9-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligining aholi bandligi sohasidagi vakolatlari
Aholi bandligi toʻgʻrisida (O‘RQ-642-son) · Sana: 20.10.2020 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi (bundan buyon matnda Migratsiya agentligi deb yuritiladi):
mehnat migrantlarini jalb qilish uchun oʻz mamlakatining vakolatli organlarida rasman roʻyxatga olingan yoki akkreditatsiyadan oʻtkazilgan chet el ish beruvchilari bilan bitimlar tuzadi;
Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun fuqarolarni uyushgan holda ishga qabul qilish boʻyicha xizmatlar koʻrsatish uchun chet el ish beruvchilari bilan shartnomalar tuzadi;
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida ishga joylashtirish shart-sharoitlari monitoringi va nazoratini amalga oshiradi;
mehnat migrantlari ishga joylashtiriladigan davlatda ularga xodimlarning tegishli toifasi uchun belgilangan ish haqidan kam boʻlmagan darajada ish haqini taʼminlash normalariga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
ishga joylashtiriladigan davlatda belgilangan munosib yashash va ishlash shart-sharoitlarini taʼminlash normalariga rioya etilishi yuzasidan monitoringni amalga oshiradi.
Migratsiya agentligi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
