaritli 20 20 II gabaritli 10 10 Mineral moy bilan shimdirilganda: I gabaritli 20 20 II gabaritli 10 10
Quvvati saqlagichlarni kuyishi natijasida kamaygan, kuchlanishi 1050 V va undan past boʻlgan kondensatorni qoʻllash texnik maqsadga muvofiqlikni hisobga olib, mahalliy yoʻriqnomalar bilan aniqlanadi.
31. Sanoat chastotali yuqori kuchlanish bilan profilaktik sinovlar kapital taʼmirlash vaqtida oʻtkaziladi.
Sinov kuchlanishi Elektr uskunalarni SQ va Mda keltirilgan qiymatlardan ortmasligi kerak.
Isteʼmolchilar elektr qurilmalarini texnik ekspluatatsiya qilish qoidalariga 8-ILOVA
Akkumulyator qurilmalarini ekspluatatsiya qilishda texnik talablar
1. Ushbu Qoidalar sanoat korxonalari va boshqa korxonalarning podstansiyalarida, ishlab chiqarish sexlarida oʻrnatilgan kislotali va ishqorli akkumulyator batareyalarining statsionar qurilmalariga taalluqlidir.
2. Statsionar akkumulyator batareyalari EQTQ talablariga muvofiq oʻrnatilishi shart.
3. Kislotali va ishqorli akkumulyator batareyalarini bir xonada oʻrnatish man etiladi.
4. Akkumulyator xonalarining devorlari, shipi, eshiklari, deraza panjaralari, metall konstruksiyalari, stellajlari va boshqa qismlari kislotaga (ishqorga) chidamli hamda tarkibida spirt boʻlmagan boʻyoq bilan boʻyalishi shart. Ventilyatsiya qutilari va tortuvchi shkaflar tashqaridan va ichki tarafidan boʻyalishi shart.
5. Akkumulyator batareyali xonalarni yoritish uchun portlashdan himoyalangan gʻilofda oʻrnatilgan choʻgʻlanma lampalar qoʻllanishi shart.
Uzgichlar, shtepselli rozetkalar, saqlagichlar va avtomatlar akkumulyator xonasidan tashqarida joylashtirilishi shart. Yoritish tarmogʻining elektr simlari kislotaga chidamli (ishqorga chidamli) qobiqli simdan bajarilishi shart.
6. Akkumulyator xonalarida elektr pechlarni oʻrnatish man etiladi.
7. Tezkor tok tarmogʻida yerga tutashish paydo boʻlsa (yoki izolyatsiya qarshiligi nazorat qurilmasi ishlab ketishigacha kamaysa), zudlik bilan uni bartaraf qilish choralarini koʻrish kerak.
8. Tezkor tok tarmogʻida kuchlanish ostida ishlash, agar ushbu tarmoqda yerga tutashish mavjud boʻlsa, man etiladi. Tutashish joyini qidirish boʻyicha ishlar bundan mustasno.
9. Taʼminotida uzilishga yoʻl qoʻyilmaydigan elektr qabul qilgichlar bir shinalar tizimidan yoki seksiyasidan boshqasiga almashlab ulashda, uzluksiz taʼminot bilan taʼminlanishi kerak.
10. Oʻzgarmas tokning barcha yigʻmalari va halqali magistrallari ikkita taʼminot bilan taʼminlanishi kerak.
11. Akkumulyator qurilmalarini ekspluatatsiya qilishda, ularning uzoq vaqt ishonchli ishlashi hamda normal va avariya rejimlarida oʻzgarmas tok shinalarida kuchlanishning zarur darajasi taʼminlanishi shart.
12. Normal ekspluatatsiya sharoitlarida tezkor oʻzgarmas tok shinalaridagi kuchlanishni tok qabul qilgichlarning nominal kuchlanishidan 5 foiz yuqori ushlab turishga ruxsat beriladi.
13. Akkumulyator batareyasi raqamlangan boʻlishi shart. Yirik sonlar idishning vertikal devor yuziga kislotaga (ishqorga) chidamli boʻyoq bilan yoziladi. Batareyadagi birinchi raqam bilan musbat shinaga ulangan element belgilanadi.
