“Orol” ilmiy-tadqiqiy muvofiqlashtirish markazining Nukus boʻlimini qayta tashkil qilish toʻgʻrisida (494-son)
26.10.1992
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Orol boʻyi mintaqasida sodir boʻlayotgan jarayonlarni jadal va chuqur oʻrganish hamda ularning qonuniyatlarini aniqlash asosida Orolboʻyi ekologiyasi muammolarini hal qilish uchun mavjud ilmiy potensialdan samarali foydalanish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Orol” ilmiy-tadqiqiy muvofiqlashtirish markazining Nukus boʻlimi Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasiing Qoraqalpogʻiston boʻlimi tarkibida Orolboʻyi ekologiya muammolari boʻlimi etib qayta tashkil qilinsin.
2. Moliya vazirligi Orolboʻyi ekologiya muammolari boʻlimining 1992-yil oxiriga qadar ishlashini Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi taqdim etgan hisob-kitoblarga muvofiq taʼminlash uchun mablagʻ ajratsin.
3. Fan va texnika davlat qoʻmitasi, Fanlar akademiyasi 1993-yilga va undan keyingi yillarga moʻljallangan davlat ilmiy-texnikaviy dasturlar doirasida Orolboʻyi ekologiya muammolari boʻlimining ilmiy tadqiqot ishlari mavzularini koʻzda tutsin.
4. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari M. Q. Qoraboyev zimmasiga yuklatilsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. MUTALOV
Toshkent sh.,
1992-yil 26-oktabr,
494-son
