Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligining oʻrmon xoʻjaligi bosh boshqarmasi huzurida manzarali bogʻdorchilik va oʻrmon xoʻjaligi respublika ilmiy-ishlab chiqarish markazini tashkil etish toʻgʻrisida (76-son)
02.03.2005
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Respublikaning turli mintaqalari sharoitlarida manzarali bogʻdorchilikni rivojlantirishning yagona strategiyasini ishlab chiqish va amalga oshirish, tuproq-iqlim sharoitlarini hisobga olgan holda oʻstirishning yangi texnologiyalarini joriy etish, shuningdek manzarali oʻsimliklar etishtirishga ixtisoslashayotgan xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatini muvofiqlashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining Oʻzbekiston oʻrmon xoʻjaligi ilmiy-tadqiqot instituti negizida Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligining Oʻrmon xoʻjaligi bosh boshqarmasi huzurida Manzarali bogʻdorchilik va oʻrmon xoʻjaligi respublika ilmiy-ishlab chiqarish markazini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
2. Quyidagilar Manzarali bogʻdorchilik va oʻrmon xoʻjaligi respublika ilmiy-ishlab chiqarish markazining asosiy vazifalari etib belgilansin:
ichki va tashqi bozor ehtiyojini oʻrganish asosida respublika manzarali bogʻdorchiligini rivojlantirishning yagona strategiyasini ishlab chiqish va amalga oshirish;
manzarali oʻsimliklar koʻchatlarini oʻstirishning ilmiy asoslarini hamda istiqbolli texnologiyalarini ishlab chiqish va joriy etish;
manzarali oʻsimliklar koʻchatlarini sertifikatsiyalash va standartlashtirishning yagona tizimini ishlab chiqish va joriy qilishni tashkil etish;
mintaqalarning tuproq-iqlim sharoitlarini hisobga olgan holda manzarali oʻsimliklarni rayonlashtirish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqish;
turli xoʻjalik yurituvchi subyektlarga manzarali oʻsimliklar oʻstirishda ilmiy-metodik va ishlab chiqarish yordami koʻrsatish.
3. Quyidagilar:
Navoiy va Xorazm viloyatlari hokimliklari huzuridagi ixtisoslashtirilgan bogʻdorchilik va gulchilik korxonalari, shuningdek Nukus ixtisoslashtirilgan oʻrmon xoʻjaligi korxonasi hamda respublika viloyatlaridagi 1-ilovaga muvofiq oʻrmon xoʻjaliklarining ishlab chiqarish uchastkalari Manzarali bogʻdorchilik va oʻrmon xoʻjaligi respublika ilmiy-ishlab chiqarish markazi tasarrufiga;
tugatilayotgan Oʻzbekiston oʻrmon xoʻjaligi ilmiy-tadqiqot institutining bolalar bogʻchasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi tasarrufiga berilsin.
4. Quyidagilar:
Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligining Oʻrmon xoʻjaligi bosh boshqarmasi huzuridagi Manzarali bogʻdorchilik va oʻrmon xoʻjaligi respublika ilmiy-ishlab chiqarish markazining tashkiliy tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq;
Manzarali bogʻdorchilik va oʻrmon xoʻjaligi respublika ilmiy-ishlab chiqarish markazining xodimlarining cheklangan umumiy soni 64 nafar, shu jumladan boshqaruv xodimlari soni 7 nafar boʻlgan ijro etuvchi apparati tuzilmasi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi bir oy muddatda:
Manzarali bogʻdorchilik va oʻrmon xoʻjaligi respublika ilmiy-ishlab chiqarish markazi ustavini belgilangan tartibda ishlab chiqsin va tasdiqlasin, shuningdek uning davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini taʼminlasin;
Navoiy va Xorazm viloyatlari hokimliklari bilan birgalikda ixtisoslashtirilgan bogʻdorchilik va gulchilik oʻrmon xoʻjaligi korxonalarining Manzarali bogʻdorchilik va oʻrmon xoʻjaligi respublika ilmiy-ishlab chiqarish markazi tarkibiga berilishini taʼminlasin.
6. Manzarali bogʻdorchilik va oʻrmon xoʻjaligi respublika ilmiy-ishlab chiqarish markazi hamda uning tarkibiga kiruvchi tashkilotlarning faoliyati xoʻjalik faoliyatidan olingan daromadlar, oʻrmon xoʻjaligi tadbirlariga budjetdan ajratilgan mablagʻlar hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga moliyalashtiriladi.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari ikki oy muddatda 2010-yilgacha boʻlgan davrda manzarali bogʻdorchilikni rivojlantirishga doir aniq tadbirlarni ishlab chiqsinlar va tasdiqlasinlar.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOEV
Toshkent sh.,
2005-yil 2-mart,
76-son
Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 2-martdagi 76-son qaroriga 1-ILOVA
Manzarali bogʻdorchilik va oʻrmon xoʻjaligi respublika ilmiy-ishlab chiqarish markazi tarkibiga beriladigan oʻrmon xoʻjaligi korxonalari va ishlab chiqarish uchastkalari roʻyxati
Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 2-martdagi 76-son qaroriga 2-ILOVA
Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligining Oʻrmon xoʻjaligi bosh boshqarmasi huzuridagi Manzarali bogʻdorchilik va oʻrmon xoʻjaligi respublika ilmiy-ishlab chiqarish markazi tashkiliy tuzilmasi
Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 2-martdagi 76-son qaroriga 3-ILOVA
Manzarali bogʻdorchilik va oʻrmon xoʻjaligi respublika ilmiy-ishlab chiqarish markazi ijro etuvchi apparatining tuzilmasi
