3-modda. Asosiy tushunchalar
Narkologik kasalliklar profilaktikasi va ularni davolash toʻgʻrisida (O‘RQ-644-son) · Sana: 27.10.2020 · Amalda
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
majburiy davolash — narkologik kasalliklarga chalingan shaxslarga nisbatan sudning qarori asosida majburiy davolash uchun moʻljallangan muassasalarda koʻrsatiladigan narkologik yordam turi;
narkologik yordam — narkologik kasalliklar profilaktikasini, narkologik kasalliklarga chalingan shaxslarni tekshirishni, ularga maslahat berishni, tashxis qoʻyishni, ularni davolashni, tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya qilishni oʻz ichiga oluvchi ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam turi;
narkologik kasallik (surunkali alkogolizm, giyohvandlik, zaharvandlik) — psixoaktiv moddalarga patologik ruju qoʻyish, ulardan surunkali zaharlanishning psixosomatik (ruhiy va jismoniy) hamda ijtimoiy oqibatlari bilan tavsiflanadigan surunkali kasallik;
narkologik kasallikka chalingan shaxs — oʻziga narkolog shifokor tomonidan narkologik kasallik tashxisi qoʻyilgan shaxs;
narkologik kasalliklarga chalingan shaxslarni tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya qilish — narkologik kasalliklarga chalingan shaxslarning hayot faoliyatiga doir cheklovlarni bartaraf etishga yoki kompensatsiya qilishga, yoʻqotilgan ijtimoiy aloqalarini hamda ijtimoiy maqomini tiklashga, mehnat va maishiy sharoitlarga moslashuvini taʼminlashga qaratilgan tibbiy, psixologik, tarbiyaviy, taʼlimga oid, ijtimoiy, huquqiy chora-tadbirlar tizimi;
narkologiya muassasalari — aholiga narkologik yordam koʻrsatuvchi narkologiya markazlari, shifoxonalari, dispanserlari, psixonevrologiya dispanserlari tuzilmasidagi boʻlinmalar, tuman (shahar) tibbiyot birlashmalarining narkologiya kabinetlari;
narkologik ekspertiza — tibbiy yoʻsindagi majburlov choralarini qoʻllash masalalarini, maʼmuriy, jinoyat va fuqarolik ishlari boʻyicha ish yuritish jarayonida yuzaga keladigan boshqa masalalarni hal etish uchun narkologik kasallikka tashxis qoʻyishga qaratilgan shaxslarni tibbiy tekshiruvdan oʻtkazish;
psixoaktiv moddalar — markaziy asab tizimiga oʻziga xos taʼsir koʻrsatadigan, muntazam ravishda isteʼmol qilganda ruhan va jismonan qaramlikni yuzaga keltirishi mumkin boʻlgan, kelib chiqishi sintetik yoki tabiiy kimyoviy moddalar;
psixoaktiv moddalar taʼsiridan mastlik holatini aniqlash uchun shaxslarni tibbiy tekshiruvdan oʻtkazish — shaxslarda mastlik holatini aniqlashga qaratilgan tibbiy koʻrik usullari va tibbiy tekshiruvlar majmui.
