Bolalar uchun oʻyinchoqlar (oʻyinlar) xavfsizligiga doir gigiyenik talablar (0354-18-son)
04.04.2018
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING SANITARIYA QOIDALARI VA MEʼYORLARI, GIGIYENA NORMATIVLARI
ATAMALAR VA ULARNING TAʼRIFLARI
Ushbu Sanitariya qoidalarida quyidagi atamalar va ularning taʼriflari qoʻllaniladi:
kimyoviy moddalarni oʻz ichiga olgan oʻyin toʻplami (kimyoviy tajribalar uchun toʻplamlarga tegishli boʻlmagan) — gips qoliplarini tayyorlash uchun toʻplam; badiiy mini-ustaxonalarni jihozlash uchun toʻplamlarda yetkaziladigan shishalash uchun keramik materiallar va emallar; plastifikatsiyalangan polivinilxlorid asosida (keyinchalik pechda toblanuvchi) shakllanadigan massalarni oʻz ichiga olgan toʻplamlar; badiiy quyish uchun toʻplamlar; quyish uchun toʻplamlar; fotosuratlarni chiqarish uchun toʻplamlar; konstruktorlik toʻplamlarida yetkaziladigan yelimlovchi modda, boʻyoqlar, laklar, suyultirgichlar va tozalagichlar (erituvchilar);
oʻyin toʻplami — bolalar ijodiyoti va qoʻl mehnati koʻnikmalarini rivojlantirish uchun moʻljallangan turli buyumlar, materiallar, moddalardan iborat oʻyinchoq;
oʻyinchoq — 18 yoshgacha boʻlgan bolaning (bolalarning) oʻynashi uchun moʻljallangan buyum yoki material; suvda oʻynash uchun oʻyinchoq — suzish paytida bola tanasining ogʻirligini koʻtaradigan va (yoki) sayoz suvda oʻynash uchun moʻljallangan oʻyinchoq (shishire olinadigan yoki shishire olinmaydigan);
stol-bosma oʻyinchoq — qoʻshimcha oʻyin elementlaridan foydalangan holda yoki ulardan foydalanmasdan poligrafiya usulida tayyorlangan oʻyinchoq;
yumshoq toʻldirilgan oʻyinchoq — karkasli yoki karkassiz, yumshoq yuzali va toʻldirgichli oʻyinchoq; model-nusxa oʻyinchoq — oʻlchamlari asl nusxaning haqiqiy oʻlchamlariga nisbatan kichraytirish masshtabida belgilanadigan oʻyinchoq;
konstruktorlik toʻplami — turli oʻyinchoqlarni yigʻish uchun moʻljallangan mexanik va (yoki) elektr (elektron) tarkibiy qismlardan iborat toʻplam;
oʻyinchoq materiali — oʻyinchoq tarkibiga kiruvchi barcha materiallar;
optik oʻyinchoq — ishlash prinsipi geometrik optika qonuniyatlariga asoslangan oʻyinchoq;
oʻyinchoqning namunaviy namunasi — bir xil texnik hujjat, texnologik jarayon asosida, bir xil materiallardan tayyorlangan va bir xil xavfsizlik talablari qoʻyiladigan, maʼlum yosh guruhiga moʻljallangan (3 yoshgacha, 3 yosh va undan katta bolalar uchun) bir turdagi oʻyinchoqlar guruhidan tanlangan oʻyinchoq;
funksional oʻyinchoq — kattalar foydalanadigan buyum yoki qurilmaning kichraytirilgan nusxasi boʻlib, uning vazifasi va ishlashini taqlid qiluvchi oʻyinchoq;
elektr oʻyinchoq — kamida bitta funksiyasi elektr energiyasi yordamida ishlaydigan oʻyinchoq.
Oʻyinchoq sifatida qaralmaydigan va ushbu Sanitariya qoidalari tatbiq etilmaydigan buyumlar roʻyxati 1-ilovada keltirilgan.
