Oziq-ovqat tovarlarining narxlarini boshqarish hamda chorva mollari va sutning xarid narxlarini oshirish toʻgʻrisida (475-son)
16.10.1992
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Respublikaga yetkazib berilayotgan oziq-ovqat tovarlarining ancha qimmatlashganligi, yoqilgʻi-energetika resurslari, asbob-uskunalar va chorva ozuqalari narxlarining oshganligi munosabati bilan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. 1992-yilning 19-oktabridan boshlab ayrim oziq-ovqat tovarlarining cheklangan chakana narxlari miqdorlari 1-ilovaga muvofiq hamda tirik vazndagi chorva mollari va sutning cheklangan xarid narxlari 2-ilovaga muvofiq belgilansin.
Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vazirligi va “Oʻzparrandasanoat” birlashmasining tuxumning xarid va chakana narxlarini shartnomaviy (erkin) narxlar toifasiga oʻtkazish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
2 Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi manfaatdor vazirliklar, idoralar, korxonalar va tashkilotlarga, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga mazkur qarorning ilovalariga muvofiq chakana va xarid narxlarining yangi preyskurantlarini, shuningdek, qayta baholash toʻgʻrisidagi koʻrsatmalarni oʻz vaqtida yetkazishni taʼminlasin.
3. Mulkchilikning barcha shaklidagi korxonalar va tashkilotlar 1992-yil 19-oktabrdagi holatiga koʻra mahsulotlar qoldigʻini qayta baholab chiqsinlar, bunda qayta baholash summasi teng ulushlarda 746-son budjetdan tashqari schyotga va oʻz oborot mablagʻlari normativini koʻpaytirishga qoʻshib qoʻyilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda cheklangan chakana narxlarda sotiladigan oziq ovqat mahsulotlarining ulgurji narxlarini ikki hafta muddat ichida qayta koʻrib chiqsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 14-iyuldagi 324-son qaroriga ilova oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 30-martdagi 152-son qarorining 1-bandidagi 4-xatboshidan “tuxum” soʻzi chiqarib tashlansin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosarlari zimmasiga yuklatilsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. MUTALOV
Toshkent sh.,
1992-yil 16-oktabr,
475-son
