7-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining narkologik yordam sohasidagi vakolatlari
Narkologik kasalliklar profilaktikasi va ularni davolash toʻgʻrisida (O‘RQ-644-son) · Sana: 27.10.2020 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi:
narkologik yordam sohasidagi davlat dasturlarini ishlab chiqishda hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;
narkologik yordam sohasidagi tarmoq dasturlarini ishlab chiqadi, tasdiqlaydi va amalga oshiradi;
fuqarolarning, avvalo yoshlarning psixoaktiv moddalarni notibbiy ravishda isteʼmol qilishiga imkon berayotgan shart-sharoitlarni aniqlaydi va bartaraf etadi;
psixoaktiv moddalarni isteʼmol qiluvchi shaxslarni aniqlaydi va ularni tibbiy tekshiruvdan oʻtishga olib boradi;
sogʻliqni saqlash organlari va muassasalarining xulosalari asosida narkologik kasalliklarga chalingan shaxslarni profilaktik hisobga olishni amalga oshiradi;
narkologik kasalliklarga chalingan shaxslarni majburiy davolashga yuborish uchun hujjatlarning rasmiylashtirilishini taʼminlaydi, shuningdek ushbu shaxslarni sudning qonuniy kuchga kirgan qarori asosida narkologiya muassasalariga olib borishga koʻmaklashadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 96-moddasiga muvofiq oʻziga nisbatan tibbiy yoʻsindagi majburlov choralari qoʻllanilgan shaxslarni jazoni ijro etish tizimining ixtisoslashtirilgan muassasalarida majburiy davolashni amalga oshiradi;
narkologik kasalliklarga chalingan, narkologiya muassasalarida davolanib chiqqan, shu jumladan majburiy tarzda davolanib chiqqan shaxslar ustidan kuzatuvni tashkil etadi hamda ularni ishga joylashtirishga va ularning maishiy moslashuviga koʻmaklashadi;
narkologik kasalliklar profilaktikasini bevosita amalga oshiruvchi va unda ishtirok etuvchi hamda narkologik yordam koʻrsatuvchi boshqa organlar va muassasalar bilan hamkorlik qiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