1. QOʻLLANISH SOHASI VA UMUMIY QOIDALAR
1.1. Ushbu “Bolalar oʻyinchoqlari (oʻyinlari) xavfsizligiga qoʻyiladigan gigiyenik talablar” sanitariya qoidalari va meʼyorlari Oʻzbekiston Respublikasining “Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi toʻgʻrisida”gi 2015-yil 26-avgustdagi 393-sonli, “Texnik jihatdan tartibga solish toʻgʻrisida”gi 2009-yil 23-apreldagi 213-sonli, “Muvofiqlikni baholash toʻgʻrisida”gi 2013-yil 4-oktyabrdagi 354-sonli qonunlariga muvofiq ishlab chiqilgan boʻlib, oʻyinchoqlarni (oʻyinlarni) ishlab chiqarish, olib kirish, sotish talablarini, shuningdek, ulardan foydalanishda bolalar xavfsizligini taʼminlovchi sifat nazorati qoidalarini belgilaydi.
1.2. Ushbu Sanitariya qoidalari va meʼyorlari (keyingi oʻrinlarda Sanitariya qoidalari deb yuritiladi) talablariga rioya etish mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, oʻyinchoqlar (oʻyinlar) ishlab chiqarish, olib kirish, sotish bilan shugʻullanuvchi barcha fuqarolar va yuridik shaxslar uchun majburiydir.
1.3. Ushbu Sanitariya qoidalari mazkur Sanitariya qoidalarining 1-ilovasida koʻrsatilgan, oʻyinchoq sifatida qaralmaydigan buyumlarga, shuningdek yakka tartibdagi buyurtma boʻyicha tayyorlangan oʻyinchoqlarga va koʻrgazma namunalariga tatbiq etilmaydi.
1.4. Mazkur Sanitariya qoidalariga rioya etilishini nazorat qilish Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati organlari va muassasalari zimmasiga yuklanadi.
2. OʻYINCHOQLAR (OʻYINLAR), TARKIBIY QISMLAR VA DETALLARNING XAVFSIZLIGIGA QOʻYILADIGAN TALABLAR
Oʻyinchoq shunday ishlab chiqilishi va tayyorlanishi kerakki, u belgilangan maqsadda qoʻllanilganda bolalar va ularga qarovchi shaxslarning hayoti va sogʻligʻiga xavf tugʻdirmasligi hamda quyidagi xavflarning oldini olishi lozim:
oʻyinchoq konstruksiyasi bilan bogʻliq xavflar;
qoʻllaniladigan materiallar bilan bogʻliq xavflar;
Oʻyinchoqdan foydalanishga bogʻliq boʻlgan xavfni, oʻyinchoqning vazifasi va asosiy xususiyatlarini oʻzgartirmasdan, materialini almashtirmasdan yoki uning tuzilishini oʻzgartirishda bartaraf etib boʻlmaydi.
Oʻyinchoqlardan foydalanish xavfi bolalarning yosh xususiyatlariga mos kelishi lozim.
2.1. Oʻyinchoqlar (oʻyinlar) xomashyosi, materiallari va butlovchi qismlariga qoʻyiladigan talablar
Oʻyinchoqlar tayyorlangan materiallar toza (ifloslanmagan), yuqumli boʻlmagan va ushbu Sanitariya qoidalarining 2-ilovasida koʻrsatilgan talablarga javob berishi shart.
3 yoshgacha boʻlgan bolalar oʻyinchoqlarida tabiiy moʻyna, tabiiy teri, shisha, chinni, tukli rezina, karton va qogʻoz, ichki gʻilofsiz 3 mm va undan kichik oʻlchamdagi toʻldiruvchi donachalar, nam muhitda hajmi 5% dan ortiq kattalashadigan shaqildoqqa oʻxshash oʻyinchoq toʻldirgichlarini ishlatish taqiqlanadi.
3 yoshgacha boʻlgan bolalar oʻyinchoqlarida 1-xavflilik sinfiga mansub kimyoviy moddalarning koʻchishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Oʻyinchoqlarda ilgari ishlatilgan materiallarni qayta ishlash natijasida olingan ikkilamchi xomashyoni qoʻllash man etiladi. Oʻyinchoqlar ishlab chiqarish uchun faqat oʻz ishlab chiqarish chiqindilaridan foydalanishga ruxsat beriladi.
Oʻyinchoqlarning himoya-bezak qoplamasi nam tozalashga, soʻlak va ter taʼsiriga chidamli boʻlishi kerak.
2.2. Oʻyinchoqlar (oʻyinlar) xavfsizligining asosiy talablari
Organoleptik koʻrsatkichlar
Oʻyinchoqlar gigiyenik xavfsizlikning organoleptik koʻrsatkichlari boʻyicha mazkur Sanitariya qoidalarining 2-ilovasida belgilangan talablarga muvofiq boʻlishi shart.
