14-modda. Narkologik kasalliklar profilaktikasi
Narkologik kasalliklar profilaktikasi va ularni davolash toʻgʻrisida (O‘RQ-644-son) · Sana: 27.10.2020 · Amalda
Narkologik kasalliklar profilaktikasi psixoaktiv moddalarning tarqalishiga va notibbiy ravishda isteʼmol qilinishiga, shu jumladan alkogolni suiisteʼmol qilishga imkon beruvchi sabablar hamda shart-sharoitlarni aniqlash va bartaraf etishga, ularning shaxsiy, ijtimoiy va tibbiy salbiy oqibatlarining oldini olishga qaratilgan ijtimoiy, maʼrifiy hamda tibbiy-psixologik tadbirlar majmuidan iboratdir.
Narkologik kasalliklar profilaktikasi birlamchi, ikkilamchi va uchlamchi profilaktikani oʻz ichiga oladi.
Narkologik kasalliklarning birlamchi profilaktikasi psixoaktiv moddalarni isteʼmol qilishga oʻrganib qolishga sabab boʻladigan omillarni bartaraf etish yoki shaxsning ushbu omillar taʼsiriga bardoshliligini oshirish orqali mazkur moddalarni birinchi marta notibbiy ravishda isteʼmol qilishga urinishning oldini olishga qaratilgan tibbiy, pedagogik, psixologik va ijtimoiy chora-tadbirlar tizimidir.
Narkologik kasalliklarning ikkilamchi profilaktikasi psixoaktiv moddalarni isteʼmol qilishni bu moddalarga nisbatan qaramlik shakllanguniga qadar tugatishga qaratilgan tibbiy, pedagogik, psixologik, psixoterapevtik va ijtimoiy chora-tadbirlar tizimidir.
Narkologik kasalliklarning uchlamchi profilaktikasi narkologik kasallik avj olishining hamda uning ijtimoiy va tibbiy salbiy oqibatlari yuzaga kelishining oldini olishga qaratilgan tibbiy, psixologik, psixoterapevtik va ijtimoiy chora-tadbirlar tizimidir.
