13-modda. Ish beruvchilarning aholi bandligi sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirishda ishtirok etishi
Aholi bandligi toʻgʻrisida (O‘RQ-642-son) · Sana: 20.10.2020 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasida ish beruvchilar aholi bandligi sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirishda quyidagilar orqali ishtirok etadi:
ish oʻrinlarini zaxiraga qoʻyish hamda aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalarini zaxiraga qoʻyilgan ish oʻrinlariga ishga joylashtirish;
boʻsh (vakant) ish oʻrinlari mavjudligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni har oyda, shuningdek xodimlarning ishdan boʻlgʻusi ozod etilishi toʻgʻrisidagi axborotni har bir xodimni koʻrsatgan holda, ular ishdan ozod etilishidan kamida ikki oy oldin “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksi orqali elektron tarzda mahalliy mehnat organlariga taqdim etish;
mehnat munosabatlarini tartibga soluvchi shartnomalar va kelishuvlar shartlarini bajarish;
xodimlarni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil etish uchun sharoitlar yaratish;
Oʻzbekiston Respublikasi Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasiga ijtimoiy soliqni toʻlash orqali moliyaviy ajratmalar ajratish;
aholi bandligiga koʻmaklashishga doir dasturlarni amalga oshirishda ishtirok etish;
ish qidirayotgan shaxslarni va ishsiz shaxslarni haq toʻlanadigan jamoat ishlariga ularning mehnatiga haq toʻlash uchun mablagʻlarning oʻrnini Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Jamoat ishlari jamgʻarmasi hisobidan toʻliq yoki qisman qoplagan holda jalb etish.
Boʻsh (vakant) ish oʻrinlari mavjudligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar ish beruvchi tomonidan mahalliy mehnat organiga har bir hisobot oyining oxiridagi holatga koʻra “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksi orqali elektron tarzda taqdim etiladi. Boʻsh (vakant) ish oʻrinlari mavjudligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar Boʻsh (vakant) ish oʻrinlari milliy bazasiga kiritiladi.
Xodimlarning ishdan boʻlgʻusi ozod etilishi toʻgʻrisidagi axborotda ishdan ozod etiladigan xodimlarning shaxsiy roʻyxati ishdan ozod etiladigan har bir xodimning kasbi, mutaxassisligi, malakasi va mehnatiga haq toʻlash miqdori, shuningdek xodimlarni ozod etishni amalga oshirish moʻljallangan muddatlar majburiy tartibda koʻrsatiladi.
Ish beruvchilarning aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalari uchun ish oʻrinlarining belgilangan eng kam miqdoridan ortiq qoʻshimcha ish oʻrinlarini tashkil etish, shuningdek ularni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishga doir xarajatlari Oʻzbekiston Respublikasi Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzuridagi yangi ish oʻrinlarini tashkil etishni ragʻbatlantirish hududiy jamgʻarmalarining mablagʻlari hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa mablagʻlar hisobidan kompensatsiya qilinadi.
