37-modda. Taʼlim tashkilotlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligi
Taʼlim toʻgʻrisida (O‘RQ-637-son) · Sana: 23.09.2020 · Amalda
Taʼlim tashkilotlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligi ularning rasmiy veb-saytlarida Internet jahon tarmogʻida joylashtiriladigan taʼlim tashkilotlari faoliyati toʻgʻrisidagi ochiq axborot resurslari bilan taʼminlanadi.
Taʼlim tashkilotlari rasmiy veb-saytlarida quyidagilarni joylashtiradi:
taʼlim tashkilotining ustavi;
taʼlim berish tillari haqida maʼlumot;
davlat taʼlim standartlari, davlat taʼlim talablari;
taʼlim faoliyatining moddiy-texnika taʼminoti haqida maʼlumot;
litsenziya (nodavlat taʼlim tashkilotlari uchun);
taʼlim tashkilotining reytingi;
taʼlim faoliyatini amalga oshirish uchun davlat akkreditatsiyasi toʻgʻrisidagi sertifikat;
ilmiy tadqiqotlar yoʻnalishlari va natijalari, shuningdek ularni amalga oshirish uchun ilmiy-tadqiqot bazasi toʻgʻrisidagi maʼlumot (oliy taʼlim uchun);
taʼlim oluvchilarga stipendiyalar berish tartibi, ularga ijtimoiy yordam koʻrsatishning mavjudligi va shartlari toʻgʻrisidagi maʼlumot;
vaqtincha yashash joylarining mavjudligi va yashash joylarining soni, shuningdek toʻlov miqdori toʻgʻrisidagi maʼlumot;
pedagoglar va taʼlim oluvchilarning soni, shuningdek pedagoglarning ilmiy salohiyati toʻgʻrisidagi maʼlumot.
Taʼlim tashkilotlarining rasmiy veb-saytlariga joylashtiriladigan axborotning ishonchligini taʼminlash uchun taʼlim tashkilotlarining rahbarlari shaxsan javobgardir.
Ayrim taʼlim tashkilotlarining faoliyati toʻgʻrisidagi axborotdan foydalanish qonunchilikda belgilangan hollarda va tartibda cheklanishi mumkin.
