47-modda. Taʼlim oluvchilarning huquqlari
Taʼlim toʻgʻrisida (O‘RQ-637-son) · Sana: 23.09.2020 · Amalda
Taʼlim oluvchilar quyidagi huquqlarga ega:
bepul asosda umumiy oʻrta, oʻrta maxsus taʼlim va boshlangʻich professional taʼlim olish;
yashash joyidagi (mikrohududdagi) davlat umumiy oʻrta taʼlim muassasasiga qabul qilinish;
taʼlim olish shakllarini erkin tanlash;
davlat taʼlim standartlari, davlat taʼlim talablari va oʻquv dasturlariga muvofiq sifatli taʼlim olish;
taʼlim olish uchun oʻzining ruhiy xususiyatlari va fiziologik rivojlanishi inobatga olingan holda zarur shart-sharoitlarga ega boʻlish, shuningdek bepul psixologik-tibbiy xizmatlardan foydalanish;
davlat taʼlim muassasasi tomonidan belgilangan tartibga muvofiq, professional taʼlim va oliy taʼlimning davlat taʼlim standartlari talablariga binoan ishlab chiqilgan, oʻzi oladigan taʼlimning mazmunini shakllantirishda ishtirok etish;
pedagog xodimlar va taʼlim-tarbiya jarayonining boshqa ishtirokchilari tomonidan hayoti va sogʻligʻiga qilinadigan har qanday jismoniy hamda ruhiy zoʻravonlikdan, shaxsi haqoratlanishidan himoyalanish;
taʼlim olish davrida dam olish va boshqa ijtimoiy ehtiyojlar uchun taʼtillar olish;
akademik taʼtillar va stipendiyalar olish, oʻqishni tiklash va oʻqishini boshqa taʼlim tashkilotlariga, bir taʼlim shaklidan, kasbdan, taʼlim yoʻnalishidan, mutaxassisligidan boshqasiga koʻchirish;
taʼlim tashkilotini boshqarishga doir masalalarni muhokama qilishda ishtirok etish;
taʼlim olish jarayonida taʼlim tashkilotining oʻquv, uslubiy, ilmiy-ishlab chiqarish, madaniy, sport va maishiy obyektlari xizmatlaridan bepul foydalanish;
taʼlim tashkilotining ilmiy-tadqiqot, tajriba-konstruktorlik, ilmiy-texnikaviy, eksperimental va innovatsion faoliyatida ishtirok etish.
Taʼlim oluvchilar qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
Taʼlim tashkilotlarida taʼlim oluvchilarni taʼlim olish bilan bogʻliq boʻlmagan ishlarga jalb etish taqiqlanadi.