14. Akkumulyator qurilmasi quyidagilar bilan jihozlangan boʻlishi shart:
ulanishlarning prinsipial va montaj elektr sxemalari bilan;
elektrolit zichligi va haroratini oʻlchash uchun belgilangan tartibda tekshirilgan densimetrlar (areometrlar) va termometrlar bilan;
belgilangan tartibda tekshirilgan, 0 — 3 V oʻlchash chegarali, oʻzgarmas tok koʻchma voltmetrlari bilan;
toʻr bilan himoyalangan koʻchma germetik lampa yoki akkumulyatorli fonar bilan;
elektrolit tayyorlash va uni idishlarga quyish uchun sigʻimi 1,5 — 2 litr boʻlgan kimyoviy chidamli materialdan yasalgan tumshuqli krujka (yoki koʻza) bilan;
elementlarni qoplash uchun saqlash oynalari bilan;
kislotaga chidamli (ishqorga chidamli) kostum, rezina fartuk, rezina qoʻlqoplar, etiklar va himoyalovchi koʻzoynaklar bilan;
kislotali batareyalar uchun sodali eritma va ishqorli batareyalar uchun borli kislota yoki sirka essensiyasi aralashmasi bilan;
batareya elementlarini shuntlash uchun koʻchma tutashtirgich bilan.
Doimiy tezkor xodimi boʻlmagan qurilmalar uchun yuqorida aytilganlar olib keltiriladigan toʻplamda boʻlishiga ruxsat beriladi.
15. Yangi montaj qilingan yoki kapital taʼmirdan chiqqan batareyalarni qabul qilishda quyidagilar tekshirilishi shart:
akkumuluyator batareyasini montaj qilish va kapital taʼmirlash hujjatlarining (texnik hisobotning) mavjudligi;
batareyalar sigʻimi, 3 — 5 A tok yoki 10 soatli zaryadsizlantirish rejimi bilan;
elektrolit sifati;
elektrolit zichligi va batareya zaryadlanishi va zaryadsizlantirishi oxirida elementlardagi kuchlanish;
batareya izolyatsiyasini yerga nisbatan qarshiligi;
alohida elementlarning ishga yaroqligi;
haydovchi-tortuvchi ventilyatsiyaning ishga yaroqligi;
akkumulyator xonalarining qurilish qismi EQTQ talablariga mosligi.
Batareyalar ekspluatatsiya qilishga, ularning nominal sigʻimi 100 foizga yetgandan keyin tushirilishi shart.
16. Akkumulyator qurilmalariga xizmat koʻrsatish akkumulyator batareyalarini ekspluatatsiya qilish qoidalariga oʻqitilgan mutaxassisga yuklanadi.
Har bir akkumulyator qurilmasida koʻrikdan oʻtkazish natijalarini va bajarilgan ishlar hajmini yozish uchun akkumulyator batareyaning jurnali boʻlishi shart.
17. Ishlayotgan kislotali akkumulyator batareyasidan elektrolit tahlili 3 yilda kamida 1-marta (har yili 1/3 elementdan) tekshirilayotgan elementlardan sinash uchun olingan namunalar boʻyicha oʻtkaziladi. Tekshiriladigan elementlarning soni akkumulyator batareyasining holatiga qarab, elektr xoʻjaligiga javobgar shaxs tomonidan belgilanadi.
Nazorat uchun razryadlashda, elektrolitdan namuna olish razryadlash oxirida amalga oshiriladi.
Akkumulyatorlarga quyish uchun tarkibida xlor va temir yoʻqligi tekshirilgan distillangan suv qoʻllanilishi shart.
18. Doimiy zaryadlash yoki zaryadlash — zaryadsizlantirish usuli bilan ishlaydigan kislotali batareyalarda 3 oyda 1-marta, elementiga 2,3 — 2,35 V kuchlanish bilan, barcha elementlarda elektrolitning zichligi belgilangan 1,2 — 1,21 g/sm3 qiymatga yetgunga qadar tenglashtiruvchi zaryadlash (qayta zaryadlash) oʻtkaziladi. Qoʻshimcha zaryadlash davomiyligi batareyaning holatidan kelib chiqib, kamida 6 soat boʻladi.
Batareyani, ushbu batareya uchun kafolatlangan, maksimaldan ortiq boʻlmagan tok bilan zaryadlashga yoki zaryadsizlantirishga ruxsat beriladi.
Elektrolitning harorati zaryadlash oxirida 40 oS dan oshmasligi shart.
Batareyani tenglashtiruvchi zaryadlash vaqtida unga nominalidan uch karradan kam boʻlmagan sigʻim berish kerak.
