Fargʻona viloyati hududlarini qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirishga ixtisoslashtirish boʻyicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlar toʻgʻrisida (709-son)
11.11.2020
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Fargʻona viloyati hududlarining tuproq-iqlim sharoitlarini hisobga olgan holda bogʻdorchilik, uzumchilik, sabzavot-polizchilik, kartoshkachilik va boshqa oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirishga ixtisoslashtirish, shuningdek, raqobatbardosh mahsulotlar yetishtirishni koʻpaytirish va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtiruvchi subyektlarning manfaatdorligini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi 2020-2021-yillarda Fargʻona viloyatida qishloq xoʻjaligi tarmoqlarini rivojlantirish chora-tadbirlari rejasi:
Fargʻona viloyati hududlarida 2020-2021-yillarda qishloq, oʻrmon va baliq xoʻjaliklarida mahsulotlar ishlab chiqarishning prognoz koʻrsatkichlari hamda iqtisodiy koʻrsatkichlari 1, 1.1 va 1.2-ilovalarga muvofiq;
Fargʻona viloyatida 2020-2021-yillarda qishloq xoʻjaligi yerlaridan samarali foydalanish boʻyicha maqsadli koʻrsatkichlar 2-ilovaga muvofiq;
Fargʻona viloyatining ayrim hududlarini 2020-2021-yillarda bogʻdorchilik va uzumchilik yoʻnalishlariga ixtisoslashtirish koʻrsatkichlari 3-ilovaga muvofiq;
Fargʻona viloyatining ayrim hududlarini 2020-2021-yillarda sabzavot, kartoshka, poliz, dukkakli va dorivor oʻsimliklar yetishtirishga hamda issiqxona xoʻjaliklariga ixtisoslashtirish koʻrsatkichlari 4-ilovaga muvofiq;
Fargʻona viloyatida 2020-2021-yillarda irrigatsiya-melioratsiya obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash-tiklash ishlari boʻyicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlar dasturi 5-ilovaga muvofiq;
Fargʻona viloyatida 2020-2021-yillarda dorivor oʻsimliklarni yetishtirish, qayta ishlash va eksport qilish boʻyicha tashkil etiladigan klaster tashkilotlari roʻyxati 6-ilovaga muvofiq;
Fargʻona viloyatida 2021-yilda aholi xonadonlariga qoramol, parranda, quyon va asalari oilalari tarqatish prognoz koʻrsatkichlari 7-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Fargʻona viloyati hokimligi va “Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasining Fargʻona viloyati Yozyovon tumanini baliqchilik sohasi rivojlangan tumanga ixtisoslashtirish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
Fargʻona viloyati hokimligi:
Oʻzbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, “Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasi va “Ipoteka-bank” ATIB bilan birgalikda Fargʻona viloyatining Yozyovon tumanida 2020-2021-yillarda baliqchilik sohasini rivojlantirishga doir chora-tadbirlar dasturini bir oy muddatda ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritsin;
3. “Parrandasanoat” uyushmasi, “Oʻzbekiston naslli quyon yetishtiruvchilar” uyushmasi, “Oʻzbekiston asalarichilari” uyushmasi, “Oʻzsanoatqurilishbank” ATB, “Mikrokreditbank” ATB, “Aloqabank” ATB bilan birgalikda viloyat hududidagi xonadonlarga parranda, quyon va asalari oilasini tarqatish hisobidan qishloq aholisi bandligini taʼminlashga qaratilgan zarur choralarni koʻrsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi va Fargʻona viloyati hokimligining:
Oltiariq tumani hududlarining tuproq-iqlim sharoitidan kelib chiqib, 500 gektar maydonda kartoshka yetishtirishni yoʻlga qoʻyish;
Beshariq tumanida pillachilik tarmogʻini rivojlantirish maqsadida ipak qurti ozuqa bazasini mustahkamlash uchun yangi oʻzlashtiriladigan yerlar hisobidan 200 gektar maydonda tutzorlar tashkil etish;
Uchkoʻprik tumanida aholi tomorqalarida limon yetishtirish boʻyicha toʻplangan tajribadan kelib chiqib, limonchilik tarmogʻini rivojlantirish;
Fargʻona tumanida mahalliy tuproq-iqlim sharoitiga mos va aholi tomorqalarida keng tarqalgan malina oʻsimligi yetishtirishni yanada rivojlantirish orqali hududlarni malina oʻsimligini yetishtirishga ixtisoslashtirish;
Quvasoy shahrida gʻalladan qisqaradigan 1 250 gektar maydonda intensiv gilos bogʻlarini tashkil etish;
