27-modda. Ish qidirayotgan shaxslarga va ishsiz shaxslarga maslahat berish
Aholi bandligi toʻgʻrisida (O‘RQ-642-son) · Sana: 20.10.2020 · Amalda
Mahalliy mehnat organlari xodimlari maslahat berish chogʻida ish qidirayotgan shaxslarga va ishsiz shaxslarga:
aholi bandligi toʻgʻrisidagi qonunchilik;
boʻsh (vakant) ish oʻrinlari mavjudligi, shu jumladan tegishli hududda joylashgan tashkilotlarda boʻsh (vakant) ish oʻrinlari mavjudligi, boʻsh (vakant) ish oʻrinlaridagi mehnatga haq toʻlash miqdori va boshqa mehnat sharoitlari;
yangidan tashkil etiladigan ish oʻrinlari va rivojlantirish dasturlari;
kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va malaka oshirishdan oʻtish imkoniyatlari hamda shartlari;
haq toʻlanadigan jamoat ishlarida ishtirok etish imkoniyatlari;
ish qidirayotgan shaxslarga va ishsiz shaxslarga taqdim etiladigan ijtimoiy kafolatlar va mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikning normalari;
zaxiraga qoʻyiladigan ish oʻrinlariga joylashtirish tartibi;
oʻzini oʻzi band qilgan shaxs maqomini olish tartibi;
subsidiyalar va grantlar;
xususiy tadbirkorlik ishini tashkil etish imkoniyatlari, startap-loyihalarini qoʻllab-quvvatlash choralari, shuningdek namunaviy biznes-rejalar;
aholi bandligini taʼminlashga qaratilgan loyihalarni mikrokreditlash dasturlari;
Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida uyushgan holda ishga olish boʻyicha vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish imkoniyatlari;
xususiy bandlik agentliklari;
ish qidirayotgan shaxslarga va ishsiz shaxslarga mahalliy mehnat organlari tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlarning boshqa turlari toʻgʻrisida axborot taqdim etadi.
Murojaat etgan shaxsga u belgilagan masala boʻyicha toʻliq maʼlumot berish imkoni boʻlmagan taqdirda, mahalliy mehnat organining xodimi takroran maslahat berish kuni va vaqtini belgilashi kerak.
