110-modda. Oʻzbekiston Respublikasida xorijiy ishchi kuchini jalb etish va undan foydalanish tartibi oʻziga nisbatan tatbiq etilmaydigan chet ellik fuqarolar
Aholi bandligi toʻgʻrisida (O‘RQ-642-son) · Sana: 20.10.2020 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasida xorijiy ishchi kuchini jalb etish va undan foydalanish tartibi quyidagi chet ellik fuqarolarga nisbatan tatbiq etilmaydi:
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida akkreditatsiya qilingan chet davlatlar doimiy vakolatxonalarining, xalqaro hukumatlararo tashkilotlar va chet davlatlar hukumat tashkilotlari vakolatxonalarining xodimlariga, shuningdek diplomatik maqomga ega boʻlgan boshqa shaxslarga;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasi qarorlariga asosan lavozimga tayinlanadiganlarga;
Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasining iltimosnomalariga koʻra, turizm sohasidagi ishlarga uch oygacha muddatga jalb etiladigan mutaxassislarga;
Oʻzbekiston Respublikasi hududida faoliyat koʻrsatayotgan yoki tashkil etilayotgan xorijiy yoki qoʻshma korxonalar taʼsischilari boʻlgan, uch oygacha muddatga keladigan fuqarolarga;
Oʻzbekiston Respublikasi hududida Oʻzbekiston Respublikasining davlatlararo shartnomalariga muvofiq tashkil etilgan tashkilotlarda mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan ilm-fan va madaniyat arboblariga;
Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim muassasalarining oʻquv dasturlari doirasida taʼtil vaqtida ishlab chiqarish amaliyotini oʻtayotgan talabalarga;
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida akkreditatsiya qilingan ommaviy axborot vositalari vakillariga;
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan akkreditatsiya qilingan nodavlat notijorat tashkilotlarining, shuningdek xalqaro va chet el nodavlat (nohukumat) notijorat tashkilotlari vakolatxonalari hamda filiallarining xodimlariga;
Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan akkreditatsiya qilingan chet el tijorat tashkilotlari vakolatxonalarining xodimlariga;
Prezident maktablariga, shuningdek oliy taʼlim muassasalariga ishlash uchun jalb etiladigan oʻqituvchilar va mutaxassislarga;
Oʻzbekiston Respublikasida yashash guvohnomasini olgan shaxslarga;
Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida ishga joylashtirishning boshqacha tartibi belgilangan shaxslarga.