Fargʻona shahrida gʻalladan qisqaradigan 750 gektar maydonni sabzavotchilikka ixtisoslashtirish;
Quva tumanida gʻalladan qisqaradigan 1 050 gektar maydonda anorzorlar hamda foydalanishga kiritiladigan 100 gektar maydonda uzumchilik tashkil etish;
Oltiariq tumanida gʻalladan qisqaradigan 1 650 gektar maydonda uzumzorlar tashkil etish;
Qoʻshtepa tumanida gʻalladan qisqaradigan 500 gektar maydonda intensiv bogʻlar tashkil etish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
5. Fargʻona viloyati hokimligi:
viloyat aholisining oziq-ovqat mahsulotlariga boʻlgan isteʼmol meʼyorlari asosida talab etiladigan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirishni tashkil qilish yuzasidan qatʼiy nazorat oʻrnatish;
gʻalla hosilidan boʻshagan maydonlar hisobidan intensiv bogʻlarni tashkil etish uchun tuman hokimliklari tomonidan belgilangan tartibda yer maydonlarini ajratish;
aholiga tarqatiladigan quyon, echki va parrandalarning egalariga yetkazib berilishi boʻyicha qatʼiy nazorat oʻrnatish;
mazkur qarorning bajarilishini monitoring qilish asosida muammoli masalalarni har oyda tizimli ravishda koʻrib chiqib, hal etish yuzasidan tezkor amaliy choralar koʻrsin.
Zarur hollarda, Fargʻona viloyati hokimligiga Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda mazkur qarorga ilovaga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish huquqi berilsin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari Sh.M. Gʻaniyev hamda Fargʻona viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi X.H. Bozarov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. Aripov
Toshkent sh.,
2020-yil 11-noyabr,
709-son
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 11-noyabrdagi 709-son qaroriga 1-ILOVA
Fargʻona viloyati hududlarida 2020-2021-yillarda qishloq, oʻrmon va baliq xoʻjaliklarida mahsulotlar ishlab chiqarishning
PROGNOZ KOʻRSATKIChLARI
* Izoh: 2019-yil yakuniy narxlar boʻyicha hisob-kitob qilingan.
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 11-noyabrdagi 709-son qaroriga 1.1-ILOVA
Fargʻona viloyati hududlarida 2020-2021-yillarda qishloq, oʻrmon va baliq xoʻjaliklarida mahsulotlar ishlab chiqarishning
PROGNOZ KOʻRSATKIChLARI
* Izoh: 2019-yil yakuniy narxlar boʻyicha hisob-kitob qilingan.
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 11-noyabrdagi 709-son qaroriga 1.2-ILOVA
Fargʻona viloyatida 2020-2021-yillarda qishloq xoʻjaligining asosiy iqtisodiy
KOʻRSATKIChLARI
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 11-noyabrdagi 709-son qaroriga 2-ILOVA
Fargʻona viloyatida 2020-2021-yillarda qishloq xoʻjaligi yerlaridan samarali foydalanish boʻyicha maqsadli
KOʻRSATKIChLARI
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 11-noyabrdagi 709-son qaroriga 3-ILOVA
Fargʻona viloyatining ayrim hududlarini 2020-2021-yillarda bogʻdorchilik va uzumchilik yoʻnalishlariga ixtisoslashtirish
KOʻRSATKIChLARI
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 11-noyabrdagi 709-son qaroriga 4-ILOVA
Fargʻona viloyatining ayrim hududlarini 2020-2021-yillarda sabzavot, kartoshka, poliz, dukkakli va dorivor oʻsimliklar yetishtirishga hamda issiqxona xoʻjaliklariga ixtisoslashtirish
KOʻRSATKIChLARI
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 11-noyabrdagi 709-son qaroriga 5-ILOVA
Fargʻona viloyatida 2020 — 2023-yillarda irrigatsiya-melioratsiya obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash-tiklash ishlari boʻyicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlar
DASTURI
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 11-noyabrdagi 709-son qaroriga 6-ILOVA
Fargʻona viloyatida 2020-2021-yillarda dorivor oʻsimliklarni yetishtirish, qayta ishlash va eksport qilish boʻyicha tashkil etiladigan klaster tashkilotlari
ROʻYXATI
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 11-noyabrdagi 709-son qaroriga 7-ILOVA
Fargʻona viloyatida 2021-yilda aholi xonadonlariga qoramol, parranda, quyon va asalari tarqatish
PROGNOZ KOʻRSATKIChLARI
