16-modda. Sogʻliqni saqlash tizimi muassasalarida profilaktika kuzatuvi (profilaktik hisobga olish) va dispanser kuzatuvi (dispanser hisobiga olish)
Narkologik kasalliklar profilaktikasi va ularni davolash toʻgʻrisida (O‘RQ-644-son) · Sana: 27.10.2020 · Amalda
Profilaktika kuzatuvi (profilaktik hisobga olish) alkogolni muntazam ravishda isteʼmol qiluvchi, giyohvandlik vositalarini yoki boshqa psixoaktiv moddalarni har zamonda isteʼmol qiluvchi shaxslarda ruhan va jismonan qaramlikning klinik belgilarisiz narkologik kasallik rivojlanishining oldini olish maqsadida narkologiya muassasalari tomonidan amalga oshiriladi. Profilaktika kuzatuvi (profilaktik hisob) ostidagi shaxslarga nisbatan psixoaktiv moddalarga ruhan va jismonan qaramlikning shakllanishi xavfiga doir omillarni bartaraf etishga qaratilgan tibbiy, pedagogik, psixologik, psixoterapevtik va ijtimoiy chora-tadbirlar majmui amalga oshiriladi.
Narkologik kasalliklarga chalingan shaxslarning dispanser kuzatuvi (dispanser hisobiga olish) narkologiya muassasalari tomonidan ularga psixoaktiv moddalarni notibbiy ravishda isteʼmol qilishdan tiyilishni va narkologik kasallikning tibbiy-ijtimoiy oqibatlarining oldini olishini taʼminlaydigan malakali narkologik yordam koʻrsatish maqsadida amalga oshiriladi.
Narkologiya muassasasiga davolanishdan oʻtish uchun ixtiyoriy ravishda murojaat etgan narkologik kasalliklarga chalingan shaxslarning iltimosiga koʻra, ularning dispanser kuzatuvi (dispanser hisobiga olish) belgilanmasligi mumkin.
Majburiy dispanser kuzatuviga (dispanser hisobiga) quyidagi shaxslar olinishi lozim:
shaxsiyatida narkologik kasallik bilan bogʻliq boʻlgan aniq koʻrinib turgan oʻzgarishlar boʻlgan shaxslar;
alkogolli yoki zaharlanish natijasidagi psixozlarni boshdan kechirgan shaxslar;
narkologik kasalliklarga chalingan, narkologik yordam soʻrab murojaat qilguniga qadar, davolanish davrida yoki davolanish tugallanganidan keyin gʻayriijtimoiy xulq-atvor belgilarini namoyon etuvchi shaxslar;
bir yil mobaynida ikki va undan ortiq marta psixoaktiv moddalar taʼsiridan mastlik va (yoki) oʻtkir zaharlanish holatida tibbiyot muassasalariga olib kelingan shaxslar;
jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan, narkologik kasalliklari tufayli oʻziga nisbatan tibbiy yoʻsindagi majburlov choralari qoʻllanilgan shaxslar;
narkologiya muassasasida davolanib chiqqanidan keyin bir yil mobaynida narkologik kasalligi ikki martadan ortiq qaytalangan shaxslar.