Jismoniy va mexanik xususiyatlar
Oʻyinchoq va uning tarkibiy qismlari, shu jumladan mahkamlash detallari, oʻyinchoqdan belgilangan maqsadda foydalanilganda yuzaga keladigan mexanik yuklamalarga bardosh berishi, bunda buzilmasligi va oʻzining isteʼmol xususiyatlarini saqlab qolishi lozim.
Oʻyinchoqlarning ochiq qirralari, oʻtkir uchlari, qattiq qismlari, prujinalari, mahkamlash detallari, tirqishlari, burchaklari, boʻrtmalari, iplari, arqonlari va mahkamlagichlari bolani jarohatlash xavfini istisno qilishi kerak.
Oʻyinchoqlarda suyuq toʻldirgichning oqib chiqishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Oʻyinchoqning harakatlanuvchi qismlari bolalarga shikast yetkazish xavfini istisno qilishi lozim. Harakatlantiruvchi mexanizmlar bola qoʻli yetmaydigan joyda boʻlishi kerak.
3 yoshgacha boʻlgan bolalar uchun moʻljallangan oʻyinchoq va uning ajraladigan qismlari, shuningdek oziq-ovqat mahsulotlariga bevosita mahkamlanadigan oʻyinchoqlar yuqori nafas yoʻllariga tushib ketmaydigan oʻlchamda boʻlishi lozim.
Yumshoq toʻldirilgan oʻyinchoqning ichida qattiq yoki oʻtkir begona jismlar boʻlmasligi kerak. Yumshoq toʻldirilgan oʻyinchoqning choklari pishiq boʻlishi shart.
Oziq-ovqat mahsulotlari ichida joylashgan va (yoki) chakana savdoga oziq-ovqat mahsuloti bilan birga keladigan oʻyinchoq alohida oʻramga ega boʻlishi kerak. Bu oʻramning oʻlchamlari bolani boʻgʻib qoʻyish xavfini tugʻdirmasligi lozim. Plastmassa oʻyinchoqni qadoqlamasdan oziq-ovqat mahsuloti oʻramining tashqi qismiga joylashtirishga ruxsat etiladi.
Oʻyinchoq va uning tarkibiy qismlari bolaning boʻgʻilib qolish xavfini istisno qilishi shart.
Havo oʻtkazmaydigan materialdan yasalgan va bolaning boshini toʻliq qoplaydigan oʻyin niqoblari hamda shlemlari yetarli darajada shamollatilmaslik oqibatida boʻgʻilish xavfini bartaraf etadigan tarzda ishlab chiqilishi va tayyorlanishi lozim.
Bolaning tanasini suv yuzasida ushlab turish uchun moʻljallangan oʻyinchoq suv oʻtkazmaydigan va mustahkam boʻlishi kerak.
Bola sigʻadigan va u uchun yopiq makonni tashkil etadigan oʻyinchoq ichkaridan oson ochiladigan chiqish teshigiga ega boʻlishi, shuningdek, shamollatish tirqishlari mavjud yuzaga ega boʻlishi shart.
Bola ogʻirligini koʻtaradigan va minishga moʻljallangan oʻyinchoq mustahkam va barqaror boʻlishi kerak (ikki gʻildirakli velosipedlar bundan mustasno). Erkin yurish mexanizmiga yoki uzatmalar qutisining neytral holatiga ega boʻlgan mexanik yoki elektr yuritmali oʻyinchoqlar tormoz qurilmasiga ega boʻlishi shart.
Bola tanasining ogʻirligini koʻtarib yuradigan va haydash uchun moʻljallangan, gʻildirakka harakat bevosita bolaning qoʻli yoki oyogʻi orqali yoxud mexanik uzatma va elektr yuritma orqali uzatiladigan oʻyinchoqlarni tormoz qurilmalarisiz tayyorlashga ruxsat etiladi. Zanjirli uzatmali oʻyinchoqlar himoya qalqonlari bilan jihozlangan boʻlishi kerak. Tayanch yuzalar sirpanishni oldini oluvchi elementlarga ega boʻlishi lozim.
