Elektr energetika sohasidagi islohotlarni amalga oshirishda Oʻzbekiston Respublikasi budjetini qoʻllab-quvvatlash uchun Osiyo taraqqiyot bankining 200 million AQSH dollari miqdoridagi mablagʻlarini jalb qilish toʻgʻrisida (673-son)
30.10.2020
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Koronavirus pandemiyasi davrida aholi, budjet, bazaviy infratuzilma va tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash uchun tashqi yordam mablagʻlarini jalb qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 22-apreldagi PQ-4691-son va Vazirlar Mahkamasining “Elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 28-sentabrdagi 594-son qarorlariga muvofiq hamda elektr energetika sohasida islohotlarni amalga oshirish, jumladan elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etishni jadallashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
2020-yil 27-iyulda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Energetika vazirligi va Osiyo taraqqiyot banki (keyingi oʻrinlarda — OTB) oʻrtasida energetika sohasida islohotlarni amalga oshirish doirasida OTBning 200 million AQSH dollari miqdoridagi qarzini jalb qilish boʻyicha anglashuv memorandumi imzolanganligi;
2020-yil 28-sentabrda OTB Direktorlar kengashi tomonidan elektr energetika sohasidagi islohotlarni amalga oshirishda Oʻzbekiston Respublikasi budjetini qoʻllab-quvvatlash uchun 3 yillik imtiyozli davrni oʻz ichiga olgan holda 15 yil muddatda qaytarish sharti bilan 200 million AQSH dollari miqdorida qarz (Policy Based Loan) ajratilishi maʼqullanganligi;
umumiy qiymati 457,8 milion AQSH dollariga teng boʻlgan “Oʻzbekiston Respublikasida elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish” investitsiya loyihasining (keyingi oʻrinlarda — investitsiya loyihasi) texnik-iqtisodiy asoslanuvi belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi hamda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida ekspertizadan oʻtkazilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Belgilab qoʻyilsinki:
OTB qarzi Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjeti xarajatlarini hamda qisman investitsiya loyihasini moliyalashtirish uchun ajratiladi;
Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi investitsiya loyihasini amalga oshirilishida OTB qarz mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanishi yuzasidan ijro etuvchi organ hisoblanadi;
“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ investitsiya loyihasining amalga oshirilishini muvofiqlashtirish va monitoring qilish, Moliya vazirligi tomonidan OTBning qarz mablagʻlari hisobidan ajratiladigan kreditni oʻz vaqtida oʻzlashtirilishi yuzasidan masʼul tashabbuskor hisoblanadi;
OTBning qarzni soʻndirish, ular boʻyicha foizlar, majburiyat uchun toʻlovlarni toʻlash bilan bogʻliq xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi elektr energetikasi sohasidagi islohotlarni amalga oshirishda budjetni qoʻllab-quvvatlash (Policy Based Loan) uchun OTB tomonidan ajratilgan qarz hisobidan “Hududiy elektr tarmoqlari” AJga investitsiya loyihasini moliyalashtirish uchun 82 million AQSH dollari miqdorida kreditni 15 yil muddatga 3 yillik imtiyozli davr bilan olti oylik LIBOR+1,25 foiz stavka toʻlash sharti asosida ajratsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi moliya vaziriga elektr energetika sohasidagi islohotlarni amalga oshirishda Oʻzbekiston Respublikasi budjetini qoʻllab-quvvatlash uchun OTBning 200 million AQSH dollari miqdorida (Policy Based Loan) qarzini jalb etish uchun Oʻzbekiston Respublikasi va OTB oʻrtasida qarz bitimini Oʻzbekiston Respublikasi nomidan imzolash vakolati berilsin.
5. Quyidagilar:
“Oʻzbekiston Respublikasida elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish” investitsiya loyihasi texnik-iqtisodiy asoslanuvining asosiy texnik-iqtisodiy koʻrsatkichlari 1-ilovaga muvofiq;
Elektr energetika sohasidagi islohotlarni amalga oshirishda Oʻzbekiston Respublikasi budjetini qoʻllab-quvvatlash uchun jalb etilayotgan Osiyo taraqqiyot bankining qarzini soʻndirish, foiz va vositachilik toʻlovlarini toʻlashning prognoz jadvali 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi bilan OTB oʻrtasida imzolanadigan qarz bitimi boʻyicha belgilangan tartibda yuridik xulosa berilishini taʼminlasin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining maslahatchisi — Sanoat va uning bazaviy tarmoqlarini hamda kooperatsiya aloqalarini rivojlantirish masalalari departamenti boshligʻi hamda Oʻzbekiston Respublikasi energetika vaziri A.S. Sultanov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2020-yil 30-oktabr,
673-son
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 30-oktabrdagi 673-son qaroriga1-ILOVA
“Oʻzbekiston Respublikasida elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish” investitsiya loyihasi texnik-iqtisodiy asoslanuvining asosiy texnik-iqtisodiy
KOʻRSATKICHLARI
Izoh.
* Kapital qoʻyilmalar miqdori soliq va bojxona toʻlovlarini hisobga olmagan holda koʻrsatilgan. Ushbu koʻrsatkichning yakuniy miqdori uskunalar, montaj ishlari va boshqa xarajatlar qiymatini qoʻshgan holda investitsiya loyihasi doirasida tegishli tender savdolari natijalari va shartnomalar imzolangandan soʻng aniqlashtiriladi.
** Moliyaviy xarajatlar jalb etiladigan qarzning haqiqatda ishlatilish summasi va sanasidan kelib chiqqan holda oʻzgarishi mumkin.
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 30-oktabrdagi 673-son qaroriga2-ILOVA
Elektr energetika sohasidagi islohotlarni amalga oshirishda Oʻzbekiston Respublikasi budjetini qoʻllab-quvvatlash uchun jalb etilayotgan Osiyo taraqqiyot bankining qarzini soʻndirish, foiz va vositachilik toʻlovlarini toʻlashning
PROGNOZ JADVALI
Izoh.
* Jalb etiladigan qarz boʻyicha toʻlovlarning foiz stavkalari hisobi “Bloomberg” nashrining maʼlumotlari asosida oʻrtacha LIBOR stavkasining soʻnggi 12 oydagi oʻrtacha 1,35 foiz stavkasida olingan boʻlib, unga doimiy 0,5 foiz stavkasi qoʻshilgan holda ushbu qarz toʻlovining yillik foiz stavkasi 1,85 foizni tashkil qiladi.
** Vositachilik toʻlovining summasi qarz bitimi imzolangandan soʻng 60 kundan soʻng hisoblanadi.
