26-modda. Axborotdan foydalanish
Nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari toʻgʻrisida (O‘RQ-641-son) · Sana: 15.10.2020 · Amalda
Davlat nogironligi boʻlgan shaxslarga axborot olish huquqlari amalga oshirilishini kafolatlaydi hamda nogironligi boʻlgan shaxslarni keng omma uchun moʻljallangan, qulay formatlardagi va nogironlikning turli shakllari hisobga olingan texnologiyalardan foydalangan holda axborot bilan taʼminlaydi.
Davlat odamlar oʻrtasidagi muloqot vositalari sifatida imo-ishora tilidan, muloqotning boshqa muqobil shakllaridan foydalanilishiga koʻmaklashadi.
Davlat nogironligi boʻlgan shaxslarga televizion dasturlar, filmlar, teatr tadbirlari va boshqa madaniy tadbirlarning ular uchun qulay formatlarda boʻlishini taʼminlaydi. Davlat telekanallarida yangiliklar koʻrsatuvlarining surdotarjima yoki subtitrlar bilan namoyish etilishi taʼminlanadi.
Davlat kommunikatsiyaning muqobil shakllaridan (Brayl harflaridan va ovozli shakllardan) foydalangan holda badiiy adabiyotlar, maktab darsliklari, boshqa didaktik materiallar va oʻqitish vositalari nashr etilishini taʼminlaydi.
Davlat organlari va tashkilotlar oʻz rasmiy veb-saytlariga joylashtirilgan axborot bilan qulay tarzda tanishish hamda xizmatlardan foydalanish uchun nogironligi boʻlgan shaxslarga qoʻshimcha imkoniyatlarni yaratishi shart.
Davlat organlari va tashkilotlar axborot-kommunikatsiya uskunalarining hamda axborot taʼminotining davlat xaridlariga davlat buyurtmasini amalga oshirishda nogironligi boʻlgan shaxslarning barcha toifalari uchun qulaylik mezonlariga rioya etilishini hisobga olishi kerak.
Davlat organlari va tashkilotlar, zarur boʻlgan taqdirda, mazkur davlat organining yoki tashkilotning vakili va eshitishida nuqsonlari mavjud nogironligi boʻlgan shaxs oʻrtasidagi muloqotni taʼminlash uchun imo-ishora tili tarjimonini shartnoma boʻyicha yollaydi.