Bola ogʻirligi tushadigan, ammo minish uchun moʻljallanmagan oʻyinchoq mustahkam va agʻdarilishga chidamli boʻlishi kerak.
Otish mexanizmi yordamida chiqariladigan snaryadli oʻyinchoq, shuningdek kinetik energiyaga ega boʻlgan snaryad bolaning va (yoki) unga qarovchi shaxsning jarohatlanish xavfini iloji boricha kamaytirishga moʻljallangan boʻlishi kerak.
10 yoshgacha boʻlgan bolalar uchun moʻljallangan konstruktor va modellarda kavsharlashdan foydalanish taqiqlanadi.
Isitish elementlarini oʻz ichiga olgan oʻyinchoq quyidagilarni taʼminlaydigan tarzda ishlab chiqarilishi lozim:
tegish mumkin boʻlgan barcha yuzalarning harorati tegib ketganda kuyishga olib kelmasligi;
infraqizil nurlanishning integral oqimi intensivligi darajasi ushbu Sanitariya qoidalariga 2-ilovada belgilangan gigiyenik xavfsizlik talablariga mos boʻlishi;
Oʻyinchoq ichidagi suyuqliklar, bugʻlar yoki gazlar (agar ularni chiqarish oʻyinchoqning ishlashi uchun zarur boʻlsa) chiqarilganda kuyish yoki boshqa jarohatlarga olib kelmasligi uchun yuqori harorat yoki bosimga ega boʻlmasligi kerak.
Tebranish manbayi mavjud oʻyinchoqlardagi mahalliy tebranish darajasi, ovozli oʻyinchoqlardagi tovush darajasi ushbu Sanitariya qoidalariga 2-ilovada belgilangan gigiyenik xavfsizlik talablariga mos boʻlishi shart.
Shiqildoq-oʻyinchoqlarni va bolaning ogʻziga tegib turadigan oʻyinchoqlarni yuzaki boʻyash va naqsh solish man etiladi.
Stol-bosma oʻyinchoqlarda matn va rasmlar asosiy fonga nisbatan aniq va kontrastli boʻlishi lozim.
Qogʻoz va kartonda boʻyoqlarning dogʻ qoldirishi mumkin emas.
Optik oʻyinchoq bolaning koʻrish qobiliyatini tuzatish bilan bogʻliq xavfni iloji boricha kamaytiradigan tarzda ishlab chiqilishi va tayyorlanishi lozim.
Yorugʻlik diodlaridan foydalaniladigan oʻyinchoqlar bolaning koʻrish aʼzolariga salbiy taʼsir koʻrsatmasligi va zararli nurlanish chiqarmasligi kerak.
Oʻyinchoqlarda har qanday turdagi lazer nurlanish tizimlaridan foydalanish man etiladi.
Yonuvchanlik.
Yumshoq toʻldirilgan oʻyinchoqlar, karnaval liboslari va karnaval oʻyinchoq buyumlari (masalan, soqol, moʻylov, parik, niqob, toj va boshqalar), shuningdek, bola ichiga kirib oʻynashi mumkin boʻlgan oʻyinchoqlar yongʻinga chidamli boʻlishi shart.
Kimyoviy moddalarni oʻz ichiga olgan va kimyoviy tajribalar uchun toʻplamlarga kirmaydigan oʻyin toʻplamida aralashtirilganda alangalanishi yoki zararli bugʻlar va gazlar hosil qilishi mumkin boʻlgan moddalar yoki reaktivlar boʻlmasligi kerak.
Oʻyinchoq portlash xavfiga ega boʻlmasligi yoki undan foydalanilganda portlash xavfini keltirib chiqaradigan tarkibiy qismlar (moddalar, materiallar) tutmasligi lozim.
Oʻyinchoq, shu jumladan kimyoviy oʻyinchoqlar tarkibida quyidagi moddalar yoki reaktivlar boʻlmasligi kerak:
qizdirilganda yoki oksidlovchi moddalar bilan biriktirilganda reaksiya natijasida portlovchi aralashmalar hosil qila oladigan;
havo bilan yonuvchan yoki portlovchi bugʻ aralashmalarini hosil qilish xususiyatiga ega boʻlgan.
Kimyoviy xususiyatlari.
Oʻyinchoqdan foydalanishda kimyoviy moddalarning nafas yoʻllariga, teriga, shilliq pardalarga, koʻzlarga yoki oshqozonga tushishi oqibatida sogʻliqqa zarar yetkazish xavfini iloji boricha kamaytirishga erishish lozim.
