7-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining aholi bandligi sohasidagi vakolatlari
Aholi bandligi toʻgʻrisida (O‘RQ-642-son) · Sana: 20.10.2020 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
aholi bandligi sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini taʼminlaydi;
aholi bandligi sohasidagi davlat dasturlarini tasdiqlaydi va ularning amalga oshirilishini taʼminlaydi;
aholi bandligiga koʻmaklashish, shuningdek ishga joylashishga muhtoj shaxslarni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimi samarali ishlashini taʼminlash boʻyicha choralar koʻradi;
aholi daromadlarining oʻsishini taʼminlaydigan munosib, unumli va mahsuldor bandlikni ragʻbatlantirish boʻyicha choralarni amalga oshiradi;
ishga joylashtirishning ilgʻor shakllarini joriy etish boʻyicha respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining ishini muvofiqlashtiradi;
moddiy ragʻbatlantirish mexanizmlarini va mehnat sharoitlarini yaxshilash choralarini koʻradi;
aholi bandligi sohasida xalqaro hamkorlikni amalga oshiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
