24-modda. Transport vositalarining va yoʻl infratuzilmasining qulayligi
Nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari toʻgʻrisida (O‘RQ-641-son) · Sana: 15.10.2020 · Amalda
Transport vositalarining va yoʻl infratuzilmasining qulayligi aholiga transport xizmati koʻrsatuvchi tashkilotlar (tashkiliy-huquqiy shaklidan qatʼi nazar) tomonidan nogironligi boʻlgan shaxslarning jamoat birlashmalari ishtirokida:
nogironligi boʻlgan shaxslarga qulaylik yaratish uchun jamoat transportining maxsus vositalar bilan jihozlanishini, shu jumladan alohida joylar jihozlanishini, eshitish qobiliyati zaif boʻlganlar uchun axborot tablolari oʻrnatilishini hamda bekatlarning ovozli tarzda eʼlon qilinishini;
shahar va qishloq jamoat transporti vositalarining yoʻnalishlari hamda koʻrsatkichlari keskin farqlanuvchi rangdagi yirik harflar bilan tasvirlanishini;
yoʻlovchi poyezdlarining vagonlari maxsus oʻrinlar bilan va perronlar, shuningdek temir yoʻl vokzallari maxsus mexanik panduslar bilan jihozlanishini;
toʻxtash maydonchalarini shaharsozlik normalari va qoidalarini hisobga olgan holda jihozlash, shu jumladan ularga panduslar va tutqichlar oʻrnatish, transport vositasining kirish eshiklari oldidagi maydonchalarda taktil qoplamalarini qoʻllash, shuningdek elektron axborot tablolarini oʻrnatish;
piyodalar oʻtish joylari va chorrahalarini, koʻchalar hamda umumiy foydalanishdagi yoʻllarni nogironligi boʻlgan shaxslarning ehtiyojlariga muvofiq moslashtirish;
chorrahalarda tovushli va vizual signalizatsiya tizimlarini oʻrnatish;
aeroportlarda va aerovokzallarda, yirik temir yoʻl stansiyalarida, shuningdek metroda nogironligi boʻlgan shaxslarni transport vositalarigacha kuzatib borish;
nogironligi boʻlgan shaxslar uchun maxsus kutish joylarini jihozlash yoʻli bilan taʼminlanadi.
Mahalliy transport vositalarini ishlab chiqish va ishlab chiqarish nogironligi boʻlgan shaxslarning ehtiyojlari inobatga olingan holda amalga oshirilishi kerak.
