54-modda. Mahalliy mehnat organlarini ishsizlik nafaqasini toʻlashga taʼsir koʻrsatadigan shartlar oʻzgarganligi toʻgʻrisida xabardor qilish
Aholi bandligi toʻgʻrisida (O‘RQ-642-son) · Sana: 20.10.2020 · Amalda
Ishsizlik nafaqasini olayotgan ishsiz shaxslar mahalliy mehnat organini quyidagilar toʻgʻrisida uch kunlik muddatdan kechiktirmay xabardor qilishi shart:
mustaqil ravishda ishga joylashganligi (mehnat shartnomasi tuzganligi);
fermer yoki dehqon xoʻjaligini yuritish uchun yer uchastkasini ijaraga olganligi;
tadbirkorlik faoliyati yoki oʻzini oʻzi band qilgan shaxs sifatida boshqa har qanday faoliyat bilan shugʻullanishdan daromad olayotganligi;
tijorat bankidan, mikromoliya tashkilotidan yoki lizing kompaniyasidan kredit yoki lizing olganligi;
kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash yoki malaka oshirish kurslariga mustaqil ravishda (mahalliy mehnat organi vositachiligisiz) kirganligi;
qonunchilikka muvofiq pensiya taʼminoti huquqiga ega boʻlganligi (pensiya turidan qatʼi nazar);
harbiy majburiyatlarni bajarganligi va harbiy xizmatga tayyorgarlik bilan bogʻliq tadbirlarda ishtirok etganligi;
yashash joyi oʻzgarganligi;
ishsizlik nafaqasini toʻlash shartlari oʻzgarishiga sabab boʻladigan boshqa holatlar.
Mahalliy mehnat organlari ishsizlik nafaqasini toʻlash shartlari oʻzgarganligi toʻgʻrisida “Yagona mehnat milliy tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksidan va idoralararo hamkorlikning boshqa shakllaridan foydalangan holda, mustaqil ravishda axborot olishga haqlidir.