Oʻyinchoqlardan zararli kimyoviy moddalarning migratsiya darajasi va ajralib chiqishi ushbu Sanitariya qoidalariga 2-ilovada belgilangan gigiyenik xavfsizlik talablariga mos kelishi lozim.
Kimyoviy moddalarni oʻz ichiga olgan, ammo kimyoviy tajribalar uchun toʻplamlar toifasiga kirmaydigan kimyoviy oʻyinchoqlar va oʻyin toʻplamlarida, agar ularning miqdori har bir modda uchun belgilangan eng yuqori chegaradan oshmasa, maʼlum miqdordagi moddalar yoki reaktivlarni qoʻllashga ruxsat etiladi.
Toksikologik-gigiyenik koʻrsatkichlar.
Oʻyinchoqlarning gigiyenik xavfsizligiga oid toksikologik-gigiyenik koʻrsatkichlar ushbu Sanitariya qoidalariga 2-ilovada keltirilgan talablarga muvofiq boʻlishi shart.
Elektr xususiyatlari.
Elektr oʻyinchoqda, shuningdek, uning biror qismida ham nominal kuchlanish 24 voltdan oshmasligi kerak.
Oʻyinchoqlarning elektr energiyasi manbaiga tegib turadigan yoki tegib turishi mumkin boʻlgan qismlari, shuningdek kabellar va simlar elektr toki urish xavfini bartaraf etish maqsadida izolyatsiyalangan va mexanik himoyalangan boʻlishi lozim.
Masofadan boshqariladigan, elektron va elektrotexnik oʻyinchoqlarning elektrostatik, elektromagnit va elektr maydonlari kuchlanganlik darajalari ushbu Sanitariya qoidalariga 2-ilovada belgilangan gigiyenik xavfsizlik talablariga mos kelishi kerak.
Uchuvchi oʻyinchoqlar uchun arqonlar metall boʻlmasligi lozim.
Radiatsiyaviy xavfsizlik.
Tabiiy materiallardan tayyorlangan oʻyinchoqlarning radiatsion xavfsizlik koʻrsatkichlari (tabiiy radionuklidlarning solishtirma samarali faolligi) ushbu Sanitariya qoidalariga 2-ilovada belgilangan gigiyenik xavfsizlik talablariga mos boʻlishi shart.
Mikrobiologik koʻrsatkichlar.
Oʻyinchoqlarning gigiyenik xavfsizligiga oid mikrobiologik koʻrsatkichlar ushbu Sanitariya qoidalariga 2-ilovada belgilangan talablarga muvofiq boʻlishi lozim.
3. OʻYINCHOQLAR (OʻYINLAR) USTIDAN SANITARIYA-GIGIYENA NAZORATI
3.1. Oʻyinchoqlar (oʻyinlar)ning umumiy xavfsizlik talablariga muvofiqligi quyidagilarni bajarish orqali taʼminlanadi:
ushbu Sanitariya qoidalariga 2-ilovada koʻrsatilgan gigiyenik xavfsizlik talablari;
oʻyinchoqlar (oʻyinlar) tayyorlashda texnik talablarga rioya etilishini taʼminlovchi standartlar talablari.
3.2. Oʻyinchoqlarni tekshirish (sinash) usullari Oʻzbekiston Respublikasi Milliy standartlashtirish tizimi tomonidan qabul qilingan, tekshirish (sinash) va oʻlchash qoidalari hamda usullarini, shu jumladan mahsulotni sertifikatlashni qoʻllash va bajarish uchun zarur boʻlgan namunalarni tanlash qoidalarini oʻz ichiga olgan Standartlar roʻyxatiga kiritilgan standartlarda belgilanadi.