Bundan tashqari, podstansiyalarda 3 oyda 1-marta qisqa vaqtda tok ulanganda kuchlanishning pasayishi boʻyicha batareyalarning ishga yaroqliligi tekshiriladi.
19. Kislotali akkumulyator batareyalarida elektrolit sathi quyidagicha boʻlishi shart:
yuza-quti plastinali qoʻrgʻoshin-kislota (keyingi oʻrinlarda ― QK) turdagi statsionar akkumulyatorlar uchun elektrodlarning yuqori chekkasidan 10 ― 15 mm ga yuqori;
surkalgan plastinali qoʻrgʻoshin-nikel (keyingi oʻrinlarda ― QN) turdagi statsionar akkumulyatorlar uchun saqlovchi panel ustidan 20 ― 40 mm chegarasida.
Kislotali elektrolitning zichligi 20 oS da quyidagicha boʻlishi shart:
QK turdagi akkumulyatorlar uchun ― 1,205 ± 0,05 g/sm3 QN turdagi akkumulyatorlar uchun ― 1,24 ± 0,05 g/sm3
20. Doimiy zaryadlash rejimida ishlayotgan kislotali batareyalar zaryadsizlantirish mashqlarisiz va davriy tenglashtiruvchi zaryadlashsiz ekspluatatsiya qilinishi kerak. Batareyalarning holatiga qarab, lekin 1 yilda kamida 1-marta barcha elementlarda elektrolit zichligi ushbu Qoidalarga 8-ilovaning 19-bandida koʻrsatilgan qiymatga yetguncha batareyalarni tenglashtiruvchi zaryadlash (qoʻshimcha zaryadlash) oʻtkazish kerak.
Tenglashtiruvchi zaryadlash davomiyligi batareyaning texnik holatiga bogʻliq boʻlib, 6 soatdan kam boʻlmasligi kerak.
Podstansiyalarda batareyaning ishga yaroqliligi turtkili toklarda kuchlanish pasayishi boʻyicha tekshirilishi shart.
Butun batareyani yoki uning alohida elementlarini tenglashtiruvchi qayta zaryadlash faqat zarurat boʻyicha amalga oshirilishi kerak.
Batareyani zaryadlash va zaryadsizlantirish, ushbu batareya uchun maksimaldan yuqori boʻlmagan tok bilan ruxsat etiladi. Zaryadlash oxirida elektrolitning harorati QK turdagi akkumulyatorlar uchun 40oS dan, va QN turdagi akkumulyatorlar uchun 35oS dan yuqori boʻlmasligi kerak.
21. Akkumulyator batareyalari xonalaridagi haydovchi-tortuvchi ventilyatsiya batareyalarni zaryadlashdan oldin ulanishi va gazlar toʻliq chiqarib yuborilgandan, lekin zaryadlash tugaganidan kamida 1,5 soat keyin oʻchirilishi shart. Doimiy qayta zaryadlash joylarida esa mahalliy yoʻriqnomalarga koʻra, zarurat boʻyicha amalga oshirilishi kerak.
Doimiy qayta zaryadlash usulida ishlaydigan kislotali batareyalarni ekspluatatsiya qilish zaryadsizlantirish mashqlarisiz va tenglashtiruvchi qayta zaryadlashsiz amalga oshiriladi.
22. Statsionar akkumulyator batareyalarining har bir elementi kuchlanishi, zichligi va elektrolit harorati Elektr uskunalarni SQvaM talablariga muvofiq oʻlchanadi.
23. Batareyadagi har bir elementning kuchlanishi, zichligi va harorati oyda kamida 1-marta oʻlchanishi shart.
Batareyada orqada qoluvchi elementlar 5 foizdan oshmasligi shart. Zaryadsizlantirish oxirida orqada qolgan elementlar kuchlanishi qolgan elementlarning oʻrtacha kuchlanishidan 1,5 foizdan ortiqcha farq qilmasligi kerak.
24. Oʻzgarmas tok qurilmalariga kiruvchi akkumulyator batareyali toʻgʻrilovchi qurilmalarga va motor-generatorlarga xizmat koʻrsatish va taʼmirlash ushbu qurilmalar turi uchun belgilangan tartibda amalga oshirilishi shart.
25. Akkumulyator batareyalarini joriy taʼmirlashda quyidagilar amalga oshiriladi:
plastinalar holatini tekshirish va zarur boʻlsa ularning alohida elementlarini almashtirish;
seperatorlarning bir qismini almashtirish;
https://neolex.uz/uz/laws/law-5091762