1-ILOVA
Oʻyinchoq sifatida qaralmaydigan va ushbu Sanitariya qoidalari tatbiq etilmaydigan mahsulotlar ROʻYXATI
Ushbu Sanitariya qoidalarining talablari quyidagilarga nisbatan qoʻllanilmaydi:
musiqa asboblari, sport jihozlari va shunga oʻxshash buyumlar, ushbu buyumlarning modellari boʻlgan oʻyinchoqlar bundan mustasno;
bolalar oʻyin maydonchalari uchun jihozlar;
oʻyin avtomatlari (tangali yoki tangasiz);
ichki yonuv dvigatelli oʻyinchoq transport vositalari;
bugʻ dvigatelli oʻyinchoq mashinalar;
katapultalar va otish qurilmalari;
bola tomonidan rezina ip yordamida uchiriladigan uchuvchi oʻyinchoqlar (masalan, raketalar va samolyotlar) katapulta sifatida qaraladi;
bayramlar va tantanali tadbirlar uchun moʻljallangan bezak buyumlari, jumladan archa bezaklari, sunʼiy archalar va ularga tegishli anjomlar, elektr girlyandalar;
kolleksiya qilish uchun masshtabli modellar, agar mahsulotda yoki uning oʻrovida 18 yoshdan oshgan shaxslar uchun moʻljallanganligi haqida maʼlumot boʻlsa;
masshtabli modellarni yigʻish uchun toʻplamlar;
xalq ijodi va bezak oʻyinchoqlari, shuningdek, shunga oʻxshash oʻyinchoqlar;
jamoat joylarida umumiy foydalanish uchun oʻrnatilgan tarixiy nusxalar va boshqa professional oʻyinchoqlar;
oʻqotar qurollarning aniq nusxalari;
vazni 20 kg dan ortiq boʻlgan bolalarning sport bilan shugʻullanishi uchun moʻljallangan sport anjomlari, jumladan rolikli konkilar, roliklar, skeytbordlar;
oʻrindiq maksimal balandligi 435 mm dan ortiq boʻlgan velosipedlar (yer sathidan egar yuzasining yuqori qirgʻogʻigacha vertikal boʻylab oʻlchanganda; bunda egar gorizontal holatda, oʻrindiq ustuni esa maksimal darajada chiqarilgan holatda boʻladi);
sport yoki umumiy foydalanishdagi yoʻllar va piyodalar yoʻlaklarida harakatlanish uchun moʻljallangan samokatlar va boshqa harakatlanish vositalari;
umumiy foydalanishdagi yoʻllar va piyodalar yoʻlaklarida harakatlanish uchun moʻljallangan elektr yuritmali transport vositalari;
suv osti jihozlari, bolalarni suzishga oʻrgatish vositalari;
500 dan ortiq qismdan iborat boshqotirmalar;
suv miltiqlari va toʻpponchalari bundan mustasno, siqilgan gaz bilan ishlaydigan miltiqlar va toʻpponchalar;
uzunligi 120 santimetrdan oshadigan oʻq otish kamonlari;
oʻyinchoqlar uchun moʻljallanmagan mushakbozliklar, shu jumladan pistonlar;
metall uchli nayza shaklidagi uloqtirish snaryadlari qoʻllaniladigan buyumlar va oʻyinlar;
24 voltdan yuqori kuchlanishda ishlaydigan va kattalar nazorati ostida oʻquv jarayonida foydalanish uchun moʻljallangan elektr pechlar, dazmollar yoki boshqa funksional taʼlim mahsulotlari;
maktablarda va boshqa taʼlim maqsadlarida kattalar nazorati ostida oʻquv jarayonida foydalanish uchun moʻljallangan oʻquv vositalari, yaʼni buyumlar;
interaktiv dasturiy taʼminot va tegishli periferik qurilmalarga kirish uchun ishlatiladigan shaxsiy kompyuterlar va oʻyin konsollari kabi elektron jihozlar, agar bunday elektron jihozlar yoki tegishli periferik qurilmalar bolalar tomonidan maxsus shaxsiy kompyuterlar, klaviaturalar, joystiklar yoki rul gʻildiraklari sifatida foydalanish uchun maxsus moʻljallanmagan boʻlsa;
dam olish va koʻngil ochish uchun moʻljallangan interaktiv dasturiy taʼminot, masalan, kompyuter oʻyinlari va CD kabi yozib olish vositalari;
bolalar uchun lateks, rezina va silikon elastomerlardan tayyorlangan sanitariya-gigiyena buyumlari (soʻrgʻichlar, tish yorgʻichlar va shu kabilar);
bolalar uchun chiroqlar;
oʻyinchoqlar uchun transformatorlar;
bolalar uchun zamonaviy aksessuarlar (taqinchoqlar va shu kabilar);
himoya vositalari, jumladan, yengchalar va toʻshakchalar koʻrinishidagi suvda qutqaruv vositalari (suzish koʻzoynaklari, quyoshdan himoyalovchi koʻzoynaklar va boshqa koʻzni himoya qilish vositalari, shuningdek, skeytbord uchun shlemlar).
2-ILOVA
Ushbu sanitariya qoidalariga muvofiq oʻyinchoqlarning gigiyenik xavfsizligi boʻyicha talablar
1. Oʻyinchoqlarning gigiyenik xavfsizligi talablariga quyidagilar kiradi:
organoleptik koʻrsatkichlar (hid, maza);
fizik omillar (tovush darajasi, elektrostatik maydon kuchlanganlik darajasi, radiochastota diapazonidagi elektromagnit maydon kuchlanganlik darajasi, elektr maydon kuchlanganlik darajasi, infraqizil nurlanish integral oqimining intensivlik darajasi, mahalliy tebranish darajasi, tabiiy radionuklidlarning solishtirma samarali faolligi);
sanitariya-kimyoviy koʻrsatkichlar (model muhitlarga zararli kimyoviy moddalarning oʻtishi, ularning roʻyxati materialning kimyoviy tarkibiga qarab aniqlanadi va oʻyinchoqlardan ajralib chiqadigan zararli kimyoviy moddalarning meʼyorlari);
toksikologik-gigiyenik koʻrsatkichlar (shilliq qavatlarga taʼsirlanish, zaharlilik indeksi);
mikrobiologik koʻrsatkichlar.
Agar gigiyenik xavfsizlikni tasdiqlashda oʻyinchoqning nazorat qilinayotgan koʻrsatkichlaridan biriga muvofiq kelmasligi aniqlansa, u talabga javob bermaydi deb topiladi va keyingi tekshiruvlar toʻxtatiladi.
2. Organoleptik koʻrsatkichlar.
tabiiy sharoitda va suvli ekstraktda oʻyinchoq hidining kuchliligi 1 yoshgacha boʻlgan bolalar uchun moʻljallangan oʻyinchoqlarda 1 balldan, 1 yoshdan katta bolalar uchun 2 balldan oshmasligi lozim.
3 yoshdan katta bolalar oʻyinchoqlari namunasining va suvli ekstraktining hid kuchliligi 2 balldan oshmasligi kerak.
3 yoshgacha boʻlgan bolalar uchun moʻljallangan oʻyinchoqlar va ogʻiz boʻshligʻiga tegib turadigan oʻyinchoqlar 1 balldan yuqori boʻlgan taʼmga ega boʻlmasligi lozim.
3. Fizik omillar.
Ovozli oʻyinchoqlar quyidagi talablarga javob berishi shart:
sport oʻyinlari uchun model-oʻyinchoqlardan tashqari, oʻyinchoqlarning ekvivalent tovush darajasi: 3 yoshgacha boʻlgan bolalar uchun — 60 dBA dan, 3 yoshdan 6 yoshgacha boʻlgan bolalar uchun — 65 dBA dan, 6 yoshdan katta bolalar uchun — 70 dBA dan oshmasligi kerak;
ochiq havoda oʻynash uchun moʻljallangan oʻyinchoqlarning ekvivalent tovush darajasi, impulsli tovush chiqaradigan oʻyinchoqlardan tashqari, 75 dBA dan oshmasligi lozim;
oʻyinchoqlarning maksimal tovush darajasi: 3 yoshgacha boʻlgan bolalar uchun — 70 dBA dan, 3 yoshdan 6 yoshgacha boʻlgan bolalar uchun — 75 dBA dan, 6 yoshdan katta bolalar uchun — 80 dBA dan oshmasligi kerak;
ochiq havoda oʻynash uchun moʻljallangan oʻyinchoqlarning maksimal tovush darajasi 85 dBA dan oshmasligi lozim;
impulsli tovush chiqaradigan oʻyinchoqlarning maksimal tovush darajasi 90 dBA dan oshmasligi kerak;
oʻyinchoqlar sirtidagi elektrostatik maydon kuchlanganlik darajasi 15 kV/m dan oshmasligi lozim;
radioboshqariladigan, elektron va elektrotexnik oʻyinchoqlar chiqaradigan elektromagnit maydon kuchlanganlik darajasi quyidagi chastota oraliqlarida belgilangan qiymatlardan oshmasligi kerak: 0,3-300 kGs oraligʻida 25 V/m dan, 0,3-3 MGs oraligʻida 15 V/m dan, 3-30 MGs oraligʻida 10 V/m dan, 30-300 MGs oraligʻida 3 V/m dan, 0,3-300 GGs oraligʻida 10 mkVt/sm2 dan;
oʻyinchoq hosil qiladigan sanoat chastotali (50 Gs) tok elektr maydonining kuchlanganlik darajasi 0,5 kV/m dan oshmasligi zarur;
infraqizil nurlanish integral oqimining intensivlik darajasi 100 Vt/m2 dan yuqori boʻlmasligi kerak;
tebranish manbayi mavjud oʻyinchoqlardagi mahalliy tebranish darajalari oktava polosalarining oʻrtacha geometrik chastotasi 8 Gs va 16 Gs boʻlganda 63 dB dan, 31,5 Gs da 69 dB dan, 63 Gs da 75 dB dan, 125 Gs da 81 dB dan, 250 Gs da 87 dB dan, 500 Gs da 93 dB dan, 1000 Gs da 99 dB dan oshmasligi lozim. Tebranish tezlanishining tuzatilgan darajasi 66 dB dan yuqori boʻlmasligi kerak;
oʻyinlar va bolalar ijodiyoti uchun toʻplamlar tarkibiga kiruvchi tabiiy materiallar hamda ulardan tayyorlangan buyumlardagi tabiiy radionuklidlarning solishtirma samarali faolligi 370 Bk/kg dan oshmasligi shart.
4. Sanitariya-kimyoviy koʻrsatkichlar.
Oʻyinchoqlardan model muhitiga (suv, havo) zararli kimyoviy moddalarning oʻtish darajasi 1-jadvalda keltirilgan meʼyorlardan oshmasligi lozim.
* Meʼyor atrofdagi havoning fon ifloslanishini hisobga olmagan holda keltirilgan.
** Koʻrsatilgan zararli moddalarni aniqlashning quyi chegarasiga mos keladigan qiymatlardan ortiq miqdorda ruxsat etilmaydi. Bu sanitariya-kimyoviy koʻrsatkichlarni nazorat qilish uchun qoʻllashga ruxsat etilgan oʻlchash usullari boʻyicha aniqlanadi.
*** Koʻrsatkichlar oʻzaro almashtirilishi mumkin.
Izoh
1. Sanitariya-kimyoviy tadqiqotlar oʻtkazishda majburiy model muhiti distillangan suv hisoblanadi.
2. 3 yoshdan katta bolalar uchun moʻljallangan yumshoq va yogʻoch oʻyinchoqlar, qoʻgʻirchoq kiyimlari, bolani koʻchirish uchun moʻljallangan va bolani sigʻdiradigan yoki koʻtarib yuradigan katta oʻlchamli oʻyinchoqlardan zararli kimyoviy moddalarning havo model muhitiga oʻtishi aniqlanadi.
Qoliplanadigan massalar va boʻyoqlardan tashqari, oʻyinchoq materiallarining 1 kg tarkibida, shuningdek, barmoqlar bilan qoʻllaniladigan 1 kg qoliplanadigan massalar va boʻyoqlarda model muhitiga (xlorid kislotaga) ajralib chiqadigan zararli kimyoviy moddalar miqdori 2-jadvalda koʻrsatilgan meʼyorlardan oshmasligi kerak.
5. Toksikologik-gigiyenik koʻrsatkichlar
3 yoshgacha boʻlgan bolalar uchun moʻljallangan oʻyinchoqlar, shuningdek bolaning ogʻiz boʻshligʻi bilan funksional aloqada boʻladigan oʻyinchoqlar shilliq qavatlarga taʼsir qilmasligi kerak.
Oʻyinchoqlar teriga mahalliy taʼsir koʻrsatmasligi yoki suvli muhitda (distillangan suvda) aniqlanadigan oʻyinchoqlarning zaharlilik indeksi 70 dan 120% gacha, havo muhitida esa 80 dan 120% gacha boʻlishi lozim.
6. Mikrobiologik koʻrsatkichlar
Oʻyinchoqlarning mikrobiologik koʻrsatkichlari 3-jadvalda koʻrsatilganlarga muvofiq boʻlishi kerak.
